Nutqning shakllanishi
Hayvonot olamida insonlarning alohida o’rin tutishi nutqqa va ongga bog’liq. Og’zaki va yozma nutq faqat odamga xos ikkinchi signal tizimining zaminidir.
Ontogenezda nutqning rivojlanishi uni ta’minlovchi tuzilmalarning funksional yetilishidan ko’ra ko’proq ijtimoiy omillarga bog’liq.Bola nutqining shakllanishi asosan hayotining 2-3-yilidan boshlanadi. Bir yoshgacha ularda nutq rivojlanishining tayyorlovchi bosqichi kuzatiladi. Qichqirish, yig’lash nutqqa tayyorlovchi shakllar bo’lib, bola ulardan ma’lum noqulaylik sezganda (tagi ho’l bo’lganda, qorni ochganda) foydalanadi. 2-3 oylik bola “gu-gu” lab, ayrim qisqa tovushlar chiqaradi. 4-5 oylik bolalardan ikki-uch xarfdan iborat so’zlarni eshitish mumkin. Hayotining ikkinchi yarim yilida bola kattalar gapini tushuna boshlaydi. 7-8 oylik bola kattalar nutqidagi tovushlarni takrorlay oladi, 9-10 oyda kattalar ketidan yangi bo’g’inlarni takrorlaydi. Bir yoshga to’lgan bola o’nga yaqin oddiy va soddalashtirilgan so’zlarni gapiradi. 1-1,5 yashar bolaning so’z zahirasi 10-20 ta so’zni tashkil qilib, faqat otlardan iborat bo’ladi. So’z zahirasi kengayishi natijasida 1,5-2 yashar bola so’zlarni kalta gaplarga birlashtiradi. Ikki yashar bola 200 ga yaqin so’zni o’zlashtirgan bo’ladi. Bu so’zlar tarkibiga endi faqat otlar emas, sifat va fe’llar ham kiradi. 2-3 yashar bolalar tilning grammatikasidan foydalana boshlaydilar. Endi bola tuzgan gaplar ko’p so’zlardan iborat bo’ladi. Uch yoshga borib bola nutqining shakllanishi deyarli tugaydi. Keyingi yillarda bola o’z fikrini to’g’ri grammatik holda bayon etishni o’rganadi. Qizlar o’g’il bolalarga nisbatan ertaroq gapira va o’qiy boshlaydilar. Qizlar o’qishni o’rganishda kamroq qiynaladilar. O’qishni o’rgana olmaydigan o’g’il bolalar soni bunday qiz bolalar sonidan 4 marta ko’p. Insoniyat – ijtimoiy hodisa. Insonlar uchun o’zaro muloqot, axborot almashinuvi juda muhim. Bunga imkoniyat bo’lmasa, bola insonlardan ajratilsa, uning nutqi rivojlanmaydi, u shaxs sifatida shakllanmaydi. Bola odamlar orasida o’sib, tengdoshlari bilan muloqotda bo’lgan holdagina miyaning nutqqa dahldor sohalarining tuzilishi va faoliyat ko’rsatish darajasi yetarli bo’ladi. Biron-bir tadqiqotchi bolani jamiyatdan ajratib o’stirishni hayoliga ham keltirmagan. Ammo bunday g’ayritabiiy hodisalar hayotda uchrab turadi. Bunga misol qilib 1970-yil Kaliforniyada topilgan Jini degan qizaloq tarixini keltirish mumkin. Jamoatchilik e’tiboriga tushganida u 13 yoshda edi. 20 oyligidan to topilgunicha Jinini ruhiy kasallikka duchor bo’lgan otasi juda kichik bir xonaga qamagan. Maxsus moslamalar yordamida qizchani kursiga shunday bog’laganki, u faqat qo’l va oyoq kaftlarini harakatlantira olgan. Ko’zi ojiz onasini esa qizini oldiga kiritmagan. 13 yil davomida qiz bironta odam bilan muloqotda bo’lmagan. Ovqati faqat sut va kichkina bolalarga beriladigan sutli aralashmalardan iborat bo’lgan.
13 yoshida qizning vazni 23 kg edi (oddiy sharoitda yashagan 7 yashar bolaning vazniga teng). U qo’l-oyoqlarini yoza olmas, chaynashni bilmas edi, to’g’ri ichagi va qovug’i faoliyatini ixtiyoriy ravishda boshqara olmas edi. Jini biron bir so’zning ma’nosini tushunmas, mutlaqo gapira olmasdi. Onasining so’zlariga qaraganda, kichikligida qizi boshqa bolalarga o’xshagan sog’lom bola bo’lgan. Atrofdagilar nazariga tushganidan keyin 6 yil davomida Jini ko’p mutaxassislar tomonidan tekshirilgan. Psixolog va pedagoglar uni tarbiyalash va o’qitishga harakat qilganlar. Ularning urinishlari tufayli qiz juda os hajmda bo’lsada, gapga tushunadigan bo’ldi, 2-3 yashar boladek “sut ber”, “qo’l ikkita” degan so’zlarni o’rgandi. U ba’zi narsalardan foydalanishni o’zlashtirdi, uncha-muncha rasm chizadigan bo’ldi. Undan tashqari, yurishni o’rgandi va supermarketga olib borishganida, uni qiziqtirgan qandolatlar bo’limini topib borardi. Demak, u fikrida fazo xaritasini tuzish qobiliyatiga ega bo’lgan. Ammo Jinining nutqi bundan keyin rivojlanmadi. Nutqi 2 yashar bolalar yo’l qo’yadigan xatolarga to’lib ketardi. Qiz ayrim so’zlarni talaffuz qilganida yoki rasmlarni tomosha qilgan vaqtda qayd etilgan elektroensefalogrammalarning ko’rsatishicha, u nutq uchun ham, nutqqa bog’liq bo’lmagan faoliyatni bajarganda ham miyaning o’ng yarimsharidan foydalangan. Vaholanki, nutq chap yarimsharning vazifasi hisoblanadi. Jinini kuzatgan mutaxassislarning fikricha, tilni o’zlashtirish yarimsharlar ixtisoslashishining zarur sharti. Agar bola o’z vaqtida gapirishni o’rganmasa, odatda nutq va u bilan bog’liq bo’lgan po’stloq osti sohalari funksional atrofiyaga uchraydi. Yangi tug’ilgan chaqaloq qaysi millatga mansub bo’lmasin, iljayganga o’xshab turadi. 2-3 oylik bolalar esa kimni ko’rmasin, jilmayadi. Bu kulimsirashlar o’ziga xos himoya reaksiyasi bo’lib, itoat qilish, tajovuzsizlikni ifodalaydi.
Chaqaloq tug’ilganidan keyin yuzaga chiqaradigan birinchi tovushi qichqirishdir. Hayotining birinchi haftalari chaqaloq hadeb yig’layveradi. Vaqt o’tishi bilan uning jilmayishlari ko’payadi. Bunga turli ta’sirotlar sabab bo’ladi. Bola taxminan 2,5 oylik bo’lganida “ijtimoiy” jilmayish – boshqa odam nigohiga qaratilgan jilmayish paydo bo’ladi. Shu paytdan boshlab bola ijtimoiy muloqot talab qiladi.
Evolyutsiya nuqtai nazaridan kulimsirash va qichqirishlarning hayotni saqlab qolish uchun ahamiyati tushunarli. Yig’lash – birinchi va eng muhim hissiy signal. Uning yordamida bola ustida qayg’uruvchilarga o’zining qaysidir ehtiyoji qondirilmagani to’g’risida ma’lumot beradi. Sotsial kulimsirash bolaga qaraydiganlarning e’tiborini unga tortadi, mehr qo’yishga sabab bo’ladi. Bolaga e’tibor berish erkalash rivojlanishini rag’batlantiradi. Bolalar ilk bor birovlar nigohini ko’rib, kulimsiraganlarida bir shaxsni ikkinchi shaxsdan ajrata olmaydilar. Faqat 5-6 oylik bo’lganlarida tanishlarni dadil aniqlaydilar. Deyarli shu vaqtda hissiyotning hamma bolalar uchun xos (universal) boshqa shakli – notanishlar unga yaqinlashganda, qo’rqish va onasini ko’rmaganda bezovtalanish paydo bo’ladi. Hissiyotning bu ikki shakli bola ikki yoshga to’lganida yo’qoladi. Hissiyotlarning hamma emizikli bolalarda bir xilda shakllanishi bu jarayon psixologik omillardan ko’ra ko’proq biologik omillarga bog’liqligini ko’rsatadi. Markaziy nerv tizimidagi tolalarning miyelin bilan qoplanishi shu omillardan biri bo’lishi mumkin. 6 oydan 15 oygacha bo’lgan davrda bosh miyadagi tolalar, shu jumladan gippokampni gipotalamus bilan, ularni talamus orqali yarimsharlar po’stlog’i bilan bog’laydigan tolalar tez miyelinlashadi. Miyelin bilan qoplanish bu miyaning yetilishi, miyelinli tola bo’ylab impulslar o’tishini yengillashtiradi. Onasidan ajratilganda norozi bo’lish bola “ob’yekt doimiy” ligini anglaganda yo’qoladi. Endi shaxs va narsalar bola ularni ko’rmaganida, eshitmaganida, qo’li bilan ushlab ko’ra olmaganida ham saqlanib qolishini bola tushunadi. Bolaning intellekti rivojlanishidagi bu juda muhim bosqich 2 yoshga to’g’ri keladi. Bolalar faol ma’lumot qidiradilar, duch kelgan har qanday narsaning ahamiyatini bilishga intiladilar, yangi narsa va hodisalarga qanday munosabatda bo’lish kerakligini aniqlashni xohlaydilar. Qo’rqish bolalarda juda erta rivojlanadigan hissiyotdir. Qattiq tovush, tayanchni yo’qotish ularda cho’chish reaksiyasini yuzaga chiqaradi. Bu hali ixtisoslashmagan umumiy reaksiya. Ularning ixtisoslashishi (masalan, balandlikdan qo’rqish) bola emaklab, yurib, tajriba orttirishiga bog’liq. Undan tashqari, qo’rqish hissi shakllanishida “ijtimoiy ko’nikmalarni” o’rganishning o’ziga xos shaklining ahamiyati katta. Tanish shaxslarni boshqalardan ajrata oladigan darajagacha o’sgan bola, notanish hodisa bilan to’qnashganida, onasining yuziga qaraydi, uning ovozi va imo-ishorasini kuzatadi. Ona bu hodisaga qanday munosabatda: xotirjammi yoki bezovtalanayaptimi. Bola o’z hissiy javobini onasinikiga hamohanglashtiradi va shu yo’l bilan hodisalar ahamiyatini baholashni o’rganadi. Ilk bor bahaybat it bilan to’qnashganida, onasi nigohida qo’rqishni ko’rganda bola ham cho’chiydi va it qo’rqish kerak bo’lgan ob’yektligini bilib oladi. Ba’zi bir hissiyotlarning shakllanishi batamom ijtimoiy ta’limga bog’liq. Bulardan uyalish, hasadgo’ylik, aybni sezish va boshqalarni ko’rsatish mumkin. Bunday hissiyotlar murakkab hissiyotlar, deyiladi. Ularni turli millat vakillarida namoyon bo’lishida farq kuzatiladi. Maslan, Taitida qayg’uni namoyish qilish odobdan emas. Taitiliklar tilida bu hisni bildiradigan so’z ham yo’q. Shuning uchun yaqin odami o’lib, biz qayg’u deb biladigan hissiyotni boshidan kechirayotgan taitilik, o’z holatini hastalik, deb tushunadi. Inson hissiyotlarining rivojlanishi – keng va tekis yo’l emas. Ularning shakllanishida “fikrlovchi” – po’stloq va “sezuvchi” – limbik tizimlar o’rtasidagi aloqadorlik muhim rol o’ynaydi.
Uyqu bolaning oliy nerv faoliyatida ro’y beruvchi jarayonlar ritmini, metabolizm jarayonlarini, jismoniy rivojlanishni, o’sish va yetilishni ta’minlovchi fiziologik faoliyatning tarkibiy qismidir. Bolalarda uyqu ko’p bosqichli bo’lib, kun davomida chaqaloq 4-11 marta uyquga ketishi va uyg’onishi mumkin. Yillar o’tishi bilan ko’p bosqichli uyqudan bir bosqichli uyquga o’tish ro’y beradi. Bola hayotini birinchi oyining oxiriga kelib tungi uyqu vaqti kunduzgi uyqu vaqtidan ortiqroq bo’ladi. Bolaning yoshi ortgan sari uyquga bo’lgan ehtiyoj kamayib boradi. Elektroensefalografiya – bosh miya biotoklarini qayd qilish usuli. Markaziy nerv tizimining faoliyati natijasida bioelektr jarayonlar yuzaga keladi. Qo’zg’alish vaqtida nerv hujayralarida ionlarning qayta taqsimlanishi ro’y beradi, miya to’qimasining manfiy zaryadlanuvchi sohalari o’rtasida potensiallar farqi yuzaga keladi. Ushbu potensiallar farqi juda kichkina (voltning milliondan bir ulushi) va ularni juda yuqori sezgirlikka ega bo’lgan uskunalar – elektroensefalograflar yordamida o’lchash va qayd qilish mumkin. Hozirda siyoh bilan yozuvchi ko’p kanalli elektroensefalograflardan keng foydalaniladi. Biotoklar bosh terisining turli (peshona, chakka, ensa, tepa) sohalariga o’rnatilgan kumush yoki qalay elektrodlar yordamida qayd qilinadi. EEG ni yozishning monopolyar (bir qutbli) usuli ham mavjud. Bunda faol elektrod boshning istalgan nuqtasiga, boshqa- indifferent (befarq) elektrod esa quloq suprasining solinchak sohasiga o’rnatiladi. Tekshiruvni kerak bo’lmagan yorug’lik va tovush ta’sirotlaridan to’silgan maxsus kameralarda o’tkaziladi. Tekshiriluvchi odam maksimal darajada muskullarini bo’shashtirishi lozim. Har qanday muskul qisqarishlari natijasida qo’shimcha biotoklar hosil bo’lib, tekshiruvga xalaqit beradi. Dastlabki sekin (1 sekundda 0,3-0,5 chastotaga ega) tolqinlar miyaning “bioelektrik sukuti” fonida 1,5 oylik embrionda kuzatilishi mumkin. Odamning 5 oylik homilasida bosh miyaning spontan elektr faolligi kuzatiladi. Bu davrga kelib elektroensefalogrammada bir-biridan uzoq (10 sekunddan 3 minutgacha) davom etuvchi tanaffuslar bilan ajratilgan sekin tebranishlar kuzatiladi. Bunday tebranishlar po’stloq osti tuzilmalarininf faolligi natijasi bo’lsa kerak. Chaqaloq uyg’oq paytda uning elektroensefalogrammasida past amplitudali (30-50 mkV) aritmik tebranishlar kuzatiladi. Chastotasi 1 sekundda 1-2 va 4-6 ta bo’lgan tebranishlar ko’proq uchraydi (delta- va teta-ritmlar).Kuchli ta’sirlovchilar (yorug’lik, tovush) EEG ning yassilanishiga olib keladi. Bu “faollanish reaksiyasi” deb nomlanadi. Ushbu reaksiyaning mavjudligi chaqaloqda retikulo-kortikal va talamo-kortikal aloqalarning borligini isbotlaydi.Bioelektr potensiallar bosh miyaning oldingi qismida, asosan katta yarimsharlar po’stlog’ining harakatlantiruvchi pretsentral sohalarida yaqqol namoyon bo’ladi. Chaqaloq bosh miyasining ensa qismida bioelektr faollik kuzatilmaydi.Bola 3 oylik bo’lganida EEG da birinchi marta turg’un faollik kuzatiladi. Bunda chastotasi sekundiga 3-5 va 1 ga teng bo’lgan to’lqinlar qayd qilinadi. 5 oylik bolada esa chastotasi sekundiga 5 ga teng bo’lgan yanada to’g’ri ritmli tebranishlar paydo bo’ladi. Ushbu tebranishlarning kelib chiqishi alfa-ritmga yaqinroq.3 yoshga to’lgan bolada chastotasi 1 sekundda 7-8 ta bo’lgan teta-ritm ko’proq uchraydi. To’lqinlar amplitudasi 80 mkV gacha ortadi. Shu bilan bir vaqtda EEG ritmlarining chastota tarkibi murakkablashadi.
4-6 yashar bolaning EEG sida chastotasi 1 sekundda 7-10 bo’lgan alfasimon ritm ustun bo’ladi. Ushbu ritm po’stloqning ensa sohasida ko’p uchraydi. Po’stloqning oldingi sohalari uchun esa yakka yoki to’p-to’p (1 sekundda 7 ta chastotali) teta-ritm xos. Elektroensefalogrammaning tahlili shuni ko’rsatadiki, maktab yoshidagi bolalarda po’stloqning assotsiativ sohalarining faolligi ortadi. 7-9 yoshda alfa-ritm (1 sekundda 9 ta) va teta-ritm (1 sekundda 4-7 ta) dominant bo’lib, ular barcha tebranishlarning 25 % ini tashkil qiladi. 10-12 yashar bolalarda alfa-ritmni generatsiyalovchi mexanizmlarning shakllanishi tugaydi. Uning chastotasi katta odamlarnikiday ( 1 sekundda 10-12 ta bo’ladi).
Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati
1.O’zbekiston Respublikasi Хalq talim vazirligi Respublika bolalar kutubхonasi
2. A. A. Abdumadjidov V. P. Askaryans ,,Bolalar fiziologiyasi”
3. G.M. Djabborova, Z.A.Mamatova, U.R.Yusupova,
I.I.Karimova, S.O.Mirzakulov,, Oliy nerv faoliyati va markaziy nerv sistemasi
Fiziologiyasi” Toshkent ,,Innavatsiyo-ziyo” 2020-yil
4. .Бахарев В.Д. Пептиды - регуляторы. М.: Знание. 1985.
5.Беленков Н.Ю. Принцип целостности в деятельности
мозга. М.: Медицина, 1980.
Internet saytlar.
www.aim.uz kutubxonasi
www.arxiv.uz kutubxonasi
Do'stlaringiz bilan baham: |