3. Ilmiy tadqiqotning zaruriy bosqichi va tarkibiy qismlari
Ilmiy tadqiqotda tadqiq manbayi tavsifi (xoh idrokiy, xoh fahmiy) yakunlangach, ilmiy ish xulosalanishi zarur.
Ilmiy xulosa ilmiy tadqiqning mag`zi, maqsadi va uning eng zaruriy qismidir. Ilmiy xulosa tadqiqotchi kuzatgan, tavsiflagan hodisa-narsa haqida uning o`zi shakllantirgan ilmiy tushunchadir. U bu kursning "Metodologiya" bo`limida izohlanadigan ilmiy tushuncha talablariga javob berishi lozim. Ilmiy xulosa ixcham, tushunarli, aniq, tadqiqotchi bayon etgan tavsiflardan kelib chiqqan holda, sermazmun qonuniyat sifatida shakllantirilishi zarur. Yaxshi ilmiy tadqiqotlarda (ayniqsa, tabiiy fanlar bo`yicha) xulosa, ko`pincha, formulalar, chizmalar, jadvallar shaklida bo`ladi, zeroki, qisqalik va aniqlik ilmiy xulosaga qo`yiladigan eng asosiy talabdir.
Ilmiy xulosalar ilmiy tadqiqotlarda har xil bo`ladi. Tadqiqot tuzilishida (strukturasida) mavjud bo`lgan har bir band (paragraf), bo`lim, bob, albatta, o`z ilmiy xulosasi bilan yakunlanishi lozim. Bandlarning xulosalari bo`lim xulosasida, bo`limlarniki bob xulosalarida va, nihoyat, boblarning xulosalari ishning umumiy xulosasida yakunlanishi lozim, ya`ni xuloslar arxitektonikasi quyidagicha:
1-chizma
Ilmiy xulosalar tadrijiyligi
Bandlarning ilmiy xulosalari
Bandlardan kattaroq tarkibuy qismlarning ilmiy xulosalari
Boblarning ilmiy xulosalari
Boblardan kattaroq tarkibiy qismlarning ilmiy xulosalari
Ish bo`yicha umumiy ilmiy xulosalar
Xulosalar mana shu tarzda bosqichma-bosqich biri ikkinchisini to`ldirib kelgan taqdirdagina ilmiy tadqiqda yaxlitlik va izchillik saqlangan bo`ladi. Bunday izchil ilmiy xulosalar tizimiga ega bo`lmagan ish mukammal ilmiy tadqiq emas, balki tartibsiz hodisalar tavsifidir, xolos.
Shuning uchun olimlar o`zgalarning yozma ilmiy tadqiqotlarini o`qishni (o`rganishni), odatda, ishning Kirish va Xulosa qismlari bilan tanishishdan boshlaydilar, zeroki, hozir ko`rib o`tganimizdek, Kirish qismida tadqiqotchining ilk tayanch nuqtalari, xulosasida esa ishning yakuni tavsiflanadi. Aytganimizdek, ikki nuqtadan faqat bitta to`g`ri chiziq o`tkazish mumkin - Kirish bilan Xulosa tadqiqotchi yo`lini belgilaydigan nuqtalardir va shu nuqtalar boshqa tadqiqotchiga ham tanish bo`lsa, unda ishni tushunish va baholash oson ko`chadi.
Chizmadan ko`rinib turibdiki, xulosalar bosqichlilik, uzviylik va davomiylikka ega bo`lishi zarur va bu ilmiy ishning tuzilishi (strukturasi) bilan belgilanadi. Endi shu masala tavsifiga o`tamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |