Qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holatlar, ushbu holatlarni qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holat sifatida baholash mezonlarini muhokama eting
4. Qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holatlar, ushbu holatlarni qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holat sifatida baholash mezonlarini muhokama eting. Biz bilamizki ijtimoiy xavfli qilmishni jinoyat sifatida baholash uchun unda jinoyat tarkibining barcha elementlari – jinoyat obyekti, obyektiv tomoni, subyekti va subyektiv tomoni mavjud bo‘lishi lozim. Shuningdek, jinoyat o‘zining jinoyat qonuniga xilofligi, ijtimoiy xavfliligi, aybliligi hamda jazoga sazovorligi bilan boshqa huquqbuzarliklardan ajralib turadi. Ayrim hollarda shaxsning jinoyat obyektiga qarshi qaratilgan qilmishida obyektiv va subyektiv belgilar mavjud bo‘lsada, jinoyat sifatida baholanmasligi mumkin. Bunday vaziyatda muayyan shartlarda sodir etilgan qilmishning jinoiyligi istisno etiladi. O‘zbekiston Respublikasi JK 35-moddasida ana shunday qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar tushunchasi berilgan. Unga ko‘ra, sodir etilgan qilmishda JKda nazarda tutilgan alomatlar rasmiy jihatdan mavjud bo‘lsa-da, lekin u ijtimoiy xavfli, g‘ayriqonuniy yoki aybli bo‘lmasa, qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar deb topiladi. Amaldagi jinoyat qonunida qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlarning nazarda tutilganligi uning insonparvarlik va odillik prinsiplaridan kelib chiqadi.
Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holat – sodir etilgan qilmishda jinoyat tarkibi elementlari rasmiy jihatdan mavjud bo’lsa-da, lekin ijtimoiy xavfli, g’ayriqonuniy yoki aybli emasligi natijasida uning jinoiyligini istisno etuvchi holatdir.
Qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlar Bu JK ning 35-moddasida ko’rsatib o’tilgan.
35-modda. Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar tushunchasi Qilmishda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan alomatlar rasmiy jihatdan mavjud bo‘lsa-da, lekin u ijtimoiy xavfli, g‘ayriqonuniy yoki aybli bo‘lmasa, qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar deb topiladi.
Quyidagi holatlar, ya’ni kam ahamiyatli qilmishlar; zaruriy mudofaa; oxirgi zarurat; ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash chog‘ida zarar yetkazish; buyruqni yoki boshqacha tarzdagi vazifani bajarish; kasb yoki xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan asosli tavakkalchilik; jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qo‘rqitish natijasida qilmish sodir etish jinoyatni istisno qiluvchi holatlar deb topiladi.
O‘zbekiston Respublikasi JKning 35-moddasining ikkinchi qismida qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlarning quyidagi turlari keltirilgan:
– kam ahamiyatli qilmishlar;
– zaruriy mudofaa; – oxirgi zarurat;
– ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash chog‘ida zarar yetkazish;
– buyruqni yoki boshqacha tarzdagi vazifani bajarish;
– kasb yoki xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan asosli tavakkalchilik;
– jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qo‘rqitish natijasida qilmish sodir etish jinoyatni istisno qiluvchi holatlar deb topiladi
Kam ahamiyatli qilmishlar – jinoyat qonunida jinoyat sifatida nazarda tutilgan qilmishning jinoyat tarkibi elementlari mavjud bo‘lsa-da, biroq qilmishning kam ahamiyatliligi sababli jinoyat deb e’tirof etilmaydigan ijtimoiy xavfli bo‘lmagan harakat yoki harakatsizlik.
Zaruriy mudofaa – mudofaalanuvchining o‘zi yoki boshqa kishining shaxsi yoki huquqlarini, jamiyat yoxud davlat manfaatlarini qonunga xilof tajovuzlardan tajovuzchiga zarar yetkazgan holda himoya qilish chog‘ida qilingan xatti-harakati.
Oxirgi zarurat – shaxsning yoki boshqa fuqarolarning shaxsiga yoxud huquqlariga, jamiyat yoki davlat manfaatlariga tahdid soluvchi xavfni qaytarish uchun qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazgan holda sodir etilgan qilmish.
Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish – ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni hokimiyat organlariga topshirish maqsadida ushlash vaqtida ushlash uchun zarur bo‘lgan choralarning chegarasidan chetga chiqilmasdan unga zarar yetkazish.
Buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish – qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holat bo‘lib, unda shaxsning buyruq yoki boshqa farmoyishni, shuningdek mansab vazifalarini qonunan bajarishi tufayli zarar yetkazishda ifodalanadigan qilmishi jinoyat deb topilmaydi.
Kasb yoki xo’jalik faoliyatiga bog’liq asosli tavakkalchilik – ijtimoiy foydali natijaga erishish maqsadida shaxsning o‘z kasb yoki xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq tavakkalchiligi. Bunday asosli tavakkalchilik natijasida jinoyat qonuni bilan qo’riqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazilsa, asosli tavakkalchilik jinoyat deb topilmaydi.
Jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qo‘rqitish – jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazish maqsadida kuch ishlatish yoki kuch ishlatish bilan tahdid qilishdir.