Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligiga qanday xuquqlar berilgan?
12.1. Iste’molchilar xuquqlari va ishlab chiqaruvchi korxona to’g’risidagi
axborot turlari
Asosiy qomusimiz-Konstitutsiyaning 13-moddasida “O’zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi, ularga ko’ra inson, uning xayoti, erkinligi, sha’ni, qadr qiymati va boshqa daxlsiz xuquqlari oliy qadriyat xisoblanadi” deb qat’iy belgilangan. Mazkur normada xuquqiy demokratik davlat, odil fuqorolik jamiyati qurishdek umume’tirof etilgan yo’lni tanlagan mamlakatimizda inson, uning shaxsi yuqori darajada ulug’langanligini ko’rish mumkin.
Xozirgi kunga qadar mamlakatimizda faqat axoli salomatligi va xayoti xavfsizligini muxofaza qilish hamda ta’minlash maqsadida xuquqiy tartibga soluvchi, himoya qiluvchi, kafolatlovchi, javobgarlikni belgilovchi bir necha qonunlar, Prezident farmonlari va qarorlari, Vazirlar Maxkamasi qarorlari, tegishli vazirlik va idoralarning me’yoriy xujjatlari qabul qilingan va amalda qo’llanilmoqda.
Yaratilgan xuquqiy baza va erkin shart-sharoit hamda imkoniyatlar mavjudligiga qaramay, ayrim shaxslar tomonidan normativ-xuquqiy xujjatlarni buzib faoliyat ko’rsatish holatlari ko’plab uchrab turibdi. Bunday shaxslarning noqonuniy xatti xarakatlariga chek qo’yish va boshqa shaxslarning ham xuquqiy me’yorlarga to’g’ri kelmaydigan faoliyat bilan shug’ullanishlarini oldini olishda, O’zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan “Iste’molchilarning xuquqlarini ximoya qilish to’g’risida”gi Qonuni katta ahamiyat kasb etadi.
O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning xuquqlarini ximoya qilish to’g’risida”gi Qonuniga asosan iste’molchilarning asosiy xuquqlari quyidagilardan iborat:
Tovar (ish, xizmat) xaqida, shuningdek ishlab chiqaruvchi(ijrochi, sotuvchi) xaqida to’g’ri va to’liq ma’lumot olish;
tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo’lishi;
tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz bo’lishi;
xayoti, sog’lig’i va mol-mulki uchun xavfli no’qsoni bo’lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g’ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to’liq xajmda qoplanishi;
buzilgan xuquqlari yoki qonun bilan muxofaza etiladigan manfaatlari ximoya qilinishini so’rab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish;
iste’molchilarning jamoat birlashmalarini tuzish.
Iste’molchilarning ijtimoiy ximoyaga muxtojlar toifalariga kiritilgan ayrim guruxlari uchun qonun xujjatlari bilan savdo, maishiy xizmat va xizmat ko’rsatishning boshqa turlari bo’yicha imtiyozlar va afzalliklar belgilanishi mumkin.
Ishlab chiqaruvchi o’z korxonasining nomi va joylashgan (yuridik) manzili xaqida iste’molchini xabardor qilishi shart. Bunday ma’lumot ishlab chiqarish markasi yoki tovar belgisida ko’rsatilgan bo’lishi, yoxud boshqa usulda taqdim etilishi lozim.
Sotuvchi (ijrochi) o’z tashkiloti, firmaning nomi, uning joylashgan (yuridik) manzili va ish tartibini iste’molchiga ma’lum qilishi shart. Bunday ma’lumot lavxada aks ettirilishi lozim.
Yuqoridagi ma’lumot savdo va xizmat ko’rsatish muvaqqat binolar, yarmarkalar, ko’chma do’konchalar orqali amalga oshirilgan yoki savdo va xizmat ko’rsatish sotuvchi (ijrochi)ning doimiy joylashgan manzilidan tashqarida amalga oshirilgan boshqa xollarda ham iste’molchilar e’tiboriga yetkazilishi kerak.
Sotuvchi (ijrochi) iste’molchiga tovarlar savdosi, maishiy va boshqa turdagi xizmat ko’rsatishning qoidalari to’g’risida to’liq ma’lumot berishi shart.
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o’zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar xaqida o’z vaqtida zarur, to’g’ri va tushunarli ma’lumot berishi shart.
Tovar (ish, xizmat)lar xaqidagi ma’lumotda quyidagilar ko’rsatilishi shart:
tovar (ish, xizmat) majburiy talablariga muvofiq kelishi shart bo’lgan normativ xujjatning nomi;
tovar (ish, xizmat)ning asosiy iste’mol xususiyatlari, shu jumladan o’ziga xos xususiyatlari ruyxati;
baxosi va sotib olish shartlari;
ayrim turdagi tovarlarning ishlab chiqarilgan sanasi;
ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlari;
tovardan samarali va xavfsiz foydalanish qoidalari va shartlari;
tovarning xizmat (yaroqlilik) muddati va ushbu muddat tugaganidan keyin iste’molchi nima ishlar qilishi zarurligi, shuningdek bunday ishlarning bajarmaslik natijasida kelib chiqishi mumkin bo’lgan oqibatlar to’g’risidagi ma’lumotlar;
ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning hamda ular iste’molchidan da’vo qabul qilishga vakolat bergan, shuningdek ta’mirlash ishlarini bajaradigan texnikaviy xizmat ko’rsatadigan korxonalarning manzillari;
tovarlarni saqlash, xavfsiz utilizatsiya qilish usullari hamda qoidalari.
Sertifikatlanishi shart bo’lgan tovar xaqida iste’molchiga uning sertifikatlanganligi to’g’risida ma’lumot taqdim etilishi lozim.
Tovar (ish, xizmat) xaqidagi zarur axborotni yo’qligi bunday tovar (ish, xizmat)ni realizatsiya qilish ma’lumot berilgunga qadar tegishli davlat boshqaruvi organining ko’rsatmasi bo’yicha to’xtatilib turilishiga sabab bo’ladi.
Agar tovar (ish, xizmat) xaqida noto’g’ri yoki yetarli darajada to’liq bo’lmagan ma’lumot berilganligi:
zarur iste’mol xossalariga ega bo’lmagan tovar (ish, xizmat) sotib olishga sabab bo’lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o’ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga xaqlidir;
sotib olingan tovar (ish, xizmat)dan ko’zlangan maqsadda foydalana olmaslikka sabab bo’lsa, iste’molchi tegishli ma’lumot oqilona qisqa (ko’pi bilan uch kunlik) muddatda berilishini talab qilishga xaqlidir. Agar ma’lumot aytilgan muddatda berilmasa, iste’molchi shartnomani bekor qilib, zararning qoplanishini talab qilishga xaqlidir;
iste’molchining xayotiga, sog’lig’iga, yoxud mol-mulkiga zarar yetkazilishiga sabab bo’lsa, u ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) oldiga qonun xujjatlarida nazarda tutilgan talablarni qo’yishga xaqlidir.
Iste’molchining tovar (ish, xizmat) xaqidagi noto’g’ri yoki yetarli darajada to’liq bo’lmagan ma’lumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash to’g’risidagi talablari sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jixatlari xaqida iste’molchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi.
Noto’g’ri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to’liq xajmda qoplanishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |