Musiqa va harakat
Musiqaning aqliy estetik va jismoniy rivojida ritmik musiqali o‘yin va musiqa bilan harakat katta ahamiyatga ega. Musiqa faoliyatining bu turlari bolaning har
tomonlama o‘sishiga katta yordam beradi.
1. Uning musiqa uquvi, ayniqsa tuyg‘usi va musiqa xotirasi yaxshi rivojlanadi, chunki har qanday harakat turi musiqa ritmi va taktlar ostida bajariladi hamda harakat bilan bog‘liq bo‘lgan musiqa ohanglari bola xotirasida turg‘un saqlanadi.
2. Raqs va musiqali harakatlar bolada harakatchanlik, chaqqon-likni rivojlantirib, badanni chiniqtiradi qomatning to‘g‘ri o‘sishiga katta yordam beradi.
3. Musiqa asarlari bilan turlicha emotsional hislar uyg‘onadi, turlicha kayfiyatlar hosil etib, uning ongida o‘ziga xos obrazlar yaratadiki, bular bolaga harakat sxemalarini badiiy ishoralar bilan ifodalashga yordam beradi. Demak musiqa bilan harakat bolaning aqliy va estetik qobiliyatini hamda irodasini rivojlantirishda ham alohida ahamiyatga ega. Masalan, marsh musiqalari bolaga g‘ayrat va tetiklikni
bag‘ishlaydi. Marsh musiqalarisiz bayram ertaliklari, hatto bog‘chaning oddiy bir kunlik hayotini ham tasavvur qilish qiyin. Raqs kuylari esa bolada ajoyib ichki his-tuyg‘ular, kechinmalar hosil etib, beixtiyor raqsga tushushga undaydi. Musiqa ostida harakat va o‘yinlar kichik yoshli bolalarga tez ta’sir etadi. Shuning uchun quvnoq, qiziqarli musiqali o‘yinlar bog‘cha yoshidagi har bir bolaning e’tiborini o‘ziga tortadi. Musiqa ostida harakat va o‘yinlarning turlari quyidagilardan iborat.
1. Jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari – asosan tartibli qadam bosib yurush, chopish, sakrash kabi harakat turlari.
2. Bolalarning sahnalashtirilgan sujetli o‘yinlaridan, kattalarning bajaradigan turli maishiy ishlaridan olgan taassurotlari (mashinani boshqarish, qurilish ishlari, paxta
terish, ro‘zg‘or ishlari va hokazo) asosida bajaradigan harakatlari, turli hayvonlarning harakatlari tovushlarini ifodalash.
3. Turli raqslar ta’sirida vujudga keladigan bolalarga mos oddiy harakatlar. Bu harakatlarning har uchala turi ham bog‘chada musiqa bilan bajariladigan barcha harakatlarning asosini tashkil etadi va ularning asosiy ifodali harakat elementlari
hisoblanadi. Bu harakat elementlari, musiqa ostida bajariladigan barcha o‘yinlar turlicha ifodalanadi. O‘yin bog‘cha yoshidagi bolalar ijodiy faoliyatini eng faol
shaklidir. O‘yinlarga mo‘ljallangan musiqa asarlarining badiiy mazmuni xarakteri va ifoda vositalari o‘yinning sujetiga mos tushishi shart. O‘yinning syujeti esa bog‘cha hayotidan olingan bo‘lishi lozim. Unda bolaning ijtimoiy hayot va tabiat bilan munosabati o‘z aksini topishi kerak, ayniqsa xalq bolalar o‘yinlari katta ahamiyatga ega. Shunday qilib musiqali o‘yinlar o‘z maqsadi, vazifalari jihatidan didaktik o‘yinlarga mansub bo‘lib, ular asosan harakat vositasida ijro etilishi bilan xarakterlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |