13-ma’ruza:Lingvistik tahlil metodlari va uslublar tasnifi. An’anaviy tahli metodlari. Struktur metod va uning yo‘nalishlari
Reja:
1.Tavsifiy metod.
2.Qiyosiy metod: qiyosiy-tarixiy, chog‘ishtirma va tipologik metodlar.
3. Struktur metod va uning yo‘nalishlari
Tavsifiy metod. Tavsifiy metod tilshunoslikda eng qadimiy va eng keng tarqalgan metod hisoblanadi. Ayniqsa, bu metod til o‘qitish tajribasi uchun katta ahamiyatga ega.Tavsifiy metodning o‘ziga xos jihati shundan iboratki, u ob’ektni bevosita sezgi a’zolari bergan ma’lumotga asoslanib o‘rganadi. Xususan, tilshunoslikda o‘rganish ob’ekti matn hisoblanadi. Matndan gaplar, gaplardan so‘zlar, so‘zlardan morfemalar, morfemalardan tovushlar ajratiladi va ular muayyan guruhlarga birlashtirilgan hodda tavsiflanadi. Tavsifiy metod ma’lumotlari boshqa barcha metodlar uchun tayanch nuqta bo‘lib xizmat qiladi. Xususan, struktur metod tavsifiy metod xulosalariga tayangan holda ish ko‘radi. Yoki qiyosiy-tarixiy metod uchun ham qiyoslanayotgan obyekt haqidagi izohni tavsifiy metod beradi. Demak, u ham tavsifiy metod xulosalari asosida ish ko‘radi.
Qiyosiy-tarixiy metod. Olamni bilishda o‘rganilayotgan obyektni qiyoslash katta rol o‘ynaydi. Oldin o‘rganilgan ob’ektni yangi o‘rganilayotgan obyektga qiyoslash bilishning eng asosiy usullaridan biridir. Qiyoslash natijasida qiyoslanayotgan ob’ektlarning umumiy va o‘ziga xos jihatlari aniqlanadi. Bunday usul tilshunosliqda ham qardosh va qardosh bo‘lmagan tillarning umumiy va o‘ziga xos jihatlarini yoritishda keng qo‘llaniladi. Shuning uchun ham qiyoslash umumilmiy gafakkur jarayoni sifatida lingvistik tahlilning barcha metodlarida uchraydi. Lekin lingvistik tadqiqot metodikasida bir tilning ichki tuzilishi bo‘yicha qiyoslash va tillararo qiyoslash jiddiy farqlanadi. Bir tilning ichki tuzilishi bo‘yicha qiyoslash shu tilning turli grammatik hodisalari va kategoriyalarini o‘z ichiga oladi. Masalan, sifat bilan ravish kiyoslanadi va ularning umumiy hamda o‘ziga xos jihatlari aniqlanadi. Tillararo qiyoslashda turli tillar bir-biriga taqqoslanadi. Tillararo qiyoslash, bir tomondan, qardosh tillarni, ikkinchi tomondan, noqardosh tillarni o‘rganadi va o‘qitish tajribasi ta’sirida maydonga keldi. Tillararo qiyoslash o‘ziga xos tadqiqot usullari sistemasiga ega. U ikki xil tilshunoslik metodini vujudga keltirdi. Birinchisi, qardosh tillarni qiyoslash, ikkinchisi esa noqardosh tillarni qiyoslash.
Birinchi tipdagi kiyoslashda qardosh tillardan bittasini boshqasiga qiyoslash yo‘li bilan ularning tarixiy taraqkiyoti, ular o‘rtasidagi farqlanish jarayoni ochib beriladi. Bunday qiyoslash kiyosiy-tarixiy metod asosida ochib boriladi, bu metod tillarning genetik umumiyligiga asoslanadi. Ikkinchi tipdagi qiyoslash turli sistemadagi tillar asosida olib boriladi va uning natijasida tipologik kategoriyalar aniklanadi. Bunday metod qiyosiy-chog‘ishtirma metod sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |