O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi qonun.
Ma'lumki, joriy yilning 6 aprelidan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonuni kuchga kirdi. Qonun Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 15 martda qabul qilingan va Senat tomonidan 2018 yil 29 martda ma'qullangan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qonunni 2018 yil 5 aprel kuni imzolagan.
Eslatib o‘tishim joizki, O‘zbekiston maxsus xizmati avval O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991 yil 2 noyabrdagi «Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qarori asosida faoliyat ko‘rsatib kelgan. Bu qarorning ikkinchi bandida Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi.Yangi qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonun 9 bob va 48 moddadan iborat.
Birinchi navbatda, mazkur qonunning 5-moddasiga e'tibor qarataylik. Moddada Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ning huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.
- davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat manfaatlariga hamda xavfsizligiga tahdid soluvchi korrupsiya holatlariga qarshi kurashish;
Bu mazkur qonunning 5-moddasidan parcha edi. Moddaning mazmuniga e'tibor bering — davlat organlari va boshqa tashkilotlarda korrupsiya holatlariga qarshi kurashish. Umuman olganda, DXX davlat organlarida korrupsiya holatlariga qarshi kurashishi tushunarli, chunki tashkilot davlat xavfsizligini ta'minlash bilan shug‘ullanadi.
Xo‘sh, «boshqa tashkilotlarda» deyilganda nima nazarda tutilmoqda?
Fuqarolik kodeksiga qaraymiz. Ushbu kodeksning 39-moddasida o‘z mulkida, xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo‘lgan hamda o‘z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, o‘z nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘la oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da'vogar va javobgar bo‘la oladigan tashkilot yuridik shaxs hisoblanishi belgilab qo‘yilgan. Fuqarolik kodeksining 40-moddasida foyda olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan (tijoratchi tashkilot) yoki foyda olishni ana shunday maqsad qilib olmagan tashkilot (tijoratchi bo‘lmagan tashkilot) yuridik shaxs bo‘lishi mumkin, deb yozilgan.
Bundan kelib chiqadiki, DXX nafaqat davlat organlarida, balki tijorat va notijorat tashkilotlarida ham korrupsiyaga qarshi kurashadi.
«Boshqa[lar]» termini o‘z-o‘zidan, ko‘rib chiqilayotgan ijtimoiy munosabatlarini tartibga solish sohasida huquqiy bo‘shliq mavjudligi bilan bog‘liq korruptsion omilga ishora qiladi. Bu mulohaza shuningdek «boshqa[lar]» terminining jismoniy va yuridik shaxslarga, inson va fuqaroning huquqlari va erkinliklari, hujjatlar, davlat organlari va mansabdor shaxslarning vakolatlari, shuningdek, ijtimoiy munosabatlarning boshqa istalgan elementlariga nisbatan qo‘llanilishi holatlariga ham taalluqlidir.Bu holatda e'tiboringizni «korrupsiya» tushunchasiga qaratishni istar edim. O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra, korrupsiya — shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy foyda olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday foydani qonunga xilof ravishda taqdim etish demakdir.
Biroz ortga qaytamiz endi. Xuddi shunday holat DXX haqidagi qonunning asosiy tushunchalarida ham ko‘zga tashlanadi, ya'ni, qonunning 4-moddasida belgilanishicha, davlat xavfsizligi — O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumining, suverenitetining, hududiy yaxlitligining va boshqa davlat manfaatlarining tashqi hamda ichki tahdidlardan himoyalanganlik holati bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasining barqaror rivojlanishini hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklari ro‘yobga chiqarilishini ta'minlaydi. Davlat xavfsizligini ta'minlash bilan aynan DXX shug‘ullanishi mantiqan to‘g‘ri. Bundan kelib chiqadiki, DXXning ehtimoliy noinsof xodimi davlatning boshqa manfaatlarini himoya qilishni ro‘kach qilib, joylarda o‘z vakolatlarini kengaytirishi mumkin. Davlatning boshqa manfaatlarini himoya qila turib, DXXning ayrim ehtimoliy noinsof xodimlari fermerlar yoki ishbilarmonlarga zug‘um o‘tkazishmasmikin?
Yana bir misol keltirsam.23-moddada DXXning huquqlari keltiriladi. Qayd qilinishicha, DXX mansabdor shaxslar va fuqarolardan tezkor-qidiruv, qidiruv hamda boshqa tadbirlar, tergovga qadar tekshirishlar va tergov harakatlari o‘tkaziladigan joylarni tark etishni talab qilishga haqli. Bu holatda «boshqa» termini DXXga istalgan tadbirni o‘tkazish imkonini bermoqda. Umuman olganda, tadbir deya har qanday narsani nomlash mumkin. Shu moddaning o‘zida Davlat xavfsizlik xizmati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin, deyilgan. Agar oddiy tilga o‘girilsa, DXX istalgan narsasini qilishi va bu uning huquqi ekanligini qayd etishi mumkin. Boz ustiga, qonunchilikka muvofiq tarzda. Qaysi qonunchilikka? Yana hech kim bilmaydigan havola normalari, shunday emasmi?
Umuman olganda, «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonunida 63 marta «boshqa» so‘zi uchraydi. Tanqid qilish niyatida emasmiz, lekin fakt faktligicha qoladi.
Davom etamiz.Qonunning 5-moddasiga ko‘ra, davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat sirlarining saqlanishini nazorat qilish DXXning ishi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining «Davlat sirlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi 10 moddadan iborat qonun Oliy Kengash tomonidan 1993 yilda qabul qilingan va o‘shandan buyon hech qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmagan. Qonunchilardan allaqachon «maxfiylik» darajasi va «xizmatda foydalanish uchun» tushunchasiga aniqlik kiritish talab etiladi. Aynan shundagina DXX qonunchilikka ko‘ra nima davlat siri ekanligini aniq biladi. Umuman olganda, shunday amaliyot yuzaga kelganki, barcha hujjatlar go‘yoki «maxfiy» sanalib, sobiq MXX O‘zbekistonning deyarli barcha tashkilotlarida jamiki axborot almashinuvini o‘z nazoratiga olgan edi. Internetda ish yuritish bo‘yicha yo‘riqnomalar juda ko‘p, lekin qonun ijodkorlarimiz bu munosabatlarni tartibga soluvchi yagona hujjatni e'lon qilishlari uchun fursat yetdi, deb o‘ylaymiz.
14-modda.Bu moddada Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari ushbu xizmatning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda texnik vositalardan, shu jumladan, audio, foto va video qayd etish, kriptografiya vositalaridan hamda boshqa maxsus vositalardan foydalanishi mumkinligi qayd etilgan. Qaysi boshqa vositalar haqida so‘z borayotganini bizga qorong‘u, lekin asosiy masala shundaki, DXX xodimlari texnik vositalardan qachon va qayerda foydalanishlari mumkin? Kimnidir «josus» deb qaror qilishgan bo‘lishsa, uning qo‘ng‘iroqlari eshitila boshlanadimi? Kimdir soqolini o‘stirdi, ehtimoliy «terrorchi», uning uyiga kamera qo‘yishadimi? Umid qilamizki, tizimda bu kabi vazifalarni bajarishning aniq mexanizmlari mavjud. «Mumkin» termini haqida quyiroqda gaplashamiz.
21-moddada qayd etilishicha, Davlat organlari va boshqa tashkilotlar Davlat xavfsizlik xizmatiga davlat xavfsizligini ta'minlashga doir vazifalarni bajarishda o‘z vakolatlari doirasida ko‘maklashishi shart. Yana barchasi DXX xodimining o‘z ishiga vijdonan yondashuviga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. «Shart» termini shunchaki oddiy so‘z emas. Majburiyatni bajarmaslik javobgarlikni keltirib chiqaradi. Boz ustiga, davlat organlari va boshqa tashkilotlar qanday vakolatlarga ega? Umid qilamizki, kimdir DXXga rad javobini bersa, u shart bo‘lsa-da, «ko‘maklashmagani uchun» jazolanadigan holatlarga duch kelmaymiz.
Davlat xavfsizlik xizmatiga ko‘maklashish. 31-moddada belgilanishicha, Davlat xavfsizlik xizmati zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda ayrim shaxslarni oshkora va nooshkora asosda, shu jumladan shtatdan tashqari xodimlar sifatida ko‘maklashishga jalb etishi mumkin. Birgina «mumkin» so‘zining o‘zi korruptsiogen sharoitlar yaratuvchi termin hisoblanadi. Ushbu omilning korrupsiyaviyligi shunda ko‘zga tashlanadiki, bu davlatning vakolatli shaxsiga o‘z ixtiyoriga ko‘ra ruxsatni taqsimlash, huquqlarni amalga oshirish haqida qaror chiqarish yoki chiqarmaslik imkoniyatini taqdim etadi va o‘z navbatida bu korruptsion xarakterdagi xatti-xarakatlarni sodir etishga undaydi. Bu modda «faqat uning roziligi bilan» jumlalari bilan to‘ldirilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
33-moddada qayd etilishicha, Davlat xavfsizligini ta'minlash vazifalarini hal etish uchun Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari harakatdagi rezervda harbiy xizmatda qoldirilgan holda davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vaqtincha xizmat safariga yuborilishi mumkin. Bu davlatimiz hamon «kuratorlar»ni qo‘llash amaliyotidan voz kechmaganini bildiradi. Qonun ijodkorlarimiz kuratorlar davlat organlari va boshqa tashkilotlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xizmat safariga yuborilishi mumkinligini ta'kidlashmoqda. Qiziq, bu qanday tartib? Va u qaysi qonunda belgilangan?
Endi qonunga ko‘ra, litsenziyalashni amalga oshirish va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish chog‘ida DXX litsenziya talablari hamda shartlariga rioya etilganligini tekshirish, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda huquqiy ta'sir choralarini qo‘llash huquqiga ega.
Qonunning 29-moddasida qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining tezkor tadbirlar ko‘ruvchi maxsus guruhlari ruhan bardoshli, yuksak axloq-iroda xislatlariga, maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lgan, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining maxsus jangovar bo‘linmalaridagi xizmatga yaroqli shaxslar orasidan tuziladi. Ajoyib mezonlar, biroq nega qonun ijodkorlarimiz DXXning boshqa xodimlari ham shunga o‘xshash mezonga asosan tanlanishini belgilashmagan?
Tanqid qilish fikridan yiroqman lekin oʻzimni fikrimni bildirdim.Bu xolisona huquqiy tahlil.Biz — O‘zbekiston aholisiga yaxshi bo‘lishi uchun barcha narsani qilishga intilamiz. Bu detallar hisobga olinadimi-yo‘qmi, noma'lum. Qonun qabul qilinishidan avval jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagani taassufli. Ehtimol, jamoatchilik o‘z mulohaza va takliflarini berar edi. Umid qilamizki, qonun ijodkorlari barcha detallarni inobatga olishadi va kelgusida shunday tushunmovchiliklarga yo‘l qo‘yishmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |