3. Xodimning mehnat muhofazasiga doir huquqlari va uni ro’yobga chiqarishdagi kafolatlar
O’zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to’g’risida” 2016 yil 22 sentyabrdagi qonuniga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar mehnati muhofaza qilinish huquqiga egadirlar.
Mehnat muhofazasi, eng avvalo, insonning mehnat jarayonidagi xavfsizligi, sihat-salomatligi va mehnat qobiliyati saqlanishini ta’minlashga qaratilgandir.
Xodimlarning mehnat muhofazasi sohasidagi qator huquqlari mazkur qonunida, shuningdek Mehnat kodeksining tegishli normalarida aks ettirilgan bo’lib, mehnat muhofazasi talablari xodim ishga qabul qilingan vaqtdan boshlanadi.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 16-moddasida ko’rsatilganidek, mehnat shartnomasi (kontrakt)ning shartlari mehnat muhofazasiga oid qonunlar va boshqa normativ hujjatlarning talablariga muvofiq bo’lishi shart.
O’zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to’g’risida”gi qonunining 22-moddasida xodimning mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquqlari belgilangan. Xodim quyidagi huquqlarga ega:
mehnatni muhofaza qilish masalalari bo’yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning va normativ-huquqiy hujjatlarning talablariga mos bo’lgan ish o’rniga ega bo’lish;
ish beruvchidan mehnat sharoitlari to’g’risida, shu jumladan kasb kasalliklari va boshqa kasalliklarga chalinish ehtimoli mavjudligi, shu munosabat bilan o’ziga berilishi lozim bo’lgan imtiyozlar va kompensatsiyalar, shuningdek shaxsiy himoya vositalari va jamoaviy himoya vositalari haqida axborot olish;
mehnatni muhofaza qilishga oid belgilangan normalar va talablarga muvofiq ish beruvchining mablag’lari hisobidan shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat tomonidan majburiy ijtimoiy sug’urta qilinish;
mehnatni muhofaza qilishga oid talablar buzilganligi oqibatida o’z hayoti va sog’lig’i uchun xavf yuzaga kelgan taqdirda, agar shunday holatlar mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati hamda tekshiruvini amalga oshiruvchi organlar tomonidan tasdiqlansa, ishlarni bajarishni bunday xavf bartaraf etilguniga qadar rad etish;
o’z ish o’rnidagi mehnat sharoitlari hamda muhofazasi mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organ tomonidan tekshirishdan o’tkazilishi uchun so’rovnoma berish;
ish beruvchining mablag’lari hisobidan mehnatning xavfsiz uslublari va usullari bo’yicha o’qish;
qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlar va kompensatsiyalarni olish;
o’z mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog’liq holda mehnatda mayib bo’lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sog’lig’iga boshqacha tarzda shikast yetishi munosabati bilan hayotiga yoki sog’lig’iga yetkazilgan zararning o’rnini ish beruvchidan undirish;
o’z ish o’rnida mehnat qilish uchun xavfsiz sharoitlar ta’minlanishi bilan bog’liq masalalar ko’rib chiqilayotganda va o’zi bilan sodir bo’lgan baxtsiz hodisa yoki uning kasb kasalligi tekshirilayotganda shaxsan o’zi ishtirok etish yoki o’z vakillari orqali ishtirok etish;
tibbiy tavsiyalarga muvofiq navbatdan tashqari tibbiy ko’rikdan o’tish, ushbu tibbiy ko’rikdan o’tish vaqtida uning ish joyi (lavozimi) va ish haqi saqlanishi;
mehnatni muhofaza qilishga oid talablar buzilganligi oqibatida ish o’rni tugatilgan taqdirda ish beruvchining mablag’lari hisobidan qayta tayyorgarlikdan o’tish.
Xodim qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to’g’risida”gi qonunining 18-moddasida xodimlarni sut, davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan tuzli suv, shaxsiy himoya va gigiena vositalari bilan ta’minlash ko’rsatib o’tilgan. Mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band bo’lgan xodimlar belgilangan normalar bo’yicha sut (shunga teng bo’lgan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari), davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan tuzli suv (issiq tsexlarda ishlovchilar uchun), maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal hamda boshqa shaxsiy himoya va gigiena vositalari bilan bepul ta’minlanadi. Bunday ishlarning ro’yxati, ularni berish normalari, ular bilan ta’minlash tartibi va shartlari jamoa shartnomalari hamda kelishuvlarida belgilanadi, agar ular tuzilmagan bo’lsa, ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishuvga ko’ra, qonun hujjatlarida belgilangan normativlarga muvofiq belgilanadi.
Xodimlarning shaxsiy himoya vositalarini olish, saqlash, yuvish, tozalash, ta’mirlash, dezinfektsiya qilish va zararsizlantirish ish beruvchining mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to’g’risida”gi qonunining 21-moddasiga muvofiq ishga qabul qilishda va boshqa ishga o’tkazishda mehnatni muhofaza qilishga bo’lgan huquqning kafolatlari berilgan. Mehnat shartnomasining shartlari mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlari, jamoa shartnomalari, shuningdek jamoa kelishuvlari va mehnatni muhofaza qilish to’g’risidagi boshqa ichki normativ hujjatlar talablariga muvofiq bo’lishi kerak.
Fuqarolarni sog’lig’ining holatiga ko’ra o’ziga to’g’ri kelmaydigan ishga qabul qilish va xodimlarni boshqa shunday ishga o’tkazish taqiqlanadi.
Fuqarolarni sog’lig’i va hayotiga yuqori darajada xavf tug’dirishi mumkinligi oldindan ayon bo’lgan ishga qabul qilish hamda xodimlarni boshqa shunday ishga o’tkazish chog’ida ish beruvchi ularni bu haqda ogohlantirishi shart.
Sog’lig’ining holatiga ko’ra yengilroq ishga yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’sirini istisno etadigan ishga o’tkazishga muhtoj xodimlarni ish beruvchi ana shunday ishga ularning roziligi bilan, tibbiy xulosaga muvofiq vaqtincha yoki muddatini cheklamay o’tkazishi shart.
Sog’lig’ining holatiga ko’ra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’sirini istisno etadigan kam haq to’lanadigan ishga o’tkazishda xodimlarning avvalgi o’rtacha oylik ish haqi O’zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida belgilangan tartibda va muddatlarda saqlanib qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |