2.2. Harakatlar strategiyasida sud-huquq tizimi islohotlari
Sud tizimining bosqichma-bosqich demokratlashtirilishi, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiladigan sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy tamoyilga qat’iy rioya etilishi mamlakatda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar orasida markaziy o‘rinni egallaydi.
Aynan shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonning qabul qilinishi39 davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi va ularni bosqichma-bosqich amalga oshirishga zamin yaratdi.
Ushbu ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan Harakatlar strategiyasi davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq va ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar hamda tashqi siyosat yuritishning muhim prinsiplarini o‘zida aks ettirdi.
Harakatlar strategiyasi xalq bilan ochiq muloqot, respublikamiz aholisini va tadbirkorlarini bezovta qilayotgan hamda dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, amaldagi qonunchilikni, huquqni qo‘llash va rivojlangan xorijiy amaliyotni tahlil qilish natijalariga asoslangan.
Bu, o‘z navbatida, mamlakatimiz taraqqiyotining keyingi bosqichi bo‘yicha barchaning fikrini bilish, dardini eshitish va haqiqiy hayotga mos bo‘lgan xalqchil strategiyani amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqorida qayd etilgan Farmonda Harakatlar strategiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadida uni yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshirish tartibi belgilangan.
Shu munosabat bilan, Farmon bilan Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining (keyingi o‘rinlarda — Davlat dasturi) tasdiqlanishi orqali fuqarolar va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash davlat organlarining joriy yildagi asosiy vazifasi sifatida belgilab berildi.
Davlat dasturi V yo‘nalishdagi bo‘lim, 320 banddan iborat bo‘lib, uning II yo‘nalishi Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan.
Ushbu bo‘limda sudyalar va sud apparati xodimlarining mavqyeini, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy ta'minot darajasini oshirish, sudlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sudyalarga g‘ayriqonuniy tarzda ta'sir o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ta'sirchan choralar ko‘rish, sudlarni yanada ixtisoslashtirish, yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish kabi sud-huquq sohasidagi muhim islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Mazkur yo‘nalish 6 ta muhim bo‘limdan iborat bo‘lib, uning birinchisi — sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirishdir.
Huquqiy demokratik davlat qurishning eng muhim shartlaridan biri sud hokimiyatining mustaqilligi mexanizmi yaratilishidir.
Prezidentimizning 2016-yil 21-oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni40 talablaridan kelib chiqib, bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda:
1. Davlatimiz rahbarining yuqoridagi Farmoni bilan sudya lavozimida bo‘lishning birinchi marotaba besh yillik, keyin o‘n yillik muddatini va shundan so‘ng muddatsiz davri belgilanmoqda. Ushbu tartib, o‘z navbatida, sudyalik lavozimida bo‘lishning maksimal muddatini belgilashni taqozo etadi.
2. Sudlarni moliyalashtirishni faqatgina davlat byudjeti hisobidan amalga oshirishni belgilash maqsadida Oliy sudga adliya organlarining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta'minlash sohasidagi vazifa va vakolatlarini, shuningdek, tegishli shtat birligini o‘tkazish taklif etildi.
3. Hozirgi vaqtda sudyalarning maoshi miqdori va uni to‘lash shartlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilanishini, sudlarning ijro hokimiyatiga qaramligining belgisi sifatida qaralayotganligini hisobga olib, Dastur doirasida sudyalarning mehnatiga haq to‘lash masalasini qonun doirasida belgilash taklif etildi.
4. Bundan tashqari, 2017-2021 yillarda sudlar uchun bir xildagi (namunaviy) binolar qurish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash nazarda tutilmoqda.
Sudlar mustaqilligini ta'minlashdagi yana bir muhim masala, sudya va sud raisi lavozimiga tayinlash mexanizmlarini mustahkamlashdir.
Farmonga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasining maqomi va rolini oshirish bo‘yicha xorijiy tajribani chuqur o‘rgangan holda takliflar tayyorlandi.
5. Dasturda davr talabidan kelib chiqib, sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.
2017-2021 yillarda O’zbtkiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi mohiyatiga ko’ra, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi tizimli islohotlarning “yo’l xaritasi”ga aylandi. Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida 2017-yilning o’zida 20 dan ortiq qonun va 700 dan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilindi41.
Shu jumladan, Harakatlar strategiyasida keltirib o’tilgan sud-huquq tizimi islohotlarini amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni42 qabul qilindi. Mazkur farmon qayd etilgan vazifalarni amalga oshirishdagi muhim qadam bo‘lib, sud-huquq sohasidagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Farmonga muvofiq, nomzodlarni tanlash va sudyalik lavozimiga tayinlash tizimini tubdan takomillashtirish, sudyalarning mazkur jarayondagi ishtirokini kengaytirish, yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirish uchun mas’ul bo‘lgan organning maqomi hamda vakolatlarini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi. Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyati organi sifatida sud hokimiyatining mustaqilligi haqidagi konstitutsiyaviy prinsipga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi. Sudyalar oliy kengashi uning tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimnomasiga binoan Senat tomonidan tasdiqlanadigan Kengash raisi va ko‘pchilikni tashkil etuvchi sudyalar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va huquq sohasidagi malakali mutaxassislar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan 20 nafar a’zodan iborat bo‘ladi. Sudyalar oliy kengashining 13 nafar a’zosi doimiy, 8 nafar a’zosi esa jamoatchilik asosida o‘z faoliyatini amalga oshiradi. Sudyalar oliy kengashiga sudyalik lavozimlariga malakali mutaxassislar orasidan ochiq va shaffof tanlov asosida sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalar daxlsizligi buzilishini va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish, nomzodlar va sudyalarning kasbiy tayyorgarligini tashkil etish, aholi bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish vazifalari yuklatilgan. Sudyalar oliy kengashiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi sudyalari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislaridan tashqari barcha sudyalarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda lavozimlarga tayinlash va lavozimlardan ozod etish bo‘yicha vakolatlar o‘tkazilmoqda. Sud amaliyotini tizimli tahlil qilib borish, uni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot markazi sifatida o‘zgartirilmoqda. Farmondagi yana bir ahamiyatli jihat – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudining fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasida sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirilishi bo‘ldi. Ushbu islohot sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bartaraf etishga hamda yagona sud amaliyotini shakllantirishga olib keladi. Sud hokimiyati ikki oliy organining parallel faoliyat yuritishi qonun hujjatlari talablarini bir xilda qo‘llanishini ta’minlay olmadi, bir-biriga o‘xshash masalalar yuzasidan turlicha qarorlar qabul qilinishiga olib keldi.
Ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni, shuningdek ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan yangi sud tizimining shakllantirilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Ilk marotaba davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan fuqarolarning sudga shikoyat qilish huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini amalga oshirishni ta’minlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, tuman (shahar) ma’muriy sudlari tashkil etildi. Hozirgi kunga qadar davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqish Fuqarolik va Xo‘jalik protsessual kodekslariga muvofiq fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar va xo‘jalik sudlari tomonidan, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan amalga oshirilayotgan edi.
Endilikda ushbu toifadagi ishlar yangi tashkil etilayotgan ma’muriy sudlar tomonidan ko‘riladi. Shu bilan birga, ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishning protsessual tartibini belgilash, davlat organlari faoliyatida qonuniylikni mustahkamlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishning zamonaviy tartib-taomillarini joriy etishga qaratilgan “Ma’muriy sud ishi yurituvi to‘g‘risida”gi va “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalari ishlab chiqiladi. Zamonaviy talablardan kelib chiqib, shuningdek tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Farmon bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari tegishli iqtisodiy sudlar etib o‘zgartirildi. Bunda, mamlakatning iqtisodiy salohiyati va tadbirkorlik subyektlarining ortib borishini hisobga olgan holda tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etilmoqda.
Tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlarini tashkil etish zarurati xo‘jalik sudlarining faqat viloyat darajasida faoliyat ko‘rsatganligi bilan bog‘liqdir. Ayrim tumanlar sud binosidan uzoq masofada joylashganligi sababli tadbirkorlar da’vo arizasini bergan paytdan nizo sudda ko‘rib chiqilguniga qadar viloyat markaziga bir necha marotaba qatnashga majbur bo‘layotgan edi. Bu esa ularning moddiy xarajat va ortiqcha vaqt sarflashlariga sabab bo‘layotgan edi.
Umuman olganda, tashkil etiladigan ma’muriy va iqtisodiy sudlar joylashuvi uzoq hududlarda istiqomat qiladigan fuqarolarning, shu jumladan tadbirkorlarning sud himoyasiga erishish darajasini oshiradi. Sud hokimiyatining mustaqilligi prinsipiga rioya qilish, sudlarni moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash masalalarini mustaqil hal etish maqsadida Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti tashkil etildi va unga sudlarni moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash, sudlar faoliyati uchun zarur sharoitlarni yaratish, mehnat sharoitlarini yaxshilash, sudyalar va sud apparati xodimlarini moddiy va ijtimoiy ta’minlashni tashkil etish vazifasi yuklatildi.
Harbiy sudlarning shtat birliklari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tizimiga o‘tkazilishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Vaholanki, harbiy sudyalarning Mudofaa vazirligi shtatiga kiritilganligi ushbu vazirlik ijro hokimiyati organi hisoblanishi tufayli sud hokimiyati mustaqilligining, uning faoliyatini tashkil etishning asosiy tamoyillariga muvofiq kelmaydi. Farmonda sudlar faoliyati samaradorligini oshirish va sud kadrlari zaxirasini tayyorlash uchun sudlar tuzilmasiga sudya yordamchisi, sudya katta yordamchisi lavozimlarini kiritish nazarda tutildi.
Sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, sud tizimi samaradorligi va fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, hukumat tomonidan ushbu yo‘nalishdagi amaliy chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlanishi zarurligi belgilandi. Ta’kidlash joizki, Farmonda nazarda tutilgan talablarni amalga oshirish bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Xo‘jalik protsessual, Fuqarolik protsessual kodekslariga, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni talab etadi. Umuman olganda, Farmonda odil sudlov sohasidagi zamonaviy talablar va xalqaro standartlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining sud tizimini takomillashtirish va maqbullashtirish bo‘yicha tarixiy o‘zgarishlar nazarda tutilgan.
2017-yil 21-aprel kuni Toshkent shahrida bo'lib o'tgan "Harakatlar sarhisobi: 2017-yil 1-chorak yakunlari" anjumanida bir qator vazirlik va idoralar vakillari shu kunga qadar o'z yo'nalishlarida Strategiya bo'yicha amalga oshirilgan ishlar bo'yicha hisobot berishdi. Xususan Qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish yo'nalishida qanday ishlar amalga oshirilgani ma`lum qilindi:
Qonun hujjatlarini tarqatish tizimi tubdan takomillashtirildi;
Sud tizimini yanada isloh etish orqali bir qator muhim qonun hujjatilari qabul qilindi. Xususan, sudyalik lavozimida bo'lishning ilk marotaba 5 yillik, navbatdagi 10 yillik muddatga va sudyalik lavozimida bo'lishning muddatsiz davriga muayyan tartibda tayinlanishi yoki saylanishi belgilandi;
Sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy tamoyilga rioya etilishini ta`minlashga ko'maklashadigan Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi. Sudlarni yanada ixtisoslashtirish, sud apparatini mustahkamlash, shu jumladan xo'jalik sudlari tizimida mintaqaviy apellyatsiya sudlarini tashkil etish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan 71 ta tumanlararo tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etilishi belgilandi;
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta`minlash maqsadida 27 ta huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari rahbarlarining virtual qabulxonalari tashkil etildi;
Ma`muriy, jinoyat, fuqarolik va xo'jalik qonunchiligini takomillashtirish orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan muqobil jazo turlarini qo'llash ko'lami kengaytirildi. Jumladan, ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish orqali tarbiyaviy ta`sir ko'rsatish choralarini kuchaytirishga qaratilgan "majburiy jamoat ishlari" jinoiy jazosi kiritildi;
Qonunchilikka kiritilgan o'zgarish va qo'shimchalarga muvofiq, fuqarolik ishi bo'yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko'rib chiqish muddati 3 yildan 1 yilga qisqartirilishi belgilandi.
Sud-huquq tizimi sohasidagi islohotlarning tizimli davom etishi belgilangan. Xususan mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlisga yuborilgan Murojaatnomada43 Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari borasida 2018-yilda qilinishi zarur bo’lgan ishlar belgilandi va amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Mazkur Murojaatnomada sud-huquq tizimini yanada isloh qilish bo’yicha bir qator takliflar bildirildi. Masalan, yuksak professional darajada faoliyat yuritadigan malakali sudyalarni tayyorlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasini tashkil etish, Mahkumlar huquqlarini ta’minlaydigan qo‘shimcha mexanizmlar yaratishni hisobga olgan holda, jinoyat-ijro qonunchiligini yanada takomillashtirish, “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar to‘g‘risida”gi va “Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish, 2018 – 2021-yillarda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilishimiz va amalga oshirish, Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga ko‘maklashish komissiyasini tashkil etish kabi vazifalarni amalga oshirish belgilandi. Mamlakatimiz hukumati tomonidan har qaysi huquqni muhofaza qilish organi bevosita o‘z vakolati doirasidan chiqmaydigan, bir-birining funksiyasini takror etmaydigan tizim shakllantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Lo‘nda qilib aytganda, ichki ishlar – jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash bilan, milliy xavfsizlik – davlatni ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilish bilan shug‘ullanishi lozim. Prokuratura esa qonunlar ijrosi ustidan nazorat olib borishi zarur. Sudlarning asosiy vazifasi adolatni qaror toptirishdan iborat. Buning uchun sud har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishi lozim.
Xulosa
Har bir millat, har bir davlat o‘zining boy va ko‘hna tarixiga ega. Tarix o‘tmishning yig‘ilgan tajribalarini saqlovchi, uni avlodlarga asrab yetkazib keluvchidir. Hozirgi zamonning har bir yirik masalasi hayotning qaysi sohasida bo‘lmasin, jumladan, davlat va huquqiy tajribalarni hisobga olmasdan, chuqur o‘rganmasdan hamda unumli foydalanmasdan, samarali hal etilishi mumkin emas.
Mustaqil O‘zbekiston sud-huquq tiziminini o‘rganishda bu jarayonlar qanday kelib chiqqan, o‘z rivojlanishida qanday bosqichlarni bosib o‘tganligini bilish muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonda sud-huquq tizimi shakllanishi va rivojlanishi chuqur ildizlariga ega. Eng qadimgi davrdagi ilk manbalar, jumladan, Avesto, Mug‘ tog‘idan topib o‘rganilgan hujjatlar mamlakatimiz huquq tizimining naqadar qadimiy ekanligidan dalolat beradi.
Tarixda hukmdorlar, odatda, qozilik lavozimiga hayotiy tajribaga ega, iymonli, sabr-toqatli, fiqh, falsafa, mantiq kabi ilmlarni egallagan shaxslarni tayinlaganlar. Qozilar huzurida xizmat o‘tagan muftiylar har bir chigal masala xususida shariat asosida fatvolar berishgan. Ular bunda gunoh fatvo bergan kishida bo‘lishini, ayniqsa, mas‘uliyat bilan his etishgan. Bu esa adolat, burch, insof, axloq normalarining xalq ongiga singishida ta‘siri katta bo‘lgan. Jinoyatlarning soni ham kam bo‘lgan. Xalq vijdon azobi, diyonatsizlik va xiyonatdan olovdan qo‘rqqandek cho‘chigan. Jamoa orasida ―jinoyatchi degan isnod tamg‘asini ko‘tarib yurishni o‘zlariga or deb bilganlar.
Mustaqillikka erishilgandan so‘ng eski ma‘muriy-buyruqbozlik tizimini, unga muvofiq bo‘lgan hokimiyat va boshqaruv idoralarini tugatish, yangi davlatchilikning siyosiy-huquqiy hamda konstitutsiyaviy asoslarini yaratish, markazda va respublikaning barcha hududlarida Konstitutsiya va qonunlarga asoslangan davlat hokimiyati organlarining yangi tizimini vujudga keltirishga kirishildi. Shuningdek, chinakam mustaqil va adolatli sud tizimini yaratish maqsadidan kelib chiqib, istiqlolning dastlabki kunlaridanoq demokratik huquqiy
davlat qurishning eng zarur sharti va umuminsoniy tajriba asosida shakllangan
prinsip – hokimiyatning tarmoqlarga bo‘linishi hamda ularning vakolatlari doirasini aniq belgilab qo‘yishga amal qilindi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda huquqiy davlatni shakllantirishning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan yangi sud-huquq tizimi shakllandi, sud tizimining
tashkiliy, huquqiy, moliyaviy asoslari tashkil topib, kadrlar bilan ta‘minlanishi takomillashtirildi, sudyalar mustaqilligining kafolatlari kuchaytirildi. O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.Karimovning “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2000-yil 14-avgust farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlari sudlarning mutlaqo yangidan tuzilishiga asos soldi.
O‘zbekistonda sud hokimiyati ijtimoiy adolat, huquqiy tartib, qonun ustuvorligini ta‘minlashga, Konstitutsiyaning inson huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini muhofaza etishga qaratilganligi bilan ajralib turadi. Xalq sudni faqat odamlarni qoralaydigan, jazolaydigan organ deb emas, aksincha, ularning haq-huquqlari va manfaatlarini himoya qiladigan organ deb bilishi kerak.
Mamlakatimizda islohotlarning izchil amalga oshirilishi iqtisodiyotni shakllantirishga, uning bozor sharoitiga moslashtirilishiga va xalqaro hamjamiyat uchun ochiq bo‘lishiga sharoit yaratdi.
Huquqiy tashviqot darajasi pastligi, bozor iqtisodiyoti bilan bog‘liq qonunlarni buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslarning javobgarlikka tortilishida oshkoralikning yo‘qligi, fuqarolarning ongida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatiga nisbatan ishonchsizlik kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Sud fuqarolar ko‘z oldida ularning haq-huquqlarini va manfaatlarini himoya qiluvchi organ sifatida gavdalanishi shart. Endi totalitar tuzum davridagi sudga nisbatan bo‘lgan qarashlarni tubdan o‘zgartirish vaqti keldi. Sud madaniyatini ko‘tarish har bir sud jarayoni fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilishga qaratilmog‘i shart. Sud adolat posboniga aylanmog‘i zarur. Sud va sudyalar fuqarolarda o‘ziga nisbatan ishonch tug‘dirishning uddasidan chiqishi, bu ishonchni har kuni, har doim amaliy ishlar bilan oqlamog‘i lozim.
Sud hokimiyatining obro‘sini ko‘tarish, uning xolisligini ta‘minlash har bir sudyadan katta mas‘uliyat, jasorat, bilim, tajriba orttirishni, poklik va adolatni barcha narsalardan uchun qo‘yishni, davlat va xalqqa sodiq bo‘lishni taqozo etadi.
Shuning uchun ham sud va sudyalarning boshqa tarmoqlardan haqiqiy Mustaqilligini, sud qarorlarini qabul qilishda faqat qonunga bo‘ysunishini, sudning
hammabop, himoya doirasi kengayishini ta‘minlaydigan va nihoyat, sud tizimiga nopok, poraxo‘r va tasodifiy kimsalar kirib qolishiga yo‘l qo‘ymaydigan huquqiy asos qadam-baqadam takomillashtirib borilmoqda.
Hozirgi sud-huquq islohotlarida ham sharqona axloq, madaniyat, adolatparvarlik aks etsa, o‘tmishdagi fiqh ilmi va bugungi qonun ustuvorligi to‘qnash kelsa, adolat, halollik va insonparvarlik printsiplari amalda qonunlarimiz negiziga singdirilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik sud-huquq tizimi xodimlariga ham o‘z el-yurtida yashayotgan har bir inson manfaatini ko‘zlab halol faoliyat yuritishiga imkon berdi. Shunday ekan, sudlarning har doim el-yurt ishongan adolat timsoli bo‘lib qolishiga erishmog‘imiz lozim.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligining ta‘minlanishi aholi hayotining huquqiy jihatdan kafolatlanishiga, uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchning oshishiga katta ta‘sir ko‘rsatadi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlarning asosiy maqsadi O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini barpo etishdan iboratdir. Bu yuksak maqsadni ro‘ebga chiqarishda barcha sohalarda, xususan, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar katta rol o‘ynaydi.
Sud hokimiyatning qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan muhim farqi mamlakatda amal qiluvchi butun sud tizimiga, har bir sudga tegishliligidadir. Hozirgi vaqtga kelib, O’zbekistonning birinchi Prezidenti I.Karimov, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev va parlamentimiz sa‘y-harakatlari bilan uchinchi hokimiyat – sud tizimi sohasida quyidagi islohotlarni amalga oshirishga erishildi:
1) jinoiy jazoga sanksiya berish huquqi prokuratura organlaridan sud tizimiga o‘tkazildi. Sud hokimiyatining mustaqilligini ta‘minlashga katta e‘tibor berildi;
2) advokatlarning mavqei va roli oshirildi; advokatura instituti isloh qilindi;
3) jinoiy jazo tizimi liberallashtirilib, o‘lim jazosi Jinoiy kodeksdan (2008 yil 1 yanvar) olib tashlandi va uning o‘rniga uzoq muddatli, umrbod qamoq jazosi belgilash tartibi o‘rnatildi; prokuratura faoliyati takomillashtirildi;
4) sud mustaqilligi ta‘minlandi;
5) fuqarolik, jinoiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlar tashkil qilindi;
6) sudlar faoliyati moddiy-texnik va moliyaviy jihatdan mustahkamlanmoqda;
7) sud sohasi uchun kadrlarni tanlash va tayinlash mexanizmi mustahkamlanmoqda.
Shunday qilib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud hokimiyati sohasidagi islohotlarni shartli ravishda quyidagi 5 bosqichga bo‘lish mumkin.
Birinchi bosqichda (1991-1995-yillar) sud hokimiyati tizimini isloh qilishning milliy strategiyasi belgilab olindi va konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari yaratildi, shuningdek, jahon tajribasini hisobga olib, birinchi marta mamlakatimizda Konstitutsiyaviy sud ta‘sis etildi. Sud hokimiyatining tarkibiy qismi sifatida xo‘jalik sudlari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi XI sessiyasida so‘zlagan nutqi mazkur bosqichni amalga oshirishning asosi bo‘lib xizmat qildi.
Ikkinchi bosqichda (1996-1999 yillar) mavjud tajriba va qonunchilikni tahlil qilish asosida sud hokimiyati tizimi islohotlarini chuqurlashtirish, odil sudlov tizimini demokratlashtirish, sud jarayonida ayblov va himoyani amalda tengligini ta‘minlash va buning uchun advokatura mavqeini ko‘tarishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirildi.
Mazkur bosqichni amalga oshirishning asosi O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy MajlisiningVI (1996 yil 29-avgust) va XIV sessiyalaridagi (1999-yil 14-aprel) ma‘ruzalarida belgilab berilgan vazifalar hisoblanadi.
Uchinchi bosqichda (2000-2004-yillar) sudlarni ixtisoslashtirish, jinoiy jazolarni liberallashtirish, odil sudlov sifatini oshirish, ishlarni ko‘rish muddatlarini qisqartirish, fuqarolik va jinoiy ishlarni ko‘rib chiqishning apellyatsiya tartibini joriy etish, kassatsiya tartibini isloh qilish, sud qarorlari ijrosini ta‘minlashni takomillashtirishning huquqiy mexanizmlari yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning Ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisning I (2000-yil 22-yanvar), VI (2001-yil 29-avgust), IX (2002-yil 29-avgust) sessiyalaridagi ma‘ruzalari mazkur bosqichni amalga oshirishning asosi bo‘lib xizmat qildi.
To‘rtinchi bosqichning (2005-2015-yillar) asosiy vazifalari mustaqil rivojlanish yillarida to‘plangan tajribani tahlil etish va umumlashtirish, xalqaro huquqning umum e‘tirof etilgan printsiplari va normalari asosida sud hokimiyati tizimini isloh qilish va yanada liberallashtirish orqali sudlarning haqiqiy mustaqilligi va erkinligini, insonning yashash huquqini va boshqa konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ta‘minlash, sud va huquqni muxofaza qilish organlari xodimlarining mas‘uliyatini kuchaytirish, tadbirkorlik sub‘ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha huquqiy asoslarni takomillashtirish va aniq chora-tadbirlarni belgilashdan iboratdir.
Beshinchi bosqichda (2016-h.v.) ham juda keng ko’lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi sud-huquq tizimi islohotlarini yangi bosqichga ko’tardi. Qisqa vaqt ichida Qonun hujjatlarini tarqatish tizimi tubdan takomillashtirildi, Sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy tamoyilga rioya etilishini ta`minlashga ko'maklashadigan Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi, sudyalik lavozimida bo'lishning ilk marotaba 5 yillik, navbatdagi 10 yillik muddatga va sudyalik lavozimida bo'lishning muddatsiz davriga muayyan tartibda tayinlanishi yoki saylanishi belgilandi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta`minlash maqsadida 27 ta huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari rahbarlarining virtual qabulxonalari tashkil etildi va hokazo.
Do'stlaringiz bilan baham: |