2- BOB. O`ZBEK TILIDA SO`Z TURKUMLARINING LIZONIY TABIATI
2.1 MUSTAQIL SO`Z TURKUMLARIGA XOS BO’LGAN GRAMMATIK BELGILAR
Milliy istiqlol sharofati bilan o'zbek tilshunosligi fani mustaqil taraqqiyot yo'liga o'tdi. Milliy tilshunosligimizda mustaqil ilmiy yo'nalish — formal- funksional (shakl-vazifaviy) tahlil usuli shakllandi va oliy ta'limdan umumiy o'rta ta'limgacha filologiya yo'nalishlarida tadbiq etildi. Bugungi kunda o'zbek tilshunosligida shaxdam qadamlar bilan uch yo'nalish rivojlanmoqda:
formal tahlil yo'nalishi
formal - funksional tahlil yonalishi
semantik - sintaktik tahlil yonalishi.
Har uchala yo'nalish ham sistemaviy, ya'ni tilni sistemada deb tushunadi. Lekin har bir yo'nalish bu sistemani o'zicha tushunadi va tayanch birliklari o'ziga xosdir. Har bir yo'nalish tilga, ya'ni til tizimiyligiga turli tomondan yondashadi va ma'lum bir qirrasini ochishga, tavsiflashga xizmat qiladi. Alisher Navoiy ma'rifat deganda xuddi mana shuni—bir ma'noga, maqsadga turli yo'llar bilan yondashish mumkinligini tushunadilar va "Lisonut tayr"da yozadilar:
…Yuz tuman rahrav ko'rarsan beqaror
Har biri bir yo'lni aylab ixtiyor…
O'z borur yolida har kim muftaxir,
Yo'lni aylab o'z yo'liga munhasir.
Darhaqiqat, formal (an'anaviy) yo'nalish fanimizda eng rivojlangan va keng ommalashgan tahlil usuli bo'lib, u tilimizning barcha sath birliklarini o'rganish jarayonida ommaviy amaliyotdadir. Zakiy tilshunos professor A.G`ulomov maktabining tilshunosligini formal tilshunoslik deb atashimiz maqsadga muvofiqdir. Chunki Moskva tilshunoslik maktabi namoyondalari N.Dmitriyev, A.Borovkov va ularning shogirdi bo`lgan ustoz A. G'ulomov lisoniy va nutqiy hodisalarni keskin ajratmaganlar. Bu tahlil yo'nalishi tadqiq va tahlilning ilk bosqichida falsafiy mohiyatga ega bo'lgan shakl (forma), ya'ni tadqiq manbaining tashqi, moddiy, formal tomoniga tayanib, undan shaklning mazmun va vazifasi tahliliga o'tganlar. Ustoz va izdoshlari lisoniy (UMIS1 tabiatli) va nutqiy (YAHVO2 tabiatli) hodisalarni bir-biridan ajratib, o'zaro bog'lanishda ko'rmaganlar, xolos. Chunki o'sha davrda taraqqiyot o'zbek tili hodisalarini Evropa grammatik talqinlari asosida sistemalashtirishni talab qilar edi. Fanimiz ham shu vazifaga xizmat qildi. Tilimizning sistemaviy tabiatini tavsivlash va ochishda fanimizda yana bir ilmiy yo'nalish mavjud va bu yo'nalish N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Berdialiyev, M.Boshmonov, A.Mamajonov kabi olimlar tomonidan rivojlantirilayotgan semantik - sintaktik tahlil yonalishidir.
Formal-funksional yo'nalish (asoschisi S.Ivanov) oldingi (formal) yo'nalishning bevosita davomi bo'lib, uning tahlil va tavsif materiallariga tayanib ish ko'radi. Formal-funksional atamasi tarkibidagi birinchi qism mana shunga ishora qiladi. Bu yo'nalishning maqsadi sistemalashtirish emas, balki sistemani yechish, munosabatlarni sharhlashdir. Bu yo'nalish lison va nutq hodisalarini izchil farqlovchi Praga strukturalizmi bilan yaqinlashadi, lekin lisoniy hodisalarga dialektikaning umumiylik, mohiyat, imkoniyat, sabab, nutqiy hodisalarga esa yakkalik, hodisa, voqelik, oqibat kategoriyalari me'yorlari bilan yondashishi jihatidan undan farq qiladi. Qisqasi, formal tilshunoslik tomonidan qo'lga kiritilgan yutuqlar formal-funksional tilshunoslik uchun poydevor vazifasini o'taydi.
Ma’lumki, nazariy yondashuvda leksemaning atash (denotativ) semasi deganda borliqdagi harakat/holat, narsa-predmet, miqdor, belgi – xususiyatini atovchi, nomlovchi sema tushuniladi. Bu semaning har birini mustaqil so‘z turkumi – fe’l «harakat/holatni atash» semasi, ot «narsa-predmetni atash», son «miqdorni atash», sifat va ravish «belgini atash» semasi sifatida bevosita xususiylashtiradi. Atash semasi obyektiv borliq parchasiga muvofiq kelgani bois leksema sememasi tarkibidagi boshqa semalar (vazifa, ifoda)dan muhimroq ahamiyatga ega. Har bir so‘z turkumining muayyan atash semasi mutlaq va doimiymi yoki mustaqil so‘z turkumlari orasidagi so‘z turkumlarining bir-biriga ko‘chish hodisasi (transpozitsiya)ning bunga daxli bormi?
So‘z turkumining ko‘chishi – transpozitsiya deganda, ma’lum bir turkumga mansub so‘zning o‘ziga xos bo‘lgan atash, vazifa semasini kuchsizlantirib, boshqa so‘z turkumiga xos semantik va grammatik belgiga ega bo‘lishi tushuniladi. Turkiy tillarda so‘z turkumi bir-biridan qat’iy chegaralanmaydi, ular uzviy aloqada, bir butun sistemani tashkil etadi. Bu sistema qismlari dialektik mantiqdagi «oraliq uchinchi» qonuniyatidan kelib chiqqan holda g i b r i d so‘z sifatida baholanadigan, har ikki siraga xos semantik-grammatik belgini o‘zida saqlovchi, bir turkumdan ikkinchi turkumga ko‘chish bosqichida turuvchi so‘zlar bilan uzviy bog‘lanadi.
Mustaqil so‘zlar orasidagi o‘zaro munosabat va ularning bir-biriga ko‘chishi leksema sememasidagi taraqqiyot natijasida yuzaga kelib, ko‘chishning nutqiy va lisoniylashgan ko‘rinishi farqlanadi. Nutqiy ko‘chishda nutqiy ko‘chma ma’no ifodalanadi. Masalan, Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil gapida son turkumiga mansub (bir) so‘zi vaqtincha ot turkumi vazifasida kelmoqda va bu o‘tkinchi, nutqiy hodisa. Lisoniy ko‘chishda so‘z bir turkumdan boshqa turkumga butunlay o‘tib ketadi, transpozitsiya hodisasi yuz beradi. Transpozitsiya deyarli barcha mustaqil so‘z, hatto mustaqil va yordamchi so‘zlar orasida ham kuzatiladi:
1) [odam], [kishi], [inson] otlari (zerikib ketdi odam (men), hayron qolasan kishi (men), dardimni eshitadigan inson (hech kim) topilmadi), [bir] soni (bir kishi (kimdir)), [ba’zi] sifati (ba’zilar (allakimlar) unday deydi, ba’zilar bunday) olmoshga;
2) [yigit], [qiz], [o‘g‘il], [qari], [yer], [xotin], [ko‘r], [issiq-sovuq] (issiq-sovug‘idan xabar olmoq) sifatlari, [bordi-keldi], [keldi-ketdi], [oldi-berdi], [ur-yiqit] juft fe’llari, [o‘qish], [yozish], [o‘tmish], [qilmish], [qidiruv] harakat nomi shakllari, [o‘qituvchi], [bog‘lovchi], [kuzatuvchi] sifatdoshlari, [uch], [yetti], [yigirma], [qirq] sonlari otga;
3) [kelajak], [bo‘lajak] sifatdoshlari, [tilla], [kumush], [taxta] (tilla uzuk, asal bola) otlari sifatga;
4) [charchamasdan] (ishlaysan), [o‘ylamasdan] (gapirdi), [indamasdan], [bilinar-bilinmas] sifatdoshlari, [osha], [o‘ta], [ura], [qayta], [qo‘yarda-qo‘ymay], [ura-sura] ravishdoshlari, [erta], [indin], [kecha], [kech], [kechqurun], [savat-savat], [navbatma-navbat] otlari ravishga;
5) [bir] soni, [yakka], [yolg‘iz] sifatlari yuklamaga;
6) [haqiqatdan], [chamasi], [mazmuni] otlari, [yaxshi], [so‘zsiz], [tuzuk], [to‘g‘ri], [tabiiy] sifatlari, [qani], [qalay] olmoshlari modal so‘zga;
7) [bir] soni, [ba’zan] ravishi, [ham] yuklamasi, [bilan] ko‘makchisi bog‘lovchiga;
8) [ost], [ust], [old], [orqa], [tomon], [tag], [tepa], [ich], [ora], [qosh], [lab], [yoqa], [og‘iz] otlari, [qarab], [boshlab], [ko‘ra], [deya], [deb], [o‘xshab] ravishdoshlari, [boshqa], [bo‘lak], [o‘zga] sifatlari, [avval], [oldin], [ilgari], [keyin], [so‘ng] ravishlari ko‘makchiga ko‘chganligi tegishli adabiyotlarda qayd etilgan. Sanalganlarning ayrimi bugungi kunda lisoniylashgan, ayrimi hali o‘tish bosqichida – nutqiy hodisa sifatida qaralmoqda. Masalan, mavjud grammatikalarda son turkumining tasnifiy belgilari sanalar ekan, predmetning sanog‘i, tartibini bildirishi, (qancha), (nechta), (nechanchi) so‘rog‘idan biriga javob bo‘lishi, ot turkumiga mansub so‘z bilan erkin aloqada bo‘lishi va gapda, asosan, sifatlovchi-aniqlovchi vazifasida kelishi ta’kidlanadi. Son lug‘aviy mazmun guruhiga kiruvchi jamlovchi son shaklida son umumiy grammatik ma’nosidan chetlashish kuzatiladi.
Ayni paytda jamlovchi sonning [-ov], [-ala], [-ovlon], [-ovlab], [-ovlashib] shakllari ajratiladi. Qayd etilganlardan [-ovlab], [-ovlashib] shakllari jamlovchi son shakli emas, balki jamlovchi son o‘zagidan yasalgan ravishdosh shakli: ikki+ov+lash+ib sifatida qaralmoqda.
Demak, so‘nggi ikki shakl jamlovchi son shakllari sirasidan chiqariladi. Asosiy shakl sifatida [-ov], [-ala], [-ovlon] ko‘rsatkichi ajratilishi mumkin. Ma’lumki, bundan [-ov], [-ala] shakli boshqa son ma’no turidan farqlanib, deyarli har doim egalik shakli bilan qo‘llanadi. [-ovlon] shaklli jamlovchi son atash semasi bugungi kunda miqdor emas, balki «qanchadir miqdordagi shaxs» deb qaraladi: Oltovlon ola bo‘lsa, og‘zidagin oldirar. [-ov], [-ovlon] shaklli son ot bilan birikmaydi, gapda sifatlovchi aniqlovchi vazifasida kelmaydi, sonning so‘roqlariga javob bo‘lmaydi, hatto mazkur shakl hosil bo‘ladigan qolip ham nihoyatda unumsiz bo‘lib, barcha son o‘zaklaridan jamlovchi son shakli hosil qilinmaydi. Ular ko‘proq otga xos tasnifiy belgini o‘ziga qabul qilmoqda. [-ala] shakli esa sonlik belgicini ham o‘zida birmuncha saqlab turibdi: uchala bola ham qo‘shni qishloqdan ekan. Jamlovchi son shakllaridagi semik taraqqiyotni chizmada quyidagicha aks ettiramiz:
[-ala] - [-ov] - [-ovlon]
Кo‘rib o‘tilganidek, ushbu shakllar orasida [-ala] shaklida sonlik belgilari birmuncha saqlangan, [-ovlon] shaklida otlik belgisi yaqqol, [-ov] shaklida har ikki jihat uyg‘un bo‘lib, mazkur shakllarga gibrid birlik sifatida qarash mumkin. [-ov] shakli jamlovchi son shakli orasida, jamlovchi son shaklli so‘z esa ot va son so‘z turkumi orasida «oraliq uchinchi» maqomiga ega bo‘ladi.
Demak, aytish mumkinki, so‘z turkumi orasida muntazam aloqa mavjud, bu aloqa til tizimining doimiy o‘zgarish, taraqqiyotdagi jonli jarayon ekanligidan dalolat beradi. Shu boisdan ayrim so‘zlarning qaysi turkumga mansubligi ularning semantik, morfologik va sintaktik xususiyatlarini tegishli tadqiq usullari bilan tadqiq qilish asosida belgilanishi lozim. Bu tilshunosligimiz oldida turgan dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |