Mas’ul muharrir: A.Xolmurodov,
filologiya fanlari doktori
Taqrizchilar: B.TO`XLIYEV,
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat
pedagogika universiteti “O`zbek tili va
adabiyoti o`qitish metodikasi” kafedrasi
professori
K.MULLAXO`JAYEVA,
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat
pedagogika universiteti “O`zbek
adabiyoti” kafedrasi mudiri, filologiya
fanlari nomzodi, dotsent
KIRISH
Ushbi kitobimni volidayi
muhtaramamiz Nazofat Chori
qizining xotiralariga bag`ishlayman.
Muallif
Muqaddima
Hazrat Alisher Navoiy ijodi cheksiz ummon. Taniqli adabiyotshunos Abduqodir Hayitmetov Navoiy she’riyatini o`rganish bo`yicha muhim mulohazalarni bayon etib, shunday yozadi: “Navoiyning lirik merosini bundan buyon ma’lum bir tematik qismlarga bo`lib o`rganish ular bo`yicha muayyan xulosalarga kelishni osonlashtiradi”. Bizningcha, Navoiy “Xamsa”sini o`rganish va o`rgatishda ham bu qimmatli fikrlarga suyanish lozim, chunki undagi mazmun-mohiyat, voqea-hodisalar tizimi, obrazlar silsilasi, so`z, jumla talqini, umuman, g`oyaviy-badiiy nafosatini tushunib yetish yetarli darajada tayyorgarlikni talab etadi. Maktab o`quvchilari, oliy o`quv yurti talabalarining bu masalada anchagina qiyinchiliklarga duch kelishi tayin. Shu sabab ham “Xamsa”dek ulkan asarni to`laroq anglash, baytlar mohiyatini mukammal his qilish uchun keng qamrovli bilim sohibi bo`lish talab qilinadi. Arab, fors, eski o`zbek tili so`zlarining ma’nosini bilish, dunyo mamlakatlari, ularning o`rni, jug`rofiy joylashuvi, qator payg`ambarlar obrazlari, islomiy g`oyalar, diniy talqinlar uchrashi – Qur’oni karim sabog`ining muhimligi, turli sulolalar, podsholar, tarixiy kishilar nomlarining mavjudligi – tarix fanidan yetarlicha ogohlik, mifologiya, tasavvuf, falsafa, she’rshunoslik va hokazolarga doir ilmlardan ma’lum darajada xabardorlikni taqozo etadi.
Bu jihatlarning hammasini o`quvchilardan talab qilish mushkul. Eng oson va tez amalga oshiriladigani yuqorida zikr etilgan har bir masala tadqiqiga bag`ishlangan alohida-alohida yoki ikki-uch tomonini qamrab olgan qo`llanma, sharh tarzidagi kichik tadqiqotlar tayyorlash lozim bo`ladi. Bizningcha, Navoiy “Xamsa”sini to`liqroq anglashda quyidagilarga e’tiborni qaratish zarur:
“Xamsa”da turli afsonalarga ishora qilinuvchi baytlarni aniqlab, ularning sharhini berish;
asarda qayd etilgan joy nomlarini, mamlakatlarning joylashgan o`rni, ayni kundagi nomi, hududi, ularni qo`llashda shoirning g`oyaviy-badiiy niyatini ko`rsatish;
“Xamsa” dostonlarida uchraydigan obrazlarni quyidagicha tasniflab, mohiyati, o`ziga xosligini oydinlashtirish:
a) tarixiy shaxslar obrazlari;
b) payg`ambarlar obrazlari;
v) mifologik obrazlar;
g) an’anaviy obrazlar (sevgi-muhabbat, saxiylik, adolat va hokazolar bilan bog`liq timsollar).
- “Xamsa” dostonlaridagi voqealar, holatlar: obrazlar, falsafiy tushunchalar, ayrim istilohlarning majoziy yoki haqiqiy, dunyoviy yoki tasavvufiy ma’nolarini aniq, asosli va ishonarli tarzda sharhlash;
- “Xamsa”da hayotiy manzaralar ifodasi (inson, uning urf-odatlari, hayot va tabiatdagi o`zgarishlar, voqea-hodisalar);
- dostonlarda uchraydigan turli badiiy usul va vositalar (ramzlar, tush manzaralari, hushdan ketish holatlari);
- “Xamsa” da xalq maqollari, hikmatli so`zlar tasnifi va boshqalar.
Ushbu qo`llanmada mazkur masalalarning bir qismi yoritishga harakat qilinadi. Kitob uch bobga ajratildi. Har bir bob masala va xarakteri jihatidan ma’lum tomonlarni yoritishga qaratildi.
Birinchi bobda obrazlar xususida mulohaza yuritildi. “Xamsa”da uchraydigan payg`ambarlar, diniy-tasavvufiy, mifologik va boshqa obrazlar haqida qaydlar keltirildi. Odam ato, Nuh, Iso, Muso, Sulaymon, Yusuf kabi payg`ambarlar, Xizr, Surush kabi mifologik, Bahrom bilan bog`liq fikrlar bildirildi. Ularning “Xamsa” voqealari talqinidagi o`rni ko`rsatishga harakat qilindi.
Ikkinchi bob “Xamsa” badiiyati masalasiga bag`ishlandi. Unda dostonlarda ko`zga tashlanadigan she’riy san’atlar, badiiy vositalar, tush voqealari, turli afsona va rivoyatlarga ishora qiluvchi baytlar, ramzlar, xalq maqollarining ishlatilishi imkon qadar yoritildi.
Qo`llanmaning keyingi bobida “Xamsa” dostonlarining mazmun-mohiyati, mavzular, odob-axloq, ba’zi tushunchalar talqinini berish nazarda tutildi.
Bu ishlar “Xamsa” dostonlarini o`rganishdagi kichik bir qadam. Yuqorida zikr etilgan masalalarni tadqiq etishni davom ettirish galdagi muhim vazifalardandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |