5-§. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritish uchun foydalaniladigan aktivlar va majburiyatlar hisobi
26. Moliyaviy hisobotni tuzish uchun, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritish uchun foydalaniladigan chet el valyutasidagi aktivlar va majburiyatlar qiymati so‘mlarda qayta hisoblanishi lozim.
Chet el valyutasidagi aktivlar va majburiyatlar qiymatini so‘mlarda qayta hisoblash, ushbu chet el valyutasining so‘mga nisbatan Markaziy bankning kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
27. Mazkur BHMSning 15-bandida keltirilgan va O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritish uchun foydalanadigan chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarni so‘mda qayta hisoblash hisobot oyining oxirgi sanasidagi va xo‘jalik operatsiyalari sodir bo‘lgan sanadagi Markaziy bankning kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
28. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektning O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritishi uchun foydalaniladigan chet el valyutasida ifodalangan asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari, o‘rnatiladigan asbob-uskunalari, kapital qo‘yilmalari, tovar-moddiy zaxiralari qiymatini so‘mda qayta hisoblash, ushbu aktivlarni buxgalteriya hisobiga qabul qilish sanasidagi Markaziy bankning kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektning asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari, o‘rnatiladigan asbob-uskunalari, kapital qo‘yilmalari, tovar-moddiy zaxiralari qiymatini O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritish joyi — xorijiy davlatning qonun hujjatlari yoki qoidalariga muvofiq qayta baholangan qiymatini qayta hisoblash, ushbu qayta baholash o‘tkazilgan sanadagi Markaziy bankning kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
29. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritishning moliyaviy natijalarini shakllantiradigan, chet el valyutasida ifodalangan daromadlar va xarajatlarni so‘mda qayta hisoblash, hisobot davridagi Markaziy bankning kurslari va ular amal qilish kunlari hosilalari summasini hisobot davridagi kunlar miqdoriga bo‘lish natijasida hisoblab chiqilgan kurslarning o‘rtacha miqdoridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
30. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektning O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritishi uchun foydalaniladigan aktivlari va majburiyatlarining chet el valyutasida ifodalangan qiymatini so‘mlarda qayta hisoblash natijasida yuzaga kelgan kurs farqi buxgalteriya hisobida mazkur BHMSning 17-bandida ko‘rsatilgan usullardan birini qo‘llagan holda aks ettiriladi.
6-§. Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotga kiritish uchun sho‘ba (tobe) xo‘jalik jamiyatlari, mustaqil balansga ajratilgan tarkibiy bo‘linmalarning moliyaviy hisobotini qayta hisoblash
31. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan sho‘ba (tobe) xo‘jalik jamiyatlari, mustaqil balansga ajratilgan tarkibiy bo‘linmalarning moliyaviy hisobotlarini bosh jamiyat tomonidan tuziladigan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotga kiritish uchun qayta hisoblashda bosh jamiyat quyidagi tartib-taomillarni bajarishi kerak:
a) O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan, sho‘ba (tobe) xo‘jalik jamiyatlari, mustaqil balansga ajratilgan tarkibiy bo‘linmalarning aktivlari va majburiyatlari hisobot davrining oxirgi sanasidagi Markaziy bankning kursi bo‘yicha qayta hisoblanishi lozim;
b) O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan sho‘ba (tobe) xo‘jalik jamiyatlari, mustaqil balansga ajratilgan tarkibiy bo‘linmalarning xususiy kapitali moddalari, bundan joriy yilning taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari) mustasno, hisobot davrining oxirgi sanasidagi Markaziy bankning kursi bo‘yicha qayta hisoblanishi kerak;
v) O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan shu’ba (tobe) xo‘jalik jamiyatlari, mustaqil balansga ajratilgan tarkibiy bo‘linmalarning daromadlari va xarajatlari moddalari, shuningdek taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari) hisobot davridagi Markaziy bankning kurslari va ular amal qilish kunlari hosilalari summasini hisobot davridagi kunlar miqdoriga bo‘lish natijasida hisoblab chiqarilgan kurslarning o‘rtacha miqdoridan foydalangan holda qayta hisoblanishi lozim.
32. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyatning tasnifi o‘zgargan hollarda, o‘zgargan tasnifga nisbatan qo‘llanadigan qayta hisoblash tartib-taomillari ushbu o‘zgarish sanasidan boshlab foydalanilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |