2.Ijtimoiy taraqqiyot jarayonida qadriyatlarning jamiyat va inson hayotidagi o`rni
Ma'lumki, qadriyatlar o`z mohiyatiga ko`ra, umuminsoniy ezgu tuyg`ular orqali milliy istiqlol mafkurasining g`oyalarini yurtdoshlarimiz qalbi va ongiga singdiradi. Shu ma'noda ushbu ikkinchi masalani yoritishdan maqsad: qadriyatlarimizga sog`lom va mo`'tadil munosabatni shakllantirishdan, Yoshlarimizning iymon-e'tiqodini mustahkamlash, irodasini baquvvat qilish ularni o`z mustaqil fikriga ega bo`lgan barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning tafakkurida o`zligini unutmaslik, ota-bobolarining muqaddas qadriyatlarini asrab-avaylash va hurmat qilish fazilatini qaror toptirishdan iboratdir.
Odamlar bitta jamiyatda, bir davrda va o’xshash sharoitlarda yashayotganliklariga qaramasdan, u yoki bu narsaning qadri turlicha anglab olinadi, tushuniladi va talqin qilinadi. Ijtimoiy jarayonlar ta'sirida kishilarning qadriyatlar to’g’risidagi tasavvuri, qarashlari o’zgaradi, bu esa taraqqiyot jarayonida odamlarning turmush sharoitlari, hayoti va ma'naviy qiyofasidagi o’zgarishlar bilan bog’liqdir.
Ana shunga ko’ra, hammada ham qadrlash tuyg’usi doimo bir xil bo’lavermaydi, ijobiy va salbiy qarashlar, turli xil jihatlar har qanday qadriyatning qarama-qarshi tomonlarini tashkil qiladi. Ijobiyligi va salbiyligi, baholanishi va ahamiyatiga ko’ra bir-biriga mutlaqo ziddek bo’lib ko’rinadigan yaxshilik va yomonlik, haqiqat va haqsizlik, baxt-saodat va g’am-kulfat, taraqqiyot va tanazzul kabi tushunchalar hayotning bir-biriga zid va chambarchas bog’langan tomonlarini ifodalaydi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, qadriyatlar jamiyatning rivoji va kishilar hayotining turli davrlarida turlicha ahamiyat kasb etadi, tarixiy zaruriyatga mos ravishda goh u, goh bu qadriyat ijtimoiy taraqqiyotning eng oldingi pog’onasiga chiqib oladi, boshqalarini xiralashtirganday bo’lib tuyuladi. Natijada ijtimoiy rivojlanish va taraqqiyot qonuniyatlariga mos ravishda, oldinga chiqib olgan qadriyatni barqaror qilishga intilish nisbatan kuchayadi. Masalan, yurtni yov bosganida ozodlik, imperiya hukmronligi nihoyasida istiqlol, urush davrida tinchlik, tutqunlikda erkinlik, kasal va bemorlik onlarida salomatlikning qadri oshib ketadi, ularga intilish kuchayadi.
Ta'lim-tarbiyaning muhim omillari bo’lgan qadriyatlarning namoyon bo’lish shakllari orasida o’z ahamiyatini, ijobiylik xususiyatlarini doimiy saqlab qoladiganlari ham bor. Bular inson vujudining tirikligi, umri va hayoti, sihat-salomatligi, mehnati, bilimi, muomalasi. Ular inson va jamiyat bor ekan, o’zining ijtimoiy ahamiyatini saqlab qolaveradi. Afsuski, ularning qarama-qarshisi bo’lgan kasallik, ma'nosiz hayot kechirish, bilimsizlik va boshqalar ham tarixiy jarayonlarning hamrohi. Tiriklik bor ekan-o’lim, borliq eng buyuk ma'vo ekan-yo’qlik, inson tirik jonzod ekan-kasallik, hayot kechirishdan maqsad mazmunli umr ekan-ma'nosiz іo’yilgan ba'zi qadamlar, yashashning zaruriy shartlaridan biri bilish va anglash ekan-bilimsizlik, taraqqiyotga intilish bor ekan-tanazzul va boshqalar insoniyatni doimo ta'qib qiladi. Yuqoridagi ijobiy qadriyatlarning ahamiyati ham ularga teskari bo’lgan jihatlarga nisbatan aniqlanadi. Yoshlarda, ayniqsa, talaba va o’quvchilarda ma'naviy yetuk tuyg’ularni shakllantirishda ana shunday aksiologik bog’liqliklarning botiniy va zohiriy tomonlarini o’rgatish katta ahamiyat kasb etadi.
Avlod va ajdodlarimiz yaratgan qadrlash mezonlarining tarixi eng qadimgi naqllar, rivoyatlar, afsona, hikoyat, dostonlarga, ya'ni xalq og'zaki ijodi namunalariga borib taqaladi. Spitamen, Muqanna va Jaloliddin Manguberdi to’g’risidagi asarlarda, Alpomish, To’maris va Shiroq to’g’risidagi afsona va dostonlarda vatanparvarlik, xalq va yurt ozodligi uchun fidoyilik kabi ko’plab umuminsoniy qadriyatlar tasvirlangan. Ma'naviy merosimizning yorqin namunasi - "Avesto" zardo’shtiylikning muqaddas kitobi bo’lganligidan, unda bu dinning qadriyatlar tizimi, qadrlash mezonlari, o’sha davrdagi milliy g’oyalar yorqin ifodalangan. Ayniqsa, “Avesto” dagi ezgu fikr, ezgu so’z, ezgu amal g’oyalari asrlar osha o’z ayamiyatini yo’qotmay kelmoqda.
Qadrlash to’g’risidagi qarashlar rivojida IX-XII asrlar katta ahamiyatga ega. Bu davrda arab istilosi amalga oshirilgan, islom hukmron dinga aylangan edi. E'tirof etish kerakki, Qur’on va Hadislarda ta'riflab berilgan ilohiy qadriyat va qadrlash masalalari xalqimiz tarixi va madaniyatiga ta'sir ko’rsatgan. Shu bilan birga, arab istilosi davrida ko’pgina milliy qadriyatlarimizning yo’qotib yuborilganligini ham qayd qilmoq kerak. Bu to’g’rida Beruniy "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" asarida afsus bilan yozib qoldirgan.
IX-XII asrlar davomida Markaziy Osiyoda madaniyat, ilm-fan beqiyos rivojlana bordi. Ayniqsa, aniq fanlarga qiziqish keskin orta boshladi. O`sha tarixiy davrda al-Xorazmiy, Forobiy, al-Farg`oniy, al-Beruniy, Ibn Sino, az-Zamahshariy singari qomusiy olimlar dunyoga keldi. Ular bilan yonma-yon dunyoviy ilmlar tug`ildi. O`sha ulug` mutafakkirlar inson ma'naviy va tafakkur dunyosini boyitishda, insoniyat ongini, madaniy-ma'rifiy qarashlarni o`stirishda o`z davrida va keyinchalik ham asosiy rol o`ynadilar, inson kamolotiga doir beqiyos ta'limotni yaratdilar.
Birinchi Prezidentimiz ta'kidlaganidek, "Aql-zakovatli, yuksak ma'naviyatli kishilarni tarbiyalay olsakkina, oldimizga qo`ygan maqsadlarga erisha olamiz, yurtimizda farovonlik va taraqqiyot qaror topadi"2.
Shunday qilib, "Biz musulmon dini haqida gapirganda, avvalo Olloh va uning rasulini, o`zimizga ruhan yaqin bo`lgan ulug` allomalarimiz, ulug` imomlarimizni tasavvur qilamiz. Mana shu qutlug` zaminimizda tug`ilib voyaga yetgan, muborak nomlarini butun islom dunyosi cheksiz ehtirom bilan tilga oladigan Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Xoja Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy, Abduxoliq G`ijduvoniy, Zamahshariy kabi piru komillarimizni nazarda tutamiz. Ma'naviy hayotimizni mana shu ulug` nomlar bilan bog`laymiz. ... Biz dinimizni bu ulug` nomlarsiz, bu ulug` nomlarni esa dinimizsiz tasavvur qila olmaymiz"3.
IX-XII asrlar Markaziy Osiyoda dunyoviy bilimlar gullab-yashnagan davr hisoblanadi. Sharq uyg`onish davri madaniyati fanlarning rivojlanishi, qomusiy olim, mutafakkirlar yetishib chiqishi bilan butun kishilik jamiyati rivojlanishining yuksak bosqichi bo`ldi. Ilk o`rta asrlar Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Farg`oniy kabi bir qancha mutafakkirlarni yetishtirib chiqardi.
Ularning g`oyalari asta-sekin Yevropaga o`tib, Yevropa uyg`onish davrini g`oyaviy jihatdan tayyorlashda va oxir-oqibatda XVIII asr materializmining shakllantirishda muhim rol o`ynadi. Chunki ularning ijtimoiy-falsafiy qarashlari hur fikrlilik g`oyalariga boy edi. IX-XII asrlarda Markaziy Osiyoda hur fikrlilik g`oyalari tabiiy bilimlar rivojida, ilg`or mutafakkkirlar tomonidan bilishning rasionalistik usullarini ishlab chiqishida namoyon bo`ldi.
Afsuski, sivilizasiyamizga xos eng yuksak qadrlash mezonlarini yaratgan o’rta asrlardagi ko’tarilish davri temuriylar saltanatidan so’ng asta-sekin tanazzulga yuz tutdi, markazlashgan davlat parchalanib ketdi. Avval Xiva xonligi va Buxoro amirligi, so’ngra Qo’qon xonligi vujudga keldi. Uch yuz yildan ortiqroq davrni o’z ichiga olgan bu jarayon xonlik, amirlik, turli sulolalar, urug’lar o’rtasidagi urushlar, tinimsiz ziddiyatlar orqali kechdi, yaxlit sivilizasiyamizning hamjihatligini ta'minlaydigan umumiy qadriyatlar tizimi darz ketdi, qadrlash mezonlari ham bir qadar o’zgara boshladi.
XIX asrning o’rtalariga kelib, amirlik va xonliklarga bo’linganligiga qaramasdan, mustaqil yashagan Turkiston chor Rossiyasi tomonidan bosib olindi, yurtimiz imperiyaning mustamlakasi bo’lib qoldi. Mustamlakachilarning qadriyatlari va qadrlash mezonlari xalqimiz orasiga zo’rlik bilan singdirila boshlandi. XIX asrning oxirlari va XX asr boshlarida yurtimizda "jadidlar" oqimi vujudga keldi. Behbudiy, So’fizoda, Avloniy, Cho’lpon, Fitrat, Qodiriy va boshqa jadidlar merosiga diqqat qilinsa, o’sha davrda yurtimizda ma'naviy tushunchalarning ko’lami qanchalik keng bo’lganligini, falsafiy tilning naqadar boyligini, uning adabiyot bilan qanchalik uyg’unligini yaqqol ko’rish mumkin. Ularning asarlarida gohida biz allaqachon esimizdan, tilimizdan va balki dilimizdan ham chiqarib yuborgan qadriyatlar, tushunchalarga duch kelamiz. Jadidlarning merosi xalqimiz madaniyatiga yanada kattaroq ta'sir ko’rsatishi mumkin edi. Afsuski, bolsheviklar boshlagan siyosiy jarayonlar bu avlodning boy merosini o’z domiga tortdi, uning taqdiri ayanchli kechdi, ta'qiqlab qo’yildi. O’tmish avlodlar ardoqlagan va buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan Sharqona qadrlash mezonlarini yuz o’ttiz yil sarobga aylantirish uchun qilingan urinishlarning oqibatlari haligacha sezilib turadi. Faqat mustaqillik yillariga kelibgina ushbu sohada ham ijobiy siljishlar boshlandi
Qadriyatlar o`z-o`zidan shakllanmaydi, boyimaydi. Ularning shakllanishi uchun muayyan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy sharoit zarur. Qadriyatlarni shakllantiruvchi omillarga ilm-fan, jumladan, falsafa, adabiyot, san'at kiradi. "Qadriyat", "baho" kabi so`zlar qadimgi zamonlarda paydo bo`lgan. Bu so`zlar hamma tillarda mavjud bo`lib, turli davrlarda shakllangan, rivojlangan ularning mazmuni va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati masalasiga e'tibor berilgan, qadriyatlar ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotning mahsuli ekanligi ko`rsatilgan.
Qadriyatlar kategoriyasi tushunchasi muayyan moddiy va ma'naviy hodisalar, shuningdek, ularning ayrim xususiyatlarining ifodasidir. Bu hodisalardan jamiyat o`zining amaliy ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanadi. Insonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, axloqiy, estetik jihatlardan olamga bo`lgan munosabatini ifodalovchi tushunchalar har xil sharhlanib kelindi. Bir qarashda qadriyat shakllari tartibsizga o`xshab ko`ringani bilan aslida ular orasida qonuniy, zaruriy uyg`unlik mavjud.
Kundalik hayotda ko`pchilik tomonidan qo`llaniladigan "qadriyat"lar iborasi odamlar uchun zarur ahamiyat kasb etganida narsa, hodisa, ob'ekt, predmet kabilarga nisbatan ishlatiladi. Qadr so`zi o`zbek tilidagi ba'zi ibora va so`zlarda sharqona falsafiy mazmun borligidan dalolat beradi va serqirra ma'no kasb etadi.
"Qadriyatshunoslik" tarixining eng teran qirralarini faqat G`arbdan emas, balki Sharqdan "qidirish" ham katta ahamiyatga ega. Forobiy, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Farg`oniy, Ulug`bek, Navoiy, Mashrab, Behbudiy, Donish, Cho`lpon, Qodiriy, Avloniylar ham qadriyatlar taraqqiyotiga munosib hissalarini qo`shgan mutafakkir va olimlardir.
Qadriyatlarning mazmuni jamiyatning moddiy ne'matlar ishlab chiqarish jarayonidagi yutuqlari bilan bog`liq. U keng ma'noda madaniyat dunyosidir, bu inson ma'naviy hayotining va faoliyatining qimmatini belgilovchi bahodir, insonning axloqiy ongi, axloqiy intilishlari sohasiga mansub bo`lib, shaxs ma'naviy boyligining mezoni sifatida idodalanadi. Zero, eng oliy qadriyat insondir. Inson borlig`i, uning hayoti, yashashi eng asosiy masaladir. Inson hayot bo`lsagina narsalar, tabiat, butun borliq, moddiy va ma'naviy madaniyat ahamiyatga ega bo`lai. Uning ahamiyati faqat inson borlig`i asosida qadrlanadi.
Qadriyatlarda ular yuzaga kelgan davrning ta'siri, imkoniyatlari, talab va ehtiyojlari o`z ifodasini topadi. Har bir qadriyat ma'lum bir davr va sharoitning mahsuligina emas, balki uning ko`zgusi hamdir. Qadriyatlarga baho berayotganda o`sha davrdagi imkoniyat va ehtiyojlarni ham bilish talab etiladi. Har bir qadriyatning ijtimoiy ahamiyatini bilishga muayyan tarixiy sharoitlarni hisobga olib yondoshmoq joizdir.
Insoniyat tarixi turli ziddiyatlar orqali o`tmishdan kelajakka tomon harakatlanadi. Shu bilan birga muayyan sivilizasiya qadriyatlari ham shu tariqa boyib, umuminsoniy, milliy-etnik va boshqa qadriyatlarning mukammalroq jihatlarini, turli-tuman qirralarini yaqqolroq namoyon qilib boraveradi. "Yangidan-yangi avlodlar, qanchadan - qancha elat, xalq va millatlar nodir asarlarni takror va takror o`qib-o`rganib, ta'lim-tarbiya oladilar"4.
Do'stlaringiz bilan baham: |