Qadimgi Yunonistonda nutqning lo‘nda, jozibador bo‘lishiga katta e’tibor berishgan. Greklar Meneley nutqi kabi qisqa-lakonizm (fikrni qisqacha, lo‘nda qilib ifoda etish) usulidagi nutqni juda yaxshi tinglaganlar va yoqtirganlar. Notiqlikda talaffuzga ham katta e’tibor berish kerak. Bu haqda rimlik notiq Kvintilion shunday deydi: «Sen shunday gapirki, sendan har bir kishi tushuncha olsin».
Fikrni qisqa, lo‘nda qilib ifodalash hozirgi vaqtda ham og‘-zaki va yozma nutqning muvaffaqiyati hisoblanadi. Bu haqda A.P.Chexov: «Qisqalik - iste’dodning singlisi», - deganida tamoman haq edi. Notiqlik san’atining muvaffaqiyatida notiqning tabiiy qobiliyati, ta’sirchanligi, hayotiy idroki, chuqur sezgirligi muhim o‘rin tutadi. Lekin hamma vaqt notiqning tug‘ma qobiliyatigina emas, balki birinchi navbatda uning mehnatini ham hisobga olish lozim. Rimlik mashhur notiq Sitseron: «Kishi shoir bo‘lib tug‘iladi, notiq bo‘lib yetishadi», deb bejiz ta’kid-lamagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |