Baholovchilar — mulkni baholashni o‘tkazish va tegishli hisobot hujjatlarini tayyorlash bilan bog‘liq iqtisodiyot sohasida ishlovchi mutaxassislar. Professionallar sifatida baholovchilar ma’lumoti, maxsus tayyorgarligi, layoqatliligi va namoyon qilingan kasbiy ko‘nikmalari yuzasidan qat’iy talablarga javob berishlari kerak. Ular shuningdek yuksak ma’naviy prinsiplarga (axloq me’yorlariga) va kasb andozalariga (standartlariga) qat’iyat bilan amal qilishlari lozim.
MBMS baholovchilar tomonidan majburiy qo‘llaniladi, shuningdek baholash faoliyatida ishtirok etayotgan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida jismoniy yoki yuridik shaxslarning, davlatning va hududiy birlashmalarning mulk huquqi obyektlariga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.
Mulkni baholash turli omillarning mulk qiymati miqdoriga ta’sirini aniqlash imkonini beradigan iqtisodiy prinsiplar yig‘indisi asosida amalga oshiriladi. Mulkni baholashda quyidagi iqtisodiy prinsiplardan foydalaniladi: eng maqbul va eng samarali foydalanish prinsipi, foydalilik prinsipi, almashtirish prinsipi, talab va taklifning muvofiqligi prinsipi, raqobat prinsipi, o‘zgartirish prinsipi, hissa qo‘shish prinsipi, muvozanatlashganlik prinsipi, oshib boruvchi va pasayuvchi unum prinsipi, ortiqcha mahsuldorlik prinsipi, oldindan bilish prinsipi, muvofiqlik prinsipi, bog‘liqlik prinsipi, mulk obyektlari va ularga mulk huquqini ajratish (mulk huquqlarini optimal taqsimlash) prinsipi.
Boshqa teng sharoitlarda mulk obyekti qiymatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatadigan omillarga qarab, mulkni baholashda qo‘llaniladigan iqtisodiy prinsiplar yig‘indisi quyidagi tarzda tasniflanishi mumkin: bozor muhitiga bog‘liq baholash prinsiplari; mulkdorning mulk haqidagi tasavvuri bilan bog‘liq baholash prinsiplari; mulkdan foydalanish tabiati bilan bog‘liq baholash prinsiplari.
Bozor muhitiga bog‘liq prinsiplar
Talab va taklif prinsipi
Mulkning bozor qiymati bozorda talab va taklifning o‘zaro ta’sirlashuvi hamda sotuvchilar va xaridorlar raqobat tabiati natijasida shakllanadi.
Talab odatda xaridorlar ma’lum vaqt oralig‘ida shu paytda qaror topgan bozor qiymati bo‘yicha sotib olishga tayyor yoki sotib olishi mumkin bo‘lgan tovarlar yoki xizmatlar miqdori bilan belgilanadi. Tovar yoki xizmatga bo‘lgan talabga ta’sir qiladigan hal qiluvchi omillar potensial iste’molchilarning shu tovar yoki xizmatni olishga istagi va imkoniyatlarini aks ettiruvchi afzal ko‘rishlari va xarid qilish qobiliyatidir. Shunday qilib, tovar yoki xizmatga talab shunday tovar yoki xizmatning foydaliligi bilan yaratiladi, ularning tanqisligi va kerakliligi ta’sirida bo‘ladi hamda potensial xaridorlarning xarid qobiliyati bilan cheklanadi.
Taklif ayni paytda bozorda aniq narxda sotuvga taklif etilgan obyektlar miqdori bilan belgilanadi. Tovar yoki xizmat taklifiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar bunday tovar yoki xizmatning foydaliligi va ularning aylanmadagi miqdorining cheklanganligidir. Shu bilan birga, tovar yoki xizmatning mavjudligi potensial iste’molchilarning haqiqiy xarid qobiliyati bilan cheklangan.
Talab va taklif nisbati teng vaznli bozordagi narxlar darajasini belgilaydi. Talab va taklif nisbatining ehtimol qilinadigan uchta holatini ajratish mumkin: talab va taklif teng, bozor bitimlari natijasida mulk obyektlarining teng vaznli adolatli bozor narxi shakllanadi; talab taklifdan ortiq, bu bozorda narxlarning oshib ketishi bilan ifodalanadi; taklif talabdan yuqori, bu bozorda narxlarning tushib ketishi bilan ifodalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |