1. XX asr tarjimachilik maktabining shakllanishida Erkin Vohidovning o’rni.
Tarjima so’z san’ati rivojini belgilaydigan muhim omillardan biridir. Irqi va dini, o’y- qarashlari farqli bo’lgan millat va elatlar o’rtasidagi makon hamda zamon chegaralarini, so’zsiz, tarjima orqali yengib o’tish mumkin. Binobarin, tarjima uchun umumbashariy g’oya va fikrlarni o’zida mujassam etgan asarlar tanlanishi tarjimon muvaffaqiyatini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shuningdek, mahorat bilan amalga oshirilgan tarjima nafaqat asar muqallifni,balki tarjima muallifini ham mashhur qiladi. Demak, tarjima jarayoni bilan bog’liq mashaqqatli mehnat tarjimonga asarga qayta jon bag’ishlovchi ikkinchi muallif maqomini beradi. Tarjima uchun yuksak umumbashariy g’oyalar bilan sug’orilgan asar tanlash u qadar mushkillik tug’dirmas, biroq uning tarjimasi bilan bog’liq mas’uliyat susaysa, nafaqat tarjimon, balki asar muallifi haqida ham biryoqlama taassurot paydo bo’lishi muqarrar. Bu jarayonda asarning asliyatdagi va tarjimadagi na’munalarini qiyoslash muallif va tarjimon mahorati haqida birdek fikr aytish imkonini beradi. Adabiyotimizning yorqin vakili Erkin Vohidovning tarjimachilikdagi mahorati diqqatga sazovor, albatta. Umuman olganda shoir ijodi haqidagi quydagi adabiyotshunos Ibrohim G’ofurovning fikrlari Erkin Vohidov ijodiga berilgan yuksak ta’rif deyishimiz mumkin. “Erkin Vohidovning hayoti, ijodi, faoliyati yorqin voqealarga boy. U, tabir joiz bo’lsa, ikki asr shoiri, ikki asrning odami.Butun insoniyatni ikki asr jarayonlarida alg’ov-dalg’ov qilgan, larzaga solgan, qonlar kechib, shonlar topgan yo’riqlari, yo’llari, chaqmoq yanglig’ olovli chiziqlari uning yuragidan o’tgan va she’riy yuksak badiiy aks sado bergan. Tabiatning o’zi sirli qoidalarga ko’ra SO’Z qiyofasiga kirgan. Oltmish yil davomida tabiatning hukmi, shiddati bilan ko’p narsalar eskirdi, lekin mo’jizani qarangkim, shoirning biron satri, biron SO’Zi, biron tashbehi, fikri eskirmadi, har bir avlod uni o’zi uchun yangidan kashf qilayapti. Bu so’zlar ijtimoiy, ma’daniy, insoniy o’sish-o’zgarishlarda adibning o’rni, ta’siri, tasviri qandayligidan qayta-qayta guvohlik beradi.
Shoir ikki asr daryolaridan suv ichdi, Konkord minib Tokiodan Vankuvergacha borib keldi. Tirik sayyoralarning taqdirlarini kuyladi. Dunyo she’riy anjumanlarida goh G’ofur G’ulom, goh Zulfiya, goh Aytmatov, goh Yevtushenko, goh Abdulla yonida turib otashin she’rlar o’qidi. O’zbek shoiri quloch yoydi, go’zal tilimlizning nafosati rayhonlar, jannat gullari kabi gurkiradi. Hyote, Yeseninlarning misilsiz she’riy shoyon ruhlari sururlarning cho’qqilariga ko’tarildi.”5
Tarjima- bir tildagi matnni boshqa tilda qayta yaratishdan iborat adabiy ijod turi. Tarjima millatlararo muloqaotning eng muhim ko’rinishi. Asliyat va qayta tiklangan matn xususiyatiga qarab badiiy tarjima, ilmiy tarjima va boshqa tarjima turlariga ajratiladi. Asl nusxani aks ettirish shakliga ko’ra tafsir, tadbil, sharh kabi ko’rinishlarga ham ega bo’lishi mumkin. Tarjima qadimgi davrlarda turli qabilalarga mansub kishilar orasidagi o’zaro aloqa, muloqot ehtiyoji tufayli yuzaga kelgan . Zamonlar osha tarjimaga bo’lgan talablar yangilana boradi. Ammo uning ijodiy xarakteri, qayta yaratish san’ati ekanligi o’zgarmaydi. Tarjimalarning ko’lami va taraqqiyoti har bir xalqning ma’rifiy darajasiga bog’liq va o’z navbatida , u millatning ijtimoiy tafakkuriga samarali ta’sir etadi. “Tarjima” termini bir tildan ikkinchi tilga o’girish jarayonini, shuningdek, tayyor tarjima asarini anglatadi. XX asr o’zbek yozuvchilaridan Cho’lpon, G’ofur G’ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Shayxzoda, Mirzakalon ismoiliy, Asqad Muxtor, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Ali va boshqalar badiiy tarjima sohasida samarali ijod qilganlar. XX asrga kelib o’zbek kitobxonlari dunyo adabiyoti namunalari bilan tobora ko’proq oshno bo’lish imkoniyatiga ega bo’ldi. Bunday imkoniyatlar eshigini ochgan adiblarimizdan biri, o’zbek xalqining sevimli farzandi, ardoqli adabiyotimiz ijodkori, mohir tarjimon Erkin Vohidovdir. Shoiк tarjimachilik maydoniga peshqadamlik bilan kirib keldi va misilsiz darajada fidoyilik bilan bu soha rivojiga xizmat qildi. Ijodkor qalamining mo’jizakor g’ayrat- shijoati bilan Sergey Yesenin, Aleksandr Blok, Vladimir Maykovskiy, Svetlov, Rasul Hamzatov, Gyotening ijodidagi nafosat xazinalari o’zbek xonadonlariga, xalqimizning qalbiga, ko’ngliga kirib bordi va o’ziga munosib bo’lgan o’rinni egalladi deyishimiz mumkin. Buning natijasi o’laroq o’zbek o’quvchilarining jahon mo’jizalari bilan oshnoligi boshlandi. Qardosh xalqlar boy madaniyatining qanchadan qancha yorqin namunalarini o’zbek tilida o’qish, his etish imkoni paydo bo’ldi. Erkin Vohidov xalqimiz madaniyatiga yaqin, dunyoqarashiga mos, elimiz diliga dildosh asarlarnigina o’zbekchalashtirdi. Uning o’z g’oyaviy-badiiy, uslubiy qarashlari, mezonlari bor edi. Tarjimaga shunday badiiy- estetik mezonlar va talablar bilan yondashardi. Bunda shoirning juda rivojlangan badiiy nafosati va farosati sira adashtirmadi. Erkin Vohidovning tarjimachilik mahorati haqida adabiyotshunos olim, tarjimon Ibrohim G’ofurov o’zining “Mohir va talabchan tarjimon” nomli maqolasida quydagi fikrlarni keltirib o’tgan edi. “ Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O’zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80- yilligini nishonlash to’g’risida”gi qarorida ulug’ adibimizning xalqimiz uchun naqadar ardoqli ekani o’zining yorqin ifodasini topgan. Bunday aziz zotlarning nomi ham, merosi ham biz uchun juda qadrli, doimo e’zozimizda bo’lishga loyiqdir. Atoqli shoir va adib Erkin Vohidov Vatan va vatanparvarlik , inson va insonparvarlik, ma’rifat va ma’rifatparvarlik sohalarini chambarchas bog’lab faoliyat yuritdi. U nihoyatda serqirra ijodkor edi. Lirik she’riyat dostonchilik, dramaturgiya, publitsistika, badiiy tarjima sohalarida barobar muvafaqqiyat bilan qalam tebratdi. Uning ijodkorlikning ushbu rang-barang sohalaridagi mas’uliyati va talabchanligi katta-kichik adabiyot ahliga yuksak ibrat bo’larlik edi. Erkin Vohidov oltmish besh yil davom etgan ijodiy faoliyatida badiiy tarjimaga ham katta ahamiyat berib qaradi. U ma’rifatga butun umr jon-dili bilan intilgani va ma’rifatni hayotining mazmuni deb bilgani uchun unga umuminsoniy zalvor va salmoqqa ega hodisa kabi yondashar va qabul qilar edi. Badiiy tarjimaga umuminsoniy badiiy hodisa kabi munosabatda bo’lar edi. Badiiy tarjimaning xalqaro miqyosda rang-barang madaniyatlar va rang-barang milliy adabiyotlarni, milliy san’atlarni yaqinlashtiruvchi, o’zaro tushunarli qiluvchi, do’stlik va qardoshlik tuyg’ularini uyg’otuvchi va mustahkamlovchi e’tiborli xususiyatlaridan chin ma’noda zavqlanar, bu masalalar ustida ijodkor sifatida doimo mushohada va mubohasalar olib borar edi. Tarjima kitobxonlik, kitobsevarlik bilan xuddi opa-singildek birga va bir-birini doim to’ldirib , boyitib, kengaytirib borardi. Shuning uchun kitobxonlik rivojlangan ellarda ilmiy, badiiy, texnikaviy, ijtimoiy-siyosiy tarjimalar ham beqiyos taraqqiy etgan. Erkin Vohidov mana shunday yorqin tarjima jarayonlari bilan yaxshi tanish, tarjima asarlarini kuzatib borar, yuragida tarjima zavqi uyg’onar, Maykoviskiy, Yesenin, Svetlov, Hamzatov asarlarini tarjima qilish ustida o’ylanardi. Bu kabi allaqancha shoirlarning asarlarini asliyat tilida juda ko’p yodlagan va shunisi e’tiborliki, bularning barini u ulug’vor Sharq adabiyoti namunalariga qiyosan o’rganar, Navoiy olamlarini, Muhammad Iqbol, Tagor, Ganjaviy, Sa’diy, Hofiz, Lutfiy, olamlarini, Bayron, Gayne, Gyote, Shiller, Pushkin olamiga qiyosan o’rganar, o’zi uchun, ijod kelajagi uchun xulosalar chiqarar edi. Zero, Erkin Vohidov xalqlarning madaniy hodisalarini qiyosan o’rganishga va tahlil qilishga g’oyatda qiziqar edi. U ijod tajribalarining ma’lum darajaga chiqqanidagina badiiy tarjimalarga layoqatini sinab ko’rish niyatini amalga oshirdi. U universitet dargohida tahsil olib yurgan kezlari o’zga tillardagi durdona asarlarni mutoala qilardi, ularni boshqa tillarga o’girish o’sha paytlarda imkondan tashqari bir ish bo’lib ko’rinardi. Lekin oramizdan mana bir yorqin shoir yetishib chiqdiki, bu noyob asarlarni xuddi o’zbek tilida yozilgandek seryog’du, serjarang qilib qayta dunyoga keltirdi. Erkin Vohidov ilk tarjimalarini do’stlariga o’qib berganida, bizga dunyoga yangi bir tarjimon qadam ranjida qilgandek tuyilardi. Ular ma’rifati va savodxonligi bilan ajralib turar edi, o’zbek o’quvchisi bularni o’z zaminida tug’ilgan jonbaxsh, sehrsoz she’rlardek yod o’qirdi.Erkin Vohidov tarjima uchun asar tanlashga alohida mas’uliyat va e’tibor bilan qarardi. U o’ziga sevimli bo’lgan , o’zining ruhiy-ma’naviy intilishlari, adabiy farosatga yaqin jondosh va dildosh asarlarnigina o’zbekchalashtirdi. Shoir oltmishinchi yillar oxirlarida mashhur avar shoiri Rasul Hamzatovning “Dog’istonim” deb atalgan , o’sha paytlarda juda keng shov-shuvlarga sabab bo’lgan liro-epik, badiiy esse yo’nalishidagi yorqin asarini tarjima qilishga o’tirdi va uning birinchi qismini “Guliston” jurnalida e’lon qildi. Bu asar o’sha paytda diqqinafas sobiq tuzim makonlarida xuddi bahor nasimlari esgandek barchani ilhomlantirgan, milliy vatanparvarlik tuyg’ularini tarbiyalashga beqiyos hissa qo’shgandi. O’zbekcha tarjimadan musaffo tog’ jilg’alarining sadolari, zalvorli Kavkaz tog’ cho’qqilaridan tushib kelayotgan sarin ohangdorlik eshitilar, Erkin Vohidov nihoyatda jozibali bir uslub yaratgandi. Bu tarjimalarni o’qib kitobxon shoirni alqadi, o’zini yangi bir dunyo kashf qilganday sezdi. Qanday go’zal ritmlar, musiqalar, ohangrabolar yangradi bu tarjimalar xalqning dilidan joy egalladi. Shoir Yesenin va Blokni xuddi tug’ishganlari kabi sevardi. Uning bu samimiy muhabbati Yeseninning go’zal “Fors taronalari”ni, Aleksandr Blokning “Skiflar” va “ Bulbul bog’i” dostonlarini o’zbekchalashtirish bilan yakunlandi.Yetmishinchi yillarning o’rtalarida Erkin Vohidov dunyo adabiyotining shoh asarlaridan biri , jahon adabiyotining mundarijasiga juda barakali ta’sir ko’rsatgan ulug’ nemis adibi Gyotening olamshumul “Faust”tragediyasi tarjimasi ustida yillar davomida ter to’kdi. Asarning boshqa tillarga qilingan tarjimalari bilan qiziqdi, kutubxonalarda o’tirib asarning rus tiliga o’girilgan bir qancha nusxalari nasriy va she’riy tarjimalarini o’rgandi.Gyote haqida barcha qo’li yetadigan tadqiqotlarni ko’zdan kechirdi. Asarning o’zini bir necha marotalab shoir ko’zi bilan hijjalab mutoala qildi. Katta miqyosda ijodiy tayyorgarlik olib bordi. U bizga “Faust” debochasini va keyinroq ish yakunlanayotganda asar xotimasidagi Faustning manalogini zo’r bir hayajon bilan o’qib bergandi. O’shanda biz o’zbek adabiyoti osmoniga badiiyatning yangi quyoshi ko’tarilganini his qilgandik. Shu qadar tabiiy va quyma jarangladi bu betimsol tafakkur silsilalari! Bu tarjima Erkin Vohidov ijodiga juda kuchli ta’sir ko’rsatdi. “Faust”dan keyin ijodining mundarijasi, boy she’riy shakllar bilan bezanishida va, ayniqsa, “Istanbul fojiasi”, “Ruhlar isyoni” asarlarining yaratilishida bu ta’sirning qudratli nishonalari ko’zga tashlanib turadi. Erkin Vohidovning orginal ijodiyoti bilan badiiy tarjimalari bir-birini o’zaro organal tarzda to’ldirib boradi va favqulotda davomiylik, chambarchaslik hosil qiladi. Uning tarjimalarida asliyat bilan yaqin, ma’rifatli hamkorlikning buyuk namunalarini ko’ramiz. Faust bir o’rinda: “ To’xta, ey daqiqa, go’zalsan g’oyat!”-deb nido qilgandi. Dunyo paydo bo’lgandan buyon qancha nidolar bo’lgan. Ammo Faustning bu nidosi barcha o’sha nidolarning gultojidir. Bu lahzalarni o’z satrlariga muhrlab qoldira oladigan rost she’riyatning nidosidir! Zero, she’riyatgina hech qachon to’xtatib bo’lmaydigan lahzalarni to’xtatib, mangu lahzalar yarata oladi!
Shoir va tarjimon, yurtimizning asl farzandi Erkin Vohidov nomi ham xalqimiz xotirasi ummonida abadiy yashaydi!”6 O’zbek adabiyotshunosligida adabiy aloqa va o’zaro ta’sir masalalarining muhim ko’rinishidan biri hisoblangan badiiy tarjimachilikning o’ziga xos xususiyatlari, o’zbek adabiyotida tarjimachilik taraqqiyotining bosqichlari haqida va umuman, uning adabiyotimiz rivojidagi o’rni xususida ayrim fikr mulohazalar bildirib o’tilgan. Badiiy tarjimachilik bugungi kunda ham dolzarblik xususiyatini kasb etib kelmoqda. Jahon adabiyotining nodir namunalarining o’zbek tiliga o’girilishida Abdulla Qahhor, Abdulla Oripov, Maqsud shayxzoda, Ozod Sharafiddinov, Jamol Kamollar bilan bir qatorda Erkin Vohidovning tarjimonlik faoliyati muhim o’rin tutadi. O’zbek adabiyotshunosligida badiiy tarjimmachilik haqidagi V.Abdullayev, V.Zohidov, O.Sharafiddinov, N.Mallayev, N.Komilov, G’.Salomov va boshqalarning tadqiqotlarida qiziqarli ma’lumotlar berib o’tilgan. Erkin Vohidovning tarjimonlik mahorati, ayniqsa, uning ”Faust” tarjimasi bilan bog’liq ayrim fikr-qarashlar M.Qo’shjonov, G’.Salomov, O.Sharafiddinov, N.Rahimjonov, S.Meliyevlarning maqolalarida ko’zga tashlanadi. Filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Nazarovning “XX asr o’zbek adabiyotida Erkin Vohidov ijodining o’rni va ahamiyati” nomli maqolasida quydagi fikrlarni bildirib o’tgan edi. “ XXasrda xalqimiz ko’p yorug’ va qora kunlarni boshidan kechirdi. Badiiy adabiyot ana shunday nur va zulmat talotumlarida el nazar solgan mayoq bo’lish barobarida, o’zini yaratgan farzandlari yanglig’ goh gulxandek lovullab, goh tutab, goh lopillab turdi. Lekin hech qachon o’chmadi. XX asrning 1-yarmi, xususan, uning o’rtalaridagi she’riyatimizni mohiyat e’tibori bilan, asosan, ijtimoiy, siyosiy, mafkuraviy ruhdagi she’rlar tashkil etadi. Lekin tuzim talabi ijodkorlarga o’tqazgan taziyqi , ularning xalq qalbi va ongida bergan aks sadosidan qat’i nazar, el-yurt samimiy, pokiza tuyg’ularni, tabiat tarovatini, yashamoq zavqini kuylovchi, siyosatdan holi, oddiy she’rlarga muhtoj edi. Alloh inoyatimi, ijodiyotning yozilmagan qonuniyatimi, hayotning olis talabi yoki, shular barisining birlashuvidagi zarurat tufaylimi, o’tgan asrning o’rtalarida adabiyotimizga Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi avlodi kirib keldi.”7 deya fikr bildirgan edilar.
XX asrga kelib Sharq va G’arb adabiyoti namunalarini o’zbek tiliga o’girishga katta e’tibor qaratildi. Qizig’i shundaki, jahon va G’arb adabiyoti namunalarining tarjimasi ko’proq bevosita emas, balki bilvosita amalga oshiriladigan bo’ldi.Ya’ni bu asarlar chet tilidan to’g’ridan –to’g’ri emas, balki rus tili va asliyat orqali tarjima qilinadigan bo’ldi. Hatto ayrim qardosh xalqlar adabiyoti namunalari ham rus tili orqali tarjima qilinishi bu holatning noxush an’anaga aylanishini anglatar edi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, tarjimachilik sohasida ham keskin o’zgarishlarni sodir bo’lishiga olib keldi. Sharq va G’arb adabiyotiga tegishli bo’lgan, umuman olganda, jahon adabiyotining nodir namunalari asliyatdan endi to’g’ridan-to’g’ri o’zbek tiliga o’giriladigan, eng muhimi asl manbaning ma’no-mazmunining ikki karra talofat ko’rishini oldini oldi. Hozirda esa ingliz, nemis, fransuz, koreys, arab, hind va boshqa ko’plab jahon xalqlari tillarida yaratilgan noyob va muhtasham adabiy-badiiy obidalarni o’zbek tiliga o’girish orqali xalqimizning ma’naviy va madaniy hayotida muhim yangiliklar yaratish an’anaviy tusga kirib bormoqda. O’zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov ijodiy izlanishlarining muhim qanoti uning o’zbek tarjimachilik san’atini rivojlantirish yo’lidagi ko’p qirrali faoliyatiga daxildordir. Bugungi o’zbek tarjima san’atining rivoji haqida gap ketganda, bu sohada g’ayrat ko’rsatayotgan fidoyilar safining avvalida Erkin Vohidov nomining e’tirof etilishi g’oyat tabiiydir. Zotan, shoir iqtidori, ko’p yillik zahmatli izlanishlari mahsuli sifatida dunyoga kelgan, johonning turli tillarida yaratilgan asarlar tarjimasi nafaqat shoir ijodiy yo’liga ko’rk bo’lib qo’shilgan, balki o’zbek kitobxoblari ma’naviy xazinasining qator nodir va muqaddas durdonalar hisobiga to’lishishiga zamin yaratdi. Bu haqda shoirimiz Tohir Karimov o’zining samimiy va iliq fikrlarini bildirib o’tgan edi.” Shoirimizning aruzda bitgan asarlari ham, barmoqdagi she’rlarida ham, ikki vaznda qilgan tarjimalarida ham san’at va mahorat namunalari juda ko’p. Yesenindan qilingan tarjimalar ustoz Mirtemirning Gaynedan o’g’irgan she’rlari kabi o’zbekcha, ravon-u soddadir; shu bois biz, yetmishinchi yillardagi talabalar ularni yoddan o’qirdik, hatto o’zimizcha qo’shiq qilib aytardik. “Faust” ning o’zbekchasi esa , tarjima san’atida Erkin Vohidov maktabini yaratdi. Ovro’pa she’riyatining cho’qqilaridan biri hisoblangan bu kitob tarjimasi, bizningcha,juda noyob durdonadir, bu kabi asarlarni xalqimiz mulkiga aylantirish zarurligini ta’kidlagan, bu ishga shoirimizni yo’naltirgan bir davlat rahbariga, shuningdek, elimizga muallifning sidq-u samimyati, so’zida sobit turib, bu og’ir ishni muvaffaqiyat bilan yakunlaganini ham ko’rsatadi. Erkin Vohidov tarjimalari ichida Yesenin she’rlari yoshlarimizda sof va samimiy ishq tuyg’ularini yolqinlashtirganini, Hyotening “Faust’i Ovro’pa dunyosini , insoniy hayot, o’lim, muhabbat, musibat sirlarini anglashga yo’naltirganini, Rasul Hamzatovning “ Dog’istonim”i esa ona yurtga, elimizga va tilimizga mehr uyg’otish barobarida, uning yo’lida yashash va kurashish lozimligini zimdan uqtirgan, milliyatchilikka tashviq qilgan asar ekanligini aytish mumkin. Shoirimizning qayta qurishning jozibali maydonlarida ko’p o’qilgan, chet ellar matbuotida ham sharhlangan “ Ona tilim o’lmaydi” she’rida ham, menimcha, ”Dog’istonim” dagi jasorat va donolik, vatanparvarlik va millatparvarlik ochiq ko’rinib turardi. Shu o’rinda, uch-to’rt yil oldingi bir suhbat paytida Erkin akaning Dog’istonga borgani, Rasul Hamzatov bilan birga turli anjumanlarda bo’lgani, bir tantana chog’i unga musallas to’la shox tutishgani va shoirimiz ilk bor bundayin katta qadahni oxirigacha sipqorganini va bir amallab o’zini tutgancha sahnadan tashqariga chiqib olganini kulib aytib berganini esladim. Ha, shoirlar ba’zan sahnada musallasli shox bilan, goho esa, tarixlarda ko’p ko’rilganidek, tojli shoh bilan yuzma-yuz qoladilar, bu dongdor shoirarning qismatidir, undan qochish amri mahol, ”beixtiyorlikda bormu menda bir ixtiyor” deganday. Ha, gapning uchini yo’qotmay, mashhur avar shoiriga qaytaylik. So’nggi yillarda Rasul Hamzatov ”Kitobimning nomini ”Mening Dog’istonim” emas, ”Meniki bo’lmagan Dog’iston” deyishim kerak ekan” deya afsus va pushaymon chekkan ekan. Dog’iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Dog’iston xalq shoiri Magomed Ahmedovlarning eslashicha , “Agar bir kishi bir narsa o’g’irlasa, u kichik o’g’ridir; u ikkinchi bor o’g’irlik qilsa, u o’rtacha o’g’ridir; uchinchi marta o’g’irlikka bosh ursa, u katta o’g’ridir; to’rtinchi bor o’g’irlik qilsa, u siyosatchidir”, -degan ekan Rasul Hamzatov. Mustabid sho’ro davrida barcha mashhur san’atkorlar kabi rahbarlik va deputatlik lavozimlarini bajargan ixtiyorsiz bir avar shoirining o’kinchi bu. Katta iste’dodlar odatda, fe’li va xulqi to’g’ri insonlardir; manfaatparastlik va manmanlik kattaday ko’ringan iste’dodni ham kichraytirib yuboradi. “Dog’istonim muallifi asl katta iste’dod, katta shaxs bo’lgani uchun ham yuqoridagi kabi o’kinchli, ammo adolatli, mardona fikrlarni aytgan deb o’ylayman. Zotan uch yuz millonli bir saltanatdagi yuzlarcha millatlar yo’qotilib, bitta sovet xalqi yaratishga bel bog’langan o’sha oltmishinchi yillar qiyomatida ”Dog’istonim” kabi asarlar Nuh kemasiga yer yaqinligidan mujda keltirgan kabutarlar edi; bu kaqbutarlarni umidsiz , boshi egik, ko’ngli siniq xalqimizga ko’rsata va eshittira olgan, so’ngra o’zi ham ”Ona tilim o’lmaydi’’ deya maydonga tushgan Erkin Vohidov edi.”8 -deya shoirizning tarjimachilik sohasidagi olib bogan ishlarini e’tirof qilib o’tgan taniqli shoirimiz Tohir Qahhor. Shoir haqida bildirlgan bunday fikrlar juda salmoqli darajadadir, bizning fikrimizcha bunga sabab ijodkorning sa’natni, she’riyatni jon-dilidan sevishida, har bir qo’l urgan ishiga sitqidildan yondashib, bor qalb qo’rini bag’ishlaganida deb o’ylaymiz. Zero, shoir o’zining bir she’rida shunday fikrlarni bildirgan edi:
”Shoirlik- bu shirin jondan kechmakdir,
Limmo-lim fidolik mayin ichmakdir,
Shoirlik-jigarni ming pora etmak,
Bag’ir qoni bilan satrlar bitmak.”9
Bu satrlar orqali shoirimizning she’riyatni, umuman ijodni qay darajada muqaddas, oliy burch sanaganligini, so’zning qadrini qay darajada yuqori tutganligini ko’rishimiz mumkin. Erkin Vohidov qay sohada ijod qilmasin xoh she’riyat bo’lsin, xoh tarjimachilik bo’lsin ularning barchasida o’z ijodining yuqori pog’analarini zabt etgan, xalqimizning sevimli shoiridir. “Adabiy ijod hamisha So’z olamiga sayohatdir.Ijodkor So’zni tirik jon deb biladi va So’z bilan so’zlashadi. Mening bu yozganlarim ana shunday jonli til bilan jonli suhbat bo’lishini istayman. Umrini yashab bo’lgan va barhayot, men anglagan va anglab yetmagan sohir hilqat bilan ko’ngil bog’larin kezib, xayolan So’z bilan so’zlashsam, til bilan tillashsam, deyman.”10 Yuqoridagi shoirimizning keltirilgan fikrlaridan ham bilishimiz mumkinki, ijodkor shoirlik qismatiga bardosh bermog’i, uning shon-shuhratiga munosib yashamog’i, eng muhimi esa shoir o’z millatining vijdoni, yuzi, so’zi va ko’zi ekanligini esda tutishi shartligini izohlagan. Taniqli adabiyotshunos olimimiz, filologiya fanlari doktori Bahodir Karimov ta’kidlaganidek shoir- iste’dod egasi, shoir- so’z va tafakkur odami, shoir-darveshona tabiatli shaxs, shoir- iztirobli, dardmand inson, shoir- el-yurt quvonchiga sherik odamdir. Shoir nafaqat nazm chamanlarini turli anvoyi gullar bilan bezadi balki ijodkor tarjima maydoniga ham dadil qadam tashladi va samarali ishlarni, noyob durdona asarlarni o’z ruhini yo’qotmagan, asliyatiga yaqin jozibasi bilan o’zbek kitobxonlari uchun ajoyib tuhfa sifatida taqdim etdi. Erkin Vohidovning tarjima olamiga kirib kelish sabalaridan biri xalqimizning o’zga millat xalqlarining nodir asar mo’jizalaridan bahramand bo’lishga bo’lgan intilishi bo’lsa, buning yana biri sababi shoirnig she’riy asar tarjimasiga bo’lgan maylidir. Erkin Vohidov ijodini nafaqat o’zbek xalqi kitobxonlari, balki qardosh xalqlarning vakillari va ular adabiyotining ardoqli ijodkorlari ham yuksak baholaganlar hamda qadrlaganlar. Biz bunga misol qilib azaldan o’zbek xalqi bilan qon-qarindoshlik aloqalarida bo’lgan xalqning sevimli farzandi, Qirg’iziston xalq shoiri, Qirg’iziston qahramoni Sovranboy Jusuevning “O’zbekning asl farzandi” nomli maqolasida shoir ijodi haqida bildirilgan samimiy, ilq fikrlarni keltirishimiz mumkin. “Erkin Vohidov haqida birinchi marta 1960-yilda buyuk o’zbek shoiri Mirtemir muallimdan uqqandim. U paytda men “Olatog’” jurnalida mas’ul kotiblik qilardim. Keyinroq u bilan birinchi marta Ashxabodda Maxtumquli she’riyati bayramida uchrashib, do’stlashdik. Shu tarzda turfa tadbirlar munosabati bilan Olmaotada, Dushanbe va Bishkekda yuz ko’rishib, qadrdonlashib bordik. Ko’p o’tmay Erkinboyning “Muhabbat” nomli salmoqli kitobi qo’limga tushib qoldi. Shunday qilib, kamina shoir ukamizdan o’n ikki yoshga ulug’ bo’lishimizga qaramay, Rasul Hamzatovni sayratib yuborganiday, Erkin Vohidovning Qirg’isitondagi muxlisiga, oshiqlariga aylandim. O’zgan taraflarda tug’ilib o’sganim uchun o’zbek tilidan yaxshigina xabardorman. Yashirishning hojati yo’q, u “O’zbegim”ni qoyillatib qo’ygan. Sergey Yeseninning tarjimasiga gap yo’q. Afsuski u bizda jaranglamadi. Hazil-mutoyibaga chevar Erkinboyning kitoblari shoir va tarjimon ukam Tursunboy orqali kutubxonamdan munosib o’rin olgan”11 Erkin Vohidov ijodiga bunday muhabbat bilan qaragan qardosh shoir Sovranboy Jusuev o’zining shoir ijodiga ehtiromi sifatida o’z kitoblariga ijodkor qalamiga mansub turkum she’rlardan kiritgan. O’zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayid bu haqida shunday fikrlarni bildirib o’tgan. “ Atoqli qirg’iz shoiri Sovranboy og’a Jusuevning “ Yevroosiyo shoirlari” deb nomlangan salmoqli kitobi 2007- yilda Bishkek shahridagi “Biyiklik” nashryotida chop etilgan bo’lib, undan ulug’ shoirlarimizdan Mirtemir domla, Zulfiya opa va Erkin Vohidovning turkum she’rlari o’rin olgan”12 Erkin Vohidovning tarjimachilik faoliyati haqida bugungi o’zbek adabiyotining yorqin vakili Xurshid Davron ham o’z fikrlarini “Sharq she’riyatidan tarjimalar” nomli maqolasida bildirib o’tgan. “ Ustoz Erkin Vohidov nafaqat otashin shoir va dramaturg, shu bilan birga jonkuyar publitsist va adabiyotshunos sifatida ham samarali ijod qilgan. Uning tarjima sohasidagi faoliyati esa o’zbek tarjimachilik maktabida alohida o’rin egallaydi. Uning tarjima sohasidagi mahorati buyuk nemis shoiri Gyotening “Faust” asari tarjimasida (1974) yuqori cho’qqiga ko’tarildi. U yetuk tarjimon sifatida rus, gurji, tojik va avar she’riyatining yorqin shoirlari she’rlarini o’z ona tilida so’zlata oldi. Erkin Vohidovning sharq she’riyatining tengsiz namoyandalari Hofiz, Mirzo Bedil, Mirzo G’olib, Muhammad Iqbol, Ulfat she’rlari tarjimalari bilan tanishish imkoniga ega bo’lamiz. Hofiz Sheroziy g’azalidan tarjima:
Yorim qo’liga qadah ki olgay,
Bozori sanam kasodga qolgay.
Har kimki, ko’zini ko’rsa deydi:
“Bu mast, kani muhtasib, tutolgay”.
Ashk bahri aro baliq bo’libman,
Qarmog’ini yor chu suvga solgay.
Zor ila ayog’iga yiqildim,
Ummid etamen, qo’limdan olgay.
Hofiz kabi hurram ul kishikim,
Jomi azaliyni no’sh etolgay.
Mirzo Bedil g’azallaridan tarjimalar:
Parishon xotirim deb g’am yaralmish,
Yana chashmim tufayli nam yaralmish.
Qilur mavj gavharu oina javhar,
Ajab, beorzu dil kam yaralmish.
Atarlar g’uncha poymolini gul deb,
Ne hol, shodlik aro motam yaralmish.
Sabo to’zg’utgudek bir kaft tuproq,
Qo’shilgan qon ila, odam yaralmish.
Agar xeshluk uchun paydo bu olam,
Menung ko’nglimga ko’nglim ham yaralmish.
Diling dardiga yo’qtur chora,Bedil,
Bo’lib sohibmuhr Hotam yaralmish.
Mirzo G’olib g’azallaridan qilingan tarjimalar:
Qoshi yosi qatlima tadbirdur,
Ne ajab, uy toqida shamshirdur.
Sevgida bemorligimni so’rmagil,
Ul Iso ko’zgusida tasvirdir.
Men junun dashtida sargardon esam,
G’am dilimning poyida zanjirdur.
Bu ko’ngil vayronadir, favvora-ko’z,
Sel siniq uyga ne ta’mirdur.
Vah, qalamning yoqasin yirtdi Asad,
Chok dil inshosi bu tahrirdur.
Muhammad Iqbol she’rlaridan qilingan tarjimalar:
Go’zallik mohiyati.
Bir kun tangriga shundoq savol qildi go’zallik:
“Nega meni etmading mangulik va azallik?”
U shunday javob berdi:” Olam bir suratxona,
Tun bilan kun bo’lmasa- hayot o’zi afsona.
Borliq axir har lahza o’zgarishdan iborat,
Odamzotni band etar-neki bo’lsa omonat”.
Oy bu so’zni tinglagach, g’amgin bo’ldi, bo’zladi,
O’z dardini tongotar yulduziga so’zladi.
Zuxro tongga so’yladi, tong so’yladi shabnamga,
Bu nidodan g’amginlik, sukut cho’kdi olamga.
Gul yoqasin chok etib, asta egdi boshini,
G’uncha bag’ri qon bo’ldi,shabnam to’kdi yoshini.
Chamanlarni tark etdi armon bilan gul ko’klam,
Ketdi gulshanga shodlik izlab kelgan yoshlik ham.
Gul Pocha Ulfat ruboiylaridan qilingan tarjimalar:
Yaxshi odam bo’lsa yomonga ulfat,
O’shal davraga mos kasb etar odat.
Insoniy fazilat o’rnini asta,
Egallay boshlaydi hayvoniy xislat.
***
To’ti so’ylasa ham qanchalik biyron,
Odam emasligi barchaga ayon.
Odamning odamlik fazli bo’lmasa,
So’zlashiga qarab sanama inson”.13
O’zbek xalqining ardoqli farzandi Erkin vohidov haqida qancha gapirsak oz. Xalqimizning haroratli mehr tafti shoirning qalamiga quvvat, ilhomiga nur, umriga fayz, nomiga esa mashhurlik qo’shib borgan. Uning ming- minglab muxlislariga yod bo’lib ketgan o’ynoqi g’azallari, mushoiralarda qayta-qayta jaranglaydigan she’rlari, “she’r ichra bemorlikdan topgan quyma satr”lari adabiyotimizning, shoirtabiat xalqimizning baxtidir. Zero, shoirlik- oshiqlik, el joniga payvastalik. Xalqning joni esa olovlarda kuymas, suvda botmas, muzda to’nmas matonatning quyilmasi. Shoir yaratgan har bir qahramon xalqning aziz chehrasiga bir ko’zgudir. Buyuk iste’dod egasini qanchayin e’tirof etsak, shoirimizning bu e’tiroflarga har tomonlama loyiq ekanligini butun vujudimiz bilan anglaymiz va his etamiz. O’ zbekiston xalq shoiri Usmon Azim ta’kidlaganidek: -“Omadim bor odamman. Parvardigorning inoyati bilan , ilk she’riy mashqlarim adabiyotimizning uyg’onish davriga to’g’ri keldi. Usmon Nosir qayta nashr qilindi. Chizilgan chiziqdan chiqmaydigan, beruh “asar”larning hukmron adabiyotda nogohon o’zining iste’dodidan mast- maddohlik chegaralarini bilib- bilmay buzib o’tayotgan yangi adabiyot paydo bo’la boshladi. Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Said Ahmad, Saida Zunnunova kabi bir qator shoir-u yozuvchilar zamon zaylini ko’rmaganga olib, mash’um qatag’on qo’rquvini yengib o’tishga intildilar. Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev, Rauf parfi kabi adabiyotning tub maqsadini anglab, ixtiyorini ko’ngliga bergan shoir va yozuvchilar paydo bo’ldi. Erkin Vohidov mana shu “yangi” adiblar ro’yxatining boshida turardi. Bu “yangi” adiblar adabiyotimizni jahon adabiyotining yuksak ko’chasiga burishda benihoya katta xizmat qildilar. Mafkura etagidagi yuzsiz maddohlik jonga tekkan bir paytda, ular adabiyotga samimiyat, ma’no, dard- bir so’z bilan aytganda ruh olib kirdilar. Ularning ruh sururiga qorishgan asarlari qanchadan-qancha ko’ngillarni she’riyatga oshno etgani bor gap. Men bu iste’dodli akalarimning o’zlarini taniganimdan avval ularning she’rlariga duch kelganman va hayratga tushganman; izlayotganim mo’jizaga duch kelganimni his qilganman va bu she’rlar qanotida allaqanday yuksak shavq-u zavqqa to’lib, mastona uchib yurganlarimni xotirlayman. She’r yozilganda emas balki undagi tuyg’ular birovlarning ko’ngliga ko’chgandan keyingina umrboqiy bo’lishini o’shanda anglaganman. Men- Boysunda o’zicha she’r pichirlab yurgan bola- tirik ruh bilan to’lg’onib turgan mana shu she’riyatning, jumladan Erkin Vohidov she’riyatining mavjlarida adabiyotga yaqinlashdim. Adabiyotning ilk haqiqiy darslarini ularning she’riyatidan ham oldim. Esimda, o’sha paytlar yoshlar nashiriyoti o’nta shoirning mo’jaz kitobchalarini bir qutiga jamlab, nashr etdi. Bu kitobchalarni jonsarklik bilan, sog’ingan odamimni uchratganday orziqib o’qib chiqqanim esimda. Biroq, faqat ikki kitob: Abdulla Oriopovning “Mitti yulduz” va Erkin Voidovning “Lirika” to’plamlarigina izlayotganim she’riyat ekanligini, ular boshlagan yo’ldan ketsam, adashmasligimni g’ira- shir angladim. Erkin akaning o’sha kitobchasini ochib, ilk bora o’qiganim she’r esa hamon xotiramda:
Mulki borliq ichra bir mahal
Mo’jazgina olam yaralgan.
Bermoq uchun olamga sayqal,
Olam aro odam yaralgan…
O’sha kitobdagi ko’p she’rlar menga va maktabimizdagi she’rxon do’stlarimga yod bo’lib ketgan edi. Bu orada yana bir kitobcha- Sergey Yeseninning Erkin aka tarjimasidagi she’riy to’plami qo’limga tushdi. Bu kitob men uchun o’sha payt baxt bilan uchrashuvning o’zi edi. Albatta, bu rus shoiri haqida nimalardir eshitgan edim. Uning nihoyatda ulug’ shoirligini bilar edim. Ammo Erkin akaning tarjimalari tufayli Yesenin she’riyati- nihoyatda yurakka yaqin- mangulikka daxldor- dilbar qo’shiqlarga aylangan edikim, ushbu tarjimalarsiz o’zbek she’rxoniga Yesenin bu qadar qadrdon bo’lmas edi. Menga bu kitobcha ham yod bo’lib ketdi. Biz she’riyatni yaxshi ko’radigan yigitlar bir –birimizga bu she’rlarni hayqirib o’qiganmiz. Keyinchalik o’rischa she’rlarini orginalda o’qiy boshlaganimda, Yeseninning she’rlari naqadar munosib tarzda o’zbekcha jaranglaganiga qoyil qolganman
Bolalikdan ma’lum har odam,
Bola boshdan degan gap to’g’ri.
Mabodo men shoir bo’masam,
Bo’lar edim bezori, o’g’ri.
Qanday go’zal tarjima! O’zbekchaga ag’darilganda, og’irlashib qolishi mumkin bo’lgan birinchi ikki satr naqadar osonlik bilan tarjima qilingan! Bu osonlik esa daholikdan taralgan shulaning erkin parvozidir. Bir suhbatda Erkin aka Yeseninning she’rlarini tarjima etayotganida, deyarli o’rischa matnga qaramaganini gapirdilar. Xuddi shunday! Ruh etagidagi ilhom shunday ish tutadi. “Faust”ning tarjimasida ham xuddi shunday yuksak maqomlarda kechgan o’rinlar juda mo’l. Erkin Vohidovning bu tarjimalari o’zbek adabiyotidagi she’riy ijodning eng yuqori cho’qqilaridan biridir.”14 Serqirra ijodkor, mohir tarjimon, el ardoqlagan shoirimiz, xalqimizning sevimli farzandi Erkin Vohidov ijodi, mahorati haqida ko’plab adabiyotshunos olimlar o’z bahosi bildirib, ijodkorning qimmatli adabiy mulohazalarini bildirishmoqda. Shoir ijodidagi tarjimonlik faoliyati haqida biz quyida filologiya fanlari doktori, professor Muhammadjon Imomnazarovning fikrlarini keltirib o’tmoqchimiz. Berilgan bu fikrlar “Erkin Vohidov mening taqdirimda “ nomli mavzu ostida keltirilgan maqoladan parcha hisoblanadi. “Shoirning tarjimalari haqida ikki og’iz so’z. Umuman olganda, tarjimachilik haqida avom orasida butkul noto’g’ri tasavvur yuradi. Badiiy asarda ikki qatlam bor. So’z qatlami va voqea qatlami. Voqea qatlamini bir ilojini qilib, o’zga til vositalari bilan taxminiy tiklasa bo’ladi. Ammo badiiy asarning so’z qatlamini o’zga tilda birga-bir tiklashning mutlaqo imkoni yo’q. Shunday ekan, yaxshi shoir yaxshi shoirning she’rini o’qib, undagi ma’nolar qatlamini o’zi anglab yetgan darajada o’z tilida qayta tiklashga harakat qiladi, o’rtamiyona shoirning she’rini o’rtamiyona shoir o’rtamiyona darajada bizga o’girib beradi, ammo she’riyat daholarining ijodi uncha-muncha tarjimonga bo’y bermaydi, yuksak iste’dod sohiblarigina bunday ulug’ satrlarni o’z tilida qayta yarata olishi mumkin, ammo endi bu asarni qayta yaratish yangi asar yozishdan ham mashaqqatliroq kechishi aniq. Shu sababli biz Qutbni ham, Sayfi Saroyini ham Lutfiy va Atoiylardan kam sanamaymiz. Shuning uchun ham Erkin Vohidov qayta yaratgan “Faust”, “Fors taronalari”, “Bezorining ko’ngil izhori” va boshqalar badiiy qimmati va estetik ahamiyatiga ko’ra shoirning mustaqil ijod samaralari bilan teng darajada ko’rishga arzigulikdir. Bu haqiqatni men birinchi bo’lib aytayotganim yo’q. Taniqli huquqshunos olim va zukko tadqiqotchi Akmal Saidovning “Faust” tarjimasi haqida so’nggi yillarda e’lon qilgan tadqiqoti buning yana bir isboti bo’la oladi.” Mohir tarjimon rus adabiyotining , rus she’riyating yorqin shoirlari she’rlarini ozbek tilida so’zlata olgan ijodkordir. Rus adabiyotining yorqin vakili bo’lmish birgina Sergey Yeseninning she’riyati ona tilimizda qanday jo’shqin va ehtirosli, serjilo va ta’sirli jaranglashining o’ziyoq tarjimon mahoratining qay darajada yuqori ekanligini korsatib beradi. Sergey Yeseninning “Fors taronalari” nomli turkum she’rlarining Erkin Vohidov tarjimasi barcha o’zbek kitobxoni uchun birdek sevimlidir.
“Fors taronalari” turkimidan tarjima:
Dog’lar ketmish majruh ko’ngildan,
Mast vasvasa qo’zg’amas tug’yon.
Men dardimga Tehron gulidan,
Choyxonadan topoldim darmon.
Choyxonachi- barvasta, o’ktam,
Qoyil qolsin, rus, deb choyimga,
O’tkir aroq, may o’rniga ham
Achchiq-achchiq choy tutar menga.
Quy, mezbonim, ammo had bilan,
Bog’ing aro turfa gullar bor.
Oqshom menga niqob ostidan
Ohu ko’zin suzdi gulruxsor.
Rossiyada gulday qizlarni
Tutqunlikda saqlamas erlar.
Sarmast etr bo’sa bizlarni
Bexanjar-u, bemakr-u bezar
Bu tong yuzli dildor qoshimda
Bir bor hirom etsa noz bilan,
Shohi ro’mol solay boshiga,
Yo’llariga sheroziy gilam.
Mezbon, choy quy menga lolagun,
Shoir senga so’ylamas yolg’on.
Ehtiyot bo’l o’zingga bu kun,
So’ngra mendan qilmagin gumon.
Eshikka ko’p qarayberma san,
Gulbog’inga baribir yo’l bor.
Oqshom menga niqob ostidan
Ohu ko’zin suzdi gulruxsor.”15
Yuqorida keltirilga Sergey Yesenin ijodidan mahorat bilan tarjima qilingan she’r namunasida, undagi so’zlarning jozibasida va sharqona ruhida qanchalik tabiiylik, samimiylik barq urib turganini ko’rishimiz mumkin.Bularning barchasi tarjimonning yuksak iste’dodidan va mahoratidan xabar berib turibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |