8-modda. Maxsus vakolatli davlat organining bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi o‘z vakolatlari doirasida:
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflar tayyorlaydi;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishni amalga oshiruvchi organlar va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishda ishtirok etadi;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini amalga oshirishga hamda axborot mahsulotida bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotning mavjudligini yoki mavjud emasligini, axborot mahsulotining bolalarning muayyan yosh toifasiga muvofiqligini yoki muvofiq emasligini aniqlash maqsadida uni ekspertizadan o‘tkazishga jalb etiladigan ekspertlarni akkreditatsiyadan o‘tkazishni amalga oshiradi va ularning reyestrini yuritadi;
axborot mahsulotini ishlab chiqaruvchilarga va tarqatuvchilarga bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilganligi hollarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda ularning oldini olish uchun ko‘rsatmalar yuboradi;
axborot mahsulotiga ekspert xulosalarini taqdim etishga doir faoliyatni muvofiqlashtiradi;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, nodavlat notijorat tashkilotlariga hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga uslubiy yordam beradi va ko‘maklashadi;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi mahalliy hamda xorijiy ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
bolalar uchun axborot makonining mazmunini tizimli ravishda baholashga qaratilgan ilmiy, ilmiy-texnikaviy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantiradi;
bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotni tasniflash mezonlari, mexanizmlari hamda uslublarini takomillashtirishga doir ishlarni yuritadi, bolalarning axborot xavfsizligini ta’minlashning dasturiy-apparat va texnika vositalarini joriy etishni tashkil etadi;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasida ma’rifiy va axborot-tushuntirish tadbirlarini tashkil etadi;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi hamda ushbu faoliyatda ishtirok etuvchi boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining va voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) idoralararo komissiyalarining bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) idoralararo komissiyalari o‘z vakolatlari doirasida:
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishi hollarini bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritadi;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradi;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi hamda ushbu faoliyatda ishtirok etuvchi boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) idoralararo komissiyalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |