Bog'liq Фермер хўжаликларида бизнес режа тайёрлашнинг хос хусусиятлари ва амалиёти (2)
Fermer xo’jaligini tashkil etishda tender tanlovini o’tkazish tartibi Prezident Islom Karimov 2003 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2004 yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning asosiy yo’nalishlariga bag’ishlangan Vazirlar Maxkamasi majlisidagi ma’ruzasida “Fermer bo’lishni istaydigan odamlar o’rtasida tanlov o’tkazish, ularga yer ajratishda, yangi fermer xo’jaliklarini ro’yxatga olishda bu ishning hamma tomonlarini hisobga olib, o’ta mas’uliyat bilan yondashish darkor”- deb, fermerlarga qo’yilayotgan davr talablarini izohladi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 5 yanvardagi 8-son qarori bilan tasdiqlangan «Qayta tashkil etilayotgan qishloq xo’jaligi korxonasi negizida fermer xo’jaligi barpo etish uchun talabgorlarni tanlash va ularning tanlovini o’tkazish Tartibi» va O’zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo’jaligi vazirligining 2005 yil 18 noyabrdagi 237a-son buyrug’i bilan tasdiqlangan .
«Fermer xo’jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini berishda tanlov g’olibini aniqlash tartibi to’g’risida Nizom» fermer xo’jaliklarini tashkil etishda talabgorlarni tanlash va ularning tanlovini o’tkazish shartlarini, tanlov g’oliblarini aniqlash tartibini belgilab beradi. Xususan, Nizomda O’zbekiston Respublikasi yer kodeksining 53-moddasiga. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 30 oktyabrdagi 476-sonli «2004-2006 yillarda fermer xo’jaliklarini rivojlantirish konstepstiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi hamda 2004 yil 24 dekabrdagi 607-sonli «2005-2007 yillarda fermer xo’jaliklarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarorlariga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslarga berilmagan qishloq xo’jaligi maqsadidagi yerlardan va (yoki) zaxiradagi yerlardan, qishloq xo’jaligi kooperativi (shirkat xo’jaligi) yoki boshqa qishloq xo’jaligi korxonasi va tashkilotining vakolatli organi umumiy majlisi tomonidan ijaraga oluvchini aniqlamasdan ajratilgan yerlardan, shuningdek, qayta tashkil etilayotgan va tugatilayotgan qishloq xo’jaligi kooperativlari (shirkat xo’jaliklari)ning hamda boshqa qishloq xo’jaligi korxonalari va tashkilotlarining yer uchastkalarini fermer xo’jaligi yuritish uchun berishda tanlov g’olibini aniqlash mezonlari va tartibi belgilangan.
E’londa yer uchastkasining o’lchami, joylashgan joyi, sifati va boshqa tavsiflari, tashkil etilayotgan fermer xo’jaligining mo’ljallanayotgan ixtisoslashuvi, tanlovning o’tkazilish vaqti va joyi ko’rsatilishi lozim. Tanlov uni o’tkazish to’g’risidagi qaror qabul qilingan va e’lon qilingan kundan boshlab bir oy mobaynida o’tkazilishi kerak. Yetarli texnika va pul mablag’lariga ega bo’lgan shaxslar bir necha loyihalarga talabgor sifatida ariza berishlari mumkin.
Yer uchastkalari berish to’g’risidagi ariza tashkil etilayotgan xo’jalikning biznes-rejasi yoki faoliyat dasturi ilova qilingan holda tuman hokimiga beriladi.
Arizada ariza beruvchining familiyasi, ismi va otasining ismi, uning turar joyi, so’ralayotgan yer uchastkasi joylashgan joy, uning maydoni, qishloq xo’jaligi kooperativi (shirkat xo’jaligi)ning nomi, mo’ljallanayotgan ixtisoslashuv, chorvachilik yo’nalishidagi fermer xo’jaligi tashkil etishda – boqilishi mo’ljallanayotgan mollarning turlari bo’yicha bosh soni, yer uchastkasini ijaraga olish muddati ko’rsatiladi. Fuqarolarning arizasi maxsus daftarda ro’yxatdan o’tkaziladi. Tuman hokimi ariza kelib tushgan kuniyoq arizani yer uchastkalari berish (sotish) masalalarini ko’rib chiqish bo’yicha komissiyaga yuboradi. Mazkur komissiya kotibi talabgorga tanlovda yuqori ball olishi uchun imkon beradigan barcha holatlarni tushuntirib, lozim bo’lganda uning hujjatlaridagi kamchiliklarni ishchi tartibda bartaraf etish choralarini ko’radi. Komissiya kotibi tanlovda ishtirok etish uchun qatnashuvchilarni tanlash kunigacha talabgorning baholanadigan imkoniyatlarini asoslantiruvchi hujjatlarning to’liq taqdim qilinishini, ularning to’g’ri rasmiylashtirilishini ta’minlashga ko’maklashishi lozim. yer uchastkalari berish (sotish) masalalarini ko’rib chiqish bo’yicha komissiya fermer xo’jaligiga yer uchastkalari berish bo’yicha tanlov o’tkazadi. Komissiyaning qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va tuman hokimiga beriladi.
Tanlovda ishtirok etish huquqiga O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, shu jumladan qayta tashkil etilayotgan qishloq xo’jaligi korxonasining a’zolari, faoliyat ko’rsatayotgan fermer xo’jaliklarining boshliqlari va xodimlari egadir.
Komissiya raisi va kotibi tegishli tanlovda talabgor sifatida ishtirok etishlari mumkin emas. Komissiya a’zolari tegishli tanlovda komissiya raisining roziligi bilan faqat bitta loyiha bo’yicha talabgor sifatida qatnashishi mumkin. O’zi ariza bergan loyiha bo’yicha tanlov o’tkazilganda ushbu komissiya a’zosi ovoz berish huquqiga ega emas. Bu haqda komissiya yig’ilishi bayonnomasiga tegishli yozuv kiritiladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilish tanlov o’tkazilishidan o’n kun oldin to’xtatiladi. Etarli texnika va pul mablag’lariga ega bo’lgan shaxslar bir necha loyihalarga talabgor sifatida ariza berishlari mumkin.
Tanlovda ishtirok etish uchun qatnashuvchilarni tanlash ikki bosqichdan iborat bo’ladi:
-birinchi bosqichda hujjatlarning to’liqligi va mazmuni tekshiriladi;
-ikkinchi bosqichda talabgorlarning arizalarida bayon qilingan takliflarning iqtisodiy asoslanganligi o’rganib chiqiladi.
Tanlovda ishtirok etuvchi qatnashuvchilarni tanlashning birinchi bosqichida talabgorlarning imkoniyatlari quyidagi ko’rsatgichlar asosida baholanadi:
-mutaxassisligi;
-ma’lumoti;
-qishloq xo’jaligidagi ish staji;
-majburiyatlardan xoli bo’lgan pul mablag’lari;
-mavjud yaroqli texnikasi;
Talabgorlarning imkoniyatlari 10 ballik reyting shkalasida quyidagilarni inobatga
olgan holda baholanadi:
a) talabgorning mutaxassisligi va ma’lumoti ma’lumot to’g’risidagi hujjat (shahodatnoma, diplom, sertifikat, guvohnoma)ga asosan 5 balldan 10 ballgacha baholanadi. Bunda komissiyaga ma’lumot to’g’risidagi hujjatning asli yoki belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi taqdim etiladi.
Talabgorning mutaxassisligini baholashda talabgorning ma’lumoti (oliy yoki o’rta maxsus)dan qatiy nazar faqatgina mutaxassislik inobatga olinadi. Mutaxassislik uchun eng yuqori ball fermer xo’jaligi bo’yicha maxsus mutaxassislikka ega bo’lgan talabgorlarga beriladi. Bunda, fermer xo’jaligi bo’yicha maxsus mutaxassislik deganda fermerlik faoliyatini yuritishga doir maxsus mutaxassislikka ega shaxslar, shu jumladan aynan shu sohada kasb-hunar kollejini tamomlagan yoki shu sohada bakalavr (magistr) darajasini olgan yoxud boshqa ilmiy darajaga ega bo’lgan shaxslar hisoblanadi.
Bir necha mutaxassislik bo’yicha ma’lumot to’g’risidagi hujjatga ega bo’lgan talabgorlarning faqatgina bitta eng yuqori balli muttaxassisligi inobatga olinadi.
b) talabgorning qishloq xo’jaligidagi ish stajini aniqlashda mehnat daftarchasiga asosan faqat shu sohada o’talgan ish staji inobatga olinadi va 6 balldan 10 ballgacha baholanadi.
Bunda komissiyaga mehnat daftarchasining asli yoki belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi taqdim etiladi;
v) talabgorning majburiyatlardan xoli pul mablag’lari mavjudligi bank tomonidan berilgan ma’lumotnomada tasdiqlangan bo’lishi lozim. Bank ma’lumotnomasi bank boshqaruvi raisi yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan imzolangan va bank muhri bilan tasdiqlangan bo’lishi shart.
Tanlovga taklif etilgan mol-mulklar qiymati quyidagi shartlar asosida inobatga olinadi:
1) mol-mulk baholangan va ularga bo’lgan (chorva mollaridan tashqari) mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo’lishi lozim. Chorva mollarining talabgorga tegishliligi qishloq fuqarolar yig’ini tomonidan berilgan, fuqarolar yig’ini raisi tomonidan imzolanib, muhri bilan tasdiqlangan ma’lumotnoma asosida aniqlanadi. Ularning narxi chorva bozori ma’muriyati tomonidan berilgan komissiyaga ma’lumotnoma asosida aniqlanadi;
2) talabgor tanlovga yuqori likvidli mol-mulkni (chorva mollari, tovar-moddiy boyliklar yoki boshqa tez sotiladigan mol-mulklar) taqdim etishi lozim;
3) tanlovga talabgorning shaxsiy uy-joyi, uy buyumlari va shu kabilarni, shuningdek sud qaroriga ko’ra yoki boshqa asoslarga ko’ra xatlangan mol-mulklarni taklif etishga yo’l qo’yilmaydi;
4) tanlovda ishtirok etish uchun talabgorga bevosita mulk huquqi asosida tegishli bo’lmagan, shu jumladan talabgor ta’sis etgan (ishtirokchisi bo’lgan) yuridik shaxslarga tegishli bo’lgan mol-mulklarni taklif etishga yo’l qo’yilmaydi, talabgor sifatida tanlovda ishtirok etayotgan fermer xo’jaligi bundan mustasno;
5) mol-mulk qiymatini aniqlashda tanlovda qatnashish uchun taklif etayotgan texnika vositalari qiymati hisobga olinmaydi.
Ikkita loyihaga ariza bergan talabgorning bir loyiha bo’yicha tanlovda inobatga olingan pul mablag’lari (mol-mulki) ikkinchi loyihaga tanlovda inobatga olinmaydi. Bunday talabgor o’z pul mablag’lari (mol-mulki)ni loyihalar o’rtasida o’z xohishiga ko’ra taqsimlashi mumkin.
g) talabgor tomonidan tanlovga taklif etilayotgan texnika vositalari ularning turi va texnik imkoniyatlaridan kelib chiqib 1 balldan 10 ballgacha baholanadi.
Tanlovga taklif etilgan texnika vositalari quyidagilar asosida baholanadi:
1) texnika vositalarini baholashda faqatgina texnik pasportidagi texnik sozligi to’g’risidagi belgi mavjud bo’lgan texnika vositalarigina inobatga olinadi;
2) ball loyihadagi yer maydoni o’lchamiga ishlov berish uchun zarur bo’lgan texnika vositasining har bir turiga (tegishli turdagi texnika vositasining sonidan qat’iy nazar) beriladi.
3) taklif etilgan barcha turdagi texnika vositalari uchun qo’yilgan ballar yig’indisi 15 balldan oshmasligi lozim.
Taklif etilgan pul mablag’lari, mol-mulk va texnika vositalarini bo’lajak fermer xo’jaligining ustav fondiga kiritish majburiyati talabgorning arizasida ko’rsatiladi.
Fermer xo’jaligi ustav fondining qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda shakllantirilmaganligi, shu jumladan, tanlovda taklif qilingan pul mablag’lari, mol-mulk va texnika vositalarining ustav fondiga kiritilmaganligi natijasida shakllantirilmaganligi, fermer xo’jaligini sudning qaroriga muvofiq tugatish uchun asos hisoblanadi.
d) agar talabgor fermer xo’jaligi boshlig’i yoki oilaviy pudratchi bo’lsa, u tomonidan ish faoliyatining so’nggi uch yildagi mahsulot etkazib berish shartnomalarining bajarilishi to’g’risidagi tuman statistika bo’limi (oilaviy pudratchi bo’yicha esa — tuman qishloq va suv xo’jaligi bo’limi) tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida 4 balldan 10 ballgacha baholanadi.
Agar talabgor qishloq xo’jaligi kooperativlari (shirkat xo’jaliklari)ning hamda boshqa qishloq xo’jaligi korxonalari va tashkilotlari rahbari va mutaxassislari bo’lsa, unda xo’jalikning so’nggi uch yildagi mahsulot etkazib berish kontraktastiya shartnomalarining bajarilishi to’g’risidagi tuman statistika bo’limi tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida 4 balldan 10 ballgacha baholanadi.
Bunda eng yuqori ball, barcha turdagi mahsulotlarni etkazib berish bo’yicha shartnomalarni yillar bo’yicha bajarilishiga qarab beriladi.
Takliflarning iqtisodiy asoslanganligi talabgorning arizasi va biznes-rejasini, zarur hollarda esa, tavsiyanoma xatlarini tahlil etish asosida 5 balldan 10 ballgacha baholanadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun qatnashuvchilarni tanlashning birinchi va ikkinchi bosqichlari bir vaqtning o’zida o’tkaziladi. Buning uchun tanlov e’lon qilingan kundan boshlab 21 kundan keyin, lekin 25 kundan kechiktirmay, komissiya a’zolarining yig’ilishi o’tkaziladi. Yig’ilish unda komissiya a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgandagina haqiqiy hisoblanadi.
Yig’ilishda talabgorning har bir ko’rsatgichi bo’yicha tegishli ballni berish masalasi komissiya a’zolari tomonidan ko’pchilik ovoz bilan hal etiladi va har bir ko’rsatgich bo’yicha bitta ball beriladi. Bunda olgan bali eng yuqori ball olgan talabgordan 10 ballgacha yoki 10 ballga farq qilgan talabgorlar eng yuqori ball olgan talabgorlar hisoblanadi va tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etiladi.
Qolgan talabgorlar tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etilmaydi va bunday talabgorlarga tanlovdan olinganligi to’g’risida yozma ravishda rad javobi beriladi.
Bir loyihaga talabgorlarning soni uchtadan kam bo’lsa, olgan ballari miqdoridan qatiy nazar, ularning hammasi tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya qilinadi.
Tanlovda ishtirok etishga tavsiya etish to’g’risidagi qaror qabul qilinadi, komissiya raisi, a’zolari va kotibi tomonidan imzolanadi hamda keyingi kundan kechiktirmay tanlovda ishtirok etishga tavsiya etilgan talabgorlar ro’yxati e’lon qilinadi.
Komissiya tanlovda ishtirok etishga qo’yilgan shaxslar to’g’risidagi to’liq axborotni tanlov o’tkaziladigan binoda manfaatdor shaxslar e’tiboriga etkazilishini ta’minlaydigan tarzda yozma shaklda e’lon qilishi, shuningdek tanlovda ishtirok etishga qo’yilmagan shaxslarga yozma shaklda asosli rad javoblarini yo’llashi shart.
Eng ko’p yakuniy ball to’plagan talabgor tanlov g’olibi deb komissiya raisi tomonidan e’lon qilinadi.
Komissiya yakuniy yig’ilishining bayonnomasi ikki nusxada tuzilib, komissiya raisi, a’zolari va kotibi tomonidan imzolanadi.
Har bir yig’ma jildda quyidagi hujjatlar tikilishi lozim:
a) loyihalar bo’yicha barcha tanlovlarga talabgorlar tomonidan taqdim etilgan arizalari va unga ilova qilingan hujjatlar;
b) komissiyaning tanlov o’tkazish to’g’risidagi e’lonlari;
v) tanlovda ishtirok etish uchun qatnashuvchilarni tanlash varaqasi;
g) komissiyaning har bir loyiha bo’yicha talabgorlarni tanlovda ishtirok etishga
tavsiya etish to’g’risidagi qarorlari;
d) har bir komissiya a’zosi tomonidan to’ldirilgan tanlov varaqalari;
e) tanlov yakuni bo’yicha qo’yilgan ballar hisob-kitobi;
j) tanlov o’tkazish yakunlari yuzasidan komissiya tomonidan qabul qilingan bayonnomalari;
z) talabgorlarni tanlash va tanlov o’tkazish bilan bog’liq boshqa hujjatlar.
Jildga reyting ballari berishga asos bo’lgan barcha hujjatlar (shu jumladan asli taqdim etilgan hujjatlarning belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxalari) tikilishi shart.