Muvaqqat hukumat tarkibiga quyidagi a'zolar saylanadi: 1. M.Tinishpayev — bosh vazir, ichki ishlar vaziri, II-chaqiriq Davlat Dumasining a'zosi, Muvaqqat hukumat Turkiston komitetining a'zosi, muhandis. 2. Islom Sulton Shoahmedov (Shagiaxmedov) — bosh vazir o'rinbosari, Butunrossiya Musulmonlari Kengashi Markaziy Qo'mitasining a'zosi, huquqshunos. 3. Mustafo Cho'qayev — tashqi ishlar vaziri, Turkiston Musulmonlar Sho'rosi Markaziy Qo'mitasining raisi, xuquqshunos. - 4. Ubaydulla Xo'jayev — harbiy vazir, Butunrossiya musulmonlar kengashi MK, a'zosi, xuquqshunos.
- 5. Yurali Agayev — yer va suv boyliklari vaziri, agronom.
- 6. Obidjon Mahmudov — oziq-ovqat vaziri, Qo'qon shahar dumasining rais o'rinbosari, tog'-kon sanoati muhandisi.
- 7. Abdurahmon O'razayev — ichki ishlar vazirining o'rinbosari, xuquqshunos.
- 8. Solomon Abramovich Gersfeld — moliya vaziri, huquqshunos.
- Muvaqqat hukumat tarkibiga 12 a'zo o'rniga 8 kishi saylanganligining sababi yana to'rt kishi — yevropalik aholi vakillari ichidan nomzodlar ko'rsatilgach, qayd etilishi ko'zda tutilgan edi.
- Sovetlarning III O'eka s'yezdi shovinistik qarorlariga qarama-qarshi o'laroq musulmon qurultoyi o'z ishining barcha bosqichlarida chinakam baynalmilalchilik tamoyili, o'lkaning ko'p millatli, shu jumladan yevropalik qismi aholisi manfaatlarini hisobga olishdan kelib chiqdi. Bunday insonparvarlik yondashuvi IV musulmon qurultoyi ochilgan paytdanoq namoyon bo'ldi. Jumladan, Mahmudxo'ja Behbudiy s'yezdning huquqiy asosga egaligi haqidagi nutqida shuni alohida ta'kidladiki, «S'yezdda Turkistonning yevropalik aholisi vakillari ishtirok etayotgani uchun ham s'yezd qarorlari yanada obro'lidir»[1]. M.Behbudiy s'yezd hay'atiga turli musulmon, rus, yahudiy va hokazo guruhlardan vakillar kiritilishini taklif etdi. Undan keyin so'zga chiqqan Qo'qin vakili Obidjon Mahmudov ham «hay'atga saylovlarda viloyat va ayrim diniy hamda milliy guruhlar bo'yicha emas, balki bilimdon va ishchan kishilarni tanlash asosida kirishish» zaruriyati haqida gapirdi[1].
- Mahalliy xalq joylarda ushbu xabarni shodu-hurramlik bilan kutib oldi. S'yezdda hukumat organlari: Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati va Milliy Xalq Majlisi tuzildi. Xalq Majlisi 54 kishidan tashkil topgan bo'lib, 13 o'rin yevropalik millat vakillari uchun ajratildi.
- 1918 yil 10-11 yanvar kunlari Andijonda «Muayyan ul-islom» jamiyati idorasida musulmon jamoat tashkilotlarining s'yezdi bo'lib o'tdi. Delegatlar tomonidan uyezd ma'muriyatidagi barcha shaxslardan Turkiston Muxtoriyati Muavqqat hukumatini tan olganligi haqidagi tilxatni olish uchun s'yezd prezidiumi a'zolaridan maxsus komissiya tuzish haqida taklif bildirildi. Bundan tashqari, Muxtoriyatni qo'llab-quvvatlash va mustahkamlash uchun har bir volostdan vakillarni jalb etgan holda xalq milisiyasini tashkil qilish haqida qaror qilindi.
- Biroq, hujjatli ma'lumotlarga ko'ra, Turkiston Muxtoriyatining tashkil topishi va uning o'lka mahalliy aholisi manfaatlariga mos tushuvchi siyosati bolsheviklar tomonidan salbiy tarzda kutib olindi. Voqealar rivoji Qo'qonda tuzilgan Muxtor hukumatning 1918 yilning fevral oyida qonga botirilishi bilan xotima topdi. 18 fevraldan 19 fevralga o'tar kechasi Turkiston Xalq Komissarlari Soveti tomonidan yuborilgan 11 eshelon harbiy qismlar Qo'qonga yetib keldi. Otliq askarlar, artilleriya va piyoda qismlari bilan birga harbiy komissar YE. O. Perfilyev ham keldi. Tish tirnog'i bilan qurollangan bolsheviklar qo'shini Turkiston Muxtoriyatini zo'rlik bilan tor-mor qildi.
- Turkistonda «buyuk oktabr inqilobi»dan keyingi sodir bo'lgan voqealar jarayoni shuni ko'rsatadiki, markaziy sovet hukumati o'lka xalqlariga nafaqat mustaqillik, xatto milliy muxtoriyatni ham ravo qurishni istamadi. To'g'ri, bu achchiq xaqiqatni dastavval barcha Turkiston xalqlari tushunib yetmadi. Buni faqat milliy vatanparvarlar, jadidlar, ayrim rahbar xodimlargina tasavvur qilolgan edilar. Bolsheviklarning makkorona siyosatiga ishonib, uning tarafdori bo'lgan yoki unga xayrixox bo'lganlar ham oz emas edi. Ular Turkistonda mavjud bo'lgan zavod va korxonalarda yevropalik ishchilar bilan yonma-yon ishlagan, ularning ta'siriga berilgan mahalliy aholi vakillaridan bo'lgan ishchilar, shaharlarda oilasini boqish uchun sarson bo'lib ish qidirib yurgan ishsizlar (mardikorlar), qishloqlarda yersiz bo'lib, chorikorlik, mardikorlik qilib kun kechirib yurgan kambag'al dexqonlarning bir qismini tashkil qilar edi.
- Turkiston Muxtoriyati hukumatining tor-mor etilishi va shundan keyin mahalliy aholiga qarshi jazo kompaniyasining avj olishi, vodiyda istiqlolchilik harakatining kelib chiqishiga, Vatan va millatning, avvalo Farg'onaning asl farzandlarini erk va ozodlik uchun qo'llariga qurol olishga majbur etdi.
- Istiqlolchilik harakati «Turkiston Muxtoriyati hukumatining tor-mor qilinishi bilan boshlanganligi» deyarli barcha tarixchilarning asarlarida e'tirof qilinadi. Aslini olganda, muxtoriyat hukumati ag'darib tashlanmaganida ham yoki bu hukumat hatto mutlaqo bo'lmaganida ham istiqlolchilik harakatining vujudga kelishi tabiiy bir xol edi. Zotan, bu davrda Turkistonda vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy vaziyat istiqlolchilik harakatining boshlanishini muqarrar qilib qo'ygan edi. Chunki Turkistonda istiqlolchilik harakatining boshlanishi uchun muxtoriyatning tor-mor qilinishi bilan birga boshqa bir qator jiddiy sabablar ham mavjud edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |