2-§. Milliy davlat tizimining barpo qilinishi, boshqaruvda yangi usullarning
qaror topishi
Insoniyat tarixidan ma‟lumki, har qanday jamiyatda davlat va boshqaruv, o„sha
davlat konstitutsiyasida ko„zda tutilganidek, uning tub maqsadlariga mos bo„lishi
kerak. Buni O„zbekiston mustaqillikka erishgandan keyingi ijtimoiy hayot ham
taqozo qila boshladi.
1991-yil sentabr oyidayoq Prezident I.A.Karimov:
«Biz O„zbekiston davlati
milliy siyosatining aslida barcha yo„nalishlarini va strategiyasini qamrab oluvchi
keng ko„lamdagi va istiqbolga mo„ljallangan dasturini ishlab chiqdik va amalga
oshira boshladik. Bu siyosatning ustuvor yo„nalishlaridan biri boshqarishning
demokratik shakliga, umuminsoniy qadriyatlariga asoslanuvchi real mustaqil
milliy davlatchilikni qaror toptirish»,
– deb ta‟kidlagan edi.
O„zbekiston Konstitutsiyasining 89-moddasida qayd qilinganidek, «O„zbekiston
Respublikasi Prezidenti O„zbekiston Respublikasida davlat va ijro etuvchi hokimiyat
boshlig„idir».
Konstitutsiyada ko„zda tutilganidek, O„zbekiston Respublikasi ijroiya hokimiyati
oliy idoralari tizimiga respublika Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi kiradi.
O„zbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat suvereniteti, xavfsizligi va hududiy
yaxlitligini muhofaza etish, milliy davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga
oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko„radi.
Ma‟lumki, O„zbekiston Prezidenti lavozimining ta‟sis etilishi 1985-yil aprelida
sobiq Ittifoqda boshlangan qayta qurish jarayonlari bilan, ayniqsa, 1988-89-
yillardayoq avj olib ketgan iqtisodiy va siyosiy islohotlar bilan bog„liq.
Shu yillarda «yuqori»ning ko„rsatmalariga o„rganib qolgan markaziy va mahalliy
boshqaruv idoralari qayta qurish jarayonida avvalgi ma‟muriy-buyruqbozlik ish uslubi
uchun qattiq tanqidga uchradi, ular yangi sharoitga mos ish uslubini topishga
qiynaldilar. Natijada davlat hokimiyati birmuncha kuchsizlandi. Belgilangan iqtisodiy
va ijtimoiy rejalar bajarilmay qolaverdi. Ishlab chiqarishga davlat rahbarligi
bo„shashib, xalqning moddiy va madaniy turmush darajasi tobora pasaya bordi.
Qonunlar va hukumat hujjatlarining ijrosi ustidan nazorat kamaydi. Xullas,
mamlakatda boshboshdoqlik xavfi orta borib, davlat hokimiyatini markazda ham,
joylarda ham kuchaytirishga jiddiy ehtiyoj tug„ildi. 1990-yillar boshlarida iqtisodiy
qiyinchiliklar bilan bir qatorda ijtimoiy va milliy muammolar ham kuchaydi,
boshqacha qilib aytganda «markazdan qochirma kuchlar» faollashdi, natijada qonun
chiqaruvchi va ijro hokimiyatini birlashtiruvchi, ularning jamiyat uchun nafini
oshiruvchi yangi institutga ehtiyoj tobora sezila bordi.
Bu ehtiyoj 1990-yil mart oyida SSSR xalq deputatlarining navbatdan tashqari
uchinchi Syezdida atroflicha muhokama qilindi va SSSR Konstitutsiyasiga SSR
96
Ittifoqi Prezidenti lavozimini ta‟sis etish hamda uning vakolatlarini belgilash haqida
muayyan o„zgartirish va qo„shimchalar kiritildi. O„shanda ba‟zilarda ushbu
lavozimning joriy etilishi yakka shaxsning diktaturasini keltirib chiqarishi mumkin,
degan xavf va cho„chishlar ham mavjud edi. Hatto, unga ko„r-ko„rona qarshi
chiqqanlar ham bo„ldi. Masalan, o„sha syezdda xalq deputati Y.N.Afanasyev «Regi-
onlararo deputatlar gruppasining a‟zolari prezidentlik lavozimining joriy etilishiga
salbiy munosabat bildirdilar va syezdda Prezident saylanishiga qat‟iy qarshi
chiqmoqdalar», – dedi.
Ittifoq Konstitutsiyasiga SSSR Prezidentining huquqiy maqomini belgilash
yuzasidan kiritilgan qoidalarda bu lavozimning demokratik tabiatini belgilash
yuzasidan qator kafolatlar ham mustahkamlab qo„yildi. Jumladan: Prezidentning xalq
tomonidan saylab qo„yilishi, uning ko„pi bilan ikki muddatga saylanishi, qonun
chiqaruvchi idora nazorati ostida bo„lishi va vaqti-vaqti bilan ichki hamda tashqi
ahvol haqida unga axborot berib turishi, Prezident vakolatlarining Konstitutsiya va
qonunlar bilan aniq belgilanishi, uning qoshida maxsus kengashning mavjud bo„lishi
va boshqalar ko„zda tutildi. Bu kafolatlar Prezident yakka hokimligining kelib
chiqishiga yo„l qo„ymaslik uchun muhim vositalar bo„ladi, deb hisoblandi. Albatta,
sobiq mamlakatda prezidentlik lavozimining kelib chiqishi haqida bayon etilgan
yuqoridagi fikrlar O„zbekistonda shu institutning vujudga kelishiga ham bevosita va
to„liq taalluqli.
Ma‟lumki, 1990-yil 24-martida O„zbekiston SSR Prezidenti lavozimini ta‟sis etish
hamda O„zbekiston SSR Konstitutsiyasi (asosiy qonuni)ga o„zgartirish va
qo„shimchalar kiritish to„g„risida Qonun qabul qilindi. Unga ko„ra respublikada
Prezident lavozimi ta‟sis qilindi. Bunda demokratiya jarayonlarini yanada
rivojlantirish, siyosiy o„zgarishlarni chuqurlashtirish, konstitutsiyaviy tuzumni,
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va xavfsizligini mustahkamlash, respublika
davlat hokimiyati va boshqaruvi oliy idoralarining o„zaro aloqasini takomillashtirish
ko„zda tutildi. Shu munosabat bilan respublika Konstitutsiyasi respublika Prezidenti
haqidagi yangi – 12-bob bilan to„ldirildi.
Ushbu bobda Prezidentlik boshqaruvi ta‟sis etilishiga bog„liq quyidagi qoidalar
belgilandi.
Dastlabki konstitutsion qoidada Prezident faoliyatining demokratik taomillari
ko„rsatib berildi. Uning huzurida Prezidentlik Kengashi ishlaydi. Kengashning
vazifasi davlat ichki va tashqi siyosatining asosiy yo„nalishlarini amalga oshirish,
fuqarolar xavfsizligini ta‟minlash choralarini ishlab chiqishdan iborat edi. Kengash
tarkibiga Vazirlar Kengashi Raisi ham kiradi, uning ishida O„zbekiston va
Qoraqalpog„iston Oliy Kengashlarining Raislari ham qatnashish huquqiga ega bo„ldi.
Prezident Respublika Konstitutsiyasi va qonunlari asosida hamda ularni ijro etish
yuzasidan farmonlar chiqaradi. O„zbekistonda yangi jamiyat qurish borasida tajribalar
orttirilishi bilan Prezidentlik boshqaruvi tobora takomillasha boradi. Jumladan, 1990–
1992-yillarda Prezidentlik Hokimiyati bilan Vazirlar Kengashining ijroiya boshqaruv
hokimiyati qo„shib yuborilib Vazirlar Kengashi Prezident huzuridagi Vazirlar
97
Mahkamasiga aylantirildi. 1990-yil 15-noyabrida Prezident I.Karimov «O„zbekiston
SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining tarkibini tasdiqlash to„g„risida»
Farmon chiqardi.
Prezidentning ushbu farmoni asosida dehqonchilik sanoati, xalq iste‟moli mollari,
qurilish-naqliyot, mashinasozlik, yoqilg„i-energetika, umumiqtisodiyot, moddiy-
texnika, madaniyat ishlari komplekslariga ajratilib, uning rahbarlari belgilandi va ular
Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiritildi. Prezident ayni bir paytda Vazirlar Mahkamasi
Raisi bo„lib qoldi. Shunday qilib, Prezident ikkinchi bosqichda respublikada oliy
ijroiya va boshqaruv hokimiyatini amalga oshiruvchi oliy martabali shaxsga aylandi
va ayni bir paytda davlat boshlig„i ham hisoblandi. Endilikda u faqat farmonlar emas,
balki qarorlar va farmoyishlar ham qabul etadigan bo„ldi.
Vitse-Prezident lavozimi ham ta‟sis etilib, u Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik
qiluvchi, uning ishini uyushtiruvchi shaxsga aylangan edi. Biroq, ikkinchi bosqichda
joriy etilgan Vitse-Prezident lavozimi o„zini oqlamadi. Shu boisdan 1992-yil 4-
yanvardagi Qonun bilan u tugatilib, O„zbekiston Respublikasining Bosh Vaziri
lavozimi ta‟sis etildi. U Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qiladi va uning ishini tashkil
etadi, deb belgilandi. Prezident ayni paytda Vazirlar Mahkamasiga Rais hisoblanadi.
Shu munosabat bilan O„zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 120-moddasi
birinchi qismiga quyidagi qoida kiritildi. «O„zbekiston Respublikasining hukumati
Bosh Vazirdan, Bosh Vazirning birinchi o„rinbosari va o„rinbosarlaridan, mamlakat
vazirlaridan,
davlat qo„mitalarining raislaridan, yirik konsernlarning va
birlashmalarning rahbarlaridan iborat bo„ladi».
O„zbekistonda prezidentlik institutining yuzaga kelishi va takomillashuvida 1991-
yil 18-noyabrida qabul qilingan «O„zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi
to„g„risida»gi Qonun katta ahamiyatga ega bo„ldi. Unda fuqarolarning shu sohadagi
saylov huquqi, saylovni o„tkazish, prezidentlikka nomzodlar ko„rsatish va ularni
ro„yxatga olish, ovoz berish va saylov yakunlarini chiqarish tartibi o„z ifodasini topdi.
O„zbekistonda prezidentlik boshqaruvining yanada takomillashuvida «O„zbekiston
Respublikasining Konstitutsiyasi» muhim ahamiyatga ega bo„ldi. Chunki yangi
Asosiy Qonunga muvofiq, Prezidentning huquqiy maqomi yanada takomillashdi va
ma‟lum darajada kengaydi. Chunonchi, Prezident lavozimiga 35 yoshdan kichik
bo„lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil
O„zbekistonda muqim yashagan respublika fuqarosi saylanishi mumkin, deb
belgilandi.
Prezident o„z vazifasini bajarib turgan davrda siyosiy partiyaga a‟zoligini to„xtatib
turadi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug„ullanishi mumkin emas, deb ko„rsatildi. Bu
yerda shuni ta‟kidlash kerakki, Prezident vakolatlarining kengaytirilishi
O„zbekistonning davlat mustaqilligiga erishuvi tufayli sodir bo„ldi. Yangi
Konstitutsiyada belgilab qo„yildiki, Prezident mustaqil davlat rahbari sifatida
muzokaralar olib boradi va respublika shartnomalarini imzolaydi, ularning
bajarilishini ta‟minlaydi, o„z huzuridagi akkreditatsiyadan o„tgan diplomatik va
boshqa
98
xalqaro tashkilotlar vakillarining ishonch va chaqiruv yorliqlarini qabul qiladi,
viloyat, tuman, shahar va xo„jalik sudlarining sudyalarini tayinlaydi, lavozimidan
ozod etadi, o„z vakolatiga berilgan boshqa ichki va tashqi siyosatga doir masalalarni
hal qiladi.
Shunday qilib, O„zbekiston mustaqillikka erishgandan so„ng mamlakat ijtimoiy-
siyosiy va iqtisodiy rivojlanishining asosiy yo„nalishlarini belgilab beruvchi,
fuqarolarni himoya qiluvchi oliy darajadagi ijroiya hokimiyati vujudga keltirildi,
milliy davlatchilikda jahon tan olgan o„ziga xos tajriba to„plandi.
Ma‟lumki, I.A.Karimov milliy davlatchilikni shakllantirishga doir barcha nutq va
asarlarida kuchli ijroiya hokimiyatining jamiyatda yuz berayotgan yangilanishlar,
yangicha tafakkur, tashabbus va islohotchilik faoliyatini o„tmish illatlaridan,
boqimandalik, tekinxo„rlik kasalligidan asrash, qonunning to„la quvvat bilan
ishlashini ta‟minlash zarurati deb, hisoblaydi. Shuning uchun ham u «Ozodlik»
radiostansiyasi muxbiri bilan suhbatda:
Do'stlaringiz bilan baham: |