Xatolar ustida ishlash darslari o‘quvchilar nutqida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etishni ko‘zlaydi.
Ona tili mashg‘ulotlarida nafaqat xatoning oldi olinadi, balki yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar bartaraf ham etiladi. O‘qituvchilarning amaliyotida xatoni tuzatishning ikki usulidan foydalaniladi:
1) xatoni tuzatib ko‘rsatish;
2) xato haqida xabar berish.
Xatoni tuzatib ko‘rsatish usulidan, asosan, nazorat xarakteridagi yozma ishlarni tekshirishda foydalaniladi. Xato haqida xabar berish usuli eng samarali usullardan biri bo‘lib, u ko‘proq ta’limiy xarakterdagi yozma ishlarni tekshirishda qo‘llaniladi.
Omilkor o‘qituvchilar ish amaliyotida xato haqida xabar berishning quyidagi usullaridan foydalaniladi:
1. «4», «5» bahoga o‘qiydigan o‘quvchilarning yozma ishlarini tekshirishda xato tuzatilmay, balki hoshiyasida shu qatordagi xatoning soni ko‘rsatiladi. Bunda imlo xatolarni shartli ravishda I harfi bilan, tinish belgilarga oid xatolarni P harfi bilan, uslubiy xatolarni to‘lqinli chiziq bilan belgilash mumkin. Masalan, daftar hoshiyasida I~1 belgisi qo‘yilgan bo‘lsa, demak, shu qatorda bitta imloviy xato mavjud. O‘qituvchi shu qatorda joylashgan 4–5 so‘zdan qaysi birida xato qilganligini o‘zi aniqlaydi va tuzatadi.
2. «3» baho bilan o‘qiydigan o‘quvchilarning yozma ishlaridagi xatolar haqida xabar berish maqsadida xatoli so‘zning ostiga chizish, lekin xatoni tuzatib ko‘rsatmaslik usulidan foydalaniladi. Bu holda o‘quvchi yo‘l qo‘yilgan xatoni barcha so‘zlardan emas, balki ostiga chizilgan so‘zdan izlaydi.
3. Bo‘sh o‘zlashtiradigan yoki o‘z xatosini aniqlashda qiynaladigan o‘quvchilarning yo‘l qo‘ygan xatolarini xatoli bo‘g‘in ostiga chizish bilan belgilash maqsadga muvofiqdir. O‘quvchi belgilangan bo‘g‘indan o‘z xatosini qidiradi.
O‘quvchilarning og‘zaki javoblaridagi nutqiy xatolarni bartaraf etish yozma ishlardagi xatolarni bartaraf etishga qaraganda ancha murakkab. Chunki yozma ishlardagi xatoni ko‘rish oson, nutqdagi xatoni esa payqash qiyin.
Tovushlarni noto‘g‘ri talaffuz etish, so‘z urg‘usini noto‘g‘ri qo‘llash, gap urg‘usiga rioya qilmaslik, gap ohangini buzish kabilar nutqiy xatolar bo‘lib, uni bartaraf etish o‘quvchi javobini diqqat bilan tinglashni, og‘zaki nutq namunalarini birgalikda tahlil etishni talab etadi.
Nutqiy xatolar ustida ishlashning eng samarali yo‘li uni magnit lentasiga yozib olib, keyin o‘quvchilar bilan birgalikda muhokama qilishdir. Xatoni bartaraf etishda o‘quvchining ishtiroki qancha ko‘paysa, uni bartaraf etish imkoniyati osonlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |