II BOB. Qadimgi Hindixitoy yarim oroli xalqlari
2.1. Hindixitoy yarim orolida tashkil topgan sinfiy jamiyat va davlatlar
Tarixiy manbalarda Vetnam hududida dastlabki davlatning paydo bo'lish tarixi turlicha sanalarda ko'rsatilgan. Masalan, «Qadimgi sharq tarixi» asarida birinchi vetlar davlati Yue miloddan avvalgi VII asrda Yantszining quyi oqimi hududida vujudga kelgan. Boshqa manbalarda yozilishicha, bu voqea miloddan avvalgi III asrning tugallanish arafasida sodir bo'lgan. Ya'ni, Qizil daryo - Xongxadan to Xitoyning Sitszyan vodiysigacha cho'zilgan hududda Vanglang davlati tuzilgan. Keyin uning o'rnini Aulak egallab, uning aholisi tarkibini "aulaklar" va aksariyati "lakiyelar" bo'lgan etnik vetlar jamoalari tashkil qilgan va ular yerlarni o'zlashtirib dehqonchilik, baliqchilik va hunarmandchilik bilan shug'ullangan. Lekin oradan bir asr o'tar-o'tmas Sin imperiyasi vetlar davlatini bosib olgach, mustaqillik uchun olib borilgan janglarda oxiri xitoylar mag'lub bo'lib, Namvet davlati vujudga kelgan. Biroq, oradan ko'p o'tmay yana xitoyliklarning bostirib kirishi tufayli Namvet uch etnik hududga bo'lingan va faqat shundan so'ng, nihoyat, vetlar tugal ravishda tarqoqlikka barham berib, xalq sifatida birlashish va rivojlanish pallasiga kirgan. Ayrim xitoy xronikalariga qaraganda, Vetnamda davlatchilik faoliyati, yuqoridagi talqindan farqli o'laroq, miloddan avvalgi II asrdan boshlanganligi Nan'yue, Dun'yue va Min'yue davlatlari misolida qayd etilgan. Ularda shuningdek, vetlarning Xan imperiyasi bilan bo'lgan harbiy to'qnashuvlari va kelishuvlari quyidagi hujjatlarda bayon etilgan, ya'ni: "Miloddan avvalgi 138 yili Vetnamdagi davlatlarning o'zaro kelishmovchiliklari natijasida kuchsizlanishidan Xan imperiyasi Dun'yueni bosib olgan; Namvet bilan imperator Udi jiddiy jangga kirishga tayyorgarchilik ko'rgan; 192 yili chet ellik mustabidlarga harshi qo'zg'olonlar vaqtida yangi «Lini» davlati hukmdori Szin sulolasi imperatoriga boj to'lagan”.
Vetnam davlatchiligi tarixiga doir ilmiy nashrlarda zikr etilgan davlatlar ichida Namvet qudratiga juda yuqori baho berilgan. Chunki u milodadn avvalgi II asrda Janubi-Sharqiy Osiyoda eng kuchli davlat bo'lib, hatto o'z iqtisodiy va harbiy salohiyati bilan Xan imperiyasiga ham tenglashgan.
Garchi vetlar asrlar mobaynida xitoyliklarga tobe bo'lgan bo'lsalar-da, ammo bu hali ularning taqdirga tan berishi emasdi. Chunki, o'tgan asrlar jarayonida, mahalliy aristokratiya turli viloyatlarda borgan sari o'z hukmronligini o'rnatib, xitoy ma'muriyatiga bo'ysunmay qo'ygandi. Shu sababdan "541 yili janubiy Xitoy hukmdori Lyanning Vetnamda o'z tazyiqini yanada kuchaytirish maqsadidagi intilishlari keskin umumxalq noroziligiga duch kelib, bu harakatga rahbarlik qilgan Li Bon Vansuan davlati taxtining sohibi, deb e'lon qilingan".
Qadim Vetnam tarixidagi ijtimoiy-siyosiy hayotda yuz bergan uzluksiz o'zgarishlarga e'tibor bersak, goh yerlik hukmdor doiralarning o'zaro ziddiyatlari, goho bu ahvoldan foydalangan xitoyliklarning yurishlari va vetlarning ularga qarshi kurash olib borganliklarining shohidi bo'lamiz. Shulardan biri, X asrning ikkinchi yarmidagi Ngo Kuyey boshchiligidagi xalq qo'zg'oloni vaqtida bosqinchilarning quvib chiqarilishi va "Daykovet-Qadimgi ulug' Vet» davlatining paydo bo'lishi edi. Daykovetning qo'shni qirollik bilan yovga birlikda zarbalar berganliklari va shuningdek, chet elliklar tazyiqidan qutilgan har ikki davlat o'rtasida serhosil yerlarga egalik qilish yo'lidagi kurashlar oqibatida yana tarqoqlikning kuchayganligi va boshqalar.
Vetnam tarixida tinchlik va barqarorlikda o'tgan davrlar juda kam bo'lganligini, uzoq o'tmishdan Xitoy va Vetnam o'rtasidagi munosabatlar muttasil jangu jadallarda o'tgan bo'lsa ham, ammo xitoy davlatchilik tizimi Vetnamda ham qo'llanilgan. Binobarin, "barcha harbiy va fuqarolik ishlari bo'yicha mutasaddi rahbariyat to'qqiz pog'onaga bo'lingan. Ular yuqoridan keladigan jami buyruq va ko'rsatmalar asosida ish yuritganlar. Mutlaq hukmdorlik esa, "davlatga qarashli barcha yerlar"ning egasi hisoblangan podsho qo'lida bo'lgan".
Daykovet davlati o'zining taraqqiyot pallasida ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan bir qancha tadbir va rejalarni amalga oshirib ulgurgan edi. Aytaylik, agar "Yuz hamkorlik mahsuli" nomli reja qishloq xo'jaligi, hunarmandchilik va qurolsozlikning rivojiga katta hissa qo'shgan bo'lsa, "Xongik" nomli qonunlar majmui fuqarolarning ma'naviy va ma'muriy tomondan o'z haq - huquqlarini anglab yetishlariga rasman imkon bergandi.
1009 yili Li oilasining taxtni egallashi ham Vetnam uchun muayyan rivojlanish yo'lini ochib berdi. Taxminan 200 yil hukmronlik qilgan sulola namoyandalari o'z saltanati chegaralarini Champa, Xitoy va Kxmer imperiyalari hujumlaridan himoyalash uchun son jihatdan yetarli va kuchli qurollangan armiyaga ega bo'ldi. Bunday harbiy qudratga erishish, avvalo, iqtisodiy sohasidagi yutuqlar zamirida paydo bo'lgan bo'lsa, qolaversa, mazkur yuksalish madaniyat va san'at taraqqiyotida ham siljishga zamin yaratdi.
Mo'g'ullarning Osiyo mamlakatlariga yurishi davrida Daykovet va Champaga uyushtirgan hujumlari va janglari o'zining o'zga o'lkalardagi natijasidan sezilarli darajada farqlangan. Kuchli va ko'p sonli mo'g'ul askarlariga ega Xubilayxon vetlar ustidan tugal g'alaba qozonishga ko'p uringan, lekin maqsadga muyassar bo'lish nasib etmagan. Shunday to'qnashuvlarning so'nggisida Xubilayxonning o'g'li Tugana o'z qo'shini bilan Daykovetga bostirib kirgan. Ammo vetlar qo'mondoni Chan Xing Dao og'ir ahvoldan chiqib ketish uchun Qizil daryo deltasini tashlab, qo'shinni dengiz orqali dushmanning ortidan hamla qilishga boshlagan. Bu harbiy taktik uslub mo'g'ullarni chekinishga majbur qilgan. Shunda mag'lub bo'lgan Xubilayxon Daykovetga qayta hujum qilish uchun hatto Yaponiyaga bo'lajak yurishidan ham voz kechgan.
Dastlab - 1288 yili 300 ming askarga ega mo'g'ul xoni shiddatli hujumlar bilan Daykovet poytaxti muzofotigacha kirib borgan. Shunda vetlar dushmanning oziq-ovqat zahiralarini yo'q qilish bilan birga mo'g'ul qo'shinlari kemalari yo'lini juda bir ustalik bilan to'sganlar. Ya'ni, kemalar yo'lini bilgan mahalliy dengizchilar suv ostiga o'tkir tig'li qoziqlar qoqib chiqqanlar. Bu yo'ldan suzayotgan mo'g'ul kemalari suvda tagi teshilib, askarlari bilan dengiz qa'riga g'arq bo'lgan. Bosqinchilar orasida mag'lubiyat kayfiyati tufayli tarqoqlik kuchayib, ularning qolgan qismi yana tog'lik so'qmoq yo'llarda harbiy tuzoqlarga duch kelib, tugal halokatga uchragan.
Muttasil davom etgan urushlardan keyin ochlik va vayronagarchilik bois dehqonlar qo'zg'oloni hamda aristokrat davralarda esa qurolli to'qnashuvlar avj olib, mamlakatda chuqur siyosiy beqarorlik hukm surgan. Shunda Chan Txu Do ismli hukmdor o'z atrofida kichik va o'rta mulkdorlarni birlashtirib, Chan sulolasiga asos solgan. Bu voqealardan xabardor Xubilayxon, garchi uzoq muddatgacha Vetnam ostonasida o'z qo'shinini yangi hujumlar uchun tayyor holda saqlagan bo'lsa-da, ammo o'tmish saboqlarini unutolmay, oxir-oqibatda qayta harbiy yurish qilishga jazm qilmagan. Janubi-Sharqiy Osiyoning yirik davlatlarida o'z g'alaba bayrog'ini tikkan Xubilayxondek muzaffar mo'g'ul xoni vetlarning shijoati va matonatiga bas kelolmagan.
Tarixan vetlar hududining ikki qismga bo'linishi 1527 yili o'zini imperator deb e'lon qilgan Mak Dang Zung hukmronligi vaqtida oppozitsiyada bo'lgan kuchlarning harakati sababli boshlangan. Bu harakatga muqaddam Le sulolasi harbiy xizmatida bo'lgan Nguyen Kim rahbarlik qilgan. Shunday qilib, Vetnamda "XVII asrdan ikki kuchning markazi shakllangan - Nguyenlar va Chinlar", Ikki taraf o'rtasidagi janglar juda uzoq davom etib, faqat 1673 yili, taraflarning kuchsizlanishi tufayli ikki o'rtada "majburiy tinchlik"ga erishilgan.
Birma tarixiga doir adabiyotlarda uning uzoq o'tmishi xususiga munosabat turlicha, «bu o'lkada kishilik jamiyati va davlatchilikning shakllanishi Hindixitoydagi umumiy taraqqiyot jarayonidan farq qilmagan»ligi ta'kidlangan. Olimlar xulosasiga ko'ra paleolit va neolit davrlariga xos arxeologik topilmalar majmui asosida bayon qilnadi. Binobarin, bu hududga birinchi bo'lib mon-kxmer qabilalari joylashib, ular baliqchilik va ovchilik bilan kun kechirganlar.
Tadqiqotchilar fikricha, "Birma o'ziga xos rivojlanish yo'li bo'yicha birorta Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga o'xshamagan" va uning birinchi aholisi "Karen", "Mon" va “Pyu" kabi Sharqiy Tibetdan kelgan «Tibet-Birman guruhi»ga mansub qabilalar bo'lgan. «Tibet-Birman guruhi» qabilalari Birmaga ancha kech ko'chib kelib, ularning ba'zilari Iravadi vodiysida, boshqalari esa janubiy viloyatlarda yashagan. Shuningdek, ba'zi ilmiy manbalarda qabila jamoalari orasida kichik davlatlar paydo bo'lishining birinchi sababi, hindlarning ta'siri natijasi bo'lsa, ikkinchisi, Birmada buddizmning qabul qilinishidan ko'rilgan. Zikr qilingan manbalardagi ma'lumotlardan farqli o'laroq, milodning V-VIII asrlarida Birmaning markazida tibet-birman xalqi barpo etgan Shrikshetra davlati faoliyat ko'rsatgan. Ammo bu davlat IX asrda Nanchjao tazyiqi ostida tarqalib ketgan.
Birmaning davlatchilik tarixida XI-XIII asrlardagi Pagan saltanati alohida o'rin tutgan. Chunki qirol Anavratha 1044-1077 yillardagi hukmronlik davrida o'z islohotlari va harbiy sohadagi muvaffaqiyatlari bilan davlatining kuch-qudratini mustahkamlashda asosan islohotlar natijalariga suyangan. Davlatning sarhadini kengaytirish maqsadida olib borilgan janglarda asir olingan me'morlarni diniy, maishiy va madaniy sohadagi qurilish ishlariga jalb etilib, o'n uch mingdan ziyod diniy ibodatxonalar qurilgan.
Umuman, XI-XIII asrlar Birmada madaniyatning shakllanish va o'sish davri bo'lgan, deyish mumkin. Garchi mahalliy yozuv, badiiyat va san'at turlari qadimgi mon va pyu qabilalaridan tashkil topgan birmaliklarning o'z milliy mentaliteti zamirida yuzaga kelgan bo'lsa- da, bu xususda shuningdek, hindlar ham ishtirok etganlar. Chunki Birmada Hindiston bilan yaqin qo'shnichilik munosabatlaridan tashqari, doim aholi orasida hinduizm e'tiqodidagi jamoalar yashagan.
Afsuski, XIII asrdagi madaniy taraqqiyot pallasida, mo'g'ullar bosqini barcha Janubiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlari singari Birmani ham o'z qamroviga olgan. Mo'g'ullar hujumi vaqtida hatto himoya vositasi sifatida ibodatxonalargacha buzilib, ularning uskunalaridan bosqinchilar yo'liga maxsus to'siqlar yasalgan, lekin foydasi bo'lmagan - Pagan davlati yo'q qilinib, Birma yana bir necha katta-kichik qirolliklarga bo'linib ketgan. Keyingi XIII-XVIII asrlar, Birma uchun Inva, Taungu Pakhine va Pyu kabi besh qirollikning o'zaro olib borgan janglari bilan xarakterli.
Shunga qaramay, hatto o'zaro tarqoqlikda o'tgan yuzyilliklar jarayonida ham, XV asr boshi Taungu qirolligining kuchayishi va ta'sir doirasining kengayishi bilan tarixda qolgan. Ammo bu qudratli qirollikning Siam bilan olib borgan bardavom urushlari, axir uni holdan toydirgan va Birmada yana tarqoqlik tendentsiyasi hukm surib, uning asorati uzoq o'nyilliklarga cho'zilgan.
Yuqoridan ma'lumki, XVIII asrdan yevropaliklarning Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasidagi davlatlarga bo'lgan qiziqishi kuchaygan edi. Garchi mazkur mamlakatlar orasida Birma o'zining bandargohi va qimmatbaho dorivorlari bo'lmaganligi tufayli yevpropaliklar uchun ikkinchi darajali savdo ob'ekti hisoblangan bo'lsa ham, lekin XIX asr boshidan Birma ham Angliyaning yangi bozorlar uchun olib borgan kurashi maydoniga aylandi. Bu vaqt Birmaning so'nggi qiroli Aloungpaya hukmronligi yillariga to'g'ri keldi.
Tayland to shu vaqtgacha taylarning kelib chiqishi va ularning asl vatani avval qayerda bo'lganligi haqida aniq ma'lumotlar deyarli yo'q. Tarixiy nuqtai nazardan hozirgi Tailand hududida, ilmiy taxminga ko'ra, besh ming yil muqaddam bronza asri sivilizatsiyasi boshlangan va monlar, kxmerlar hamda taylardan tashkil topgan muhojirlar bu makonni o'zlashtirib, hosildor yerlarga aylantirganlar. Ikkinchi bir manbadan taylar ajdodlari avval janubi-g'arbiy Xitoyda, ya'ni Guansi va Guychjou viloyatlaridagi daryolar vodiysida yashaganliklari ma'lum.
Lekin xitoy solnomalarida yozilishicha, taylarning ilk ajdodlari - qabila yoki urug'larining bir qismi miloddan avvalgi 2000 yillardan janubiy Xitoy hududiga tarqalganlar. Miloddan avvalgi 221-220 yillarga kelib xitoyning Sin imperiyasi tay xalqlari joylashgan yerlarni o'z tasarrufiga olgan. Chunki, miloddan avvalgi III - II asrlarda chorvachilik bilan shug'ullangan qadimgi taylarning tog'lik hududlarda Diyen va Yelan kabi qabila asosidagi nisbatan rivojlangan davlatlari bo'lgan. Bu yerda, xususan Yelanda hatto xo'jalik ishlari mahalliy yozuvdagi xat-hujjatlar asosida olib borilgan.
Miloddan avvalgi 122 yili taylarning taqdirida muhim burilish yuz bergan - Aliao davlati tuzilgan. Garchi bu «burilish»da, yangi davlat fuqarolarining muayyan qismi janubiy Xitoyda qolgan bo'lsalar ham, ammo ularning asosiy qismi laos va shanlar bilan bir xalq sifatida birlashgan. Shundan boshlab Xitoyning taylarga qilgan yurishlariyu urushlari to'xtamagan va taylar mustaqillik uchun uzoq yillar tinmay xitoyliklardan o'z sarhaddarini himoya qilganlar.
Milodning IX asrida kuchaygan migratsiyadan keyingi davrlarda paydo bo'lgan Chiyengsen, Payao va Lanna singari tay davlatlari kxmerlarga bo'ysunsalar-da, ammo imkoni bo'lganda ularga qarshi kurashganlar. Shu ahvolda faqat XIII asrga kelib Sukotai nomli taylarning yirik davlati Menamadan migratsiya qilgan aholining ortishi va Kambodjaning kuchsizlanishi oqibatida Malakka yarim orolini o'zlashtirishga kirishgan.
Tailand tarixida Sukotaiga nisbatan yanada yirikroq Ayutiya davlati ham o'z davrida taylarni birlashtirish maqsadida Kambodja, Birma va Laos knyazliklari bilan janglar olib borgan. Shu vaqtga taalluqli yana bir muhim voqea - bu Sukotaini ham vassal sifatida Ayutiya tarkibiga kiritilishi va siamlarning Malakka yarim orolida to'la-to'kis o'z hukmronligini o'rnatishga bo'lgan harakatlari edi.
Davlat miqyosidagi yiriklashuv oqibatida taylar Menamada yangi yerlar ochib, ularni ekin ekishga tayyorlaganlar. Bu ekin maydonlari uchun maxsus irrigatsiya tizimi yaratilgan. Avvalgi guzarlar o'rnida Pitsanulok, Savankalok, Kampengpet kabi barpo etilgan yangi shaharlarda qariyb o'ttiz mingga yaqin xonadonlar yashaydigan turli ijtimoiy-maishiy markazlar vujudga kelgan.
Davlat boshqaruv tizimida podsho eng katga yer egasi va qo'shinning bosh qo'mondoni sifatida faoliyat ko'rsatgan. Unga davlat ishlarini yuritishda mahalliy feodallar asosiy tayanch bo'lib xizmat qilgan. Viloyatlardagi rahbarlik vazifasini ham asosan podsho oilasi a'zolari bajargan.
Vassal davlatlar esa, markazga tobelik asosida o'z yerlik hukmdori tomonidan boshqarilgan. Boshqaruv ishlarida mamlakat ikki - ichki va tashqi hududlarga bo'lingan. Agar ichki hudud markaziy idora xodimlari orqali boshqarilsa, tashqi hududlar nazorati podsho tomonidan tayinlangan maxsus mutasaddilar zimmasida bo'lgan. Soliq yig'ish ham ayni tizim ostida bajarilgan.
Ilmiy hamda badiiy adabiyotlarda Tailand goho Siam ham deb ataladi. Vaholanki, taylar vatanining bu tarzda nomlanishi 1939-1945 yillardan boshlab istifodaga kirgan.
Kambodja - bu o'lkaning qisman qadim tarixini bayon etishdan oldin, shuni ta'kidlash joizki, uning rasman davlat sifatida nomlanishi va hududiga xos jug'rofiy jihatlarida hamon ayrim turli talqinlar mavjud. Ya'ni, agar o'tgan asrning 80-yillarida chop etilgan entsiklopedik nashrlarda ushbu mamlakat - Kampuchiya Xalq Respublikasi yoki «Kxmer Respublikasi» deb qayd etilgan bo'lsa, keyingi manbalarda Kampuchiya va hatto ''Kambodja qirolligi" deb nomlangan.
Shuningdek, ba'zi rasmiy ma'lumotlarda Kambodjani faqat Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakati sifatida zikr etilgan bo'lsa, boshqa ba'zi matbuot manbalarida esa, uni Hindixitoy yarim oroli mamlakatlari sirasiga kiritilgan. Holbuki, Kambodja sarhadi har ikki jug'rofiy hududga tegishli. Ushbu masalada yana bir e'tiborga molik jabhalardan biri va asosiysi - Kambodja qadim tarixiga taalluqli ma'lumotlarning nisbatan taqchilligi. Aksariyat mavjud adabiyotlarda mon-kxmerlar tarixi neolit davridan boshlangan bo'lsa-da, lekin ularning keyingi tarixi milodning I-VI asrlaridagi Funan hamda uning shimolida VI asrda paydo bo'lib, VII asrda inqirozga uchragan Chena kabi quldorlik davlatlari bayoni bilan chegaralangan. Bu boradagi ma'lumotlar qamrovi ham mahalliy aholining ovchilik va dehqonchilik bilan shug'ullanganligi haqidagi xabardor majmuidan nariga o'tmagan.
Yana, qator turfa nashrlarda shunday talqinlar ham borki, ular bo'yicha, dastlabki mahalliy davlatning shakllanishi bu yerda bronza asridan ibtido olgan. Uning taraqqiyoti o'z davri iqtisodining asosi bo'lgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish va mo'l hosil olishda temir asbob-uskunalarning istifoda etilganligi bilan isbotlangan.
Shu yo'sinda bayon etilgan Kambodjaning tarixi, keyinchalik IX-XII asrlarga taalluqli jarayonlar zamirida har qalay kengroq ma'noda yoritilgan. Ya'ni, IX asrda Mekong deltasida vujudga kelgan «Kambudjadesha» Hindixitoyda o'z davrining eng yirik davlatlaridan biri bo'lgan.
VIII asrdan to XII asrgacha faoliyat ko'rsatgan bu davlat sharqiy viloyatlarda Tyampa va g'arbida birmaliklarning Pagan hamda shimolda Dayvet davlatlari bilan jang] olib borib, oqibatda sharqdagi o'z dushmanlari hududigacha kirib borishga muvaffaq bo'lgan.
Kxmerlar davlati va uning poytaxti Angkorning taraqqiy topishi bilan boshlangan tinimsiz harbiy yurishlar va markazda ibodatxonalar hamda hashamatli saroylar qurilishining keng qanot yozishi oxiri podsholik xazinasi, demak, uning kuch qudratiga putur yetkazgan.
Chunonchi, Prea Kxan ibodat maskanida jamlangan rasmiy ma'lumotlarga qaraganda, XII asrda Kambodjada ibodatxonalar soni 20 mingga yetgan va rohib ahliga tegishli yerlarda 30 mingdan ortiq dehqonlar ishlab, o'z ko'targan yillik hosillarining katta bir qismini yer - mulk egalariga to'lov va davlatga soliq sifatida to'laganlar. Xullas, feodal jamiyatining mustahkamlanishi yerga ishlov berib ekin ekuvchi yollanma hamda o'z xo'jaligiga ega dehqonlarning mehnat mashaqqati hisobiga amalga oshirilgan.
Buning ustiga turli soliqlarning ortib borishi va og'ir mehnat hamda harbiy yurish va urushlarda qatnashish mas'uliyatidan tang ahvolda qolgan aholining norozilik kayfiyati, oxiri xalq qo'zg'oloniga aylangan.
Tabiiyki, bunday holat muqaddam mag'lub qo'shni davlatlarni asta-sekin Kambodja hududiga bostirib kirishga rag'batlantirgan. Yerlik askarlar, ortdan tegishli yordam kuchlari yetib kelavermagach, birin-ketin o'z qo'l ostidagi hududlarini tashlab chiqib ketishga majbur bo'lganlar. Qirollikning markaziy hukumati chegaradosh davlatlar orasida o'zining avvalgi ta'sir kuchini yo'qotib, ibodatxonalarga qarashli yerlardagi daromadga ham ziyon yetgan. Mazkur sharoitda, bir tomondan "erdagi xudo" - podshoga sodiq rohiblar har qancha harakat qilmasinlar yangi din - buddizm tarafdorlariga bas kelolmagan bo'lsalar, ikkinchi tomondan, XV asr boshidagi Siam va Tyampaning muttasil hujumlari ostida Kambodja uzoq vaqtlargacha o'znii o'nglay olmagan.
Arxeologik topilmalardan olingan ma'lumotlarga qaraganda, hozirgi Laos hududida qadimgi davrlardan aholi yashagan. Mahalliy aholi ajdodlari bronza asri madaniyati asosida rivojlangan. Taxminan milodning XIII asridan Laosga sharqdan lao va taylar migratsiyasi boshlanib, ularning asosiy qismi daryo suvlari bilan sug'oriladigan vodiylarni o'zlashtirganlar. Shu tariqa qabilalar tizimidan iborat o'z davrining kichik davlat shaklidagi podsholiklari faoliyat ko'rsatgan. Ammo ular orasidagi doimiy o'zaro tuqnashuvlar sababli Laosda nisbatan ilk yirik davlatning vujudga kelishi faqat XIV asrdan boshlangan. Ya'ni, kxmerlarning kuchsizlanishi oqibatida Muong-Sva knyazligi hukmdori Fa Ngum mustabidlardan ozod Laosni birlashtirishga muvaffaq bo'lgan. Hukmdorning ma'lumotli, tadbirkor va harb san'a- tidan xabardorligi Laos chegaralarini kengaytirish va mustahkamlash yuzasidan qator chora-tadbirlar o'tkazishda ish bergan. Harbiy yurishlar vaqtida mag'lub bo'lgan raqiblaridan boj-xiroj sifatida faqat qimmatli metallarni olinishi esa, xazinani boyitib, savdo ishlarini rivojlantirgan. Shundan so'ng, iqtisodiy va harbiy jihatdan mustahkam Laos hukmdori 1351 yili o'zini "Lan Sang-Millionlab fillar mamlakati"ning podshohi deb e'lon qilgan. Lan Sangda monarxiya tizimi joriy etilgach, unda barcha asosiy davlat mahkamalari podsho oila a'zolari va o'zga yaqinlari qo'liga o'tgan. Bu mansab-martaba huquqi va imtiyozlaridan diniy arboblar ham istisno emasdi. Budda rohiblarining qo'lidagi hosildor yerlar davlat soliqlaridan mutlaqo ozod bo'lganligi bois ibodatxonalarning mol-mulki ham davlat nazoratiga bedaxl bo'lgan.
Lan Sang davlati shu yo'sinda tinchlik sharoitida o'tgan qariyb yarim asr ichida qo'shni davlatlar bilan savdo-sotiq ishlarini yaxshi yo'lga qo'yib, iqtisodiy qudratini mustahkamlashga ulgurgan. Lekin keyingi yillardagi Birmaning ketma-ket hujumlaridan so'ng kuchsizlangan Lan Sang, mustabidlarga qarshi tinimsiz va uzoq kurashlar natijasida yana o'z mustaqilligini tiklashga erishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |