Rabg’uziy har bir qissa boshlanishida payg’ambarlarning sifatlarini bayon etuvchi madhiyalar keltiradi. Bu madhiyalar, ba’zi qissalarning xulosa va xotimalari she’r bilan yozilgan. She’rlar ko’proq o’zbek tilida, ba’zilari esa arab tilidadir. Asarda keltirilgan she’riy parcha va g’azallar badiiy saviyasi bilan Rabg’uziyning talantli shoir ekanidan ham dalolat beradi. Ikkinchi tomondan bu hol XIV asr o’zbek adabiyotida g’azal janrining paydo bo’lganini ko’rsatadi. Har bir qissadagi o’ziga xoslik, ularning kompozision qurilishida ham ko’rinadi. Ulardagi bayonda xalq og’zaki ijodining bevosita ta’siri yaqqol ko’zga tashlanadi. Shu jihatdan Sulaymon, Luqmon hakim, Nuh, Yusuf to’g’risidagi qissalar xarakterlidir. Masalan, Sulaymon to’g’risidagi (23) qissaning o’zi «Sulaymon bilan mo’rcha (chumoli), «Sulaymon bilan boyqush», «Sulaymon va Samandun dev», «Sulaymon va hudhud», «Sulaymon va Bilqis», «Sulaymon va burga», «Sulaymondan hayvonlar tilini o’rgangan kishi», «Ho’kiz bilan eshak» kabi nomlash mumkin bo’lgan hikoyatlarga bo’linadi. Bularning hammasi alohida-alohida kichik hajmdagi hikoyatlar bo’lib, ularning har biri syujet liniyasiga ega. Ularning hammasi qo’shilib Sulaymon to’g’risidagi qissani to’ldiradi, voqealarning rang-barangligini ta’minlaydi. Sulaymonning podshohlik shon-shavkati, dabdabasining tasviri esa xuddi sarguzasht xarakteridagi ertaklarni eslatadi. Bu qissadagi syujet liniyasi Sulaymonning payg’ambar, podshoh sifatidagi obro’-e’tiborini yoritishga muvofiqlashgan bo’lib, qissa echimida esa uning oqil va odil shaxs sifatidagi fazilati namoyon bo’ladi. Bu bilan Rabg’uziy Sulaymonning payg’ambar va podshoh sifatidagi mavqeining balandligi-yu, muhimi, uning inson sifatidagi yaxshi fazilatlarini namuna sifatida tasvirlaydi, shunday kishilarning hayoti, faoliyati, portreti, hatti-harakati o’sha davr hukmronlariga o’rnak bo’lishi ko’zda tutiladi. Sulaymon Dovudning o’g’liga podshohlik otasidan meros qoladi. Xudo farmoni bilan hayvonotu parrandalar, insu jinslar, dev, parilar, shamol, bulut-hammasi Sulaymonga tobelik ko’rsatadilar. Oltindan to’qilgan beqiyos katta gilamda oltin taxt atrofida kumush kursilarda o’tirgan vaziu, fuzalolari jin-parilari, lashkarlari bilan Sulaymon istagan tomonga shamol yordamida uchib yuradi, qushlar uning boshiga soyabon bo’ladi. Bu hikoyatlardagi voqealar bayonida Sulaymon payg’ambar to’g’risida emas, birinchi navbatda, Sulaymon podshoh to’g’risida gap borayotgandek seziladi. Sulaymonning payg’ambar sifatidagi karomati ko’rinmaydi, u faqat xudoga iltijo qilish orqali turli shon-shavkatga erishib, dev-parilarni tobe qiladi. Vaholanki, payg’ambarlarga xos dinga da’vat etish bu qissalarda ko’zga tashlanmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |