XKA tuzilmasi tashkil etildi va u doimiy faoliyat olibbormoqda. Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasining yuqori organi bo‘lmish Ijroiya qo‘mitasi o‘tgan davr mobaynida to‘la shakllandi va muntazam ish olib bormoqda. 15 kishidan iborat qo‘mita o‘zida O‘zbekiston, Janubiy Afrika Respublikasi (JAR), Boliviya, Hindiston, Yangi Zelandiya, Polsha, Vengriya, Turkiya, Eron va Niderlandiyadan iborat 10 ta davlat vakillarini birlashtirgan. Ijroiya qo‘mitasi bir yilda kamida ikki marta to‘liq tarkib bilan yig‘iladi. Pan Amerika, Okeaniya, Afrika, Osiyo va Yevropadan iborat 5 qit’ada Assotsiatsiyaning mintaqaviy bo‘limlari, ya’ni Konfederatsiyalar ham tashkil etilgan va ular keng faoliyat olib bormoqda. Dunyoning 73 davlatida esa Kurash Milliy federatsiyalari rasman tashkil etilgan. Har bir federatsiya qoshida ko‘plab klublar ochilgan.
Musobaqalar taqvimi. XKA tuzilganidan beri dunyo bo‘ylab 300 dan ziyod yirik va nufuzli musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Ular qatoriga jahon chempionatlari, o‘smirlar o‘rtasida jahon birinchiliklari, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida qit’alararo chempionatlar, xalqaro turnir va homiylik asosida tashkil etilgan musobaqalar, kubok musobaqalari kiradi. Hozirgacha 4 ta Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi: 1999- yil Toshkentda, 2000- yil Antaliyada (Turkiya), 2001- yil Budapeshtda (Vengriya), 2002yil Armanistonda.
Chempionat va birinchiliklar har ikki yilda navbatmanavbat o‘tkaziladi. Qolgan barcha musobaqalar har yili bo‘lib o‘tadi. Kattalar va o‘smirlar o‘rtasida qit’alararo chempionatlar ham doimiy o‘tkazilmoqda.
Buyuk Britaniya Kurash Assotsiatsiyasi 2000- yildan boshlab har yili London shahrida an’anaviy Islom Karimov xalqaro turnirini muntazam o‘tkazib kelmoqda. Bundan tashqari, Kurash Milliy federatsiyasi ham har yili eng kami beshta milliy chempionat va turnirlar o‘tkazadi.
Xalqaro munosabatlar. XKA rahbariyati Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro Sport tashkilotlari Bosh Assotsiatsiyasi, Osiyo Olimpiya kengashi, Janubiy Amerika sport tashkiloti va boshqa xalqaro sport tashkilotlari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatish uchun muntazam ish olib bormoqda. Bu faoliyat kurashni dastlab mintaqaviy va qit’alararo Olimpiya o‘yinlariga, keyin esa Yozgi Olimpiada o‘yinlariga kiritishga qaratilgan. 2002yil 4- oktabrda Pusanda (Janubiy Koreya) bo‘lib o‘tgan Yozgi Osiyo o‘yinlarida kurash bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. 2003- yil 24- yanvarda Quvaytda bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashi Bosh Assambleyasining XXII majlisida esa ushbu tashkilot Nizomining 59- bandiga qo‘shimcha kiritildi. Unda Kurash Osiyo Olimpiya Kengashi tomonidan tan olingani va u rasmiy sport turi sifatida Yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilishiga ruxsat etilgani qayd qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |