Odatda xotira yuqorida biz ajratganday har bir qatordagi ayrim-alohida
so’zlarni ajratib, qolgan so’zlarni o’sha tayanchiga bog’lab turib mazmunni eslab
qoladi. Bu qonuniyat matematik sonlar qatoriga ham, nasriy jumlalarga ham,
og’zaki nutqda o’qituvchi yoki suhbatdosh aytgan iboralarga ham taalluqli bo’ladi.
Konkret hayotiy misolda o’z xotirangizni sinab ko’ring.
Shunisi xarakterliki, oddiy inson 10 gacha bo’lgan son yoki predmetlarni shu
yo’l bilan eslab qolishi mumkin. Masalan, tug’ilgan kun munosabati bilan
bozordan oladigan narsalar ro’yxatini tuzib olsangiz, unda 1, 2, 3, 4 chi va hokazo
10-chi deb yozilgan narsalar odatda o’sha ro’yxatga qaramasangiz ham esda
qolishi mumkin, lekin undan ortig’i – miyangizda ayqash-uyqash bo’lib ketishi
mumkin.
Ikkinchi – qadimgi rimlik voizlar hyech qachon o’z nutqlarida
qog’ozdan – yozuvdan foydalanmaganlar. Ular tayyorgarlik bosqichida nutqining
har bir mantiqiy bo’lagini o’zlari joylashgan bino yoki xonadonidagi konkret
buyumlar, jihozlar bilan bog’lab turib esda saqlaganlar. Masalan, rimlik mashhur
voiz
Siseron
har safar nutq so’zlashaga tayyorlanganda, o’zining bog’ida sayr qilib
yurib, uning har bir bo’lagini nomerlab olgan, keyin ana shu nomerlangan bo’lak
bilan nutqining alohida qismlarini bog’lagan. Bunday mnemotexnik usulni
amerikaliklar
loci metodi
deb atashadi. Uning mohiyati shuki, odam qator muhim
obyektlarni o’ziga juda tanish bo’lgan joylarga bog’lab turib esda saqlab qoladi.
Amerikalik Bauer (Bower, 1973) bu usulni talabalarda qo’llab ko’rib, shuni
aniqlaganki, odatiy mexanik tarzda yodlaydigan talaba berilgan materialning faqat
o’rtacha 28%ini eslab qolsa, loci metodini qo’llaganlar 72%gacha samarali
ishlaganlar.
Uchinchi keng tarqalgan usul – bu eslab qolinishi kerak bo’lgan
narsalarni ma’no jihatdan guruhlarga bo’lib turib eslab qolish. Bu usulni biz
yoshlikdan boshlab ishlatib kelganmiz. Masalan, sizga so’zlar qatori berilgan : sinf,
bola, parta, ruchka, bog’, uzum, charos, qalam, ariq. Shu so’zlarni yaxshilab esda
saqlash uchun ularni ma’lum guruhlarga oldin bo’lib olsak, masalan, maktabga
aloqador narsalar guruhi va bog’ bilan bog’liq narslar guruhlari. Shu aqliy ishni
malaga oshirsak, albatta, xotiramiz ishi samarali bo’ladi. Yoki yoshlikdagi bir ertak
hammaga tanish: chol turp ekkan va u shu qadar katta bo’lib ketganki, o’zi yakka
hyech uni tortib chiqara olmaydi. Shunda u kampirni, kampir – nabirasini, nabira –
kuchukni, kuchuk – mushukni, mushuk esa sichqonchani chaqirib, birgalikda jo’r
bo’lishib, tortib olishadi. Nega bu ertakning ma’no-mazmuni yoddan chiqmaydi,
chunki undagi voqyealar zamirida birin-ketin amalga oshadigan voqyealar zanjiri
mavjud. Shu birin-ketinlik qonuni eng kattadan eng kichkina bo’lgan jonzotning
birgalikdagi, do’stona uzviyligi yotadi. Bu ertakda nafaqat tarbiyaviy ma’no bor,
bu ham muhim, balki unda yuqorida ta’kidlaganimiz – guruhiy o’zaro bog’liqlik
tamoyili bor. Bu ham hayotda tez-tez qo’llaniladigan
mnemotexnik
usuldir.
Shunga o’xshash materialni xotirada samarali saqlash usullari har bir shaxsda
individual bo’lishi ham mumkin, bu sizning aqliy faoliyatingizni qanday tashkil
etganligingizga bog’liq.
Asosiy tushuncha va atamalar
Bilish jarayonlari, professional faoliyat, professional bilimdonlik, sezgi, idrok,
tasavvur, xotira, tafakkur, xayol, diqqat, nutq, idrok qilish qonunlari, figura va fon,
Rubin figurasi, mnemonika yoki mnemotexnika, mnemotexnik usullar.