Suverenitetni ta’minlashning xalqaro huquqiy asoslari
Har bir davlat xalqaro munosabatlarning boshqa ishtirokchilari suverenitetini, ya’ni ularning o‘z an’analari doirasida boshqa davlatlarning har qanday aralashuvidan xoli ravishda qonun chiqarish, ijro etish va sud hokimiyatini amalga oshirish, shuningdek, o‘z tashqi siyosatini mustaqil yuritish huquqini hurmat qilishga majburdir. BMT Ustavi 2-moddasining 1-bandi shundan dalolat beradiki, «Tashkilot o‘z a’zolarining suveren tengligi prinsiplariga asoslangan». Ushbu prinsipning rivojlanishi quyidagicha: –BMT Ustaviga muvofiq, davlatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlar va hamkorlikka taalluqli bo‘lgan 1970-yilgi Xalqaro huquq prinsiplari to‘g‘risidagi deklaratsiyada to‘liq bayon qilingan; –1989-yilgi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Kengashiga ishtirokchi davlatlar vakillarining Vena uchrashuvi prinsiplari to‘g‘risidagi deklarasiyada rivojlantirilgan; – 1990-yilgi Yangi Yevropa uchun Parij xartiyasida tasdiqlangan va h.k. Suveren tenglik prinsipining asosiy ijtimoiy vazifasi – iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy yoki boshqa turdagi farqlardan qat’iy nazar, barcha davlatlarning xalqaro munosabatlarda keng ishtirok etishini yuridik ta’minlashdan iboratdir. Xalqaro muloqotning teng huquqli ishtirokchilari sifatida davlatlar bir xil huquq va majburiyatlarga egadirlar. 1970-yilgi Deklaratsiyaga binoan, suveren tenglik tushunchasi quyidagi elementlarni o‘z ichiga oladi: 1) davlatlar yuridik jihatdan tengdirlar; 2) har bir davlat to‘liq suverenitet huquqidan foydalanadi; 3) har bir davlat boshqa davlatlarning huquq subyekti ekanligini hurmat qilishi shart; 4) davlatlarning hududiy yaxlitligi va siyosiy mustaqilligi daxlsizdir; 5) har bir davlat o‘zining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy tizimini erkin tanlash va rivojlantirish huquqiga egadir; 6) har bir davlat o‘zining xalqaro majburiyatlarini to‘liq va vijdonan bajarishi hamda boshqa davlatlar bilan teng, tinch-totuv yashashi shart; EXHTning 1975-yilgi Yakunlovchi akti prinsiplari to‘g‘risidagi Deklaratsiyada, davlatlar suveren tenglik prinsipiga faqat u BMT Ustavida va 1970-yilgi Deklaratsiyada bayon qilinganidek rioya qilishnigina emas, balki suverenitetga xos bo‘lgan huquqlarning xurmat qilish majburiyatini ham o‘z zimmalariga oldilar. Bu quyidagilarni anglatadi: – davlatlar o‘z munosabatlarida tarixiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishlaridagi farqlarni hurmat qilishlari shart; – yo‘nalishlar va qarashlarning har xilligi, ichki qonunlar hamda ma’muriy qoidalar suverenitetga rioya qilish yo‘lida g‘ov bo‘lmasligi shart; – har bir davlatning boshqa davlatlar bilan munosabatini o‘z xohishicha va Xalqaro huquqqa muvofiq belgilash va amalga oshirish huquqi; – davlatning xalqaro tashkilotlarga kirish, ittifoqchilik shartnomalarini ham qo‘shgan holda, ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama shartnomalarga a’zo bo‘lish huquqi hamda neytralitet (betaraflik) huquqi. O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligi va hududiy yaxlitligini e’lon qilib, xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro munosabatlarini xalqaro huquq normalarini ustuvorligini tan olgan holda mustahkamladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |