Bog'liq Маруза матн НАЗАРИЯ ВА АМАЛИЁТДА КБ 2021 талаба учун
18.3. Aksiyadorlar qonuniy manfaatlarining kafolatlari, ularning huquqlarini himoya qilish institutlari va usullari Davlat aksiyadorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini kafolatlaydi.
Jamiyatning xo‘jalik faoliyatiga va boshqa faoliyatiga davlat organlarining aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat organlarining qonunga xilof harakatlari ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
Davlat aksiyador sifatida boshqa aksiyadorlar bilan bir qatorda ushbu Qonunda belgilangan teng huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi.
Aksiyadorlarning huquqlari: ushbu Qonunda belgilangan va jamiyat ustavida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarish orqali jamiyatning boshqaruv organlari; qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari va fond birjalari; qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining ixtiyoriy birlashmalari; sug‘urta tashkilotlari; qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi; auditorlik tashkilotlari; huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan himoya qilinadi.
Aksiyadorlar va qimmatli qog‘ozlar bozorining boshqa ishtirokchilari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolar sud tartibida hal etiladi.
Aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish: huquqni tan olish; huquq buzilguniga qadar mavjud bo‘lgan holatni tiklash va huquqni buzuvchi yoki huquqning buzilishi tahdidini yuzaga keltiruvchi xatti-harakatlarning oldini olish; bitimni haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash; huquqini o‘zi himoya qilish; majburiyatni natura holida ijro etishga qaror qilish; zararlarning o‘rnini qoplatish; ma’naviy zararni kompensatsiya qilish; huquqiy munosabatlarni tugatish yoki o‘zgartirish orqali amalga oshiriladi.
Aksiyadorlar o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ixtiyoriy asosda birlashmalarga uyushishga haqlidir.
Jamiyatning aksiyadorlariga tegishli bo‘lgan dividendlar to‘lanmagan taqdirda qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi mazkur jamiyat aksiyadorining yoki minoritar aksiyadorlari qo‘mitasining murojaati asosida sudga jamiyatning zimmasiga ushbu jamiyat aksiyadorlariga dividendlar to‘lash majburiyatini yuklatish to‘g‘risida da’vo taqdim etishga haqli. Bunday da’voni taqdim etish va ko‘rib chiqish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
Aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa usullar bilan ham amalga oshirilishi ham mumkin.