Xo‘sh, AQSH-Xitoy savdo urushining bizga nima aloqasi bor? Nima uchun biz u haqida ham bosh qotirishimiz yoki xavotirlanishimiz kerak?
AQSHning o‘z bozoriga eksport qilinayotgan xitoy mahsulotlariga nisbatan 200 milliard dollarlik qo‘shimcha bojlarni kiritishi Xitoyni qo‘rqitib yubordi va ikkala taraf ham 2018-yil dekabr oyida 90 kun ichida muammoni hal qilishga kelishishdi. Bunga Xitoy bozori bilan allaqachon kuchli tarzda integratsiyalashib bo‘lgan AQSH bozoridagi turg‘unlik ham turtki bo‘lgani aniq. Chunki 2019-yil boshidan dunyo mamlakatlari iqtisodiyotining o‘sishi ikki gegemon o‘rtasidagi savdo urushi natijasida sekinlashayapti, bundan esa jahon bozorlaridagi aksiyalar jabr ko‘rishni boshladi.
AQSH va Xitoy barcha masalalarni 100 kun ichida hal etish uchun o‘tgan yil oxirida bir qarorga kelgan bo‘lsa-da, bu murakkab iqtisodiy masalalarni tezlik bilan hal etish qiyinligi aniq. Mana, 2019-yil 1-martga belgilangan muddat poyoniga yetsa-da, hali aniq yechim ko‘ringani yo‘q. Shuning uchun taraflarning ushbu muddatni yana bir oyga uzaytirgan holda muzokaralarni davom ettirishini e’lon qilishi ajablanarli holat emas.
Bu holat O‘rta Osiyo davlatlariga ham taalluqli. Chunki Xitoy bizdan tabiiy gaz, neft va boshqa mahsulotlarni xarid qiladi. Agar Xitoyning AQSH bilan savdo urushi to‘xtamasa, bu o‘z-o‘zidan mamlakatda ishlab chiqarish sekinlashuvini bildiradi. Chunki Xitoy va AQSH savdo aylanmasi 600 milliard dollar bo‘lib, har yili Xitoy AQSH bozoriga qiymati 400 milliard dollardan ziyod mahsulotni eksport qiladi. Ya’ni AQSH Xitoy uchun dunyodagi eng katta bozor. Boshqa tarafdan Xitoy bizning ham eng katta savdo sheriklarimizdan hisoblanadi. Shunday ekan, AQSH bilan davom etayotgan savdo urushidan jiddiy zarar ko‘radigan Xitoy O‘rta Osiyo mamlakatlaridan mahsulot import qilishni kamaytirishi, xarid narxlarni pastlatishi yoki umuman to‘xtatishi mumkin
Yaqin Sharq va Uzoq Sharq
Eron va Turkiya iqtisodiyotida ham ahvol maqtaladigan darajada emas. AQSH hukumati Eron bilan tuzilgan oltitaraflama yadroviy bitimdan chiqdi va Yevropa ittifoqini ham qiyin ahvolga solib quydi. Eronga nisbatan sanksiyalar qaytadan joriy etildi. Bu esa Eron iqtisodiyoti uchun jiddiy zarba bo‘ladi. Turkiya hukumati esa o‘sib borayotgan tashqi qarz, muhojirlar tufayli yuzaga kelayotgan ichki notinchlik va iqtisodiy holatning yomonlashuvi kabi katta muammolar qarshisida turibdi. Bu Turkiyaning yaqin muddatda xorijga juda katta miqdorda investitsiya kiritishi qiyinligini, ichki bozorining esa xarid qobiliyati keskin oshmasligini bildiradi. Garchi Turkiya bilan aloqalarimiz qaytadan normallashgan bo‘lsa-da, ichki muammolardan qiynalayotgan turklardan juda katta investitsiyani kutish qiyin. Erkin savdo sohasida esa ancha imkoniyatlar bor va o‘tgan yili Turkiyaning bizda yetishtirilgan achchiq qalampirlarni millionlab dollarga sotib olishi bunga yorqin misol. Aytish joizki, turklar jon deb biz bilan erkin savdoga doir xalqaro bitim tuzishlari mumkin, faqat bunda ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatini yaxshilab o‘ylab qadam qo‘yish kerak. Bu masalada Iordaniya va Turkiya o‘rtasida tuzilgan erkin savdo bitimi muammolarini esga olish kifoya.