8-mavzu. “SAB’AI SAYYOR” DOSTONINING G‘OYAVIY-BADIIY XUSUSIYATLARI
REJA:
1. “Sab’ai sayyor” dostonining tarkibiy tuzilishi
2. Bahrom va Dilorom timsollari.
3. Etti qasrdagi etti musofir hikoyatlari.
4. Dostonning badiiy xususiyatlari.
Alisher Navoiy “Xamsa”sining to‘rtinchi dostoni “Sab’ai sayyor” deb atalib, 1484 yilda yozib tugallangan. Asarning bosh qahramoni Bahrom bo‘lib, tarixiy shaxs sifatida Eronning sosoniy hukmdori Varaxran V (420 – 438 yillarda podsholik qilgan) bilan bog‘liq. Bu hukmdor qulon (yovvoyi kiyik)ni ovlashga nihoyatda o‘ch bo‘lganligi uchun xalq orasida Bahrom Go‘r (qulon) laqabi bilan shuhrat topgan. SHarq mamlakatlarida Mars (Mirrix) yulduzi Bahrom deb atalib, jangu jadallar homiysi sifatida keladi.
Bahrom Go‘r haqidagi ko‘plab afsona, rivoyat va xalq naqllarini dastlab eronliklar yaratgan va davrlar o‘tishi bilan SHarq xalqlari orasida keng tarqalib ketadi. Bahrom Go‘r hashamat va ovga o‘ch podsho hamda ishratparast shaxs sifatida dastavval xalq og‘zaki ijodidan, so‘ngra yozma adabiyotdan o‘rin oladi.
Bahrom timsoli dastlab forsiy adabiyotda Abulqosim Firdavsiy “SHohnoma”sida tasvirlangan. Firdavsiy Bahromni, bir tomondan, shuhrat qozongani, adolatpesha podsho, vatanparvar, tengsiz aql-idrok, kuch-quvvat sohibi, mohir ovchi, ikkinchi tomondan, aysh-ishratga, ehtirosga o‘ch, xudbin va qahri qattiq shaxs sifatida tasvirlaydi. “SHohnoma”da Bahrom Go‘r haqidagi voqea dostonning faqat bir faslini tashkil etib, unda Bahromning tug‘ilishi, taxtga chiqishi, mamlakatni idora qilish tadbirlari, ov vaqtida o‘z kanizagi Ozoda bilan to‘qnashuviga doir voqealar tasvirlangan.
“SHohnoma”dagi Bahrom Go‘r va uning kanizagi orasidagi bu to‘qnashuv lavhasi Nizomiy tomonidan qayta ishlanib, mashhur “Haft paykar” dostoni vujudga keladi. Nizomiy Bahrom qiyofasidagi asosiy xususiyatlarni: mohir merganlik, pahlavonlik, kuchli shijoat va dovyuraklik, mamlakatni adolat bilan boshqarish kabi fazilatlarni saqlab qolgani holda uni yangi ma’no va mazmun bilan boyitadi, ushbu timsol orqali o‘z davri ijtimoiy masalalarini, umuminsoniy g‘oyalarni ilgari suradi. Nizomiy Firdavsiy dostonidagi Bahromning kanizak bilan bog‘liq hikoyasini qoliplovchi hikoya qilib olib, unga 7 mustaqil hikoyat kiritadi.
Nizomiy asari yaratilganidan keyin bir asrdan ko‘proq vaqt o‘tgach, Xusrav Dehlaviy unga javob tarzida “Hasht behisht” dostonini yozadi. Uning dostonida ham Bahromning sarguzashtlarini tasvirlovchi asosiy qoliplovchi hikoya va etti malika hikoyasi mavjud. Ushbu hikoyalar birgalikda jamlanib, 8 hikoyani hosil qilganligi uchun Dehlaviy o‘z dostonini “Hasht behisht” deb nomlaydi va malikalar aytib beradigan 7 hikoyatni hind eposidan oladi. SHuningdek, dostonning muqaddimasi etti bob, yakunlovchi qismi esa bir bobdan iboratligi, umumiy boblar soni sakkiztaligi uchun ham shunday nomlanishga sabab bo‘lgan, degan qarashlar mavjud. Dehlaviy o‘z dostonini Bahromning taxtga chiqishi voqeasidan boshlab, ungacha bo‘lgan voqealarni tushirib qoldiradi.
Mazkur mavzuda yaratilgan asarlardan yana biri – Ashraf Marog‘iyning “Haft avrang” dostoni bo‘lib, Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn”da Ashrafning ushbu dostonini “Sab’ai sayyor” dostoni uchun asos bo‘lgan asar sifatida tilga oladi. Navoiy “Ashraf “Haft paykar”ning etti hurvashin peshkashimg‘a yarog‘labtur”, deb yozar ekan, Nizomiyning “Haft paykar” dostonidagi etti go‘zal haqidagi hikoyalarni hal qilishni Ashraf unga topshirganligiga ishora qiladi. Ashraf dostonida Bahromning kanizak bilan ovga chiqishi va umuman uning oshiq bo‘lishi bilan bog‘liq sahna yo‘q. Ashraf oshiq podshoh emas, balki odil podshoh timsolini yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.
Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostoni mazkur mavzuda yaratilgan birinchi turkiy doston bo‘lib, Navoiy o‘ziga qadar badiiy adabiyotda yaratilgan dostonlar va to‘plangan boy ijodiy tajribadan foydalangan holda mazmun e’tibori va g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari bilan salaflari asarlaridan farq qiluvchi yangi doston yaratdi.
Doston 38 bob, 5009 baytdan iborat bo‘lib, shundan 11 bobni muqaddima tashkil qiladi.
Doston muqaddimasi an’anaviy hamd bilan boshlanadi. Navoiy Allohni olamning yaratuvchisi sifatida madh etar ekan, dostonning mazmuni taqozosi bilan birinchi bobdayoq etti raqamiga alohida e’tiborni qaratib, iltizom (bir so‘zni biror parchaning barcha misra yoki baytlarida qo‘llab, shu so‘zning muhimligini ta’kidlash) badiiy san’ati vositasida falakning etti qavat ekanligi, etti gumbazdan tashkil topgani, er yuzi etti iqlimga bo‘lingani, etti ko‘k, etti yulduz kabilar haqida fikr yuritadi. SHuningdek, Bahrom va Dilorom so‘zlarini asl va majoziy ma’nolarda qo‘llab, sayyoralar olami, dunyoning yaratilishi haqida o‘z falsafiy qarashlarini bayon qiladi, olamning yaratilishini tasavvufdagi vahdat ul- vujud falsafasi asosida bayon qiladi:
Ishq sensen dog‘iyu oshiqsen,
Do'stlaringiz bilan baham: |