O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI “MUSTAQILLIK DEKLARATSIYASI”NING MAZMUN-MOHIYATI
101-guruh talabasi: Egamberdiyeva Bahora
1990 yil 20 iyunda O’zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan.
Bu hujjatning tarixiy ahamiyati eng avvalo, mamlakatimizning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, erkin tafakkur asosida yashash, fikrlash, milliy va umumbashariy qadriyatlarga tayanib ish ko‘rish kabi jihatlar bilan izohlanadi. Mustaqillik deklaratsiyasida mamlakatimiz hududida asrlar davomida shakllangan davlatchilik, fan-ta’lim va madaniy taraqqiyot borasidagi boy tajriba va an’analari o‘z aksini topgan. Mazkur hujjatning murakkab sharoitlarda qabul qilinishi O’zbekistonning mustaqillikka erishish sari tashlangan qat’iy va muhim qadami bo‘ldi.
Shu ma’noda, Mustaqillik deklaratsiyasi nafaqat huquqiy, balki jamiyat va davlat hayoti hamda O’zbekistonda yashovchi har bir fuqaroning bugungi munosib hayotini va ertangi taqdirini belgilab beruvchi siyosiy hujjatdir.
Mustaqillikning o‘tgan davri mobaynida mamlakat ichki siyosiy tizimida davlat hokimiyati idoralari faoliyati demokratik tartib-qoida
va an’analar asosida qayta tashkil qilindi. Xususan, qonunchilik, ijro va sud hokimiyatlari tashkil topdi. Mamlakatda siyosiy plyuralizmga asoslangan ko‘ppartiyaviylik tizimi shakllantirildi, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugun O’zbekiston xalqaro hamjamiyatning teng va to‘la huquqli a’zosidir. Hozirda O’zbekiston BMT, ShHT, MDH, YeHXT va IHT kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar faoliyatida faol ishtirok etib kelmoqda.
O’zbekistonning tashqi siyosiy faoliyatidagi eng asosiy vazifasi –
davlatimiz suvereniteti va mustaqilligini mustahkamlashdir. Bu borada O’zbekiston izchil tinchlikparvar siyosatini yuritib kelmoqda. Bunday siyosat o‘zaro ochiq va konstruktiv muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillarini hamda mamlakatimiz atrofida “farovonlik kamari”ni yaratish va mustahkamlashni o‘zida aks ettiradi. So‘nggi yillarda O’zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston bilan keng va faol hamkorligi bunga misol bo‘la oladi.
Tarixan mamlakatimiz jahon sivilizatsiyasining strategik muhim nuqtasida joylashgan. Bunday joylashuv asrlar davomida mamlakatimiz xalqida bag‘rikenglik, yuksak ma’naviy qadriyatlar, turli millat va elatlar taqdiriga befarq bo‘lmaslik, aksincha o‘zaro hamkorlikda rivojlanish modelini shakllantirgan.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarda mustaqillikka erishdi. Bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi islohotlar, yangilanishlar va o‘zgarishlarning tub mazmun-mohiyati mamlakat mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan. Xususan, siyosiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyat hayotini demokratlashtirish jarayonini yanada chuqurlashtirish, uning izchilligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Iqtisodiy sohada zamonaviy rivojlanish tendensiyalariga mos raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish, jahon iqtisodiyoti kon’yunkturasiga moslashish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mustaqilligini yanada mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatish mumkin.
Ijtimoiy sohada aholini har tomonlama himoya qilish, xususan, kam ta’minlangan oilalarni muhofaza qilish, bepul tibbiy xizmatdan foydalanish va ta’lim olish masalalarini mamlakatda amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishlari sifatida e’tirof etish mumkin.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, mustaqillik deklaratsiyasining tarixiy ahamiyatini yana bir bor e’tirof etgan holda, uning zamirida mamlakatimizda yashayotgan har bir fuqaro o‘z taqdiriga va mamlakat kelajagiga nisbatan yuksak mas’uliyatni his qilgan holda yondashishi lozimligi g‘oyasi yotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |