Bori benavolar navosozi ul,
Hamul nav’kim, SHoh Abulg‘ozi5 ul,
Kelib ayni insonu insoni ayn,
Jahon vorisi SHoh Sulton Husayn
Ki, to bo‘lsa gardung‘a davvorliq,
Anga boqiy o‘lsun jahondorliq.
SHuningdek, birinchi qismda vazirlar, noiblar, muftiylar, kotiblar, tabiblar, shoirlar, dehqonlar kabi turli toifa vakillari ta’riflari ham keltirilganki, bu fikrlar bugungi kun uchun ham ibratli bo‘lib, jamiyat kishilari uchun dasturilamal bo‘la oladi.
Asarning 10 bobdan iborat ikkinchi qismi “Hamida af’ol va zamima xisol xosiyatida” deb nomlanib, axloqiy masalalarga bag‘ishlangan. Mazkur qism “Hayrat ul-abror” dostoni singari muayyan axloqiy masalaning tavsifi va unga ilova qilingan hikoyat bayonidan iborat. Xususan, birinchi fasl “Tavba zikrida” deb atalgan. Ma’lumki, tavba tasavvuf maqomlaridan birinchisi bo‘lib, bunda solik Haqqa etishish yo‘lida g‘ov bo‘ladigan jamiki narsalardan yuz o‘girishga qat’iy jazm qiladi, butun intilishi, tavajjuhini Allohga qaratadi, avvalgi hayot tarzidan butunlay voz kechadi. Navoiy tavbaga ta’rif berib, shunday yozadi:
“Tavba mujrim bandaning vaqti ko‘zgusin isyon zangidin oritur va niyoz musqili bilan yoritur... Bu martaba tariqat ahlining avvalg‘i gomidur va maqsad vodiysining avvalgi manzilig‘a homiydur...”.
Ta’rifdan so‘ng Navoiy tavba maqomi bilan bog‘liq hikoyat keltiradi. Hikoyatga ko‘ra, buyuk SHayx Abdullo Muborak (vaf. 171/787—88) bir kanizak ishqiga giriftor bo‘ladi. Qish kechalaridan birida tongga qadar ma’shuqa devori ostida turadi. Qor va sovuqda qoladi. Sahar namozi azonini xufton deb o‘ylaydi. O‘ziga kelgach, deydi: - Ey Muborakning nomuborak o‘g‘li, senga uyat emasmi? Agar Imom namozda uzunroq sura qiroat qilsa, toliqarding. Endi nafsing havosiga tong otquncha mundog‘ azob tortarsen». SHundan so‘ng Abdulloh Muborak tavba qilib, sulukka beriladi.
SHuningdek, mazkur qismda yana zuhd, tavakkul, qanoat, sabr, tavozu’ va adab, zikr, tavajjuh, rizo, ishq kabi axloqiy masalalar ta’rifi va ularga ilova qilingan hikoyatlar bayoni ham keltirilgan.
Asarning uchinchi qismi “Mutafarriqa favoyid va amsol surati” deb atalib, turli foydali pandlar va hikmatlarni o‘z ichiga oladi. Asarda ular “tanbeh” nomi bilan atalib, jami 127 ta tanbeh keltirilgan. Tanbehlarning aksariyati hadislar mazmuni bilan uyg‘unlik kasb etadi. Xususan, 30-tanbeh
“Sizlardan hech biringiz o‘ziga ravo ko‘rgan narsasini birodariga ravo ko‘rmaguncha, chin mo‘‘min bo‘lolmaydi” hadisiga mazmunan yaqinligini ko‘rish mumkin:
“Harkimki, birov bila yordur yoki yorlig‘ da’viysi bordur, kerakkim, o‘ziga ravo tutmog‘onni yorig‘a ravo tutmasa, ko‘p nimakim, o‘ziga ham ravo tutsa, anga tutmasa. Bas mashaqqatkim, andin ruhg‘a alam etar, kishi
ani o‘z jismu jonig‘a tajviz etar. Ammo ani yorig‘a taxayyul qila olmas, agar taxayyul qilsa, vahshatidin hayoti qolmas.
Qit’a:
YOr uldurki, har nechakim o‘ziga
Istamas, yorig‘a ham istamagay.
O‘zi istarki, yor uchun o‘lgay.
Ani munda sharik aylamagay.
Alisher Navoiyning “Mahbubu-l-qulub” asari badiiy jihatdan ham yuksak saviyaga ega. Asarda qo‘llanilgan saj’ (nasriy qofiya) usuli asarga musiqiy ohang bag‘ishlab, uning ta’sirchanligi va badiiy jozibasini oshirgan. Asarda keltirilgan kichik hajmli hikoyalar, she’riy parchalar, maqollar qo‘yilgan masalalarga yakun yasash, “qissadan hissa” chiqarish vazifasini bajargan. Umuman olganda, Navoiyning mazkur asari buyuk mutafakkir merosining muhim va qimmatli yodgorligi bo‘lib, XV asrdan keyingi badiiy nasr taraqqiyotiga samarali ta’sir ko‘rsatdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |