Mutaxassislar 2018-yilning dekabr oyida Yer yuzi aholisi 7,67 mlrd. kishiga yetganliginie’lon qilishdi. Aholi ko‘payib borgani sayin uni oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, turarjoy bilan ta’minlash masalasi har bir davlat siyosatining asosiy vazifalaridan biriga aylanaveradi.
Londonda joylashgan «Institution of Mechanical Engineers» (IME) o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, Yer yuzida yiliga 4 mlrd. tonna oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ularning aksariyati turli qishloq xo‘jaligi ekinlaridan olinadi. Ekspertlar hisoblab chiqishdi: bugungi kunda qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan hosilning deyarli 30-50 foizi (1,2-2 mlrd. tonna) turli sabablarga ko‘ra yo‘qotilmoqda. Jumladan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tahlilchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, Yer yuzida yetishtiriladigan donli ekinlarning 5 foizga yaqin qismi turli zararkunandalar oqibatida boy beriladi, bu ko‘rsatkich turli davlatlarda turlicha ko‘rinishda namoyon bo‘ladi, masalan, Misrda — 25-50 foiz, Polsha, Bolgariya, Germaniyada 5-14 foiz, Hindistonda 15 mln. tonna, Ukrainada 3,5-4,5 mln. tonnaga yetadi.
Qolaversa, qurg‘oqchilik, yovvoyi o‘simliklar va boshqa omillarni ham keltirish mumkin. Ularning ta’sirini qo‘shib hisoblaganda yo‘qotiladigan hosil miqdori yanada ortadi. Birgina Rossiya Federatsiyasida yovvoyi o‘simliklar ta’sirida 20 foizga yaqin hosil yo‘q bo‘ladi. Yuqoridagi omillarni hisobga olganda aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash masalasida muammolar yuzaga keladi. FAO tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Yer yuzidagi har yettinchi odam ochlikdan qiynalyapti. BMTning 2017-yilgi ma’lumotida Nigeriya, Janubiy Sudan, Yaman va Somali kabi davlatlardagi 20 mln. kishining ochlikdan halok bo‘lish xavfi borligi aytiladi. Hatto O‘zbekistonda ham 2 mln. nafarga yaqin inson (aholining 5,8 foizi) to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda.
Yuqoridagi sabab va omillar soha mutaxassislari oldiga aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, buning uchun zarur o‘simlik navlari (ayni vaqtda yer yuzi aholi iste’mol qiladigan oziq-ovqatning 80 foizi 12 turdagi o‘simlikdan olinadi) va hayvon zotlarini yaratish, ularni yetishtirish biotexnologiyasini mukammallashtirish talabini qo‘ymoqda.
Ko‘pchilik biolog, ekolog, seleksioner va genetik mutaxassislar ushbu muammoni hal etishda turli begona o‘tlarga, zararkunandalarga, kimyoviy moddalar, qurg‘oqchilik, sovuq va boshqa cheklovchi omillarga bardoshli o‘simlik navlari va hayvon zotlarini yaratish, tabiiy seleksiya yo‘li bilan yaratish imkoni bo‘lmagan hollarda ularning genlarini modifikatsiya qilish orqali yaratishni mazkur muammoning yechimi sifatida ko‘rsatadilar.
O‘quvchilarga yanada tushunarli bo‘lishi uchun qo‘shimcha tushuntirishlar berishga harakat qilaman. Tabiiy seleksiya yo‘li degani tabiiy ravishda chatishtirish yo‘li bilan olinadigan o‘simlik navlari va hayvon zotlari olinishiga aytiladi. Masalan, o‘zbek olimlari tomonidan vilt kasalligiga chidamli «Toshkent 1», «Toshkent 2» kabi g‘o‘za navlari oddiy g‘o‘za navlarini yovvoyi g‘o‘za bilan chatishtirish orqali olingan. Yoki bug‘doyning qiltiriqsiz, qurg‘oqchilikka chidamli navlari, sersut Qozog‘iston oqboshi, go‘sht yo‘nalishida boqiladigan Shvits, Santa-Gertruda kabi qoramol zotlari, ko‘p tuxum qo‘yadigan rus oq tovug‘i, Zagorsk kabi zotlar ham ana shunday turdoshlarni o‘zaro chatishtirish orqali olinadi. Lekin organizmlar xromosomasining turlicha sonda bo‘lishi turlararo chatishtirish imkonini bermaydi. Masalan, siz hech qachon uzum bilan olmani chatishtirib yangi olma yoki uzum navini hosil qila olmaysiz, bunga ularning xromosomalar soni turlicha ekanligi yo‘l bermaydi. Yoki baliq bilan qoramol yoki itlarni ham chatirishtirib yangi zot yaratib bo‘lmaydi. Genetikaning fundamental qonunlari bunga imkon bermaydi. Ayni vaqtda ilm-fanning rivojlanishi ana shunday muammolarni bartaraf etish, o‘zaro chatisha olmaydigan uzoq turlarni o‘zaro chatishtirish, ularning genlarini o‘zaro almashtirish imkonini bermoqda.
Xo‘sh bu jarayon qanday sodir bo‘ladi? Keling, buni sizga nazariy bir misol bilan tushuntirib berishga harakat qilaman.
GMO nima va u qanday hosil qilinadi?
GMO bu geni modifikatsiyalangan (o‘zgartirilgan) organizm bo‘lib, bakteriya, o‘simlik yoki hayvon organizmining qaysidir xususiyati genetik injeneriya usuli yordamida organizmga begona organizm genini kiritish yo‘li bilan o‘zgartiriladi. Bunday jarayonlar aslida tabiatda tabiiy holatda ham uchraydi, bu holatga transformatsiya yoki genlarning gorizontal ko‘chishi deb ataladi. GMO da esa ushbu jarayon odam tomonidan ko‘zlangan maqsad asosida hosil qilinadi.
GMOning qanday yaratilishini nazariy misol orqali tushuntiradigan bo‘lsak, tasavvur qiling, kundalik taom tayyorlashda ishlatadigan oshpiyoz, odatda -1oC da muzlab qoladi va uni muzlagandan keyin o‘z holiga qaytarib bo‘lmaydi. Uni endi ovqatga ishlatib bo‘lmasligini hamma uy bekalari juda yaxshi bilishadi, shu bois piyozlarni muzlab qolishdan saqlash choralari ko‘riladi. Chunki piyozning hujayralarida uning sovuqqa chidamliligi -1 darajagacha xolos deb belgilab qo‘yilgan. Uning genlariga xuddi ana shunday yozib qo‘yilgan. Xuddi mana shu piyozni -10 darajada ham muzlamaydigan qilishning imkoni bormi? Hozirgi genetik injeneriya bunga imkon beradi, qanday qilib? Masalan, Antarktidada yashovchi X baliq -8-9 oC sovuqda ham faol harakatlanib yuraveradi, ya’ni uning geniga baliq organizmi shu sovuq darajagacha chiday olishi yozib qo‘yilgan deylik. Olimlarning oldiga vazifa qo‘yiladi: baliqning o‘sha xususiyatini piyozga ko‘chirib o‘tkazish! Bu quyidagi 4 ta bosqichdan iborat:
Avvalo piyozning qaysi geni uning sovuqqa chidamliligini belgilashi qidirib topiladi. Xuddi shunday — X baliqning ham o‘sha geni qidirib topiladi va o‘sha genning o‘zi laboratoriya sharoitida baliq hujayrasidan ajratib olinadi.
Baliqdan ajratib olingan gen piyoz geniga kiritilishi uchun maxsus vektor konstruksiya deb nomlanuvchi jarayon tashkillashtiriladi. Bunda genni tashish uchun turli plazmidlar deb nomlanuvchi genetik strukturalardan foydalaniladi. Kerakli genni odamning o‘zi piyoz hujayrasidagi genga shundoqqina ko‘chib o‘tkazib qo‘ya olmaydi. Maxsus plazmidga kerakli gen biriktiriladi, plazmid esa uni bakteriya yoki virus yordamida hujayra ichiga olib kiradi.
Piyozning bitta hujayrasidagi sovuqqa chidamlilik geni maxsus usulda olib tashlanadi. Endi avvaldan yaratilgan vektor konstruksiya baliq genini piyoz hujayrasiga kiritadi va belgilangan joyga ulab qo‘yadi. Natijada piyozning ilgari -1 darajaga chidaydigan geni o‘rniga baliqning -8-9 darajaga chidaydigan geni oladi. Baliqning boshqa hech qanday xususiyati o‘tmaydi, hech qanday! Faqatgina sovuqqa chidamlilik genigina ko‘chib o‘tadi xolos. Shunday usulda hosil qilingan hujayra transgen hujayra deyiladi.
Mana endi o‘sha transgen hujayradan maxsus ozuqa muhitida biz bilgan butun piyoz o‘simligi hosil qilinadi. Uning ko‘rinishi, hidi, mazasi va boshqa hamma xususiyatlari avvalgi piyozning o‘zi, chunki boshqa genlariga tegilmagan. Lekin endi bu piyozimiz tabiiy sharoitda -8-9 darajali sovuqda qolib ketsa ham muzlab qolmaydi. Mana shunday yaratilgan piyozga biz transgen piyoz yoki geni modifikatsiyalangan organizm (GMO) deb ataymiz. Ushbu piyoz ko‘paytirilib, laboratoriya sharoitida qayta-qayta tekshiriladi va shundan keyin bozorga chiqariladi.
GMOning afzalliklari
Ayni vaqtda xuddi mana shunday usulda hosil qilingan juda ko‘plab transgen o‘simlik va hayvon turlari mavjud. Ularning zararkunandalarga, qurg‘oqchilikka, turli salbiy tabiiy va antropogen omillarga chidamliligi tufayli yildan-yilga yo‘qotiladigan oziq-ovqat mahsulotlari miqdori kamayib bormoqda. Jumladan, 2014-yilda o‘tkazilgan 147 ta metaanaliz tadqiqotlarining natijalariga ko‘ra, butun dunyoda qishloq xo‘jaligi ekinlari orasidagi GMO hosildorligining zararkunandalar tufayli yo‘qotilishi oddiy o‘simliklarnikiga qaraganda 21,6 foizga past bo‘lgan, shu tufayli pestitsidlarga 36,9 foiz kam xarajat ketdi. Umumiy chiqim 39,2 foizga oz, kirim esa 68,2 foizga yuqori bo‘lgan.
GMO mahsulotlarining eng muhim xususiyatlaridan yana biri ularni yetishtirish oson, arzon va qulay. Shu bilan birga GMO o‘simlik mahsulotlarini boshqa o‘simliklarga qaraganda yilning istalgan vaqtida topish imkoni mavjud. Shu birga GMO mahsulotlari nisbatan arzonligi, ularni saqlashda maxsus talablar mavjud emasligi bilan ham ajralib turadi.
Ko‘pchilik GMO deganda faqatgina yeyiladigan mahsulotlarni ko‘z o‘ngiga keltiradi, aslida GMO faqat oziq-ovqat uchun ishlatilmaydi. Ular ilmiy tadqiqotlarda, tibbiyotda, farmatsevtika sanoatida, qishloq xo‘jaligida, atrof-muhitni tozalashda ham qo‘llaniladi.
Ilmiy tadqiqotlarda esa GMO organizmlardan ko‘plab kasalliklar qanday yuzaga kelishini aniqlashda keng foydalaniladi. Jumladan, Alsgeymer, saraton kabi kasalliklarning qanday yuzaga kelishi aynan ana shunday organizmlarda o‘rganish asosida aniqlandi.
Ayni vaqtdagi rasmiy statistikaga ko‘ra, Yer yuzida 415 mln. kishi qandli diabet kasalligi bilan og‘riydi. 2040-yilga borib, ularning soni 642 mln. nafarga yetishi aytiladi. Mana shu kasallarning ko‘pi kuniga insulin qabul qilishga majbur, aks holda ahvoli tezda yomonlashadi. Xo‘sh, shuncha bemorga insulin qanday yetkazib beriladi deb o‘ylaysiz? Dastlab bu gormon buqa va cho‘chqa oshqozon osti bezidan ajratib olib tayyorlangan, lekin bu usulni sanoat miqyosida qo‘llab bo‘lmaydi. Hozirda aynan insulin gormonining geni maxsus bakteriyalar genomiga kiritilib GMO bakteriyalar hosil qilingan. Ular o‘z faoliyati natijasida insulin hosil qiladi. Mana shu bakteriyalar 415 mln. aholining salomatligini bir maromda ushlab turish uchun xizmat qilmoqda.
Qonning qon tomirlari ichida ivib qolishi natijasida yuzaga keladigan tromboz kasalligini davolashda qo‘llaniladigan dori preparatlari ham aynan GMO echkilar suti tarkibidagi oqsil asosida yaratilgan.
Ayni vaqtda 33 turdagi transgen o‘simliklar (GMO) odamlar tomonidan oziq-ovqat sifatida keng qo‘llanilmoqda: kartoshka, papayya, oshqovoq, baqlajon, olma, makkajo‘xori, soya, loviya, qovun, guruch, pomidor, shirin qalampir, bug‘doy, qand lavlagi, raps va boshqalar.
GMO qonunan ruxsat etilgan va taqiqlangan mamlakatlar
GMO zararli emas!
Men ilm-fan olamining vakili sifatida faqatgina ilmiy asoslangan faktlargagina ishonaman. Chunki ilm-fan tajribada isbotlab berilgan dalillargina asoslanadi. Boshqalarga ham mana shunday ishonchli manbalardagi dalillar asosida xulosa qilishni tavsiya qilaman.
Ko‘pchilik bilan GMO haqida gaplashganimda shu narsaga amin bo‘lamanki, aksariyat odamlar GMO mahsulotlari odamning genini o‘zgartirishiga, uni yegandan so‘ng qandaydir kasalliklar yuzaga kelishi mumkinligiga, nasliy anomaliyalar yuzaga kelishiga ishonadilar.
Bu qanchalik haqiqat?
Birinchidan, GMO sizning geningizni o‘zgartirish xususiyatiga ega emas, buni genetikaning fundamental qonuniyatlarini bilgan har qanday odam tasdiqlashi mumkin. Bu narsa tajribada isbotlangan. Biz iste’mol qiladigan har bir o‘simlik va hayvon tarkibida u tabiiy bo‘ladimi, GMO bo‘ladimi albatta DNK bo‘ladi. Odam odatda ovqat yeganda o‘zi iste’mol qilgan o‘simlik va hayvon mahsulotlari asosida 0,1-1 g. gacha DNK iste’mol qiladi. Ularning 95 foizi hazm yo‘lida ichakka borguncha alohida nukleotidlargacha parchalanib ketadi. Qolgan 5 foiz DNK o‘rtacha 100-400 nukleotiddan iborat bo‘lib, ichakkacha yetib boradi. Ko‘pchilik mana shu DNK bo‘laklari odam DNK siga transformatsiya bo‘lish ehtimoli mavjudligini aytadi. Xuddi mana shu ehtimollikni olimlar jo‘ja va buzoqlarda tajribada sinab ko‘rganlar. Natijada ovqat tarkibidagi DNK bo‘laklari ichak devoridan qon tomirlariga o‘ta olmasligi ma’lum bo‘ldi. Sichqonlarda o‘tkazilgan tajribalarda ham ayni natijaga erishilgan.
Tajribalarning birortasida GMO mahsulot tarkibidagi DNK bo‘laklari nasldan-naslga o‘tishi kuzatilmagan, ya’ni GMO hech qanaqasiga sizning va avlodlaringizning geningizni o‘zgartirib qo‘ymaydi.
GMO mahsulotlari sizning dasturxoningizga yetib borguncha yuzlab tajribalardan, tekshiruvlardan o‘tadi. Ular xavfsiz, iste’mol qilsa bo‘ladi deyilgandan so‘nggina sotishga ruxsat beriladi. 2013-yilgi ma’lumotga ko‘ra, 36 mamlakatda doimiy ravishda 2833 navdagi turli GMO o‘simliklar yetishtiriladi. Shulardan 1321 xili bevosita odamlar oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash uchun qo‘llanilsa, 918 xilidan qoramollar uchun ozuqa tayyorlanadi.
Agar siz dunyodagi eng nufuzli ilmiy mukofot Nobel mukofoti ekanligiga ishonsangiz, quyidagi ma’lumot sizni befarq qoldirmasa kerak. 2016-yilda mutaxassisligi tibbiyot, fiziologiya, biologiya, kimyo bo‘lgan 131 nafar Nobel mukofoti sohiblari BMT va Grinpis (Xalqaro mustaqil nohukumat ekologiya tashkiloti)ga GMO ga qarshi kurashni to‘xtatish borasidagi xatga imzo chekishdi. Chunki bu olimlar GMO mahsulotlari ayni vaqtda insoniyat uchun naqadar zarur ekanligini o‘z tajribalari davomida isbotlaganlar, ko‘rganlar, bilganlar.
Hozirgacha olimlar tomonidan chop etilgan 1783 ta ilmiy tadqiqot natijalarida GMO mahsulotlarining odam hayoti va salomatligi uchun xavf tug‘dirish ehtimoli mavjud emasligi haqida aytiladi.
Bundan tashqari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) qayd etishicha, genetik modifikatsiyalangan oziq-ovqat mahsulotlari «odam salomatligi uchun xavf tug‘dirmaydi».
GMO ning qanday zararlari mavjud?
GMO mahsulotlaridan, ayniqsa transgen soya bilan yuzaga keladigan ko‘ngilsiz holatlardan biri bu kishilardagi, ayniqsa, yosh bolalardagi allergiya kasalligidir. Olimlar soyaning chidamli va mahsuldor bo‘lishi uchun uning geniga brazil yong‘og‘ining genini ko‘chirib o‘tkazishgan. Natijada soya tarkibida ana shu yong‘oq oqsili sintezlanadi. Agar odamda avvaldan brazil yong‘og‘iga nisbatan allergiya mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bu holat endi soya yoki soya qo‘shilgan boshqa mahsulotlar iste’mol qilinganda ham kuzatiladi. Shu bois oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida GMO qo‘shimchalardan foydalanganlik haqida ko‘rsatish deyarli barcha davlatlar tomonidan majburiy qilib belgilangan.
Xulosa o‘rnida
GMO bu genetik modifikatsiyalangan organizm: bakteriya, o‘simlik yoki hayvon bo‘lib, ularni yaratishdan maqsad avvalo insoniyatning oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, zarur dori-darmon vositalarini ishlab chiqarishdan iborat. Ayni vaqtda butun dunyo GMO borasida ikki guruhga bo‘linib olgan, ularning biri uning beziyon ekanligini isbotlashga urinsa, ikkinchi guruh uning zararli ekanligini ta’kidlaydi. Men yuqoridagi kichik tahliliy maqolada GMO ning ziyon emasligi, bunday organizmlar insoniyatga faqat foyda keltirishi haqida so‘z yuritdim. Biologiya va genetika sohasida bir necha yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan mutaxassis sifatida quyidagi tavsiyalarimni bermoqchiman:
Do‘kondan sotib olayotgan mahsulotingiz yorlig‘idagi «bez GMO» so‘zlariga unchalik e’tibor bermang, chunki bu marketing hiylalaridan biri — mahsulot tarkibidagi GMO miqdorini ko‘rsatuvchi alohida sertifikatsiyadan o‘tmaguncha bunaqa oddiy yorliqlar hech narsani anglatmaydi. Bizda esa hozircha bunday sertifikat berish yo‘lga qo‘yilmagan.
GMO haqida OAV da duch kelgan axborotga ishonib ketavermang. Men yuqoridagi maqolada aksariyat ma’lumotlarning asl manbalariga havola qoldirib ketdim. Agar OAV da GMO haqida ijobiy yoki salbiy fikr bildirilar ekan, albatta u yerda asl manbaga havola bor yoki yo‘qligiga e’tibor bering. Havola oddiy axborot sayti bo‘lmasligi lozim, u yo ilmiy manbaga yoki rasmiy tashkilot saytiga havola qilingan bo‘lishi kerak.
GMO mahsulotlaridan foydalanish tanlovini siz uchun hech kim amalga oshirmasligini yodda tuting. Men yoki boshqa birov GMO haqida ijobiy yoki salbiy fikr bildirishidan qat’i nazar o‘zingiz mustaqil qaror qabul qilishingiz lozimligini unutmang. Bundan avval esa rasmiy ilmiy manbalarga quloq solish foydadan xoli bo‘lmaydi.
GMO to‘g‘risidagi yakuniy xulosam shundan iboratki, transgen organizmlar insoniyatni halokatga yetaklovchi yo‘l emas, u insoniyat og‘irini yengil qilish uchun dunyoning minglab olimlari tomonidan uzoq yillar davomida tinimsiz mehnatlar natijasida yuzaga kelgan ilmiy kashfiyotdir. Uning naqadar foydali yoki zararli ekanligini eng odil hakam vaqtning o‘zi ko‘rsatib beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |