Nazar Eshonqul



Download 165 Kb.
Sana14.07.2022
Hajmi165 Kb.
#798801
Bog'liq
Nazar Eshonqul Sancho


Baxshining uch yillik xizmatidan so’ng ham Sancho baribir ulg’aymadi: yillar faqat uning rangi o’zgarib borayotgan mo’ylariga, tobora o’zlarining mavjudligini bildirib borayotgan ajinlariga, bu dunyoni va o’zining sohibiga istehzo bilan munosabatda va muomilada bo’ladigan, odamlarni ko’rishdan bezib, tobora kichrayib borayotgan ko’z kosalariga ta’sir qilgan, bu a’zolarni odamning peshonasiga yozgan azal-abad qonunlarining qozonida qovurgan, lekin ko’ngli, ko’zlari, gapi-yu o’zini tutishi bolaligicha qolgandi…

Nazar Eshonqul


SANCHO
044

Taniqli yozuvchi Nazar Eshonqul 1962 yil 15 iyunda Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Tersota qishlog’ida tug’ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1986). Dastlabki asari — «Urush odamlari» 1988 yilida nashr etilgan. Shundan so’ng yozuvchining «Momo ko’shiq», «Maymun yetaklagan odam», «Shamolni tutib bo’lmaydi», «Momo qo’shiq» va boshqa asarlari nashr etilgan. «Go’ro’g’li» romanining jurnal varianti e’ln qilingan. Xuan Karlos Onettining «Hikoyalar va qissalar»ini, Alber Kamyuning «Esselar»ini, Chexovning «Boloxonali uy» hikoyasini va boshqa ko’plab dunyo adabiyoti namunalarini o’zbek tiliga tarjima qilgan.



1.

Asragan ko’zga cho’p tushar deganday, qo’yarga joy topmay, yeru-ko’kka ishonmay yurgan kelinidan tug’ilgan, belkurakday kaftida ko’zi ochilmagan mushuk bolasiday bo’lib yotgan nabirasiga mulla Rahmon katta umidlar bilan qo’ygan tuppa-tuzuk “Boyqul” ismi o’rniga teng-to’shi uyli-joyli bo’lib ketsa ham to’qayda churvaqalar bilan “zuvilloq” o’ynab yurgan, “yigit” deyishsa, ona suti og’zidan ketmagan go’dakka, “bola” deyishsa, bir ro’zg’orga qora bo’ladigan yoshga yetgan, qoqsuyak yuzi, hozir yig’lab yuboradiganday hamisha yoshga to’lib turadigan ko’zlari, chala tug’ilganini haligacha ko’z-ko’z qilayotgan sunu-sumbatida ko’ngilni xira qiladigan noqislik seziladigan, xudo aqldan ham, bo’ydan ham, bu paytda do’rillay boshlashi kerak bo’lgan ovozdan ham qisgan qishloqdoshlariga Panji muallim topib bergan “Sancho” ismi yoshu-qarining qulog’iga xarsangday singib qoldi-ki, keyinchalik xotini ham, izma-iz tug’ilib, o’raning old yigitlariga aylangan o’g’illari ham, tojikcha shirin talaffuzi bilan butun qishloqni og’ziga qaratib o’tiradigan kaltalik kelini ham bu laqabni Tersotadan surib chiqarolmadi: kelinning ming istihola va ming andisha bilan, har qalay, ma’nosi noma’lum “Sancho”ga qaraganda o’ziga va boshqalarga yaqin bo’lgan “Bolabova” deb chaqirishi Boyqulga har jihatdan mos kelsa-da, tersotaliklarning orlari ustunlik qilib, turish-turmushi bilan o’zlarini boshqa qishloqliklar oldida tez-tez izza bo’lishga, boshini egishiga sababchi bo’lgan, mo’yi-mo’rti chiqsa ham aqli kirmagan, devona bo’lib devonaga, jinni bo’lib jinniga o’xshamaydigan, nafaqat bo’yi, aqli ham navrastaligicha qolib ketgan qishloqdoshlariga juda topib qo’yilgan “Sancho” laqabini qayoqdagi kelgindi kelinning “he yo’q”, “be yo’q” o’zgartirib yuborishiga yo’l qo’yishmadi — oqibatda mulla Rahmondan so’ng kelinning ori qo’zib, qaynotasiga qo’ygan yangi ismi ham qishloqda ommalashmadi – “Boyqul” degan ism bilan birga “Bolabova” ham isqotga qoldi. Aslida, mulla Rahmon bir paytlar ursa, ho’kizning belini sindiradigan belkurakday kaftida bir parcha et bo’lib yotgan nabirasiga katta umidlar bilan qo’ygan ismni unitib yuborish oldida kelinning laqabini qabul qilmaslik chikora edi. Ammo kelin ham o’jar chiqdi: butun qishloq bir tomon, uning o’zi bir tomon bo’lib, qaynatosini mayna qilishdan qutqarish uchun o’ylab topgan laqabidan bir umr voz kechmadi – u Tersotaga kelib qolgan paytlari butun qishloq eshitishi uchun atayin tovushini baland ko’tarib qirning narigi tomonida echki o’tlatib yurgan qaynotasini qirlar aks-sado beradigan darajada bor ovoz bilan atayin “Bolabova” chaqirar, shu bilan o’zini tan olmagan qishloqdan o’ch olgan bo’lardi. Boyqul-Sanchoga o’zini nima deb chaqirishlarining zarracha qizig’i yo’q edi: o’zini kim deb chaqirishmasin maqtov eshitgan ovsardek tirjayib qo’yar, har qanday mahal kattalarning mazaxi anqib turadigan yangidan yangi laqablari-yu mayna qilishlariga o’zini moslashtira olardi. “Sancho” ismi nimani anglatishini unga shu nomni topib bergan Panji muallimdan boshqa hech kim bilmasdi, zotan, tersotaliklarga bu so’z nimani anglatishining qizig’i ham yo’q, noma’lum so’z ularga bir noqisni xohlagancha mayna qilishga, ustidan kulishga, jerkishga, kamsitishga, hech qursa, aqli ham, farosati ham, tutish-tutmushi ham o’zlariga o’xshamasligini eslatib turishga yetarlicha imkon berar, shuning uchun ham “Sancho” deb chaqirishgani sari ko’zlariga yanayam ko’proq bola, yanayam ko’proq noshud, dovdur, esi pastday va shu noqis navrasta tufayli boshqa qishloqliklar oldida toptalgan izzat-nafslari ariganday bo’lardi. Bolalar ham yoshi o’tayotganini eslatib turgan qoshu-ko’zlarini ham hurmat qilmay “Sancho” deb chaqirishar, bundan kattalar bir qop semirishar, “Hoy, bobong tengini shunday deb chaqirasanmi?!” deb tanbeh berish hech kimning xayoliga kelmas, zero soch-soqoli oqarib qolgan bo’lsa-da, butun qishloq, eng avvalo, Sanchoning o’zi o’zini hali ham bola deb bilardi. Vaholanki, bu paytda yoshi yetmishni qoralab qolgandi. U tengilar allaqachon nabirali-chevarali bo’lib, yelkalarini yostiqdan ko’tarmay, uyning to’rini bermay, o’zlari chiqargan hidni o’zlari hidlab yotadigan sassiq chollarga aylanishgandi. “Sancho” esa hamon o’sha oltmish yillar avval o’zlari bilan oqsuyak o’ynagan, o’zlari bilan qo’shilib qarigan xotiralarining olis go’shalarida bir chelak suvni ko’tarishga ham qurbi yetmagan mishiqiligicha qolgan, uning faqat ko’rinishi, yuzi qarigan, peshonasida xuddi o’zlariniki kabi ajinlar paydo bo’lgan, ammo fe’l-atvori, gap-so’zi, muomila va qarashlari o’sha o’n yoshligidan bir qadam ham siljimagandi: bir paytlar o’zlari bilan tengdosh-bo’yinsa bo’lib o’ynagan Sancho endi qishloq ko’chalarida ularning nabiralari bilan to’p tepishib, ko’cha changitib yurardi.

03Chala tug’ilgan nabirasidan chavondoz ham, polvon ham, mulla ham chiqmasligiga ko’zi yetgach, mulla Rahmon bir uyur echkini oldiga solib berdi: shundan beri Sancho har kuni ertalab eshagini egarlardi-yu, beliga ikkita non tugib, bir qulog’i yoniga tushgan telpagini boshiga bostirgancha podani oldiga solib, daryo bo’yidagi to’qayga jo’nardi: uni erta bahordan toki tog’u toshlarni qor-qirov bosguncha shu yerda, hali kattalar dunyosiga qo’shilib ulgurmagan, hali kattalar zabt etolmagan, zavqu-shavqlari atroflarini o’rab turgan qoyalardan ham baland, faqat bolalik xayollari yeta oladigan yuksaklikda ot qo’yib, bir-birlari bilan turtkilashib, tepkilashib yuradigan xayolparast mishiqilar orasida uchratish mumkin edi. Uning bolalardan qolishmay, bolalardan biriga aylanib, ularning bittasi bo’lib, ular bilan talashib-tortishib o’ynab yurishlariga yillar o’tishi bilan tersotaliklar ko’nikib ham qoldi. Bolalar bilan uynab yurganda, tanimaganlar, uning yuzini yaqindan ko’rmasa, yoshi yetmishga borgan cholligiga ishonmasdi: oqargan sochi, ajin bosgan yonoqlarining yakkam-dukkam joylarida bo’y ko’rsatgan, soqol bo’lib soqolga, mo’y bo’lib mo’yga o’xshamagan, fasllar almashgani sari sohibining umr daftarini fosh qilib, oqarib borayotgan, ammo hali ham bolalikka xos kulguchlar bilan to’lib-toshgan aftu angorda o’nib chiqqanlaridan o’zlari ham uyalgandek bo’yinlarini egib olgan, suvsiz qirda nish urgan bo’talardek siyrak tuklarni aytmasa, uning jussasi ham, bo’yi ham, hatti-harakati ham, o’zini tutishi ham boladan farq qilmas, aslida ham u ko’ngli va fe’l-atvori bilan shu bolalarning bittasi edi.

Nima bo’lganda ham u bolalarning ermagi, kattalar qiyofasidagi tengdosh-to’shdoshi edi. Bolalar, ayniqsa, uning eshagini minishga ishqiboz, zero, eshagi naq ayg’irday kelar, salkam biyaday chopar, qir-qiya demasdan yo’rg’alab ketaverar, uning hech bir fazilati-yu tutish-tutmushiga havas qilmaydigan tersotaliklar aynan eshagiga hasad qilishar, “Sichqonday gavdasiga filday eshak minib nima qilar ekan?” deyishardi fasodga berilib. Bolalari birin-ketin tashlab ketib, yolg’iz qolgach, Sancho eshagiga suyanib qolgan, alohida mehr bergandi: tersotaliklar eshaklarini nushxurd bilan boqishardi, u esa arpa bilan siylar, sigir-u echkilariga nima yemish bersa, eshagiga ham shuni ravo ko’rar, shuning uchun ham Sanchoning “mingisi” har faslda ham qirqqa kirgan yigitday qirchillab turar, nafaqat bolalar, kattalar-da uning eshagini bir minish payida yurishar, keyin “O’zi bu azaldan xotindan ham eshakni afzal bilardi,” deb g’iybat qilishardi. Ularning g’iybatlarida jon bor edi: Shukur polvon opasidan qolgan o’n sakkizga kirsa ham hali aqli, sunu-sumbati, bo’yi basti 10 yashar bolanikiday bo’lib qolgan jiyanini uylantiraman deb, oshnasi Norsafar qizilni bir iloj qilib ko’ndirib turganda, u paytlari hali “Boyqul” bo’lgan Sancho Tersotaga kelgan Abdulla baxshining izidan qochib ketib, uch yildan so’ng hozir minib yurgan eshagining momokalonini yetaklab qaytib kelgandi.

Soli Boymirning uyiga qo’ngan Abdulla baxshi butun qishloqni mullaning ayvoniga yig’ib, uch kecha “Yodgor” dostonini aytdi. Boyqul uch kun ham baxshining yonidan ketmay choy damlab turdi. Aslida u choy damlash bilan birga baxshichilikka ko’nglini ham berib bo’lgan ekan: bir oydan so’ng bo’ladigan to’yiga ham hayu-hayt deb qo’l siltab, Abdullaning izidan qochib ketdi. Shu bilan uch yil badar ketdi. U uch yil baxshining xizmatini qildi: uning do’mbirasini, muxlislar bergan sovg’a-salomini, xo’rjunini ko’tarib, xalfalik qilib yurdi: baxshi otda, Boyqul esa qaysidir baxshiparvar cho’pon sovg’a qilgan eshakda qishloqma-qishloq kezishar, Boyqul hali bolaligini yo’qotmagan tasavvurini Boychiboru G’irotning izidan yetaklab, ko’z ko’rib, quloq eshitmagan sarguzashtlar dunyosiga boshlab borar, goh Alpomishni yetti yillik zindondan qutqarar, goh Go’ro’g’lini go’rdan olib chiqib, xuddi o’zi kabi uni ham yomon ko’radigan, “zotsiz” deb mayna qiladigan dunyoga qarshi qo’yib yuborar, adolat uchun, or uchun, toptalgan sha’n uchun Alpomishu Go’ro’g’li qiyofasida jangu-jadallarda ishtirok etar, so’ng bu azaliy urushda yaralangan, zadalangan qalbini sudragancha gulxan atrofida Abdulla baxshini butun vujudlari bilan tinglab o’tirgan o’zi kabi ozurda, o’zi kabi umidbaxsh, o’zi kabi xayollar mahkumi bo’lgan olomon orasiga qaytib kelardi.

Dehqonobodning Ko’kqiyasida – keyingi qishloqqa doston aytib, madradlarini terish uchun ketayotganda, maorif bo’limidan qaytayotgan Panji muallim baxshining do’mbirasini nayza kabi tik ushlagancha yalovbardorday qaddini g’oz tutib ketayotgan Boyqul bilan qadimgi alplarga o’xshab, ikki yuzi meshday shishib ketgan shirakayf baxshini uchratib qoldi: Boyqul muallim bilan quyuq ko’rishadi, tog’asiga sog’-omonligini yetkazishni tayinlaydi, keyin ular so’rashib-surishib bo’lguncha ancha ildamlab ketgan baxshining izidan eshagini yo’rttirib ketadi. Ikkisining yonma-yon ketayotganiga qarab turib, Panji muallim baribir kitob o’qiganligiga bordi — shu bilan mulla Raxmon chala tug’ilgan nabirasining yashab ketishiga o’zining ham ko’zi yetmay, aqalli boylarga o’xshab yursin deb katta umidlar bilan qo’ygan tuppa-tuzuk “Boyqul” degan ismning zavol pallasini boshlab berdi — muallim qishloqqa kelib, o’zi yoqtirmaydigan mulla Rahmon aymog’i ustidan kulgan bo’ldi — “Ikkalasi Don Kixot va Sancho Pansaga o’xshab, shamol tegirmoni bilan urush qilishga ketishayotgan ekan! Xavotir olmanglar, huriliqo Dultseniyani izlab topishgach, malikai muhtarama bilan qishloqqa qaytib kelarmish” dedi mayna ohangida. Shu bilan bira to’la ham “Boyqul” degan ismning kafanini bichdi, ham qishloqda o’zi bilan nasl-nasab, or talashib yuradigan mulla Rahmon aymog’i ustidan boplab kulgan bo’ldi. Tersotaliklar “Don Kixot”ning kimligini bilishmasdi, shuningdek, “shamol tegirmoni” haqida tasavvurlari ham yo’q edi, shu sababli lamanchlik xayolparast ritsarning ismini darrov unutib yuborishdi, ammo “Dultseniya”ni Panji muallim “Tul Niso” ohangida talaffuz qildiki, xotinlarga suyagi yo’q baxshining yoniga bo’zbachchani olib, qandaydir tul ayolni izlab yurganiga faqat tog’asi emas, butun tersotaliklar shubha qilishmadi. Tog’aning g’ujuri qo’zidi, Boyqul tug’ilmasdan avvalroq otdan yiqilib, jon taslim qilgan chavondoz pochchasining qo’lini qilib, baxshining va daydi jiyanining izidan ot qo’ymoqchi ham bo’ldi, ammo Panji muallim uni to’xtatib qoldi: “Baxshini baribir ushlab bo’lmaydi, qishloqdan qishloqqa o’tib yuraveradi, qaysi qishloqqa borishi yolg’iz xudoga ayon, baxshining xurmachasi, Boyqulning xo’rjuni to’lsa, uyiga qaytadi” dedi-ki, tog’ada baxshining xurmachasi to’lishini kutishdan boshqa chora qolmadi. Panji muallimning gapidan so’ng tersotaliklarga ermak topildi: yoshi ulg’aysa ham aqli ulg’aymagan, boshqa qishloqliklar oldida noqis-u narostaligi bilan nomusga qo’yadigan “Boyqul” ismi “Sancho”ga aylandi-qoldi! “Tulniso”ni topishdimi-yo’qmi, xo’rjuni to’ldimi-to’lmadimi, bu noma’lum, lekin Panji muallim bashorat qilgandek, oradan uch yil o’tgach, poyu-piyoda ketgan Sancho qishloqqa eshak minib qaytdi: bu ham, har qalay, obro’ edi – “Yayov ketgandi, eshak minib qaytdi!” dedi mulla Rahmon aymog’i o’z sha’nlarini gap-so’zlardan himoyalagan bo’lib.

Abdulla baxshi uch yil xizmatini qildirgandan so’ng aqli ham, ovozi ham norosaligicha qolgan “xalfasi”dan baribir baxshi chiqmasligiga ko’zi yetgan, chamasi, bitta eshak bilan siniq do’mbirani tutqazib, kovushini Tersota tomon to’g’irlab qo’ygandi. Uch yil yo’qolib ketsa ham na bo’yda, na aqlda, na fe’l-atvor, na gap-so’zida o’zgarish bo’lmagandi: Rajab cho’pon uni qirda ko’rib, qarindoshlik qoni qo’zidi — ozib-to’zib, jussasi-yu kiyib yurgan juldur kiyim-kechagi yetim bolaga o’xshab qolgan jiyaniga rahmi kelib ketdi. Ammo tersotaliklar bag’ritosh odamlar edi, ular uning juldur kiyimiga ham, nuqul baxshining xrujunini ko’tarib yuraverib, bo’yi bir qarich bo’lib qolganiga ham achinib o’tirishmadi, aytilishidayoq mazax ufurib turgan “Sancho” laqabini unga qahramonlik nishoniday dabdaba-yu as’asa bilan taqib qo’yishdi. Eshakni hisobga olmasa, siniq do’mbira bilan uchi yeyilib ketgan xalacho’pdan boshqa hech narsasiz qaytgan Boyqulga bu laqab uzukka ko’z qo’yganday tushdi. Rajab cho’pon unga achingan bo’lsa-da, ammo “Sancho” minib kelgan eshakka uning ham havasi keldi: ortda qolsa, adashib ketishidan xavotir olgan baxshi oti bilan baravar yursin deb unga tog’ning eng yo’rg’a hangisini tortiq qilgandi. Tersotaliklar g’ayirliklari kelib, Sanchoning hozirgi eshagi baxshiga “yalovbordorlik” qilib yurgan paytlarida belboyillik cho’pon bergan o’sha eshakning nabirasimi, chevarasimi, har qalay, o’sha yo’rg’a hangidan tarqalgan deyishardi.

To’qayda bolalar aynan Sanchoning eshagi bilan poyga qilishardi, Azlartepadan daryoga qarab yo’rttirishganda hamisha Sanchoning eshagi birinchi bo’lib yetib kelar, Sancho esa bundan xuddi yosh boladay quvonar, eshagining burnidan o’pib qo’yar, keyin hamisha xo’rjunida olib yuradigan arpadan bir hovuch olib, kaftida tutgancha yedirar, eshakni o’zining bo’yinsasiday ko’rar, u bilan gaplashar, ba’zan arazlashib ham qolishardi: toki uylanguncha eshak uning hamdami, sirdoshi va suyanchig’i bo’ldi — hangisiga minganda u Boychiborga yoki G’irotga minganday bo’lar, shu sababli o’zi yemasa ham eshagini hech qachon och qoldirmasdi.

Sancho baxshining uch yillik xizmatidan so’ng ham baribir ulg’aymadi: yillar faqat uning rangi o’zgarib borayotgan mo’ylariga, tobora o’zlarining mavjudligini bildirib borayotgan ajinlariga, bu dunyoni va o’zining sohibiga istehzo bilan munosabatda va muomilada bo’ladigan, odamlarni ko’rishdan bezib, tobora kichrayib borayotgan ko’z kosalariga ta’sir qilgan, bu a’zolarni odamning peshonasiga yozgan azal-abad qonunlarining qozonida qovurgan, lekin ko’ngli, ko’zlari, gapi-yu o’zini tutishi bolaligicha qolgandi.



2.

Shukur polvon baribir aytganini qildi; esipastligi tufayli itini ham ravo ko’rmaydigan terosotaliklarga ko’z-ko’z qilib, jiyanini uylantirib qo’ydi. Panji muallimning ta’biri bilan aytganda, Norsafar qizilning qizi “sadoqatli chiqib qolgandi”: garchi to’yni qoldirib, qochib ketgan bo’lsa-da, “qiz qochoq kuyovni sabr bilan o’z uyida shahzodasini kutgan malika kabi kutgandi”. Muallimning bu ta’rif-tavsiflariga tersotaliklar baribir ichqoralik bilan munosabat bildirishdi: “Norsafar muallimga qarindosh bo’ladi, qizi shusiz ham erkakshodaligi tufayli uyda o’tirib qolgandi, Sanchodan boshqa er chiqmagani uchun rozi bo’lgan” deyishdi. Nima bo’lganda ham qiz Sanchoning peshonasiga yozilgan ekan: u tersotalik qizlarga o’xshab kuyovdan qusur izlab o’tirmadi, shartta tegdi-qo’ydi. Vaholonki, u kuyovni to’ydan oldin ko’rgandi: Sancho “qalliq ko’rish”ga borganda yangasining uyida pechkaga o’tin tashlab o’tirgan norastani ko’rgan qiz Sanchoga “Qochoq akangiz kelishga uyaldimi?! Uch yil olma terganimiz yetmaganday endi tol xivichni ot qilib minib yuradigan ukasini jo’natdimi?!” deb ta’na qilgan ekan. Sancho esa o’zidan ikki baravar daroz, ovozi xuddi polvon otasinikiday yo’g’on qizni ko’rdi-yu, tili kalimaga kelmay qoldi. Keyinchalik o’zi yosh bola deb o’ylagan yigit kuyovi ekanini bilgach, otasi bilan oralarida nima gap-so’z o’tgani tersotaliklarga qorong’u, ammo kelbati kuyovdan ikkita keladigan qiz baribir Tersotaga kelin bo’lib keldi va o’zi bilan birga onasi o’lgandan buyon huvillab yotgan Sanchoning uyiga fayz ham olib kirdi. Kelin eriga favqulodda mehribon chiqdi: uni ikki yilgacha boshqa kuyovlarning havasini, kelinlarning hasadini keltirib, xuddi sunnat qilingan boladay yasantirib, boshiga qati buzilmagan do’ppi, egniga oppoq ko’ylak, baxmal chopon kiydirib olib yurdi. Kelin bolalar bilan o’ynab kir qilgan ko’ylak va choponni ertalabgacha yuvib, dazmol bosib qo’yardi. Kelinning oldida Sancho o’smir boladay ko’rinar, lekin uydan tashqariga chiqdimi, hamisha erining izidan yurar, undan bir qadam ham oldinga o’tmas, garchi ko’rinishi bola bo’lsa-da, erlik hurmat-izzatini saqlar, biron og’iz ortiqcha gap qilmas, talashib-tortishmas, oilaga daxldor biron masala bo’lsa, hammaga “Ana, uy egasidan so’ranglar!” deb obro’sini joyiga qo’yar, tersotalik g’iybatchi xotinlarning g’ashini battar olovlantirib, daroz kelin bolamijoz eri bilan ahil-inoq yashardi. Tersotaliklar ham Sanchoning bunday erga o’xshab, xotinini so’kkanini, urishganini ko’rgan emas, qanchalar ajablanarli bo’lmasin, xotini ham unga xotin, kerakli paytlarda ona edi: u erini xuddi bolasiday ehtiyot qilar, bolasiday ko’ngliga qarar, bolasiday xarxashasini ko’tarar, bolasiday mehribonlik qilardi. Aslida Sancho ham kelinga farzandday bo’lib qolgandi: daryoning narigi betidagi otasi, inilari mehmonga chaqirishganda, quyi qishloqdagi ko’prikka borib o’tirmay, shundoq Tersota to’g’risidan daryoni kechib o’tishayotganini tersotaliklar ko’p ko’rgan: kelin lippasini tirib olib, daryodan oldin bolalarini, keyin Sanchoni yelkasiga ko’tarib olib o’tkazib qo’yardi.

Panji muallimning laqabi xotiniga ham ma’qul keldi, zotan udum erining ismini aytishga izn bermas, “Sancho” esa erining haqiqiy ismi emasdi. Sancho esa o’sha-o’sha edi: o’zini nima deb chaqirishning farqi yo’q, u uylangandan so’ng og’zi qulog’ida yurar, uyi bolalar bilan hamisha liq to’la edi: ular, oshiq, to’piq, oqsuyak o’ynashar, kelin esa bir chetda erining boladay qiliqlaridan zavqlanib, ba’zida eriga bolalarning yashiringan joyini ko’zi bilan imo qilib, zimdan o’zi ham o’yinga qo’shilib o’tirardi. Bolalar kech tushgach ham ketgisi kelmasdi, kelin ularni aldab-so’ldab uylariga jo’natar, ammo tong oqarishi bilan uyi oldi yana echki yoki poda haydab, Sanchoni chorlayotgan bolalarga to’lib ketardi. Kelin erining belbog’iga yemaklarni tugib, bolalarga qo’shib, molning izidan to’qayga jo’natardi. Kuyovlik chillasi chiqmagan paytlarda ham Sanchoni kelindan ko’ra bolalarning yonida ko’proq ko’rishardi. Erlar xotinlariga Sanchoning xotinini ibrat qilishganda tersotalik ayollar “Sizning ham ko’nglingiz Sanchonikiday bo’lsa men ham uning xotiniday mehribon bo’laman” deb uzib olishardi.

Kelin kelib, Sanchoning ro’zg’origa baraka kirdi: endi Sancho qirqqa yaqin echkini, o’ndan oshiq qora molni oldiga solib, to’qayga ketayotgan bo’lardi. Yoz bo’yi er-xotin Qotning ustidan beda tashib charchashmasdi: kelin bedalarni eshakka ortib berar, Sancho esa eshakni yetaklagancha boshqa beda tashiyotgan bolalar bilan “kim o’zar”ga qishloqqa g’irillab kelib ketar, bolalarga qo’shilib, charchashni ham, tolishni ham bilmasdi.

Eriga xuddi farzandiday mehribon bo’lgani va ko’p kuyingani tufaylimi yoki boshqa sababmi, kelin Sanchodan tez qaridi: yillar o’tib, kelinning yuzida vaqtning beshafqat muhrlari paydo bo’lganda Sancho haqiqatan ham uning to’ng’ich farzandiga o’xshab qolgandi. Uzun qish kechalari ularning uyi bolalar bilan liq to’lar, kelin ham urchuq yigirgancha, Sanchoning cho’pchaklarini, naqllarini, termalarini, turli dostonlardan parchalarni bolalarga qo’shilib eshitib o’tirar, qahramonlarning taqdiridan ta’sirlanib, yig’lab ham olardi. Kelinning gavdasi beso’naqay bo’lsa-da, ko’ngli yumshoq edi: erining cho’pchaklarini, Ultontoz ilik bermay xo’rlaganda Yodgorning “ota” deb yig’lashlarini eshitib, bolalardan ko’ra u ko’proq ko’z yosh to’kardi.



-Shunday qilib,- deb gap boshlardi Sancho Abdulla baxshidan eshitib eslab qolganlarini baxshiga o’xshab bayon qilarkan.- Alpomish badar ketdi. Qaldirg’och cho’ri, Boybo’rixon so’qir, Barchinoy talosh bo’ldi. Bir umr Boybo’rining xizmatini qilganlar Yodgorni bir ilikka arzitishmadi. Yodgorning ko’ngli buzildi, Yodgor xo’rlandi, Yodgor “Otajon, qaydasiz?!” deb yig’ladi. Alpomish zindonda bu yig’ini eshitib, seskanib uyg’ondi. Qarasa, uning ahvoliga butun osmon yig’layotgan ekan. Yetti kun yomg’ir yog’di, zindon suvga g’arq bo’ldi. Yetti kun Yodgor yig’ladi. Yig’layverib, ko’kayi qurib ketdi…

Eri Yodgorning “ko’kayi qurib” yig’layotganini tasvirlagandi, xotini Yodgordan battar yig’iga g’arq bo’lardi. Sanchoning xotini yigirma yil eri bilan birga yashab, biron kuni bolalarsiz o’tmadi, zero eng katta bola erining o’zi edi: eri yoshi o’tib borgan sayin yana ham ko’proq bola bo’lib borardi: atrofga, hayotga, dunyoga bola ko’zi bilan qarar, bola ko’zi bilan baho berar, bola kabi mushohoda va mulohoza qilardi. Kattalarni giribonidan olgan tirikchilik tashvishlari ham, bozorlardagi kunma-kun oshayotgan narx-navolar ham, xuddi zabt etilgan shaharga kirib kelgan dushman qo’shinlari kabi Tersotaga birin-ketin kirib kelayotgan yangidan yangi udumlar, orzu-havaslar, kim o’zarga uy qurish, to’y qilishlar ham, hech qaysi biri qiziqtirmasdi: Sancho kunduzi bolalar bilan o’ynab, kechqurun ularga “Alpomish”ning qaytishi-yu, “Go’ro’g’li”ning tug’ilishini aytishdan charchamasdi, zotan u bu dostonlarning boshqa joylarini bilmasdi ham. Abdulla baxshi yo g’ayirligidan yoki baxshi chiqmaydi degan xulosaga yelganidan unga deyarli hech narsa o’rgatmagan, aytimlarni Sanchoning o’zi eshitib yod olgandi, aslida, u bolalarga aytib beradigan parchalar Abdulla baxshi aytib bergan “Alpomish-u” “Go’ro’g’li”ga ko’pam o’xshayvermasdi. Sanchoning Alpomishi va Go’ro’g’lisi xuddi ertak qahramonlariga o’xshar, devlar, jinlar, Bo’jilar, ajdarlar bilan olishar, hamisha g’olib chiqar, ular goh kenja botir, goh Boysunlik shahzodaga aylanar, Barchin ham uning “doston”ida borsa-kelmas yurtining devlar toloshida qolgan malikasi bo’lib chiqardi. Shunda Alpomish malikani devlardan qutqarish uchun yo’lga chiqar, ko’z ko’rib, quloq eshitmagan sarguzashtlarni boshdan kechirardi. Ba’zida birdan doston yo’sini yana o’z oqimiga qaytib, u yerda qalmoqlar, Toychoxon, Yodgor, Ultontoz paydo bo’lib qolardi. Nima bo’lganda ham uning Alpomishi va Go’ro’g’lisi bolalarga mos, bolacha tasavvur mahsullari edi, zero uning o’zi ham qanday tasavvur qilsa, bolalarga shunday yetkazardi. U hatto shu ertak-cho’pchaklarida ham kattalarning fisq-fasod, aldov urchib yotgan dunyosi bilan kelisholmasdi. U kattalar orasida o’zini nochor, notovon, yolg’iz his qilar, yuragi siqilar, yetti yot begona muhitga tushib qolganday bo’lar, bolalar orasida esa yayrab-yashnab ketar, ular bilan birga paytlari undan baxtiyor kishi bo’lmas, dunyoning hech bir orzu-havasini u bolalarga qo’shilib o’ynash va ularga cho’pchaklaru doston aytib berishga almashmasdi. Aftidan, xotiniga ham uning ana shu bolacha dunyosi, bolacha ko’ngli yoqardi. Shu sabablimi, kelin hech qachon turmushdan, eridan, kam-ko’stdan noliganini qishloqdoshlari eshitmadi: vaholonki, uning uyidan bolalarning qadami uzilmas, er-xotin topgani ular bilan o’rtada edi. Er-xotin yozda tayyorlagan o’rik, olma qoqilari qishda doston eshitishga kelgan bolalarning og’iz ermagiga aylanardi, kelin tayyorlagan sho’rtak qurtlarning dovrug’i esa qo’shni qishloq mazaxo’rlarining ham havasini keltirardi. Nima bo’lgan taqdirda ham Norsafar qizilning erkakshoda qizi Sancho bilan baxtli-taxtli umr kechirdi-ki, to’g’risi, tersotaliklar buni kutmagan edi, aynan shuning uchun ham ular kishi bilmas tarzda bu bola bo’lib bola, katta bo’lib katta bo’lmagan xudo aqldan qisgan bandasiga zimdan hasad ham qilishardi.

Bu paytda tersotaliklar “Boyqul” ismini deyarli unitib yuborishgan, endi bu ismni xuddi o’lib ketganiga ko’p zamonlar bo’lgan qishloqdoshlarining xotirasiday zo’rg’a eslashar, endi hech narsa “Sancho” ismini bu qishloqdan surib chiqarishga qodir emas edi.

3.

Kechki payt va dalaga mol haydab bo’lmaydigan seryog’in kunlari bobosi ola-tasir zamonlarda Jodugar boydan nazr evaziga olgan eski qo’rg’onni eslatuvchi, qariyib oltmish-etmish yildan beri devorlariga suvoq tegmagan Sanchoning uyi tersotalik bolalar bilan liq to’lardi: o’sha olis zamonlarda otliq mehmonlarga mo’ljallab qurilgan hayhotday qo’nalg’oxonaning o’rtasida mo’ri bor edi. Qadim zamonlarda qish paytlari o’rtadagi o’choqqa olov yoqib, chavondozlar yotib turishgan, haligacha ot abzallarining va chavondozlarning ter hidi o’tirib qolgan bu mehmonxona Sanchodan “Alpomish”u naqllar eshitishga kelgan bolalar bilan gavjum bo’lardi: ular xuddi qadim chavondozlar kabi o’choqqa qurugan zarang bilan Sanchoning xotini yoz bo’yi hafsala bilan qiy aralashtirib guvalagan tezakni tashlab qo’yib, shundoq kigizning o’ziga yonboshlab olishar, Sanchoning goh do’mbirada, goh sibizg’a aralashgan muqomlarini eshitib, xush-xursand o’tirshardi — aslida ham qahraton qishni Sanchoning “Alpomish”i tafti eritib yuborar, tashqari tuflasa muzga aylanadigan bir pallada ular tasavvurlari otiga mingancha Alpomish va Go’ro’g’li bilan birga jazirama diyorlarni kezib yurishar, shu yo’l bilan qish ayozlarini tanalariga yaqin yo’latishmasdi.



-Go’ro’g’li go’rda tug’ildi, uning tug’ilganini bilib, Ahmad sardor mozor teshiklarini suvab tashladi, tashqariga chiqmasin dedi. Go’ro’g’li onasini emib, mozor ichida o’ynab yurdi. Yetti yoshga yetganda xudda devday yigit bo’ldi, qaddini bir ko’tarib, mozor to’prog’ini yelkasidan irg’itib tashladi. Uni ko’rganlar dev tirildi deb o’yladi. Shunday qilib, Go’ro’g’li yer yuziga chiqdi…- derdi u

Uning ko’zlariga qarab turib, o’zi aytayotgan cho’pchaklarga o’zi ishonib o’tirganini sezish qiyin emasdi. Shuning uchun ham bolalar ham uni jon qulog’i bilan eshitar, xasis Abdulla baxshi hech narsaga yaramay qolgach, hadya qilgan eski do’mbirani olib, mehr va faxr bilan sozlar, dostonni hamisha baxshilar udumini qilib, ustoziga bag’ishlov bilan boshlardi: aslida u bu bilan ustozi haqidagi ushalmagan orzusini bayon qilgan bo’lardi.

-Ha, bovurim-a, -derdi u Abdulla baxshiga monand ko’zlarini yumgan holda.- Musht urganda qoya ko’chgan Alpomishim, yig’lay-yig’lay ko’zdan qolgan Boybo’rim, bir ilikni ko’p ko’rishgan Yodgorim-a. Go’rda tug’ilib, mayit emgan Go’ro’g’lim-a…

Uning o’zi qarisa ham keksarmagan ovozi uyga sir va mahobat bag’ishlab turgan yuz yillik ustunlardan tortib, bir asrdan ziyod bu xonadonda sodir bo’lgan voqealarga guvoh bo’lgan bolorlaru ravlar, norasta ovozdan bir tebranib qo’yyadigan o’tmish g’uborlari yotgan tokchalargacha o’ziga xos aks-sado berar, bolalar nazdida xuddi Tersotaning o’zi kabi keksa va eski uy ham Sanchoga qo’shilib, o’tmishdan, ularga sir bo’lgan azal-abaddan nimalarnidir so’zlab berayotgandek tuyulardi.

Aslini olganda, bolalarning xayolidagina shunday tuyulmasdi: yilma-yil yangilanib, bo’yanib, yasharib, zamonga moslashib borayotgan boshqa uylar oldida parti ketib, sharti qolgan choldek bo’lib qolgan bu uyning o’zi ham bir paytlar butun o’raning faxri va g’ururi bo’lgan mulla Rahmon va Shodi chavondoz haqida bobolaridan eshitib ulg’aygan avlod uchun sir va qadim ertakning o’zi edi, va tabiiyki, na otalariga, na bobolariga iurqi ham, fe’li ham, o’zi hama o’xshamagan Sanchoning o’zi esa o’sha qadim ertakning davomi edi: Sancho otasi va bobolari bilan bolalarcha faxrlanardi, shu sababli do’mbira olganda hamisha “mulla bobomning ruhi qo’llasin!” deb boshlar, shu jumlani aytganda, rostdan ham uning tanasiga nimadir kirganday ovozi chiyilloq bo’lsa-da, ravon va g’amgin tus olardi. Ehtimol shuning uchun bo’lsa kerak, katta o’g’il otasini olib ketishga qanchalik urinmasin, Sancho ota uyini tashlab ketmadi: puturdan ketgan hayhotday uy va Tersota bilan qoldi. U tong saharda to’qayga borar, toki bolalar maktabdan kelguncha ulkanligi va kattaligidan qishloqdoshlari “Qora qo’rg’on” deb atashadigan siypantosh ustiga chiqib olib, to’qay va tog’larning qadim ohangini chalayotganday do’mbirasini ting’irlatib, o’zicha baxshimonand xirgoiyi qilib o’tirar, uning ana shu xirgoyisi hamon qarimagan, hali ham Abdula baxshining etagini tutib yurgan davrlardagidek navqiron va shijoatli edi:

Qalmoq deya safar ketgan Alpomish,


Safar emas badar ketgan Alpomish.
Yodgorini yetim qilib, xor qilib,
O’ldi deya xabar ketgan Alpomish…

Yodgor haqida xirgoyi qilarkan, hamisha o’zining yetim bolaligi ko’z oldiga kelar, yonidan oqib o’tayotgan daryo kabi ko’z yoshlari uning yuzidan quyilib kelar, yig’lagani sayin yana yig’lagisi kelar, xirgoyisi bo’ri bolasining uvillashiga o’xshab mustar bo’lib qolardi. Bu paytda u doston voqealari ichiga butkul kirib ketgan bo’lardi: kim biladi, arzimas zakotni deb yuz ko’rmas bo’lib ketayotgan aka-uka orasini bolacha tasavvurlari bilan yarashtirmoqchi bo’larmidi yoki xuddi o’zini eshitib turgan bolalar orasida Boysunning qirlarida Hakimbek va Barchinoy, go’rda tug’ilgan, go’rda esini tanigan Go’ro’g’li bilan o’ynab yurarmidi yoki “etim” deb ko’ngli yarimta qilingan Yodgorning sitamlarida o’zining otasiz o’tgan bolaligini ko’rarmidi, bu yog’i o’ziga va yaratganga ayon, uning xayoli doston aytayotgan palla bu to’qayda, yildan yilga yiriklashib, yiriklashgani sayin odamlari maydalashib borayotgan Tersotada — hayot o’yinida bir-birini aldashga, yamlashga tayyorlanayotgan qishloqdoshlari orasida, bu tog’larda, bu vaqt o’lchamida bo’lmasdi. Buni bolalar ham his qilishar, shuning uchun birontasi churq etmay, butun vujudi bilan Sanchoni tinglardi. To’g’risini aytganda, tersotalik bolalarga Alpomish va Go’ro’g’lini maktab muallimlaridan ko’ra ko’proq tanitgan ham Sancho-Boyqul chol edi: qancha bolalar Alpomish va Go’ro’g’li ta’sirida katta bo’lishdi, so’ng o’zlari hayotdan ham Alpomish va Go’ro’g’lilikni izlab ketishdi. Ular Sancho cho’pchaklaridan qutulib ketmagan, hali hanuz umr so’qmoqlarida Alpomish va Go’ro’g’lini izlab yurishardi. Sancho esa Alpomishu Go’ro’g’li hayotda borligiga ishonganlargagina ertaklarini ravo ko’rardi: Abdulla baxshini eshitib, yod olganlarga o’zidan qo’shib-chatib, to’qir ekan, aslida o’zining ko’ngil dunyosini, orzu-armonlarini bayon qilardi. Uning cho’pchaklarida hamisha ezgulik, adolat, to’g’rilik, halollik, mardlik g’alaba qozonardi, uning qahramonlari hamisha ojizlarga, ezilganlarga, zulm ko’rganlarga madadga yetib kelar, ularni adolatsizlik va zo’rovonlik changalidan qutqarardi. Uning ertaklarida bironta yomon jazolanmasdan qolmasdi — aynan shuning uchun ham bolalar uning cho’pchaklarini yaxshi ko’rishar, uning atrofida girdikapalak bo’lishar, aslida, Sanchoning ham topgan-tutgani va ishongani shu bolalar edi. U kattalardan ko’rmaganni shu bolalardan olayotganday edi.

U go’yo kattalar orasida o’ziga o’rin yo’qligini anglab, kattalar orasida kulgu va masxaraga sabab bo’lgan orzu-o’ylari, hatti-harakatlari, kechinma-tuyg’ulari hamda kattalarning aqlu idroklari bilan hech qachon bo’ylasha olmagan tasavvurini bolalar dunyosiga olib kelib yashirgandek, o’zini qabul qilolmagan, o’ziga o’rin bermagan, o’zini mazax qilgan kattalar dunyosidan qochib, bir umr bola bo’lib yashashga ahd qilgandek, kattalar dunyosi bilan o’chakishayotgandek yoshi o’tgan va tanasi yillarning ayovsiz tepkilarida kichrayib borgan sari u o’zini bolalar orasiga ko’proq olib qochardi: havoning royishi qanday bo’lmasin — qish-qirovlimi, yozning jazirasi yoki bahorning serjala faslimi, agar to’qayda kattalarning avzoi-yu tushunchalari, qarashlari-yu, hammasini o’zlariga moslashtirmoqchi bo’lgan qistovlaridan bezor bolalar oldilariga solib haydab chiqadigan echki-uloq, sigir-buzoqning kavshiga tushadigan nimadir topilishiga imkon bo’lsa, Sancho cholni ham hamisha shu yerda — bolalar orasida, xuddi bolalarning biriday, o’zi ham xuddi boladay ular bilan goh chillak o’ynagan, goh to’p tepgan, gohida yoshiga yarashmagan tarzda ona suti og’zidan ketmagan jipiriqlar bilan kim o’zarga chopqilashib yurgan yoki tabiat hukmi bilan kurasha-kurasha ayoz chekinganini, qishning ado bo’lganini qishloqqa, bani odamzotga isbotlab berishmoqchiday qor ostidan boychechak izlayotgan, ko’klamda esa qirni to’ldirib, xuddi orzu-umidlarini uchirma qilayotgandek varrak uchirayotgan jujuqlar orasida uchratish mumkin edi.

4.

Abdulla baxshidan ajrashgandan buyon oradan qirq yildan oshiq vaqt o’tgan bo’lsa-da, Sancho do’mbirani va eshakni ko’z qorachig’iday asrab kelardi. Bu orada uning xotini o’lib ketdi: hali ham aqli bola bo’lib qolgan, hali ham kattalar orasiga qo’shilolmagan erining taqdiridan bolasi yetim qolayotgan onaday xavotir olib jon berdi. Sancho ham xotining qabri ustida xuddi onasi o’lgan boladay ho’ng-ho’ng yig’laganini tersotaliklar ko’p zamonlar eslab yurishdi: yig’layverib holdan toygach, katta o’g’li qurib-qovjirab qolgan bir o’ram bedani ortmoqlagandek yelkasida ko’tarib olib qaytgandi.



Xotinining kutilmaganda o’limi hammasidan ham ikki yashar kenjasiga qattiq ta’sir qildi: u hali ham onasini emardi. Ustiga-ustak onasi yotib qolgani uchun parvarishsiz qolib ketib, ko’kyo’tal orttirib olgandi. Uning ona ko’kragi xumorini bosish uchun qavmi-qarindoshlarning ona suti og’ziga keldi: emib o’rgangan bolani sutdan ajratib olishga shu paytgacha eng sutparast go’daklarda ham ish bergan hech bir tajriba, hech bir amaliyot, qariya-yu keksalarning ming yillik maslahatlari ham kor qilmadi — chaqolog’ini olti oyligidayoq ajratib tashlab, bir hovli qora-quralarni katta qilgan mana-man degan onalarning-u, ko’pni ko’rgan, ko’pni bilgan kampirlarning bilgan-kechirganlari yaroqsiz bo’lib qoldi. Yarim kechami, tongmi yoki qoq tush, kenja o’g’il ona ko’kragi xumor qilib, bir yig’lasa, butun Tersota oyoqqa turardi: xuddi shum taqdirning aks-sadosiday eshitiladigan go’dak yig’isi sal bo’lmasa narigi qirdagi Chit qishlog’igacha yetib borar, atrofni o’rab turgan tog’u toshlardan qishloqqa noxush aks-sado bo’lib qaytardi. Ham yig’lab, ham yo’tali tutib, ko’karib qolayotgan bolaga qarab turib, uning yashab ketishiga hech kim ishonmas, shu sababli hamma onasiday bo’lib qolgan xotinidan birdan ayrilib, qaddi cho’kib qolgan Sanchoga emas, “go’dakka jabr bo’ldi”, deb achinishardi. Dastlab teraklilik tog’alar bolani olib ketmoqchi bo’lishdi, ammo uning kasalmandligini, ustiga-ustak tez-tez shaytonlab turishini bilishgach, fikrlaridan qaytishdi: Azroil shundoq boshida o’tirgan bolani olib ketib, keyin tersotaliklardan bir umr nadomatga qolishni istashmadi. Dastavval maslahat beruvchilar ham, mehribonlar ham ko’p bo’lgan esa-da, oxir-oqibat bor og’irlik hali o’zi bola bo’lgan, hammaning nazarida, norasta va noqis Sanchoning zimmasiga tushdi: bu yillarda nafaqat Tersotaning, balki o’radagi barcha qishloqlardagi do’stu dushmanining bor e’tibori, diqqati uning oilasiga qaratildi. Hamma ich-ichida bu aqli qusur otaning bolani nobud qilishiga va shunday xabar butun o’rani yana bir qalqitishiga zarracha shubha qilishmas, ayni paytda bolaning ahvolini ko’rib, aralashgisi, shusiz ham joni qilda osilib turgan go’dakka foydasiz mehribonchiliklari bilan azob bergisi kelmas, mulla Rahmonni va uning bir paytlar dovrug’i bilan Amir Olimxonning ham tiliga tushgan ajdod-avlodini tanigan borki, ayanchli, imkonsiz va muqarrar taqdir izmini kutishardi. Biroq Sancho hammani hayratga solib, kattalar uchun hamisha qusur bo’lib kelgan bolacha aqli bilan ilojsiz tuyulgan muammoga osongina chora topdi — o’g’lini qisqa muddatda “etimlikka” ham, boshqa “ko’krak”ka ham ko’niktira oldi — bolasiga ona ko’kragi xumor qilganda echki emishni o’rgatdi. Ko’nikishi, o’rganishi va shoxli jonivordan qo’rqmasligi uchun o’zi emib ko’rsatdi. Avvaliga “jundor” va “suzong’ich ona”dan cho’chib turadigan bola bir haftalardan so’ng emgisi kelganda o’zi biron echkining oyoqlari orasiga kirib olib, emib chiqadigan bo’ldi: yelini to’lib turgan echkini yutoqib emayotganda bolaning ko’zlarida hayot shavqi paydo bo’lar, u bunday paytda kasalmand bolaga emas, ko’proq o’ljasini bosib olib, g’ajiyotgan bo’rivachchaga o’xshab ketardi. Sancho bolasini yelkasiga mindirib to’qayda olib yurar, qorni ochganda biron echkini ushlab turib, emizar, keyin bolasi bilan o’zi toshlar orasida har xil o’yinlar o’ynardi. U farzandlarini o’yin o’ynab katta qildi. Kenja o’g’il erta-yu kech Sanchoning yelkasidan tushmas, qorni ochqasa, yugurib borib, biron echkini tappa bosgancha emib kelaverar, keyin otasi bilan to’piq yo chillak, bekinmachoq yo oshiq o’ynab, ona dardini esdan chiqarardi. Echki suti shifo bo’ldimi yoki tersotaliklar va tog’alari uning peshonasiga bitilgan yozdig’ni noto’g’ri o’qishganmidi, nima bo’lganda ham, Sanchoning baxtiga Kenja tezda et qo’yib, bo’y cho’zib qoldi. Uni obdon tekshirgan Hamid felьdsher bilan kelgan tuman markazi doktorlari ko’kyo’tal alomati yo’qolganidan hayratga tushishdi va keyinchalik bu haqda butun o’raga gapirib yurishdi. Bu paytda yoshi o’tib, o’zi bilan o’zi gaplashadigan odat chiqargan Rajab cho’pon “Sancho qishlog’imiz farishtasi!” deb lutf qildi. Ammo tog’alari Sanchoda Rajab cho’pon ko’rgan farishtalikni ko’ra olishmadi: bolaning tuzalganini bilishgach yolg’iz opalaridan yodgorlik deb, so’qqabosh va aqli qusur otaning ularni tarbiya qilishiga shubha qilib, jiyanlarini olib ketishdi. Shundan keyin Sancho to’qayda ko’rinmay qoldi. U bilan birga qishloqdan ham fayz ketdi: bolalarning boshini qovushtiradigan, o’yinlarini qiziq qiladigan yoki ularga yangi-yangi o’yinlar o’ynab topadigan bir devona endi yo’q edi. To’qay zerikarli go’shaga aylangan, qishloq ko’chalari huvillab yotar, Sancho bilan Tersotaning ham bolaligi ketib qolganday edi. Buni tersotaliklar darrov sezishdi. Ular Sanchoni to’qayga qaytarishga ko’p urindi, biroq foydasi bo’lmadi. Sancho har kuni echkilarini haydab, Tersotadan chiqib ketar, shu ketgancha Terakli yonidagi qirni qo’nalg’a qilardi. Uning o’yinini sog’inib turgan bolalari qirda echkilar ko’rinish bilan tog’alarining uyidan qochib chiqishardi. Ota-bolalar, aslida yoshi har xil bo’lgan, lekin qalban tengu-to’shdoshlar qosh qorayguncha qirda o’ynashar, so’ng Sancho echkilarni haydab, Tersotaga qaytar, bolalar esa tog’alarinikiga yo’l olishardi. Tersotaliklar borib ko’ndirdimi yoki bolalarning otalariga bo’lgan mehri iydirdimi, tog’alar uch oylardan so’ng ikki jiyanini ham Tersotaga qaytarib yuborishdi. Ular et bilan suyakni ajratib bo’lmasligiga nihoyat amin bo’lishgan edi. Sancho ertasigayoq bolalari bilan to’qayda paydo bo’ldi. To’qay yana gavjum bo’lib, bolalar qiyqirig’iga to’ldi.

Sanchoning atrofida bolalar bor ekan, unga na keksalik, na kasallik, na og’riqlar, na madorsizlik pisand edi: u qishloq bolalarining bolaligini to’qayzorda va otasidan qolgan chavondozlar qo’nalg’asida kutib olar, payti kelib, ularni shu yerda kattalar dunyosi tomon kuzatib qo’yar, o’zi esa hamisha bolaligicha qolaverardi. U bilan to’qayzorda birinchi marta chillak o’ynagan bolalar yoshini yashab, oshini oshab bo’lgan, to’kilib tushayotgan tanalarini bir iloj qilib, yig’ib olib, ertangi kunga umidsiz boqqancha ajallarini jimgina kutishayotganda Sancho chol na ajal haqida o’ylar, na tanasidagi og’rig’u dardlardan nolir, aksincha hali hanuz bolacha orzular bilan yashar, endi o’zlari bilan o’ynashga iymana boshlaganlarni kattalar dunyosiga kuzatib qo’yar, keyin shu yerda yana boshqa bir avlodning bolaligini qabul qilib olardi. Qariyib oltmish yil to’qayzor tersotalik jujuqlarni bolalik dunyosida kutib olib, so’ng kattalar tomon uchirma qiladigan maydonga aylangandi: u hammani kutib olar, kuzatib qo’yar, o’zi esa bolalik dunyosida yashashda davom etardi: u yosh jihatdan tengdoshlarinining hasadini keltirib, keksalik ustidan hamisha g’olib kelib, qishloq ko’chalarini bolalar bilan changitib, yayrab-yashnab, o’ynab-kulib yurardi.



5.

To’ng’ich o’g’il onasiga tortib, norg’ul yigit bo’lib ulg’aydi: alpqomat yigitning ko’ngli ham daryoday ekan: u Kalta qishlog’iga to’yga borib, kurash tushayotganlarni devor osha tomosha qilayotgan tojik qizni ko’rib, yoqtirib qoldi-yu, ichkuyov bo’lib, o’sha qishloqda qolib ketdi. Tog’a taraf – terakliliklar sal bo’lmasa kaltaliklar bilan yoqa bug’ishgacha bordi – jiyanlarining ichkuyov bo’lganidan ularning nomusi kelgandi. Aslida tojik qishloqqa ichkuyov bo’lish tersotaliklarning g’ururiga tegishi kerak edi. Ammo bu hol ota bo’lmish Sanchoning parvosiga ham kelmaganini ko’rgan hamqishloqlar burchak-burchakda g’iybat qilishdan boshqasiga yaramadi. Sharif rais oqsoqollarni aralashtirib, tog’alari bilan kaltaliklar janjalining oldini oldi – oqsoqollar “ichkuyov bo’lgan xonadonda yolg’iz ona bilan singildan boshqa hech kim yo’qligini hisobga olinsa, to’ng’ich o’g’il haqiqiy polvonning ishini qilgan” degan qarorga kelishdi. Terakliliklaru kaltaliklar bir-biriga xezlanib turishganda Sancho bolalarga cho’pchak aytib berish bilan ovora edi.

Kenja o’g’il esa tez ulg’aydi, nihoyat hamma narsa g’o’rlik davrini eslatadigan ota dunyosi unga torlik qilib qoldi — u otasining dostonlaridagi qahramonlarni va sarguzashtlarni izlab, olis safarga otlandi: xuddi bir paytlar otasi hammasiga qo’l silkab, baxshi izidan ketgani kabi hammasiga, qartayib qolgan Sanchoning qarovsiz qolishiga ham, so’qqabosh otasini tashlab ketgani uchun qishloqda paydo bo’ladigan gap-so’zlar-u, g’iybatlarga ham “hayo huyt” deb, etak silkidi-da, shahar ketdi – shu bilan badar ketdi. O’sha yerda uylandi. To’yga negadir faqat akasi bilan tog’alari borib keldi: kenjatoy otasining to’yda ham bolalar bilan o’ynab qolib, misqollab yig’gan obro’siga putur yetishidan qo’rqdimi yoki Sanchoning o’zi ro’yxushlik bermadimi, nima bo’lganda ham, akasini otasini to’yga olib bormaslikka ko’ndirdi. Keyinchalik ham u shaharlik bolalariga o’ziga echki emizishni o’rgatgan otasini biron marta ko’rsatmadi — Sanchoni shaharga chaqirmadi, o’zi esa qishloqqa kelmadi — faqat onda-sonda shahar borgan tersotaliklardan otasiga u-bu berib yuborar, shu bilan o’zining farzandlik burchini bajargan bo’lardi. To’ng’ich o’g’il ichkuyov bo’lsa ham bir oyog’i Tersotada edi. Kaltalik kelin ham mehribon, bundan tashqari gapga chechan edi: u kelganida o’ziga yovqarash qilib kutib olgan tersotaliklarning ko’ngliga shunday yo’l topdiki, ular shunday kelinlari o’zlarining qishlog’ida emas, Kaltada yashayotganidan afsuslandilar. Kelin har ikki-uch oyda kelib, qaynonasi o’limidan so’ng yanada tezroq puturdan ketayotgan uyni tartibga solar, Sanchoning, o’ziga qo’ysa, umrbod almashtirmaydigan ichki kiyimlarigacha yechib olib, yuvib, uyni saronjomlab ketardi. Kelin agar kiyimining hammasini yuvmasa, qaynotasi baribir almashtirmasligini bilib, bor kiyimini bira to’la yuvar, bu paytda toki ichki kiyimlari quruguncha Sancho xuddi yosh boladay choyshabgami, chopongami o’ralib, nabiralari bilan oshiq o’ynab o’tirar, bolalaridan ko’ra nabiralari bilan tez til topishar, ularga ertak aytib berar, albatta, o’yinboshi ham o’zi bo’lgan holda turli o’yinlar o’rgatar, to’qayga olib chiqar, siypantoshga olib borib, kim o’zarga sirpanishardi. Kattalar dunyosidan mustahakam joy olgan o’g’li otasining hali ham bola bo’lib yashayotganidan nomusi kelsa ham hech narsani o’zgartirib bo’lmasligini anglar, bola-chaqasini olib, otasiga bir so’z demay jo’nab qolar, Sancho esa yana o’z dunyosida qolar, uni hamisha o’zi bilan birga qarimagan ovozi, qarimagan kulgulari, qarimagan ko’ngil dunyosi bilan birga bolalar orasidan topish mumkin edi.

6.

Kenja o’g’il shahar so’rab ketgandan oradan o’n to’rt yillar o’tgach katta yo’ldan Azlartepaga qarab Tersota tomon qora mashina burildi: Sancho ham, bolalar ham bu paytda to’qayda kundalik yumushlari-yu o’yin bilan band edi. Mashinani birinchi bo’lib, Soli Boymirning nabirasi ko’rdi.



-Anovini qaranglar, -dedi u o’ynayotgan joyida to’xta qolib, Azlartepaga tirmashib chiqayotgan mashinani ko’rsatib.

To’qayda birdan o’yin to’xtadi: hammaning ko’zi qishloqqa qarab burilgan zulukday qopqora mashinaga tushdi. Bu mashina emas, mo»jizaning o’zi edi. Hali bunaqasini tersotaliklar ko’rmagandi, va tabiiyki, shahar ko’rgan tersotaliklar ham ko’rgan mashinalarga sira ham o’xshamasdi – oradagi masofa ancha bo’lsa ham qopqora oynasi, qip-qizil faralari, kabina eshiklarga o’rnatilgan yaltiroq gardishi, quyosh nurida ko’zni qamashtirar, yurganda jilvalanayotgan g’ildiragi, uzun tumshug’i, yurishidagi salobat va viqor tog’u toshlarni o’ziga rom qilib qo’yganday edi. Bunaqasini faqat kinolarda ko’rishgan, mashina emas, naq afsonaviy tulporning o’zi edi. Sancho aytib beradigan ertaklardagi pari-paykaru chiroyda oyni uyaltirgan hurilikolar ham qishloq oralaganda tersotaliklarni bunchalik hayratga solmagan bo’lardi: Sanchoning cho’pchaklaridagi G’irko’kday Azlartepa orqali qishloqqa kirib kelayotgan, mashinani endi butun Tersota tomosha qilar, mashina o’zining kundalik tirikchiligi bilan ovora qishloqda vaqtni bir zum to’xtatib qo’ygan, hammaning xayolida “Bu qanday mashina bo’ldi? Kimnikiga kelayapti? Bunday obro’-e’tiborga munosib ko’rilgan vallamot kim ekan?” degan savol g’ujg’on o’ynardi. Mashina esa xuddi bosaymi, bosmaymi deb qadam tashlayotgan tannoz kabi o’zini qiru adirlarga, to’qay-yu-o’tloqlarga, atrofni o’rab turgan tog’u-toshlarga ko’z-ko’z qilib, qishloqqa kirdi va qishloqning g’arbidagilarning alamini va hasadini qo’zg’ab sharqiga — to’qayga tutash tomonga qarab yo’l oldi. Qishloq qirga o’rmalatib qurilgani uchun har bir uy bir-biriga kaftdek ko’rinib turardi. Yo’lga bolalar bilan qo’shilib kattalar ham chiqib olishgan, ular hayrat va havas bilan mashinani kutib olib, keyin suq bilan kuzatib qolishardi. Mashina esa ko’pchillikning umidi va ilinjini, g’ururini yer bilan yakson qilib, yarim qishloqni oralab o’tdi-da, kelib-kelib Sanchoning uyi oldiga to’xtadi: butun qishloq bu adolatsiz inoyatdan birdan junbushga keldi. Tersotaliklar bir-birlariga qarashar, ko’zlariga ishonishmas, hech narsaga tushunishmas, bir-birining yuzlarida paydo bo’lgan savolga javob, yuraklaridagi hasadga malham izlashardi.

-Sizning uyingizda to’xtadi, Sancho, — dedi Murod sinchining nabirasi Malik. U poyga qilish uchun Sanchoning eshagiga endi mingan, mashinaga ko’zi tushgach, to’xtab qolgan, shundan beri og’zidan so’lagi, ko’zidan hayrati oqib, haykalday qotib turardi.

-Ha, sizning uyingiz oldiga to’xtadi. Kim u, Sancho?



Soli Boymiring nabirasi hammaning ko’nglidagi savolni berdi. Ammo bu savolga Sancho javob berolmasdi. Shu sababli u yelka qisdi. Sanchoning uyi atrofida odamlar to’plana boshladi. Bolalar hamma narsani unutib, qishloq tomon yugurib ketishdi. Sancho Malikning orqasiga mingashib olgandi. Eshak yo’rg’a bo’lsa ham baribir bolalarni quvib yetolmadi: ular xuddi bir narsadan quruq qolishadigandek xarsanglar-u, bog’-rog’ni mol-holdan asrash uchun terib chiqilgan toshdevorlar ustidan sakrab o’tib, yugurib borishardi. Sancho yetib borganda mashinani yarim qishloq aholisi – yoshu qari o’rab turar, birov uning farasini, birov bejirim lyukini, birov gardishini, birov oynasini, birov hatto mo’ylarni ham yaqqol ko’rsatib turgan kapotini hayrat bilan toomsha qilishardi. Rosti ham bunday chiroyli va ko’rinishining o’ziyoq aqlni lol qiladigan g’ayritabiiy mashina Tersotaga emas, umuman bu o’raga birinchi kelishi edi. Sanchoni ko’rgan qishloqdoshlari unga kutilmagan hurmat va izzat bilan yo’l ochishdi. Mashina oldida kabinaga suyangancha bir yigit turar, egilib mashina salonini ko’rayotgan terosotaliklarga nimanidir tushuntirardi. Eshak mashina oldiga borgach, tuyoq tovushlarini eshitib, yigit boshini ko’tarib qaradi. Bu uning o’sha badar ketgan Kenja o’g’li edi. Sancho avvaliga tanimadi. Tanigach esa angrayib turdi. U bir mashinaga, bir o’g’liga qarardi.
-Mana bizning boboy ham keldi,- dedi Kenja Sanchoni ko’rib. U hech qachon otasini “boboy” demagandi – bu uning shaharda o’zlashtirgan lahjasi ekanini hamma sezdi: u pushtikamaridan tushgan otasini “Boboy” deyishi bilan otasi bilan o’zining orasidagi farqni ko’rsatgan, shu yo’l bilan shaharda orttirgan obro’sini saqlab qolgandi, go’yo. O’g’il hali ham hech narsani tushunmagancha lol bo’lib turgan Sancho tomon yurib keldi. U qorin qo’ygan, savlatli bo’lib qolgandi. U otasini xuddi bolasini ko’tarib olgandek, eshakdan ko’tarib tushirdi-da, quchoqlashib emas, otalarcha yelkasiga urib ko’rishdi. Lekin bunga hech kim e’tibor bermadi: tersotaliklar qayoqdagi noqis otaga shunday o’g’li nasib qilganidan hali ham o’zlariga kelolmay turishardi. Nosir do’kondor esa alamidan lablarini ham tishlab olgan, shu daf’a omadning ko’zi ko’r bo’lishiga yana bir karra imon keltirib turardi. Sanchoni esa qishloqdoshlarining yuz-ifodalari ham, ular o’ylayotgan o’y-xayollar ham qiziqtirmas, xuddi sehrli xilqatni ko’rib qolgan yosh boladay mashinaga jodulangan alfozda qarab turardi. O’g’li otasining holatini darrov tushundi. U mashinaning eshigini ochdi, ichkariga ishora qildi. Sancho mashinaga o’tirdi. Mashinada kenja o’g’ilning bolaligiga quyib qo’yganday o’xshab ketadigan 12 yoshlardagi bola hammaning havasi kelayotgan mashina o’ziga tegishli ekanini ko’z-ko’z qilayotganday ayricha g’o’ddayib o’tirar, uning yuz-ko’zida esa “Men qayerga tushib qoldim?” degan savol qotib qolgan, odamni seskantiradigan darajada pakana, ustiga-ustak yuziga yarashmasligini o’zlari ham bilgandek yakkam-dukkam bo’y ko’rsatgan mo’ylari oqargan, ammo ovozi yosh bolanikidan farq qilmagan chol bo’lib cholga, bola bo’lib bolaga o’xshamayotgan tasqarasifat nusxaga angraygancha qarab turardi.

-Bu nabirangiz, — dedi Kenja. –Siz bilan ko’rishish uchun keldi.

Bola bu maymunbasharaning o’zining bobosi ekanini eshitib, battar sarosimaga tushib qoldi: otasiga ko’zining qopini savolga to’ldirib qaradi va yana bobo bo’lmishni boshdan-oyoq ko’z yugurtirib chiqdi.

Sancho bunday qarashlarga o’rganib qolgani uchun nabirasining yuzidagi ajablanishga e’tibor berib o’tirmadi, mashina ichini hayrat to’la ko’zlari bilan go’yo yoritib yubordi: salonni, o’rindiqni, bosh qo’ygichlarni, har xil tugmachalarni, umuman har bir detalni sehrlanganday ushlab ko’ra boshladi. U ko’rib turgan narsasiga ko’zlari ishonmayotgan, xuddi qattiqroq tegsa zarar yetib qoladigandek ohista silar, so’ng bu ishidan mamnun bo’lib, yuzi quvonchdan yorishib, lablari yoyilib ketardi. Nabira esa uning hayratidan hayratga tushib, o’ziga bobo bo’lmish nusxadan ko’zini uzmas, yuzida yotsiragan bir ifoda qotib qolgandi.

Sancho esa xuddi o’g’lining bolaligi qaytib kelgandek o’zida yo’q xursand edi: u nabirasiga qarab to’ymas, uning qarashlarida yelini to’lib turgan echkini ko’rganda paydo bo’ladigan kenja o’g’lining ko’zlaridagi yovqur bir shijoatni ko’rib qolardi. U shu paytning o’zidayoq uyiga yig’ilgan qishloqdoshlarini ham, o’n to’rt yildan beri ko’rmagan o’g’lini ham unutdi, nabirasi bilan andarmon bo’lib qoldi.

-Men mana shu uyda tug’ilib, shu uyda ulg’ayganman,-dedi Kenja bir orzumandlik bilan otxonaday keng va baland qilib qurilgan uyga ishora qilib o’g’li Sancho va bolalar hamrohligida tevarak-atrof bilan tanishib bo’lib, uyga qaytgach.

Nabira xuddi otasining tug’ilganlik izlarini izlab topmoqchiday to’sinlarni ushlab-ushlab ko’rar, xonaning odatdagi uylarga nisbatan ancha baland shiftini, ravoqu, tokchalarni, vassa-yu ravlarni, islimiy naqsh berilgan ulkan romlarni xuddi maxluqlar yashaydigan g’orga kirib qolganday hayrat bilan tomosha qilardi.

-Bu ham o’zi sizga o’xshab o’yinlarni yaxshi ko’radi, — dedi o’g’il xuddi tengdoshini topib olgandek otasining bolasining yonidan jilmayotganini ko’rib. — Siz haqingizda, o’yinlaringiz, qishlog’imiz, to’qay haqida gapirib bergandim, men ham boraman deb turib oldi.

U bu gaplarni o’zining o’n to’rt yil dim-dirs ketgani uchun uzrxohlik ohangida aytayotgan, shu orqali oradagi uzilib qolgan mehru oqitbatni tiklamoqchi bo’layotgan edi. Ammo kattalar dunyosiga xos bo’lgan bunday nozik ilg’amlarni Sancho tushunmasdi, u kenja o’g’lini allaqachon kechirib yuborgan, umuman, shuncha yil kelmagan bo’lsa ham o’g’liga ko’nglida zarracha bo’lsa ham gina-kudrut yo’q, esu dardi otamzamonlarda qurilgan uyni hayrat va qiziqish bilan tomosha qilayotgan nabirasida edi.

Qoni tortdimi yoki otasining hikoyalari ta’sirimi, bobo va nabira tez til topishdi: Sancho uning mehmon ekanligiga e’tibor qilib o’tirmadi, shu oqshomining o’zidayoq nabirasi bilan talashib-tortishib bolalar bilan o’ynaydigan o’yinlarni o’ynashga tushib ketdi. Bobo va nabira yarim tungacha avval oshiq, keyin to’piq, oxirida “O’g’rini ushla” o’yinlarini o’ynashdi, tabiiyki, bu o’yinlarning barida Sancho g’olib keldi. Kenja otasi kompyuterdan bosh ko’tarmay qolgan o’g’lini bir paytlar o’zining tanglayini ko’targan, baxtu-sarguzasht izlab shaharga ketishiga turtki bergan o’yinlarga qiziqtirayotganidan xursand bo’lib, bobo va nabirani jilmaygan ko’yi kuzatib turardi. Yo’l ta’sirimi yoki nabira ko’rinishi allambalo maxluqlarini eslatadigan bobosini yengolmasligiga ko’zi yetdimi, yarim tunda tin olish uchun yotdi: Kenja bir quchog’iga o’g’lini, bir quchog’iga otasini olib, uxlab qoldi.

Shunday qilib, o’n to’rt yil badar ketgan Kenja oldi yoz bo’lgani uchun bolasini Tersotaga tashlab ketdi.

-Anovi o’yinlarni unut,-dedi Kenja ketish oldidan o’g’liga.- Bobongning o’yinlari zo’r. Mening shunday kunlarga yetishimga o’sha o’yinlar sabab bo’lgan.

Otasining gapini tushundimi, yo’qmi, noma’lum, o’zini sarguzashtilar o’lkasiga tushib qolgandek tutib turgan nabira bobosi bilan qolishga rozi bo’ldi.

Rostdanam Tersota ham, bobosi ham nabira uchun g’aroyibotning o’zi edi: uni qadimiy qo’rg’onni eslatadigan uy ham, xuddi etakdagi shiraga yopishgan chumoli galasi kabi tog’ yonbag’riga oytobro’y qilib qurilgan qishloq ham, bobosi ertalab sog’ib ichirgan echkilar ham, naq ayg’irday keladigan eshak ham, hammasi qiziqtirib qo’ygandi, Sancho esa endi kecha-yu kunduz o’zi bilan o’ynaydigan sherik paydo bo’lganidan boshi osmonda edi.



7.

Qanchalik g’aroyib tuyulmasin, dastlab nabira to’qayda bolalarning o’yiniga kirishib ketolmadi. Aslida ham bu o’yinlar unga begona edi. Uning boshqa, o’zlariga noma’lum bir dunyodan kelganiga tesotalik bolalar tezda amin bo’lishdi. Tersoatiliklarga zavq beradigan barcha narsalar negadir nabirani tez hafsalasini pir qilardi. Shu sababli u kunini to’qayni, changalzorni, siypantoshni aylanish bilan o’tkazar, bolalarning o’yiniga bir chetda shunchaki tomoshabin bo’lib qarab turar, uning yuz-ko’zidan bu ermaklar zarracha qiziqtirmayotgani sezilib turardi. Kechalari ham endi bobosi bilan o’ynab o’tirmas, ovqatlanaboq yotib olardi. Nevarasi Sancho bilgan bolalarning hech biriga o’xshamasdi, umuman u bolaga ham o’xshamasdi. Parishon, kamgap, hurkak, odamyovvoyi edi. So’ralgan savolga javob bermas yoki bitta so’z bilan javob qaytarar, o’zi biron narsa istasa ham faqat uch-to’rtta so’zni ishlatar, keyin xonaning bir chetiga borib soatlab yerga tikilgancha o’tirar, bobosi bilan ham, bolalar bilan ham istamay, zo’rg’a gaplashar, shunday paytlarda Sanchoga u kerakli so’zlarni bilmay, bolalar bilan muloqat qilishga qiynalayotganday tuyulardi: u o’zini qanchalik “bola” qilib ko’rsatmasin, nevarasining ichiga kirolmadi. Qishloq bolalari jon qulog’i bilan tinglaydigan cho’pchaklar-u ertaklar, “Go’ro’g’li”-yu, “Alpomish”dan to’qigan termalari ham unga ta’sir qilmadi. To’qayga olib chiqib, chillak urishni, zuvillashni, toshlar orasiga bilintirmay yashirinishni, toshlarda sakrab yurishni, changalzorda “Kaklik ovi” o’ynashni ko’rsatdi, foydasi bo’lmadi. Sancho nabirasini qiziqtirish uchun yangidan yangi o’yinlar o’ynab topar, to’qay tongdan shomgacha bolalarning shodon qiyqirig’i bilan to’lib-toshardi. Nevara to’qayga huvillagan uyda o’zini qiziqtiradigan hech narsa yo’qligi uchun bo’ynidan yetaklaganday zo’rg’a kelar, yeru-ko’kni boshlariga ko’taryotgan bolalarga qo’shilmay, ularni bir chetda kuzatib, ularning o’yinlardan ensasi qotib, behafsala o’tirardi. Sancho nevarasini aqalli jilmaytiirish uchun shu paytgacha har qanday bolani bir marta ichak uzdi qilolgan har xil qiliqlarni qilib ko’rdi: dumbasiga urib, tizzalab raqs tushdi, Chaplinga o’xshab maymoqlandi, ko’zlarini olaytirib, har xil hayvonlar qiyofasiga kirdi, it bo’lib hurdi, sigir bo’lib mo»radi, ot bo’lib kishnadi, eshak bo’lib hangradi, echki bo’lib ma’radi, xo’roz bo’lib, “qoqoq”ladi, bo’ri bo’lib uvladi, ilon bo’lib tebrandi, ajdar kabi vishshilladi, tol xivchinni “ot” qilib mindi, xo’tik kabi yerga ag’nadi, maymun bo’lib, daraxtga osildi, xarsang kabi dumalab berdi, xullas, oltmish yil davomida o’zlashtirgan bor hunarini qilib ko’rdi, foydasi bo’lmadi — tersotalik bolalar kulguning zo’ridan qorinlarini ushlab yotib qoladigan tomoshalari ham nevarasiga pashsha yonidan uchib o’tganchalik ham ta’sir qilmadi, aksincha, soqoli oqarib qolgan odamning yosh bolaga o’xshab o’zini har ko’yga solishining sababini tushunmay ko’zlarini lo’q qilib, miq etmay tikilib o’tirardi.

Oxir-oqibat shunday bo’ldiki, Sancho nabirasiga emas, nabira Sanchoga, qolaversa, o’yinqaroqligi bilan butun o’rada nom chiqargan tersotaliklarga o’yin o’rgatishga kirishdi.
Bir kuni bolalar har doimgiday endi “Zuvulloq” o’yinini boshlaymiz deb turganda, nabira ularning qarshisiga kelib, bir pas beparvo kuzatib turgach, kutilmaganda taklif qilib qoldi:

— Balkim “Supermen” o’yinini o’ynarmiz, — dedi u tomdan tarasha tushgandek.

Bolalar bir-biriga, va tabiiyki, Sanchoga qarashdi. Sancho bunaqa o’yin borligini bilmasdi. Hamma ajablanib nabiraning og’ziga ko’z tikishdi.

-U qanaqa o’yin?!-so’radi Malik tuyaturponning ildizidan saqichni ajratib olib, chaynar ekan. Keyin saqichini shahar bolaga ko’rsatmoqchiday tilining uchiga olib ko’rsatdi.


O’yin nomining o’ziyoq bolalarda birdan favqulodda qiziqish uyg’otgan, shu paytgacha o’zlarining bu to’qaydagi ermaklariga o’xshamagan nom hammaning og’zini ochib qo’ygandi: nabira esa bolalarni o’ziga qarata olganidan xursand bo’lib ketdi va “Shuni ham bilmaysizlarmi?!” degandek pisanda bilan o’yin shartlarini tushuntira boshladi.

— Shaharda biz faqat shu o’yinni o’ynaymiz. O’yinning sharti bunday: noma’lum qal’ada o’ta xunuk, o’ta tasqara, o’ta badbashara maxluq yashaydi. U g’ayirtabiiy kuchga ega: uni oddiy qurollar bilan o’ldirib bo’lmaydi. Faqat ikki tig’li xanjar sanchilsa, o’lishi mumkin. Buning uchun esa unga xanjar uradigan darajada yaqinlashish kerak. Bu hammaga ham nasib qilavermaydi. Chunki u o’ta kuchli maxluq, yaqiniga yo’laganni yamalamay yutib yuboradi. Yutgan sayin kuchga to’lib boradi. Dastlab ikki guruhga bo’linib, “saralanish” kerak. Saralash payti “o’lgan” chiqib ketaveradi, yengganning bitta qo’shimcha “joni” ko’payaveradi. Kimning “joni” ko’p bo’lsa, o’shaning imkoniyati ham ko’p bo’ladi, “o’ldirishganda” ham qo’shimcha “jon”i evaziga jangni davom ettirish imkoniga ega bo’ladi. O’yinning oxirgi bosqichida kim maxluqni yengib, uning ham jonini o’ziniki qilolsa, supermen, ya’ni o’lmaydigan qahramon bo’ladi.

Tersotalik bolalar juda ko’p o’yinlarni bilishardi. Ammo bunday g’aroyib o’yin haqida birinchi marta eshitib turishgandi: yenganning joni ko’payib borishi – kim kuchli bo’lsa, oxir-oqibat barcha jonlarni o’ziniki qilib olib, “o’lmaydigan” maqomga erishish — bu endi salkam ertakning o’zi edi.

-To’qay, chakalakzor, xarsang toshlar, ayniqsa, anovi qora tosh bu o’yinni bemalol o’ynash imkonini beradi, xuddi kompyuterdagiday,- dedi nabira. – Men kompyuterda bu o’yinni rosa ko’p o’ynaganman.

Kutilmaganda, bu o’yinga hamma, hatto Sancho ham qiziqib qoldi: o’yin desa uning suyagi yo’q edi.

Shunday qilib, nabira esa tashabbusni butunlay qo’lga oldi, bobosining ochiqchasiga raqobtchisiga aylandi.

— Kim o’yin shartlariga rozi bo’lsa, boshlashimiz mumkin, -dedi u.-Eslatib qo’yay, bu o’yinda faqat bitta g’olib bo’ladi. G’olib Supermen darjasiga chiqadi.

Hammaning o’lmaydigan qahramon bo’lgisi kelardi. Nabira taklif qilayotgan o’yin Sancho aytib beradigan cho’pchaklarni yo’lda qoldirib ketardi.

Nabiraning sharofati bilan bir pasda to’qayzor “harbiy janggoh”ga — faqat kuchlilargina yashab qolishi mumkin bo’lgan o’yingohga aylandi: qonida bo’lgani uchunmi yoki o’zi shunaqa qobiliyat bilan tug’ilganmi, bunisi noma’lum, lekin u bu xildagi o’yin borasida ustasi farang chiqib qoldi – hammaning yuzini qorakuyaga bo’yatdi, avval “yoyandazlik”, keyin “nayzabozlik”, keyin chakalakzorda pusib-poylab yurish, yaqin borib, to’satdan “xanjar” bilan mahv qilish – hammasini o’zi bu xil jangu jadalda ishtirok etib yurganday tashkil qildi. Kimgaki “o’q”, “nayza”, “xanjar” tegib, o’sha joyi qizarib qoldimi, bo’ldi, u o’yindan chiqib ketishga mahkum, ya’ni u “o’lgan” hisoblanadi. Buning uchun ular endi qizara boshlagan zirknitng shirasidan foydalanishar, oqibatda tayyor bo’yoq — “qon” paydo bo’lar, “nayza”, “poykon”, “to’qmoq” uchlarini unga botirib olishdi. O’yin chakalakzorda bo’ladimi, xarsanglar orasidami, yulg’unzordami, faqri yo’q, “dushman”ga to’satdan, kutilmaganda hujum qilish va “qon”ni kiyimiga tegizish kerak, kiyimiga “qon” tekishi “o’lganini” bildiradi. Birinchi bosqich bir birini ovlash bilan o’tadi, shart ham “odam ovi” deb atalardi.

Ba’zilar nogohan o’qqa duchor bo’lmaslik uchun soatlab chakalakzorda yoki biron toshning ortida payt poylab yotardi. O’yin bolalarga shu darajada yoqib qoldiki, ayrimlar tong sahardan to’qayga kelib oladigan bo’ldi.

Nabiraning yangi o’yini butun Tersotaga tarqadi va har bir uy, har bir xonadonda bu g’aroyib o’yin muhokamaga aylandi. Boshqacha aytganda nabira bir kundayoq hammani o’ziga qaratib olgandi. Supermenlar, sayyoralar aro janglar, quloq eshitmagan poygalar haqida gapirib berar, bolalarning atrofiga to’plab, hammani lol qilib turganidan Sancho ham o’zida yo’q xursand bo’lib ketardi — u ham xuddi Abdulla baxshini berilib eshitgani kabi nabirasining o’yinlar haqidagi hikoyalarini jon qulog’i bilan eshitardi.
Endi butun Tersota “odam ovi”ga qurilgan bu g’aroyib o’yinlarni muhokama qilardi. Bora-bora kattalar ham shunday to’qayga kelib olib, bolalarning o’yinini tomosha qiladigan bo’lishdi.

Zarang shoxidan ikki tig’li xanjar ham yasab olishdi. O’yin shartiga ko’ra, har bir o’yinchi xanjarga egalik qilish huquqiga ega edi. Buning uchun xanjarning oldingi egasini “o’ldirish” kerak bo’lardi. So’nggi “xanjar” egasi ham hammaning “joni”ga, ham xanjarga ega bo’ladi.

O’yinning eng nozik joyi — har kim o’zi uchun kurashishi kerak edi. Shu sababli bolalar burchak-burchakda “joni”ni o’ziniki qilish uchun bir-birini poylab yotishardi, zotan, “Maxluq”ni ovlash uchun avval bir-birini ovlashlari shart edi.

Hammasi nabira aytganday tayyor bo’lgandi. Faqat… faqat endi “maxluq”ni aniqlab olish kerak…

Badbashara, tasqara, xunuk maxluq bo’lishga hammaning ham yuragi dov bermasdi va hech kimning “Maxluq” bo’lgisi kelmasdi.

Shu sababli hammaning boshi qotdi. “Maxluq” bo’lmasa, o’yinda mazmun qolmaydi. Chunki faqat uni o’ldirgangina o’lmaydigan qahramonga aylanadi. Bolalar “Kim “Maxluq” bo’ladi?!” deb tortishib qolishdi.

-Oramizda maxluqqa mos yo’q. Hech kimning mahluq bo’lgisi kelmayapti…

Nabira ularning bahsiga arashlashmay bir chetda turardi. Keyin nimagadir qaror qilgandek, tizilib turgan bolalarni birma-bir ko’zdan kechirib, Sanchoning qarshisiga kelib to’xtadi va unga tikilib qoldi. Bolalalar ham uning izidan kelib, Sanchoni xuddi endi ko’rishayotgandek sinchkovlik bilan ko’z tashlashdi. Ular yuzini ajin bosgan, peshonasi xuddi uquvsiz kulol yasagan ko’zaday g’adir-budur, ichini mo’y qoplab olgan quloqlari yirtiq po’stakday shalpaygan, soqoli esa bu xunuk aftda o’sib chiqqanidan uyalyotgandek boshini egib olib, pataklashgan, odamning barmog’idan ko’ra biron jonivorning panjasiga ko’proq o’xshab ketadigan kichkina jundor barmoqlari, xuddi kinolardagi gnomlarni esga soladigan pak-pakana bo’yi, umuman, sunu-sumbati maxluqning g’irt o’zi bo’lgan tasqara bilan yuzma-yuz turardilar: izohga hojat qolmagandi — Sanchodan xunuk, Sanchodan badbashara, Sanchodan boshqa maxluqqa mos nomzodni topish mushkul edi.

Ular shundagina avval bobolari, keyin otalari, endi o’zlari bilan bolalik o’yinini o’ynab kelgan mitti, yapasqi odamning nabira tasvirlagan yirtqich maxluqqa o’xshashini sezib qolishdi-ki, hamma bir ovozdan Sanchoni ”maxluq”qa munosib nomzod ekanini ich-ichida tan olishdi.

Sanchoga esa farqi yo’q edi: o’zinining o’yinga qo’shilganidan xursand bo’lib, har doimgiday har qanday shartga tayyor turardi.

Shunday qilib, uzoq davom etadigan “Maxluq” “ovi” boshlandi: bir tomondan maxluqni o’ldirish uchun kelayotgan qahramon o’ziga raqib bo’lganlarning jonini o’ziniki qilishga, ikkinchi tomondan “maxluq” bolalarni o’g’irlashga(bolalar qancha ko’p o’g’irlansa, uning joni ham shuncha ko’payardi) kirishib ketishdi. Maxluqning qarorgohi – qal’asi – Sanchoning uyi edi. O’rnatilgani yuz yillardan oshgan, go’yo olis dorilomon kunlar haqida nimalardir deb ming’irlayotgandek taassurot uyg’otadagin g’ichirloq eshiklar, bir paytlar nafaqat Tersotaning balki butun O’raning viqori bo’lgan, endi esa chirishga yuz tutgan romlar, asriy qurum va g’ubor qoplagan vassalar, yildan yilga yangilanib, ko’rkamlashib borayotgan uylar qarshisida begonalashib, yotlashib, mung’ayib, haqiqatan ham biron yovvoyi maxluq yashaydigan g’orga o’xshab borayotgan uyning o’zi — hammasi bu makonning nabira aytgan o’yinga juda mos ekanini ko’z-ko’z qilib turardi.

Bu endi shunchaki o’yin emasdi – bobo va nabiraning kelgan kuniyoq boshlangan raqobatning davomi edi – o’yin shartlarining ikki tomonida bobo va nabira o’z sha’nlarini saqlab qolish uchun zimdan kurashga kirgandilar: yetmishni qoralab “maxluq”qa aylangan Sancho bor-yo’g’i bittagina bolani “asir” olganda nabira ishtirokchilarning yarmining “jon”nini o’ziniki qilib bo’lgandi. Bolalar Sanchoning fe’lini ham, uning hatti-harakatini yaxshi bilishgani uchun uni boshqa narsalarga chalg’itgan ko’yi, kiyimlariga “qon” yuqtirmay qochib qolishardi.

Ertalab boshlangan o’yin yarim kechagacha davom etdi: terostaliklar bolalarining Sanchoning uyida xuftongacha “Oqsuyak”, “O’g’ri”, “Yashirinmachoq” o’yinlarining butun qishloqni boshlariga ko’tarib o’ynashlariga ko’nikib qolishgandi. Shu sababli goh molxonasi, goh uyi, goh tomorqasi ichidan kelayotgan “jon” olib, “jon berayotgan” bolalarning har tusdagi mag’lubona va g’olibona ovozlariga e’tibor ham berishmadi.

Nihoyat nabira “nayza” va to’qmoq, xanjar bilan qurollanib, “Maxluq” bilan yuzma-yuz turar, uning orqasida g’ira-shirada go’yo rostdanam ham “jon”lari olingach go’yo sharpalarga aylanib qolgan bolalar kelishardi. Ular “superqahramon” kim bo’ladi, Sancho yoki nabirami, bilish uchun nafaslarini ichiga yutib, qilt etmay turishardi.


Sancho har doimgiday o’yinni qizitish uchun o’zini yovvoyi maxluqqa solib, har tomonga irillab tashlanar, qo’lidagi so’yil bilan nabirasi tomonidan berilgan har qanday zarbani osongina qaytarardi – u hammasini azboriyi o’yin uchungina qilayotgandi.

Nabira “maxluq” bilan avval nayzada, keyin to’qmoqda “kuch” sinashdi: har ikkala holatda ham vaziyat “Maxluq” — Sanchoning foydasiga hal bo’ldi, zotan u oltmish yildan oshiq mol izidan tayoq sudrab yuraverib, so’yilni ishlatishning piri bo’lib ketgandi: nabirasining etigidan tortib, yuzigacha so’yil qoldirgan qizil bo’yoq izlari bilan to’lib toshdi – bu o’yin uning g’alabasi bilan yakun topishidan, nabiraning mag’lub bo’layotganidan darak berardi.

Qishloq masjidida xufton nomozi o’qib bo’linib, qari-qartanglar uy-uylariga tarqalishayotganda nabira deyarli to’plagan barcha “joni”dan mahurm bo’lgandi. Bobosining tayoq, to’qmoqlarni bunday ustamonlik bilan ishlata olishini nabiraning o’zi ham kutmagandi, shu sababli orqasida turgan bolalardan birovi “Faqat bitta joni qoldi” deganda qaltirab ketdi: uning butun vujudi, lablari, ko’zlari, qorachiqlari titrardi: zotan u tersotaliklarga noma’lum bo’lgan davralarda, o’zi aytganidek, shaharlik bolalar orasida faqat g’olib bo’lgan, mag’lublik uning uchun deyarli o’lim bilan teng sharmandalik edi. Shu sababli unga bir necha daqiqadayoq xuddi hayot-mamoti hal bo’ladigandek tuyulib ketdi.

-Men baribir g’alaba qilaman!- dedi u hansirab alanechuk yot, telbavor jazava bilan. Uning ovozi yovvoyi yirtqich bilan yuzma-yuz turgan ovchining o’lim talvasasidagi hayqirig’iga o’xshab ketdi – ajal sasi kelib turgan bu hayqiriqdan etlari junjikib ketgan bo’lsa-da, Sancho ham, ularning “jang”ini chetda kuzatib turgan bolalar ham shunday hayqirish o’yin sharti bo’lsa kerak deb o’ylashdi.

Nabira yana qorong’ulik qa’rida g’oyib bo’ldi: uning oxirgi imkoniyati qolgandi. Agar yana bir marta bobosining so’yilining bo’yalgan uchi tegsa, bo’ldi, Sancho o’yin g’olibi – supermen bo’lardi: bolalar yurak yutib, yakunni kutishardi. Ammo nabira anchagacha qorasini ko’rsatmadi — u qaysidir qorong’u burchakda payt poylab turardi.

Nabirasining hujumini kutaverib, Sanchoning uyqusi kelib ketdi: qanchalik ko’ngli ham, aqli ham bola bo’lmasin, yoshi allaqachon marrani qoralab qolgan, tanasi bunday uzoq cho’zilgan jismoniy zo’riqishga dosh berolmasdi. U o’zining toliqqanini, umrida eng uzoq o’ynagan o’yini shu ekanini his qildi. Shuning uchun xayolida “Agar nabiram paydo bo’lsa, o’zimni himoya qilib o’tirmayman, mayli, u mening jonimni olsin!” deb o’yladi. Xuddi shu qaror bilan so’yilga suyangancha ko’zlarini yumib, tin oldi. Uni charchoq, uyqu bosib kelardi. “Bo’ldi. Nabiramni chaqiraman, yengildim, sen yengding deyman!” deb rejalashtirdi u ichida va shu qarorini aytish uchun ko’zlarini zo’rg’a ochdi. Ammo uning ichidagi o’ylashlari oxirga yetmadi: yarim soatcha yo’qolib ketgan nabira xuddi hayot-mamot jangiga kirishgan ovchiday qorong’ulik qa’ridan o’qday otilib chiqdi va qo’lida qolgan oxirgi qurol — xanjarini “Maxluq” – Sanchoning qorniga “sanchdi”. Bu shunchalik tez sodir bo’ldiki, bolalar ham, Sancho ham nabira qayoqdan, qanday, qaytarzda paydo bo’lganini ilg’amay ham qoldi. Sancho zarangdan uchi sumak qilib yasalgan xanjar qorniga qadalganda nabirasining g’oliblik aks etgan yuzinigina ko’roldi, xolos, nafaqat yuzi, balki ko’zlari ham echkini bosib olib emayotganda o’ljasini tappa bosgan bo’rivachchani eslatadigan otasining ko’zlariga juda o’xshab ketardi shu payti. Bu ko’zlarda unga yot, begona, sovuq, yovvoyi, u tushunmagan va anglamagan yana qancha ifodalar balqib turardi. U nabirasiga yengilganini e’tirof etishga chog’landi, ammo gapirishga ulugrmadi – butun tanasini og’riq qamrab oldi va u nabirasi “sanchgan” “xanjar”ni ikki qo’llab ushlagancha yiqildi.

Uning juda tabiiy yiqilganini ko’rib, bolalar kulib yuborishdi: bunaqa yiqilishlarni, “o’lib berishlarni” Sancho qoyillatardi.

Nabira esa bobosiga qaragancha qotib qolgan, uning ko’zlarida junun, telbavor shavq zuhur etardi.

Bu zuhurot asta-sekin uning yuziga o’tdi, keyin lablariga ko’chdi.

U yerda yiqilib yotgan Sanchoga qarab turib, bolalar tomon o’girildi va talvasa to’la ohangda shivirladi:

— “Maxluq”ni yengdim! Men supermenman!

Bolalar uni qutlashga kirishib ketdi: birov quchoqlar, yoshi kattaroqlari kelib yelkasiga urib qo’yyardi. Qolganlari qo’lini siqishdi. Endi tarqashsa ham bo’lardi. O’yin tugagan, nihoyat Tersotada “o’lmaydigan qahrmon” paydo bo’lgandi.

Faqat Sancho hali ham o’rnidan turmagandi. Buni Soli Boymirning nabirasi birinchi bo’lib sezdi. U yerda qornini ushlab yotgan Sanchoning oldiga borib, unga bir pas qarab turdi.

-Sancho! Turing. Hammasini o’xshatdingiz. “O’lganingizga” ishondik,- dedi u kulgancha oyog’i bilan oyog’iga tepib.

Sancho javob qilmadi. Soli Boymirning nabirasi avval Sanchoning yelkasidan turtdi, keyin tovushini baland qilib, noxushlikni sezgandek qaltiroq ovozda baqirib yubordi.

-Sancho! Nima, balo, rostdanam o’lib qoldingizmi?

Uning ovozini eshitgan bolalar nabirani qutlashdan to’xtashdi. Ularning ko’zi hali ham yerda qorni bilan qapishib, yuz-tuban yotgan Sanchoga tushishdi. Malik kelib, Sanchoning boshini ko’tardi va uni yuzini o’ziga o’girdi. Sancho ko’zlarini yumib yotardi.

-Sancho! Bo’ldi ketamiz. O’yin tugadi.

U shunday deb, turishga yordam bermoqchi bo’lib, qornidagi zarang xanjarni ushlab turgan Sanchoning qo’liga olib bordi-yu, birdan seskanib tushdi va shoshib kaftiga qaradi. Uning barmoqlari qon edi. Shundagina hammaning ko’zi zarang “xanjar” qadalgan joydan sizib chiqayotgan qonga tushdi…

8.

Ertasiga Sanchoni so’nggi yo’lga kuzatish uchun barcha tersotalik bolalar chiqishdi: ular uydan toki Azlartepagacha qator turib olishib, tobutga yelka tutishar, yelkadan yelkaga lopillab o’tayotgan tobutni sekin silab qo’yishar, shu bilan kattalar dunyosidagi oxirgi tengdoshlari bilan so’zsiz vidolashar, kattalar esa bu o’limni qishloq uchun katta yo’qotish deb hisoblashmayotgan bo’lsa-da, ammo har biri o’zlariga o’xashmaganligi tufayli bir umr mayna qilib kelgan, bir umr bola bo’lib qolgan o’zlari aqli noqis deb bilgan qishloqdoshlari bilan birga Tersotaning bolalik davrini dafn etish uchun ketishayotganini ich-ichlarida his etib borishardi…



Nazar Eshonqul.
Download 165 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish