7.MAVZU. SHOK HOLATI. UZOQ MUDDATLI BOSIB QOLISH SINDROMI.
Reja:
1) Shokning kelib chiqishga ko’ra turlari.
2) Shok holatida shoshilinch yordam ko’rsatish
3) Ezilish sindromi klinik belgilari
4) Ezilish sindromida birinchi yordam ko`rsatish usullari.
SHOK
Shok deganda hayotiy tizimlar funksiyasining to‘satdan shiddatli tarzda pasayib ketishi tushunilib, uning kelib chiqishiga mikrotsirkulyatsiya bilan to‘qimalarning kislorodga to‘yinishining nomutanosibligi sabab bo‘ladi. Shokning turlari:
1. Travmatik shok.
a) mexanik ta’sir natijasida (jarohat, shikastlar, jarrohlik muolajasida, to‘qimalarning ezilishi);
b) kuyish shoki (termik, kimyoviy kuyishlar);
d) elektr ta’siridan bo‘ladigan shok;
e) sovuqdan bo‘ladigan shok;
2. Gemorragik yoki gipovolemik shok (qon ketishi, suvsizlanishdan);
3. Kardiogen shok (miokard infarkti, aritmiya, o‘tkir yurak yetishmovchiligi).
4. Toksik- infeksion shok (grammusbat, grammanfiy infeksiya ).
5. Anafilaktik shok.
TRAVMATIK SHOK VA SHOKKA QARSHI KO‘RILADIGAN CHORALAR
Baxtsiz hodisalardan keyin, kuchli va og‘ir shikastlanish, ko‘p joyning og‘ir kuyishi yoki uzoq davom etadigan og‘ir operatsiyalardan so‘ng yuzaga keladigan eng og‘ir asoratlardan biri shok hisoblanadi. Bu og‘ir holat nerv tizimi va hayotiy zarur jarayonlarning susayishi bilan hamda qon bosimining zo‘r berib pasayishi bilan ifodalanadi. Shok holatini keltirib chiqaradigan sabablar turli-tuman. Baxtsiz hodisa natijasida jarohatlanishdan keyingi bu holat travmatik shok deb ataladi. Travmatik shok jarohatlanishlarda, ya’ni yumshoq to‘qimalarning katta sohalari butunligining buzilishi, ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘i yoki katta nerv dastaklarining shikastlanishi, suyaklarning maydalanib ketishi, qo‘l yoki oyoq qismlarining uzilishi va hokazolarda, kuyishda ko‘p uchraydi.
Jismoniy toliqish, uzoq vaqt uxlamaslik, och qolish va ozib ketish, sovqotish, qon yo‘qotish, nurlanish kasalligi, hayajonlanish shokka sabab bo‘ladi. Shok aksari ko‘p qon yo‘qotishdan kelib chiqadi. Xirurgik operatsiyadan keyingi shokning paydo bo‘lish sabablari quyidagicha: operatsiya uzoqqa cho‘zilishi, to‘la og‘riqsizlantirmaslik yoki narkozning yetarli bo‘lmasligi, ko‘p miqdorda qon yo‘qotish, operatsiyaning og‘ir o‘tishi, ayniqsa, sezuvchan joylarda yaralarni operatsiya qilish va hokazo. Ko‘pincha shok holati shikastlangandan keyin oz vaqt o‘tgach yuzaga kela boshlaydi. Bu birlamchi yoki dastlabki shok deb ataladi. Ba’zan jarohatlangandan yoki operatsiyadan keyin birmuncha vaqt o‘tgach shok yuz beradi. Bu ikkilamchi shok deb ataladi. Ikkilamchi shok shikastlangan sohaning qattiq og‘rishi natijasida ayniqsa, bemorni transportda tashiganda shikastlangan oyoq-qo‘l yaxshilab qattiq qilib bog‘lamaslik (singan suyak parchalarining bir-biridan qochishi, transportdagi silkinishlar), shuningdek, to‘qimaning yemirilishi tufayli kelib chiqishi mumkin.
Shokning kechishida ketma-ket ikkita: erektil (qo‘zg‘alish holat) va torpid (tormozlangan holat) davr qayd qilinadi. Shokning erektil davrida bemorda qo‘zg‘alish va qo‘rqish, bezovta bo‘lib oyoq-qo‘llarini tipirchilatishi kuzatiladi, yuzi qizaradi, tomiri tez uradi. Torpid davrda esa kasal ko‘pincha loqayd bo‘lib, qon bosimi past, qon tomir urishi tezlashadi (120 marta va undan ortiq), ba’zan puls butunlay yo‘qoladi. Biroq amalda bu davrlarni aniqlash qiyin.
Shok quyidagi belgilar bilan ifodalanadi: nafas olish tezlashishi, harorat pasayishi, siydik miqdori kamayishi, teri oqarib ketishi, sovuq ter bosishi, yuzlarning so‘rrayib qolishi va boshqalar, ko‘z qorachig‘i kengayib ketadi, biroq yorug‘likka reaksiya beradi: ko‘pincha ko‘ngil ayniydi, hiqichoq tutadi bemor qusadi.
Oxirgi vaqtda olimlar shok holatini uch darajaga bo‘ldilar: birinchi daraja shokda bemorning umumiy ahvoli yaxshi bo‘lib, puls minutiga 90-100 marta urib turadi, maksimal qon bosimi 100 millimetr simob ustunidan ortiq bo‘ladi. Ikkinchi darajada bemor qizarib, sovuq yeyishi mumkin, puls minutiga 120-140 marta uradi, maksimal qon bosimi 70-80 mm simob ustuni o‘rtasida bo‘ladi. Uchinchi darajada bemorning ahvoli ancha og‘irlashadi, puls minutiga 120-160 marta uradi, maksimal qon bosimi 70 mm simob ustunidan kam bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |