Danka Talmeynerova, “Global suv hamkorligi” tashkiloti vakili (Shvetsiya):
– O‘zbekistonda suv xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida juda katta ishlar qilinmoqda va bunday xayrli ishlarning ko‘lami yil sayin kengaymoqda. Bu xalqaro hamjamiyat tomonidan ham ko‘p bor e’tirof etilmoqda. Tan olish kerak, O‘zbekiston suvdan oqilona va samarali foydalanish bo‘yicha juda boy tajribaga ega.
Biroq bugungi kunda ushbu mintaqada suv bilan bog‘liq turli muammolar ham paydo bo‘lmoqda. Jumladan, Orol inqirozi oqibatlarining oldini olish, Orolbo‘yida ichimlik suvi tanqisligi va suv sifatining pasayishi, atmosfera ifloslanishi kabi ko‘plab muammolar hamon o‘z yechimini kutmoqda. Bir paytlar yirik bandargoh joylashgan, kemalar va odamlar bilan gavjum bo‘lgan Orol va uning atrofi bugungi kunga kelib sahroga aylangani juda ayanchlidir. Ushbu murakkab va qaltis muammoni mintaqa mamlakatlari boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan bahamjihat va hamkorlikda bartaraf etishi mumkin.
Bart Fokkens, Yevropa Daryoni qayta tiklash bo‘yicha markazi prezidenti (Niderlandiya):
– So‘nggi yillarda tabiiy resurslar, jumladan, suvdan foydalanishda ko‘p isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilgani tufayli butun dunyoda talay ekologik muammolar vujudga keldi. Xoh sanoatda, xoh qishloq xo‘jaligi sohasida bo‘lsin, suv eng zarur manba hisoblanadi. O‘rta Osiyo mintaqasida Orol dengizi yirik ekologik inqiroz timsoliga aylandi. Buning oqibatida ko‘plab ijtimoiy muammolar ham paydo bo‘lmoqda.
Ushbu konferensiya Orolbo‘yida ichimlik suvi tanqisligi va uning sifati pasayishi, atmosfera ifloslanishi kabi ko‘plab muammolarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonamiz.
Nino Chxobadze, Global suv hamkorligi mintaqaviy kengashi a’zosi, “Yer do‘stlari” yashil gruzinlar harakati hamraisi (Gruziya):
– Orol muammosi ko‘p yillardan buyon qariyb butun dunyoni tashvishga solib kelmoqda. Mazkur muammoga bag‘ishlangan ko‘plab xalqaro anjumanlarda ishtirok etganman. Chunki Orol muammosi hal etilmasa, uning oqibatlaridan nafaqat mazkur mintaqa aholisi, balki boshqa ko‘plab mamlakatlar ham aziyat chekaveradi.
Toshkentda o‘tgan ushbu xalqaro konferensiya mintaqa kelajagi uchun g‘oyat katta ahamiyatga egadir. Mintaqada transchegaraviy suv oqimlari bo‘yicha yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, birinchi navbatda, suvdan oqilona foydalanish bilan bog‘liqdir. Mazkur muammolarni hal etish yo‘lida mintaqadagi barcha davlatlar, qolaversa, butun dunyo mamlakatlari hamkorlikda harakat qilmog‘i zarur.
Kasbim – ekolog. Shu bois, qaysi mamlakatda bo‘lishidan qat’i nazar, yirik GES qurilishiga muammo sifatida qarayman. Chunki bunday inshootlarning barpo etilishi ekologiyaga, atrof-muhitga zarar yetkazmasdan qolmaydi. Tojikistondagi Rog‘un GES kabi yirik inshootlarni barpo etishdan avval loyiha mustaqil xalqaro ekspertizadan o‘tkazilib, uning barcha jihatlari atroflicha o‘rganib chiqilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |