Investitsiya loyihalarini moliyalashtirishning jahon tajribasi va investitsiya faoliyatini moliyalashtirish usullari
Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda investitsiyalarni moliyaviy taʼminlash manbalarining tahlili shundan dalolat beradiki, umumiy investitsiya resurslari hajmida ichki manbalar ulushi turli mamlakatlarda ko‘plab obyektiv va subyektiv omillarga bog‘liq ravishda jiddiy farqlanib turadi. Iqtisodiy adabiyotlarda g‘arb mamlakatlarida investitsiyalarning ichki va tashqi manbalari o‘rtasidagi nisbat turlicha baholanadi. Jumladan, L.L. Igoninaning ilmiy ishlarida taʼkidlanishicha, baʼzi iqtisodchilar urushdan keyingi davrda turli mamlakatlarda moliyaviy bo‘lmagan korporatsiyalar investitsiyalarini moliyaviy taʼminlashda ichki va tashqi manbalar o‘rtasida ikki xil ko‘rinishdagi nisbat shakllandi deb hisoblaydilar. Ulardan biri umumiy moliyalashtirish manbalarida o‘z mablag‘ining ko‘pligi bilan ajralib, asosan AQSH va Buyuk Britaniyaga xos bo‘lsa, asosan jalb etilgan va qarzga olingan mablag‘ qiyosiy hajmi ko‘pligi bilan ajralib turadigan yana biri Germaniya va Yaponiyada uchraydi. Odatda, tadbirkorlik davriga bog‘liq ravishda investitsiyalarni moliyaviy taʼminlash manbalarining tarkibi ham o‘zgarib turadi, yaʼni investitsiya faolligi oshgan jonlanish davrida, masalan, ichki manbalar ulushi kamayadi va, aksincha, iqtisodiy tushkunlik vaqtida ko‘payadi. Bu investitsiyalar ko‘laminig qisqarishi, pul taklifining ozayishi va kreditlar qimmatlashuvi bilan bog‘liq bo‘lgan holatlarning u yoki bu davrga to‘g‘ri kelishi bilan izohlanadi.
Masalan, o‘tish davrini boshidan kechirayotgan sobiq ittifoq respublikalari iqtisodiyotida investitsiyalarni moliyalashtirish manbalari o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Buning asosiy sababini investitsiyalashning ichki va tashqi manbalari nisbatining o‘zgarishiga xos bo‘lgan bozor modeliga o‘tish davrida aksariyat korxonalarning bir tomondan ssuda va fond bozori kapitallaridan foydalana olish imkoniyatlarining cheklanganligi bilan, ikkinchi tarafdan esa, investitsion faoliyatni moliyaviy taʼminlashda o‘zlarining yetarli mablag‘lariga ega emasliklari bilan bog‘lash mumkin deb hisoblaymiz.
Tajribadan maʼlumki, ishlab chiqarish ko‘lamining tushib ketishi, to‘lov qobiliyatining inqirozga yuz tutishi, ishlab chiqarish xarajatlarining ortishi bir tomondan daromad massasini keskin kamaytirsa, ikkinchi tomondan katta soliqlar korxonalarga daromadning qolgan qismidan investitsiya manbai sifatida ishlatish imkonini bermaydi. Zero, daromaddan investitsiya maqsadlarida foydalanish ko‘p jihatdan soliq siyosatining taʼsiri bilan bog‘liq. Maʼlumki, korxonalar daromadlarini shakllantirish va ularning massasini ko‘paytirish imkoniyatlari oxir oqibatda soliqqa tortish tizimining bosh iqtisodiy nuqsoni, yaʼni xo‘jalik yuritish subyektlar zimmasidagi soliq yukining og‘irligi bilan izohlanadi. Bu bir tomondan ikkinchi tomondan esa, korxonalar moddiy-texnika bazasining zaifligi va shu boisdan ham uni zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan qayta qurollantirish uchun katta hajmda ajratiladigan amortizatsiya jamg‘armalariga borib taqaladi.
Shu o‘rinda yana bir ijobiy xarakterga ega tendensiyani alohida qayd etish lozim. Yaʼni, yillar davomida asosiy kapitalni moliyalashtirish manbalari tarkibida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lganini va shu jarayonga yo‘naltirilayotgan markazlashtirilgan (byudjet) mablag‘lari ulushining kamayish, markazlashtirilmagan (korxona va boshqa nodavlat maqomidagi xo‘jalik yuritish subyektlari) ulushining esa o‘sish surʼatiga ega bo‘layotganini kuzatish mumkin.
Ushbu jarayonlar tadrijiy yo‘l bilan bosqichma - bosqich ravishda investitsiya kapitalini shakllantirish tizimini mulkchilik shakli va moliyalashtirish manbalariga mos holda takomillashtirib borish uchun katta imkoniyatlar yaratadi deb hisoblaymiz. Shu bilan birga investitsiya kapitali tarkibi va investitsiyalash subyektlari tashkiliy tuzilmalarining bozor iqtisodiyoti talablariga mos ravishda o‘zgarishi investitsion faoliyatni rivojlantirish va diversifikatsiyalash jarayonini yana-da takomillashtirish borasida qulay shart-sharoitlar yaratishi tabiiydir. Davlatning investitsion faoliyatni amalga oshirishdagi ishtirokining pasayishi o‘tish davrida investitsion faoliyat turlariga jalb etiladigan davlat daromadlari hajmining kamayishi oqibatida yuz beradi. Demak, iqtisodiyotning ustuvor, ayniqsa real tarmoqlarini davlat byudjeti hisobidan investitsiyalash talablarining pasayib borishi moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolarni xususiy sektor orqali hal etish mumkinligini obyektiv haqiqatga aylantiradi.
Loyihalarni ishlab chiqish, ular samarasini belgilash, ularni tanlash va amalga oshirish, shuningdek, ularni ichki va tashqi resurslar hisobidan moliyalashtirishda mamlakatning xalkaro bozorga chiqishi kuchli zamin va asos hisoblanadi. Loyihaning kelajakka qaratilishi uning oldindan aytib berish mumkin emasligidan dalolatdir, Shu sababli investitsion loyihaning sifat tasniflarini hisobga olish muhim. Investitsion loyiha odatda, resurslar va muayyan vaqt bilan cheklanadi hamda qo’yilgan maqsadga erishishni ko’zda tutadi. Shu nuqtai-nazardan, investitsion loyihalar o’zining takrorlanmasligi va belgilangan davr mobaynida unikallik darajasi bilan tavsiflanadi.
Investitsion loyihalarni moliyalashtirish quyidagi tamoyillar asosida belgilanadi:
• Maqsadga muvofiq ravishda moliyalashtirishni tashkil etish.
• Moliyalashtirishni uzluksiz ravishda amalga oshirish.
• Moliyalashtirishni belgilangan tartibda, loyihani vujudga kelishiga qarab amalga oshirish (ya’ni haqiqiy bajarilishiga qarab).
• O’zaro manfaatli ravishda tashkil etish (xorijiy investorlar bilan o’zaro manfaatdorlik bo’lmog’i lozim).
Investitsiyalarni moliyalashtirish ayrim manbalarining o’rni va roli, ko’p jihatdan, makroiqtisodiy muvozanat hamda o’sish barqarorligi, mulkchilik shakllarining rivojlanish darajasi va o’zaro nisbatlari, bank-moliya tizimining rivojlanganligi va boshqalar bilan belgilanadi. Investitsion loyihalar bo’yicha qarorlar qabul qilishda iqtisodiyotning moliya sektorining rivojlanishini, ob’ektiv shart-sharoitlarni, investitsiya qarorlarini qabul qilishga aniqlik kiritadigan va ta’sir ko’rsatadigan moliyaviy vositachilik darajasini, ulardan foydalanish vositalari hamda mexanizmlarini hisobga olishga to’g’ri keladi.
Investitsion loyihalarni moliyalashtirishda har xil moliyalashtirish uslub va usullardan foydalanish mumkin. Ushbu usullarning tasnifini 2-chizma orqali ko’rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |