1.2. Iqlimi, o’simliklari va hayvonot dunyosi Atmosfera sirkulyatsiyasining umumiy qonuniyatlari subekvatorial mintaqa doirasida ancha bir xilligi sababli u iqlim oblastlariga ajralmaydi. Biroq, ayrim rayonlar iqlim sharoitida ma’lum tafovutlar bor, albatta. Birinchidan, Hindixitoy bilan Hindiston yarim orollarining shimoliy qismidagi qish temperaturalari o‘rtasida tafovut mavjud. Hindixitoyning shimolida yanvarning o‘rtacha temperaturasi ( + 16°S) Hindistonning shimolidagiga ( + 20°S) qaraganda 4°S past, Bunga sabab shuki, mo‘tadil mintaqadan sovuq havo kirib kelib, Hindixitoy orografiyasining o‘ziga xos xususiyatlari tufayli 20° sh. k. gacha yetib boradi va shimoli-sharqda temperaturani +5°S gacha pasaytirib yuboradi. Yillik yog‘in miqdori va yog‘inlar rejimida ham katta tafovutlar bor. Malakka yarim orolining janubiy qismi, Zond orollari (Yava orolining janubi-sharqi va Kichik Zond orollari bundan mustasno) va Molukk orollari ekvatorial mintaqada joylashgan. Bu mintaqa ekvatorial bosim depressiyasiga to‘g‘ri keadi va bu yerda har ikkala yarim shardagi passatlar o‘zaro to‘qnashadi. Quruqlikning o‘ziga xos taqsimlanishi sababli ekvatorial bosim depressiyasi yilning barcha fasllarida ko‘proq shimoliy yarim sharga surilganligidan, ekvatorial mintaqa ham ekvatordan shimolga janubdagiga nisbatan ko‘proq kirib boradi. Yevrosiyoning ekvatorial mintaqasidagi iqlim xususiyatlari atmosferaning umumiy sirkulyatsiyasigagina bog‘liq bo‘lmay, bu mintaqaga orollar va ularni bir-biridan ajratib turuvchi suv havzalari kirishiga ham bog‘liqdir. Ekvatorial iqlim mintaqasi uchun yil bo‘yi ekvatorial havo massalarining ustun turishi (ular har ikkala yarim shar passatlari bilan birga keluvchi tropik havo massalaridan tarkib topadi), temperaturasining bir me’yorda va yuqoriligi, namlikning ko‘pligi hamda kuchsiz shamollari bilan xarakterlanadi. Ekvatorial mintaqada atmosfera sirkulyatsiyasining musson rejimiga o‘tishi, ya’ni yozgi yog‘inlarning kuchayishi hamda qisqa vaqt nisbatan qurg‘oqchil davrning qaror topishi kuzatiladi, qurg‘oqchil davr ekvator tomonga shimoliy yarim shar passatlarining kirib kslishi bilan bog‘liq. Bu qurg‘oqchil davr Kalimantan orolining shimoli-sharqida va Sumatra orolining shimolida ayniqsa yaxshi rivojlangan. Butun Yava va Kichik Zond orollari janubiy yarim sharning subekvatorial mintaqasida joylashgan.
Hindixitoy Hindiston yarim orolidan farq qilib, materikning boshqa qismlaridan kenglik bo‘ylab cho‘zilgan tog‘lar bilan ajralmagan. Uning barcha tog‘lari shimoldan janubga cho‘zilgan va yarim orol yerlariga shimoldan kontinental havo massalarining kirib kelishiga to‘siq bo‘la olmaydi. Qishda kontinental musson bilan kirib keladigan nisbatan sovuq havo haroratning pasayishiga sabab bo‘lib, temperaturaning 15° shimoliy kenglikkacha pasayishi seziladi. Shu sababli Hindixitoyning shimoliy qismida eng sovuq oyning o‘rtacha temperaturasi 1000 m dan kam balandlikda +16aS dan oshmaydi. Dekabr va yanvar oylarida temperatura ba’zan +4°S gacha pasayadi. Hamma tog‘li rayonlarda harorat +1, +2°S gacha tushadi. Lekin 15° shimoliy kenglikdan janubda kontinental havo massalarining ta’siri sezilmaydi va eng salqin oyning temperaturasi +21-23°S ga yetadi. Singapurda yanvarning o‘rtacha temperaturasi deyarli +26°S ga teng. Iyul oyining o‘rtacha temperaturasi yarim orolning shimoliy qismida +28°S, biroq yarim orolning hamma qismida eng issiq oy iyul bo‘lmay, ekvatorial musson boshlanishi oldidagi aprel oyidir. Rangunda aprelning o‘rtacha temperaturasi +29°S, tekisliklarning ichki qismlarida eng issiq oyning o‘rtacha temperaturasi +30° dan oshadi.
Hindixitoyning katta qismiga namning asosiy massasini janubi-g‘arbiy ekvatorial musson shamollari keltiradi. Mussonlar namni asosan g‘arbiy sohilda qoldiradi, bu sohillar yarim orolning eng sernam rayonlaridir. Yillik yog‘in miqdori 3000 mm ga yetadi va yog‘inning 80% i yoz oylarida yog‘adi. Ichki rayonlarda yog‘inning yozda eng ko‘p tushishi saqlanadi, lekin miqdori keskin kamayib, 1000 mm dan oshmaydi. Hindixitoyning shimolida musson shamollari yo‘nalishi o‘zgaradi, ya’ni janubi-sharqdan esadi va Janubiy Xitoy dengizi tomondan u ham yozda ko‘p miqdorda nam keltiradi. yog‘in qattiq jala ko‘rinishida yog‘adi; bunda go‘yo suvni chelaklab quygandek bo‘ladi. Jala quyishi bilan birga ko‘pincha katta zarar keltiruvchi tayfunlar (dovul) bo‘ladi. Janubiy Xitoy dengizi tomondan keladigan tropich tayfunlar Hindixitoy ustida iyuldan sentabrgacha aykiqsa tez-tez o‘tib turadi.
Sharqiy sohilda eng ko‘p yog‘in kuz bilan qish oylariga to‘g‘ri keladi. Yomg‘irlarni shimoliysharqdan esib, dengiz, ustida namga to‘yinadigan ishki musson (passat) shamollari keltiradi. Tog‘lar sharqiy sohilni yozgi musson shamollaridan to‘sib turadi va u yerda yozda quruq bo‘ladi. Shunga qaramay, Sharqiy sohilning katta qismida yiliga 1500 mm dan 3000 mm gacha yog‘in tushadi.
Hindixitoy va Hindiston yarim orollari daryolari sernam fasl bilan quruq fasl o‘rtasidagi keskin tafovut hamda yilning quruq faslidagi kuchli bug‘lanish sababli ekvatorial mussonlar esadigan davrda to‘libtoshib oqadi va ba’zan qurg‘oqchil davrda deyarli qurib qoladi. Musson rejimi ayniqsa Hindiston daryolari (masalan, Godavari) uchun xarakterlidir. Hindixitoy daryolari-Saluin, Iravadi va boshqalar baland tog‘lardan boshlanadi va ularda garchi yozgi maksimum aniq aks etsada, har holda nisbatan bir me’yordati oqimga ega.
Tipik ekvatorial iqlimli Indoneziya orollari daryo tarmoqlarining zichligi va oqimining yil davomida bir me’yorda ekanligi bilan xarakterlanadi. Bu orollarning sersuv va sho‘x daryolari katta suv zapasi energiyasiga ega.
Hindixitoyning tog‘ tizmalari va yassi tog‘liklarini kesib o‘tadi, ularning quyi oqimi zlari keltirgan yotqiziqlari orasida keng tekisliklardan o‘tadi. Hindixitoyning allyuvial tekisliklari va daryolar deltalari aholi zich o‘rnashgan yirik rayonlardir. Bu rayonlarning ba’zi birlarida (masalan, Qizil daryo deltasida) aholining zichligi 1000 kishidan ortadi. Daryolarning quyar joyida va etaklarida Hindixitoy mamlakatlarining eng yirik port va shaharlari joylashgan. Hindixitoy yarim oroli, Zond orollari va Filippin arxi-pelaglarining katta qismini nam tropik o‘rmonlar qoplab yetadi
Yarim orolda tropik kengliklarning o‘simlik qoplamining deyarli barcha tipi-sernam tropik o‘rmonlar va mangra chakalakzorlaridan tortib quruq savannalargacha tarqalgan.
Hindixitoyning sharqiy sohilida ayniqsa katta maydonlarni egallagan. Malakkada tog‘larining quyi qismi Indoneziya orollari uchun tipik bo‘lgan o‘ziga xos moxli o‘rmonlar bilan qoplangan. Namgarlik juda ko‘p bo‘lgan yerlarda daraxtlarni qalin mox va lishaynik qoplab olgan, ba’zan ular butun o‘simliklarni qoplab oladi.
Janubiy Sharqiy Osiyoning yog‘ingarchilik kam bo‘ladigan shimoliy va ichki rayonlari bargini to‘kadigan musson o‘rmonlari bilan qoplangan. Ba’zi joylarda bu o‘rmon o‘rni savannalardan iborat. Savannalar ko‘pincha kesib olingan o‘rmonlar o‘rnida hosil bo‘ladi, umuman Hindixitoyda savannalar Hindiston yarim orolidagiga qaraganda kam maydonni egallaydi. Janubiy Sharqiy Osiyoning musson o‘rmonlari uchun qimmatbaho tik daraxti (ekib o‘stirish ham keng tarqalgan), g‘arovzorlar, seyba daraxti (Ceiba rentandra) xosdir. Toshqinlar vaqtida daryo vodiylarida kishilar seybaning qalin shoxshabbasi tagiga kelib o‘rnashadi.