Obeliya gidropolipi. Gidrozoylar sinfining anchagina turlari koloniya hosil qilib yashashga moslashgan. Masalan, obeliya deb ataluvchi dengiz giropolipining koloniyasi ko’p sondagi individlardan iborat. Ushbu individlar gidrantlar deyilib, ular o’zaro shunchalik birlashib ketganki ular hatto yagona gastral bo’shliqqa ega. Har bir gidrant o’z tuzilishi bilan gidraga o’xshaydi. Koloniya tanasining epiteliysi o’zidan maxsus organik suyuqlik ishlab chiqarib, butun koloniyani o’rab, parda hosil qiladi. Bunday parda teka deb ataladi. Teka koloniya uchun tayanch vazifani bajaradi, chunki u har bir gidrant asosigacha yetib boradi, ba’zan esa gidroteka ko’rinishida gidrantlarni ustini ham qoplab oladi.
Obeliya gidropolipi faqat kurtaklanish yo’li bilan jinssiz ko’payadi. Bunday hosil bo’lgan koloniya daraxtga o’xshab ketadi. Obeliyaning jinsiy ko’payishi uchun koloniyaning maxsus qismlarida kurtaklanish yo’li bilan meduzalarni hosil qiluvchi kurtaklar yetiladi. Bu kurtak ichi bo’sh blastostilga aylanadi. Blastostilning yonlarida meduzalar yetishadi. Meduzalar to’la shakllangandan keyin, blastostildan uzilib suvga chiqadi va yakka holda erkin suzib yashovchi gidroid meduzani hosil qiladi. Meduza ayrim jinsli va ularda jinsiy hujayralar rivojlanadi. Meduzalar o’z tuzilishi bilan polipning o’zginasi, lekin gavda soyabon shaklida, uning ustki tomoni qovariq, ostki og’iz tomoni botiq bo’ladi. Erkak va urg’ochi jinsli gidromeduzalarda hosil bo’lgan tuxum va spermatozoid suvda qo’shiladi. Zigotaning maydalanishi natijasida avval blastula hosil bo’ladi. Gastrulaning hosil bo’lishida blastulaning bir qism hujayralari blastula bo’shlig’iga (blastoselga) ko’chib o’tib, bo’shliqni to’ldiradi. Bunday hosil bo’lgan gastrula parenximula lichinkasiga o’xshab ketadi. So’ng bo’shliqdagi ayrim hujayralar yemirilishi tufayli gastrula bo’shlig’i hosil bo’ladi. Bunday tuzilishga ega bo’lgan lichinka planula deyiladi. U oval shaklda bo’lib, tanasi mayda kiprikchalar bilan qoplangan. Lichinka ma’lum vaqt suvda suzib kipriklarini yo’qotadi va suv tubidagi substratga o’tirib, rivojlanishini davom ettiradi, gastrula bo’shlig’ini hosil qilishni oxiriga yetkazadi. Shundan so’ng u yakka polip, sifatida kurtaklanish bilan ko’payishi tufayli kolonial gidropolipni hosil qiladi. Shunday qilib, dengiz gidroid poliplarida avlodlarning gallanishi, ya’ni gidroid meduzalar jinsiy ko’payib, yana o’troq holda yashovchi va jinssiz ko’payuvchi gidropoliplarni hosil qiladi. Gidropoliplarning maxsus organlarida (blastostilda) jinsiy ko’payuvchi gidroid meduzalar hosil bo’ladi. Bir turga mansub bo’lgan hayvonning jinssiz va jinsiy ko’payuvchi avlodlarining gallanishi metagenez deb ataladi.
Rasm 34. Obeliya gidroid polipi
A – koloniyaning umumiy ko’rinishi, B – koloniyaning bir qismi (ayrim individlar ochib ko’rsatilgan); 1-2 - gidrant, 3 – teka, 4 – kurtak, 5 – meduzali blastostil, 6 – gidroteka, 7 – gonoteka
Do'stlaringiz bilan baham: |