Sirli masjid nomli ekklezionimlar. Ayrim tadqiqotchilar nekronimlar sirasiga mozor, qabriston nomlari bilan bir qatorda masjid, turli ziyoratgoh nomlarini ham kiritadilar,3 biroq bunga qo’shilib bo’lmaydi. Diniy marosimni ado etish uchun to’planadigan joylarning, jumladan, masjid, cherkov, monastir va boshqalarning atoqli nomlari ekklezionimlar (yun. eklektikos – yig’ilish, to’planish joyi + onoma – atoqli ot) hisoblanadi.4 Masalan, Ko’k To’nli ota masjidi, Guzar masjidi, G’urumsaroy masjidi, Mahdum Eshon masjidi, CHodak masjidi, G’o’zapoya masjidi, Sirli masjid kabi.
Sirli masjid nomli ekklezionimlar Farg’ona vodiysi uchun xarakterlidir. Birgina Namangan viloyatida 5 ta: Namangan tumanining Tepaqo’rg’on, Qo’qon qishloqlarida, To’raqo’rg’on shahrida, Chortoq tumanining Ko’shan qishlog’ida, Chust tumanining Olmos qishlog’ida Sirli masjidlar bor.
Mazkur Sirli masjidlarning hammasi viloyatdagi tarixiy nomlar sirasiga kiradi. Namangan tumanining Tepaqo’rg’on qishlog’idagi Sirli masjid 1910 yilda, To’raqo’rg’on shahridagisi 1880 yilda, Chortoq tumanining Ko’shan qishlog’idagisi XVІІІ asr boshlarida qurilgan, 1892 yilda Qanoat eshon degan kishi tashkilotchiligida hashar yo’li bilan ta’mirlangan, Chust tumanining Olmos qishlog’idagi masjid 1882 yilda qurilgan.1
Sirli masjidlarning mashhuri Namangan tumanining Tepaqo’rg’on qishlog’idagisidir. Uning bunyod etilish sanasi manbalarda turlicha qayd etiladi. Yozuvchi Abdulla Jabbor uni 1840 yilda qurilgan deb ko’rsatsa, B. Ro’zinov va boshqalar 1910 yilda qurilganligini qayd etganlar. Bizningcha, B. Ro’zinovlarning fikri masjid ayvonida saqlanib qolgan “Arabiy sana 1328, Mulla Husanboy usta Abdurazzoq”2 yozuviga asoslanganligi bois asosli. Demak, masjid 1910 yilda qurilgan.
Masjid tarhiga ko’ra nomutanosib bo’lib, to’g’ri to’rtburchak tarhli, 2 ustunli xonaqoh va sathi undan ancha katta bo’lgan ikki tomonlama qurilgan ayvondan iborat. Ayvon va xonaqoh devorlariga cho’qqisimon mehroblar ishlangan. Xonaqoh bezaksiz, ammo ayvon turli naqshlar bilan serhasham bezatilgan, shifti havozasi va ustunlar tepasi muqarnasli qoshlar, rango-rang gulli naqshlar hamda bezakli poyustunlar bilan ziynatlangan. Devorlarining yuqori tomonlari enli handasiy naqshlar bilan hoshiyalangan. Demak, masjid ayvoni va uning peshtoqlariga sir, ya’ni bo’yoq bilan ishlov berilgan.
Tahlillardan anglashiladiki, yuqorida keltirilgan mushtarak nomlarning barchasi diniy ibodat joyining atoqli nomi ekanligi bois ekklezionimlar guruhiga mansub bo’lib, sirli, masjid ma’noli qismlaridan tarkib topganligiga ko’ra qo’shma tarkibli, nomlanish motiviga ko’ra ob’ektning qurilish uslubi asosida atalgan nomlar turiga kiradi.
Sirli masjid ekklezionimining lug’aviy asosini tashkil etuvchi sirli so’zi o’zbekcha bo’lib, sir (yaltiroq mineral yoki moybo’yoq) yoki emal’ bilan qoplangan, sirlangan,3 masjid so’zi esa sajda qilinadigan, namoz o’qiladigan joy; ibodatxona degan ma’noni anglatadi.1 Ekklezionimlarning barchasi sirli, sirlangan, ya’ni bo’yoq bilan ishlov berilgan ibodatxona degan toponimik ma’noga ega. Nom tarkibidagi masjid lug’aviy birligi bu o’rinda ekklezionimik indikator bo’lib, sirli apellyativiga qo’shilib uni mana shunday obe’kt nomini ifodalashga xoslash bilan birgalikda ekklezionim turini ko’rsatishga xizmat qilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |