2. Investitsiya jarayonining mazmun-mohiyati. Investitsiyalash maqsadlari va yo’nalishlari
Ma’lumki, investitsiya jarayoni investitsiyalashda hodisa, holatlarning birin-ketin almashinuvini, foyda olish yoki boshqa ijobiy natijaga erishish uchun bo’ladigan ketma-ket harakatlarning majmuini anglatadi. Shu bilan birga, investitsiya jarayonining bosh nuqtasi qaerdan yoki nimadan boshlanadi? Yoki qaerdan «start» oladi? Biz, ko’pchilik iqtisodchilarning investitsiyalashning asosini jamg’armalar tashkil qiladi, degan fikriga qo’shilamiz. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, investitsiya jarayonining bosh nuqtasini jamg’arma tashkil qiladi. Bundan ko’rinadiki, investitsiya jarayonini amalga oshirish uchun jamg’armalar bo’lishi talab etiladi. Jamg’armaning mavjud emasligi investitsiyalashni yo’qqa chiqaradi va investitsiyalash to’g’risida so’z yuritishning hojati ham bo’lmaydi. Demak, investitsiya jarayonini tushunishda resurslarni jamg’arish jarayonini ham birga olib qarash uning mohiyatini yanada oydinlashtiradi. Chunki, investitsiya qilishdan oldin resurslarni jamg’arish zarur bo’ladi. Bir vaqtning o’zida, bozor munosabatlarining rivojlanishi bilan xo’jalik sub’ektlari o’rtasidagi kapitalning oqimi tezlashadi va bu jarayonda bir xo’jalik sub’ektning resurslarni jamg’arishi boshqalari uchun investitsiya qo’yishdan iborat bo’ladi, ya’ni Xasanning daromadi, Xusanning xarajati bo’ladi. Masalan, xo’jaliklar, ko’p hollarda, investitsiya qo’yish uchun o’z mablag’lari etmaganda qimmatli qog’ozlar chiqaradilar. Bu jarayon ular uchun resurslarni jamg’arishdir, ammo qimmatli qog’ozlarni sotib oluvchilar uchun investitsiya qilishdir. Bu holat investitsiya jarayoniga investorlarning resurslarni jamg’arish va ularni qo’yish bilan bog’liq harakatlari majmuasi, deb qarashga asos bo’ladi.
Investitsiyalarning g’oyat bir muhim tomoni shundaki, ular multiplikatsion1 samaraga (hodisaga) sababchi bo’ladi. Keynschilik multiplikator kontseptsiyasiga ko’ra, investitsiya, iste’mol va milliy daromad o’rtasida barqaror bog’liqlik mavjud – investitsiyaga qilingan har bir xarajat boshlang’ich daromadlarga aylanadi, bu daromadlar yana xarajat qilinadi va yana boshqalarning daromadlariga aylanadi va jarayon shu tarzda davom etadi (Xasanning sarf-xarajati, Xusanning daromadi bo’ladi), bu, o’z navbatida, bandlik va ishlab chiqarish hajmining o’sishini ta’minlab beradi.
Bir vaqtning o’zida multiplikatsion jarayon investitsiya resurslarini harakatga keltirib, ishlab chiqarish faolligini kengaytiradi, ilgariga qaraganda ko’proq mahsulot, daromad yaratiladi. Ular yana qaytadan iste’mol qilinadi va investitsiyaga ajratiladi. Shunday tarzda ilgariga qaraganda ko’proq daromadning investitsiyaga aylanishi ishlab chiqarishning uzluksiz kengayib borishini ta’minlaydi. Bunda investitsiya beradigan daromad bank foizidan kam bo’lmasligi zarur, aks holda, pulni investitsiya qilgandan ko’ra jamg’arish qulay bo’ladi.
Investitsiya qilib olingan daromad darajasini ifodalash uchun multiplikator koeffitsienti ko’rsatkichi qo’llaniladi. Mazkur ko’rsatkich daromad o’sishi bilan investitsiya o’sishi o’rtasidagi bog’lanishni ifodalaydi, ya’ni investitsiya evaziga olingan daromad pasaysa, investitsiya faolligi ham susayadi.
Daromad o’sishining investitsiyaga ta’sir doirasini ko’rsatish maqsadida iqtisodchilar akselerator tushunchasini kiritishgan. Akselerator2 – investitsiyalar o’sishining milliy daromadga nisbatini ifodalovchi koeffitsient bo’lib, u joriy yildagi investitsiya o’sishining o’tgan yilgi milliy daromad o’sishiga nisbati tarzida aniqlanadi. U daromadning o’sishining investitsiya o’sishiga ta’sirini ko’rsatadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, investitsiya jarayonining mohiyatini yoritganda uni jamg’arish (resurlar), qo’yish (xarajatlar) va foyda (daromad) olishdan iborat dinamik jarayonda olib qarash lozim. Investitsiya jarayonining asosida investitsiyadagi ketma-ketlik, ya’ni resurslar (jamg’arish) – investitsiya qo’yish (xarajatlar) – foyda (daromad) olish yoki ijtimoiy samaraga erishi ketma-ketligi yotishi kerak (2.1-rasm). Ammo, bu erda shu narsani e’tiborga olish lozimki, daromad investitsiya jarayonida emas, balki ishlab chiqarish jarayonida yaratiladi. Yaratilgan daromadning bir qismi iste’mol qilinadi, qolgani jamg’ariladi.
1-rasm. Investitsiya jarayoni
Investitsiya jarayoni tadbirkorlik va boshqa faoliyat turlarini tashkil etish uchun mol-mulklarning kapitallashuvini ta’minlash maqsadida investorlarning resurslarni jamg’arish va ularni turli shaklda qo’yish bilan bog’liq harakatlari yig’indisi, deb tushunilishi kerak. Bu jarayon jamg’arish (resurslar) – investitsiya qo’yish (xarajatlar) – mol-mulk kapitallashuvi – iqtisodiy yoki ijtimoiy samara ketma-ketligidan iborat bo’ladi. Albatta, bu holatda pul shaklida qo’yilgan investitsiyalar mol-mulk kapitallashuvini anglatmaydiku?, degan savol tug’ilishi mumkin. Shuni alohida qayd qilish lozimki, investitsiya jarayonining natijasida pul mablag’lari, oxir-oqibatda, kapital mol-mulklarning kapitallashuviga olib keladi. Chunki, investitsiya qo’yishdan maqsad daromad olish ekan, faqatgina mol-mulklarning kapitallashuvigina daromad olish uchun sharoit yaratadi. Shuning uchun ham pul mablag’lari, aktsiya, obligatsiya va boshqa moliyaviy shaklda investitsiya qilishdan maqsad mol-mulklarning kapitallashuvini ta’minlash, ularni yangilash va zamonaviylashtirishdan iborat.
Umumlashtiradigan bo’lsak, resurslar, ularni qo’yish va bu jarayon natijasida foyda (daromad) olish bir-biri bilan uzviy bog’langan bo’lib, investitsiya qilishdan oldin resurslar jamg’ariladi, so’ng ular foyda (daromad) yoki ijtimoiy samara olish maqsadida iqtisodiy va boshqa faoliyat ob’ektlariga joylashtiriladi. Resurslarsiz qo’yish jarayoni bo’lmaydi, resurslar qo’yilmas ekan foyda (daromad) yoki ijtimoiy samara olish ham mumkin emas va shuningdek, resurslar qanday turda bo’lishidan qat’iy nazar ularning manbai daromaddir.
Demak, yuqorida aytib o’tilganidek, resurslar (jamg’arish) – investitsiyalashning bosh nuqtasidir. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, shakllaridan qat’iy nazar investitsiyalar kapitalni (resurslarni) jamg’arish jarayonining natijasi hisoblanadi. Jamg’arish investitsiya qo’yishning asosi bo’lib, u qo’yiladigan investitsiyalarning hajmini ham belgilab beradi.
Fikrimizcha, investitsiya faoliyatida investitsiyalarning ketma-ketligi va ularning o’zgaruvchanligi, ya’ni resurslar (qiymatliklar) – qo’yish (xarajatlar) va investitsiya natijasida samara (foyda, daromad) olish yotishi kerak. Agar samara olinmasa investitsiyalashga rag’bat ham bo’lmaydi.
Investitsiyalashning bosh bosqichlari quyidagilar bo’ladi: resurslarni kapital qo’yilmalarga aylantirish (resurslarning kapitallashuvi), ya’ni bunda investitsiyalar investitsiya faoliyatining aniq ob’ektlariga transformatsiyasi jarayoni yuz beradi; qo’yilgan mablag’larning kapital qiymati o’sishiga aylanishi (ekspluatatsiyaga berilgan ob’ektlar va ishlab chiqarish quvvatlari shaklida); kapital qiymatining daromad (foyda) shaklida o’sishi, ya’ni investitsiyalashning oxirgi (so’nggi) maqsadi amalga oshiriladi.
Shunday qilib, investitsiyalarning bosh va oxirgi nuqtalari tutashadi. Bunda yana ketma-ketlik, bir-biri bilan yangi aloqa shakllanib: daromad (foyda) – resurslar – oxirgi natija, ya’ni jamg’arish jarayoni takrorlanadi. Demak, investitsiya faoliyatining mohiyatini tushunishda jamg’arish (resurslar), investitsiya qo’yish va ularning kapitallashuvi jarayonlarini ham birga olib qarash lozim.
Investitsiya faoliyati investitsiyalash va investitsiyalarni, mulkni ko’paytirishning asosi hisoblanadi, chunki aynan ana shu faoliyatda investitsiya bir ko’rinishdan ikkinchi ko’rinishga o’tadi, ya’ni jamg’armalar (resurslar), qo’yilmalar (xarajatlar), kapital mulk (tayyor mahsulot), iqtisodiy yoki ijtimoiy samara (daromad, foyda) va kapitalni o’stirish (jamg’arma) shaklini oladi.
Investitsiya jarayoni bilan investitsiya faoliyatining farqi shundaki, investitsiya jarayoni maqsadli, maqsadli harakatni namoyon etmaydi, balki, umumiy hatti-harakatlarni ifoda etadi va mujassamlashtiradi. Investitsiya faoliyati aniq maqsadga asoslangan bo’lib, maqsadlarning turlariga qarab, turlicha yo’nalish, xususiyat, natija va samaraga ega bo’ladi. Investitsiya faoliyati biznes-g’oyalarni yaratish, ishlab chiqish, ular asosida investitsiya loyihalarini asoslash, investitsiya loyihalarini amalga oshirishning moddiy-texnik, moliyaviy va boshqa asoslarini aniqlash va ta’minlash va shuning asosida investor xarajatlari qoplanishi, mulkning yanada ko’payshiga erishish hamda bu jarayonda ma’lum sub’ektlar ishtirokini ta’minlash harakatlari va imkoniyatlarini aks ettiradi. Shu jihatdan investitsiya faoliyati investitsiya jarayoniga nisbatan kengroq tushuncha hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |