Bog'liq Маруза матн НАЗАРИЯ ВА АМАЛИЁТДА КБ 2021 талаба учун
6.4. Jamiyat aksiyadorlarining reestri va aksiyalarni saqlash21 Jamiyat aksiyadorlarining reestri ro‘yxatdan o‘tkazilgan aksiyalar egalarining belgilangan sanadagi holatga ko‘ra shakllantirilgan, ularga tegishli aksiyalarning nomi, soni, nominal qiymati va turi, shuningdek reestrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxslarga axborotni yuborish imkoniyatini beradigan ma’lumotlar ko‘rsatilgan ro‘yxatidir.
Jamiyat aksiyadorlarining reestrini shakllantirish qimmatli qog‘ozlar egalarining depo hisobvaraqlari holatiga ko‘ra markaziy ro‘yxatdan o‘tkazuvchi vazifasini bajaruvchi Qimmatli qog‘ozlarning markaziy depozitariysi tomonidan amalga oshiriladi. Agar jamiyatga nisbatan «oltin aksiya»ni joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, jamiyat aksiyadorlarining reestriga davlat vakili ham kiritiladi. Aksiyadorning aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida ishtirok etishi, dividendlar olishi va jamiyat tomonidan korporativ harakatlar bajarilganda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarni amalga oshirishi jamiyat aksiyadorlarining reestri asosida amalga oshiriladi.
Jamiyat aksiyadorlarining reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan har bir shaxs haqidagi, uning nomiga yozilgan aksiyalarning soni va turlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Markaziy depozitariy jamiyatlar aksiyadorlarining reestrlari shakllantirilishini ta’minlashi va shakllantirilgan reestrlarni saqlashi shart, jamiyat esa davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran bir oydan kechiktirmay Markaziy depozitariy bilan jamiyat aksiyadorlarining reestrini shakllantirish uchun shartnoma tuzishi shart.
Aksiyador o‘ziga oid ma’lumotlardagi o‘zgarishlar haqida uning aksiyalarga bo‘lgan huquqlarini hisobga olish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi Markaziy depozitariyni va (yoki) investitsiya vositachisini o‘z vaqtida xabardor qilishi shart. Aksiyador o‘ziga oid ma’lumotlar o‘zgarganligi haqidagi axborotni taqdim etmagan hollarda, aksiyadorning o‘z aksiyalariga bo‘lgan huquqlarini hisobga olish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi buning oqibatida aksiyadorga etkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lmaydi. . Depo hisobvarag‘idan ko‘chirma aksiyadorning aksiyalarga bo‘lgan huquqlarini tasdiqlaydigan, Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi tomonidan beriladigan hujjatdir.
Aksiyadorga uning aksiyalarga bo‘lgan huquqlarini hisobga olish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi aksiya egasining yoki uning qonuniy vakilining talabiga ko‘ra ikki ish kuni ichida depo hisobvarag‘idan ko‘chirma berishi shart. Qimmatli qog‘ozlarning egasi depo hisobvarag‘idan ko‘chirmaga o‘ziga taalluqli bo‘lmagan axborot, shu jumladan boshqa qimmatli qog‘ozlarning egalari hamda ularga tegishli qimmatli qog‘ozlarning soni to‘g‘risidagi axborot kiritilishini talab qilish huquqiga ega emas.
Depo hisobvarag‘idan ko‘chirma bergan Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi unda ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘liqligi va ishonchliligi uchun javobgar bo‘ladi. Depo hisobvarag‘idan ko‘chirma berish tartibi, ko‘chirmaning shakli va mazmuniga oid talablar qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Jamiyat jamiyatning aksiyadorlari reestrini shakllantirish to‘g‘risidagi topshiriqlarga imzo qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar haqida Markaziy depozitariyni yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Jamiyat aksiyadorlarining reestriga davlat vakili uning vakil etib tayinlanganligi to‘g‘risidagi tegishli qaror ilova qilingan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining yozma bildirishi asosida Markaziy depozitariy tomonidan kiritiladi.
Jamiyat aksiyadorlarining reestrini shakllantirishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi, qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Jamiyat aksiyadorlarining reestrini shakllantirish rad etilgan taqdirda, Markaziy depozitariy reestrni shakllantirish rad etilganligi to‘g‘risidagi asoslantirilgan bildirishni jamiyatning topshirig‘i kelib tushgan paytdan e’tiboran besh kundan kechiktirmay yuboradi.