Ona tili o‘qitishning o‘ziga xos prinsiplari. O‘qituvchi ona tilining umumdidaktik prinsiplari bilan bir qatorda, uning o‘ziga xos prinsiplarini ham yaxshi bilishi va ta’lim jarayonida unga qat’iy amal qilishi lozim.
Ilmiy–metodik adabiyotlarda ona tili o‘qitishning o‘ziga xos prinsiplari xususida turli xil fikrlar, qarashlar mavjud. Ayniqsa, bu turli-tumanlik prinsiplarning nomlanishida, tushunchalarni izohlashda ko‘proq namoyon bo‘ladi.
Ona tili o‘qitishning o‘ziga xos prinsiplari shu tilning o‘z tabiatidan kelib chiqadi. Modomiki shunday ekan, tildan o‘rganiladigan bilimlarning manbayi ham o‘zbek tilshunosligi fani sanaladi. Chunki tildan beriladigan bilimlarning nazariy asoslari, ularning o‘ziga xos xususiyatlari tilshunoslik fanida o‘z ifodasini topgan. Ammo tilshunoslik fani «Tilni qanday o‘qitish kerak?», «Tildan o‘zlashtiriladigan bilimlarning hajmi va mundarijasi qanday bo‘ladi?» degan savollarga javob topa olmaydi. Zero, bular tilshunoslik fanining vazifasi sanalmaydi. Chunki tilni o‘qitish muammolari bilan metodika shug‘ullanadi. Demak, tilni o‘qitishning metodik prinsiplari, bir tomondan o‘zbek tilining o‘z xususiyatlaridan kelib chiqsa, ikkinchi tomondan, tilni o‘zlashtirish psixologiyasiga ko‘ra belgilanadi. Biz quyida ona tilining o‘ziga xos prinsiplariga alohida-alohida to‘xtalamiz:
«Til-me’yor-nutq mutanosibligi» prinsipi. Ma’lumki, ona tili mashg‘ulotlarida o‘quvchilar ko‘p hollarda tilga oid nazariy bilimlarni egallash bilan o‘ralashib qolib, til me’yorlaridan unumli foydalanish, nutqni takomillashtirish ustida kam ishlaydilar. Bu hol, shubhasiz, ona tili darslarida o‘quvchilarning zerikishiga, zo‘rma-zo‘raki «o‘rganilgan» til hodisalarining tezda unutilishiga sabab bo‘lmoqda.
Maktab ona tili kursining asosiy maqsadi ijodiy tafakkur sohibini tarbiyalash, og‘zaki va yozma nutqini rivojlantirish ekan, «til-me’yor-nutq mutanosibligi» prinsipiga qat’iy amal qilmay turib, unga erishib bo‘lmaydi.
Til nima? «Til deganda,–deb ta’rif beradi H.Ne’matov, –jamiyatning barcha a’zolari uchun avvaldan (oldingi avlodlar tomonidan) tayyor holga keltirib qo‘yilgan,hamma uchun umumiy, ya’ni qabul qilinishi va qo‘llanilishi majburiy, fikrni shakllantirish, ifodalash va boshqa maqsadlar uchun xizmat etadigan birliklar hamda bu birliklarning o‘zaro birikishi va bog‘lanishini belgilovchi qonun-qoidalar yig‘indisi tushuniladi». Demak, til fikrni shakllantirish va uni yuzaga chiqarish, birovga yetkazish uchun imkoniyat sifatida o‘quvchining ongida mavjud.
Tilning asosiy qonun-qoidalari, zarur birliklarini (nutq tovushlari, qo‘shimchalar, so‘zlarni), ularning birikish qonun-qoidalarini o‘quvchi jamiyatdan tayyor holda oladi, hali ona tilini maxsus o‘quv fani sifatida o‘rganmagan shaxs ham so‘zlarni o‘zaro biriktirib, gap qura oladi. U o‘z fikrini boshqalarga bayon qiladi va o‘zgalar fikrini tushunadi.
Maktabda ona tilidan beriladigan bilim, malakalar va ko‘nikmalar o‘quvchining o‘zida mavjud bo‘lgan ana shu imkoniyatlarni kengaytiradi; ya’ni uni o‘zbek adabiy tilining boy xazinasiga olib kirish orqali fikrni og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalashga erishtiradi.
Til ichki imkoniyat sifatida aniq bir fikrni xilma-xil usul va vositalar yordamida yuzaga chiqaradi. Bu ichki imkoniyat tilda behad ko‘p va xilma-xildir.
Me’yor nima? Me’yor tilning mana shu ichki imkoniyatlarini o‘quvchi ongiga singdiruvchi omildir. Boshqacha qilib aytganda, me’yor nutqni ro‘yobga chiqarish maqsadida til imkoniyatlaridan foydalanish uchun ko‘rsatkichlar majmuasi sanaladi. Me’yorning oliy ko‘rinishi milliy, adabiy til uslublari, mezonlaridir. Milliy, adabiy til me’yorlaridan xabardor o‘quvchigina ona tili ta’limining so‘nggi natijasi - matn yaratishga qodirdir.
Nutq nima? Nutq til imkoniyatlarining yuzaga chiqishi, voqelanishidir. Tilning boy ichki imkoniyatlaridan xabardor shaxs o‘z fikrini og‘zaki va yozma shaklda bemalol bayon qila oladi.
Ona tili ta’limida «til - me’yor - nutq» o‘zaro chambarchas bog‘langan bo‘lib, birini ikkinchisisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Dars mashg‘ulotlarida ular o‘rtasida mutanosiblik o‘rnatilmasa, ona tili ta’limining asosiy maqsadi– nutqiy taraqqiyot ortda qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |