Darsni xulosalash jarayoni. Darsni xulosalash ham ancha mas’uliyatli jarayon bo‘lib, u egallangan bilimlar amaliy faoliyatda sinalgandan so‘ng o‘tkaziladi. O‘quvchilar darsning bu bosqichida egallangan bilim, ko‘nikma va malakalarga tayangan holda o‘zlari ta’rif va qoidalar chiqaradilar.
Uyga vazifa berish darsni xulosalash bilan birga qo‘shib olib boriladi. O‘qituvchi uyga berilayotgan topshiriq sharti o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishini ta’minlashi, zaruriyat tug‘ilsa, uni bajarish usuli haqida qo‘shimcha ma’lumot berishi zarur.
Uy vazifasi darsning tarkibiy qismi bo‘lganligi uchun ham u qo‘ng‘iroq chalinmasdan oldin berilishi kerak.
Vaqt taqsimoti ham dars samaradorligini ta’minlashning muhim omili sanaladi.
O‘zbek tili (ona tili)dan dars turlari. Ona tili darslarining maqsadi va tuzilishidan kelib chiqib, uni ikki katta guruhga ajratish mumkin: 1. Ta’limiy darslar. 2. Nazorat darslari.
Ta’limiy darslarni 4 katta guruhga ajratish mumkin:
1. Yangi bilim berish darslari.
2. Кo‘nikma va malakalarni shakllantirish darslari.
3. O‘rganilganlarni takrorlash darslari.
4. Xatolar ustida ishlash darslari.
Yangi bilim berish darsi keng tarqalgan dars turlaridan biri bo‘lib, bu darsda o‘quvchilar yangi zaruriy bilimlar bilan qurollantiriladi va o‘rganilganlar yuzasidan dastlabki malakalar hosil qilinadi. Darsning bu turi uy vazifasini tekshirish, egallangan bilimlar yuzasidan ko‘nikma va malakalar hosil qilish, darsni xulosalash, uyga vazifa berish singari unsurlarning yig‘indisidan iborat.
Yangi bilim berish darsi darsning boshqa bosqichlarida bajariladigan ishlarni o‘ziga bo‘ysundiradi. Uy vazifasini tekshirish va o‘rganilganlarni takrorlash yangi bilimlarni puxta egallashga tayyorlasa, mustahkamlash, xulosalash, uyga vazifa berish egallangan bilimlarni amaliyotda qo‘llashga keng yo‘l ochadi.
Yangi bilim berish darslari faqat tilning turli tomonlariga oid bilimlarni egallash masalalari bilangina bog‘liq bo‘lmasdan, bilimlarni qay darajada o‘zlashtirish muammosi bilan ham uzviy bog‘langan. O‘quvchi darsda olgan bilimlarini o‘z so‘zlari bilan aytib bera olishi, o‘rgangan bilimlariga doir dalil keltira olishi, o‘rganilgan bilimlarni oldin egallangan bilimlardan ajrata bilishi lozim.
Yangi bilim berish darslari bilimlarni tayyor holda bayon qilib berish emas, albatta. O‘quvchilarning ijodiy fikrlashga tayanib ish ko‘rishi yangi bilim berish jarayonida ham davom ettiriladi. Bu darslarda ham tushuntirish, namoyish etish metodidan kamroq, muammoli vaziyatlar yaratish, o‘quvchilarni ijodiy faoliyat ko‘rsatishga undovchi metodlardan ko‘proq foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |