Qayta xotiralashga asoslangan metodlar. Mazkur metod o‘quvchi oldida muayyan bir qiyinchilik yaratmaydi va u tayyor o‘quv materiali bilan ish ko‘radi. O‘rganilgan til hodisalarini xotirada tiklash, topshiriqni to‘laligicha muayyan andaza yoki namunaga qarab bajarish kabi topshiriqlar shunday topshiriqlar sirasiga kiradi.
Ona tili mashg‘ulotlarida bajariladigan bir qator ish turlari, jumladan, ko‘chirib yozish, izohli yozuv, saylanma diktant, muayyan andazaga qarab bajariladigan fonetik, leksik, morfologik, sintaktik tahlillar, berilgan she’riy matn mazmunini nasriy yo‘l bilan bayon qilish kabi topshiriqlar o‘quvchilardan bilimlarni xotirada tiklashni talab etadi.
Qisman izlanuvchanlik metodi. Qisman izlanuvchanlik metodi tarkibida qayta xotiralash asosiy o‘rinni egallaydi. Chunki o‘quvchi ona tilidan egallangan bilimlarga tayanmay turib, uni yangi sharoitda qo‘llay olmaydi.
Ona tili mashg‘ulotlarida bajariladigan qator mustaqil ish turlari:
a) nuqtalar o‘rniga zarur harflar, kelishik qo‘shimchalari, so‘zlarni topib qo‘yish; b) ma’lum bir so‘zni uning ma’nodoshi, uyadoshi, qarama - qarshi ma’noli so‘z bilan almashtirish; v) berilgan gaplar yoki matnning mazmunini saqlagan holda shaklini o‘zgartirish; g) berilgan tayanch so‘zlar yoki so‘z birikmalaridan foydalanib, gaplar yoki matnlar tuzish o‘quvchilardan qisman izlanishni talab etadi. Chunki bu topshiriqlarni bajarish jarayonida o‘quvchi ma’lum darajada yordam oladi. Berilgan so‘zlar, so‘z birikmalari va gaplar o‘quvchiga topshiriqni bajarishi uchun ko‘maklashadi.
Izlanishga asoslangan metodlar. Izlanish til materiallarini ijodiy faoliyat ko‘rsatish yo‘li bilan o‘rganish demakdir. Shubhasiz, o‘quvchi ona tili mashg‘ulotlarida ma’lum bir yangilik kashf etmaydi, balki berilgan ma’lumot mazmunini ijodiy yo‘l bilan o‘rganadi. Bu metod o‘quvchidan oldin o‘rganilganlarni tamoman yangi sharoitda qo‘llashni talab etadi. Ona tili mashg‘ulotlarida yoziladigan insholar, o‘qilgan badiiy asarga taqriz yozish, maqola yozish, ilmiy ma’ruzalar tayyorlash o‘quvchidan hech qanday andaza yoki tashqi yordam olmasdan bajariladigan asosiy ishlardir.
Shunday qilib, ona tili darslarida izlanishga asoslangan metodlardan foydalanish, birinchidan, o‘quvchilarning til hodisalariga qiziqishini kuchaytiradi, ikkinchidan, til hodisalarini mustaqil tahlil qilishga o‘rgatish orqali ularda ijodiylik rivojlanib boradi.
Professor B.To‘xliyev ta’lim metodlarini quyidagicha tasnif qiladi:
1. Tayyor bilimlar bilan qurollantirish metodi:
– darslik va o‘quv qo‘llanmalarga asoslanish;
– ko‘rgazmali didaktik vositalarga asoslanish (audio-video vositalar, muayyan mavzudagi magnitofon yozuvlari, ona tilidan slayd-jadvallar, o‘quv kompyuter disketlari, dars mavzularini yoritish uchun mo‘ljallangan o‘quv rasmlari, portret, peyzaj (rang-tasvir), tayyor badiiy-ramziy, ma’rifiy matnlar).
2. Yo‘naltiruvchi ta’lim metodi. O‘quvchi faoliyatini bosqichli, sistemali yo‘naltiruvchi (yozma va og‘zaki) topshiriqlar asosida jadallashtirish.
3. Muammoli ta’lim metodi.
4. Ongli - verbal - kognitiv ta’lim metodi.
Yuqoridagi ta’lim metodlariga asoslangan holda o‘quvchi faoliyatini quyidagicha tasniflaydi:
1. Ongli kuzatish va xotirada saqlash metodi.
2. Yo‘naltiruvchi topshiriqlar yordamida izlanish va xulosalar chiqarish, bahs va munozara metodi.
3. Muammoni yechishga qaratilgan, maqsadli ijodiy faoliyat metodi.
4. Mustaqil va ijodiy izlanish orqali kashf qilish (matn yaratish) metodi.
Bu metodlar yordamida o‘quvchilar o‘zi egallagan bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantiradi, amaliy-ijodiy tatbiq bilan shug‘ullanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |