2. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi.
Mustaqillik imkoniyatlarini oldindan payqagan, mamlakat ijtimoiy - siyosiy jarayonlarining borishini toʻgʻri kuzatib, toʻgʻri baholay bilgan Oʻzbekiston ittifoqdoshlari orasida birinchilardan boʻlib, oʻz mustaqilligini eʼlon qildi: 1991 yil 31 avg . kuni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi toʻgʻrisidagi Bayonot Oʻzbekiston hukumatining siyosiy yoʻlini toʻla qonunlashtirib berdi. 1991 yilning avgustida "Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida"gi qonun qabul qilindi va ana shu qonun doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining bundan keyin Oʻzbekiston SSRni Oʻzbekiston Respublikasi deb atash, 1-sentyabrni Mustakillik kuni deb eʼlon qilish, Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, ittifoqning va uning tarkibiga kiradigan barcha mustaqil davlatlarning oliy qonun chiqaruvchi idoralariga, barcha xorijiy davlatlarga va jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, ularni respublikaning davlat mustaqilligi eʼlon qilingan hujjatni tan olishga daʼvat etish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu Oʻzbekiston mustaqilligining dastlabki huquqiy poydevori edi.
"Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida"gi qonun 17 moddadan iborat boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasining asosiy belgilarini aniqlab berdi. Qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi oʻz tarkibidagi Qoraqal-pogʻiston Respublikasi bilan birga mustaqil demokratik davlat deb eʼlon qilindi. Oʻzbek xalqi oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqiga ega boʻldi, xalq davlat hokimiyatining birdanbir sohibi, egasi, xoʻjayini boʻlib qoldi. Oʻzbekiston mustaqilligi respublikada adolatli, demokratik, insonparvar jamiyat qurish uchun yoʻl ochib berdi, oʻz milliy davlatchiligini barpo qilishga imkoniyat yaratdi.
M. tufayli Oʻzbekiston xalqaro miqyosda oʻzini tanitish, ayni chogʻda xalqaro huquq meʼyorlari asosida jahondagi barcha davlatlar bilan teng hamkorlik qilish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Jahon haritasida Oʻzbekiston yangi, yosh mustaqil davlat sifatida oʻz oʻrniga ega boʻldi.
Iqtisodiyotda tub oʻzgarishlar qilish uchun imkoniyat yaratildi. Yaʼni jahon amaliyoti isbotlagan bozor iqtisodiyotiga oʻtish uchun sharoit barpo etildi. Mulkka munosabat tubdan oʻzgarib, jamiyatda yangi mulkdorlar sinfini shakllantirish uchun imkon ochildi.
Mustaqillik xalqning maʼnaviy uygʻonishi uchun toʻla imkoniyat yaratdi. Yurt tarixi, qadimiy madaniyat tiklana boshladi. Xalqining azaliy urf-odatlari, maʼnaviy qadriyatlari unga qaytarib berildi. Dinga munosabat mutlaqo ijobiy tomonga oʻzgardi. Shunday qilib, qoʻlga kiritilgan Mustaqillik oʻzbek xalqi tarixida tamoman yangi davrni boshlab berdi, milliy dunyoqarashda yangicha tafakkur shakllana bordi. Xalq kelajakka ishonch bilan qaray boshladi. Oʻz yurtining toʻla xoʻjayini ekanligini, oʻz taqdirini oʻzi belgilash imkoniyatini qoʻlga kiritganligini his qila boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |