Hozirgi zamon fiziologiyasining tarmoqlari.
Fiziologiya o‘z tekshirishlarida boshqa fanlarning ma’lumotlariga asoslanadi va o‘z navbatida bir qancha fanlarning rivojlanishiga asos bo‘ladi.
Fiziologiya hamisha fizika bilan kimyo qonunlariga tayanadi va ularning tekshirish usullaridan keng foydalanadi. Buning sababi shuki, har bir hayotiy jarayonda modda va energiya almashinadi, ya’ni kimyoviy va fizikaviy jarayonlar ro‘y beradi. Fiziologiyada fiziologik tadqiqotlar-ning ikki yo‘nalishi – fizik va kimyoviy yo‘nalishlari muhim ahamiyatga ega. Bu ikki yo‘nalish yordamida juda ko‘p ma’lumotlar to‘plandi, organizmda fizik va kimyoviy jarayonlar o‘tishining o‘ziga xos qonuniyatlari aniqlandi, bu jarayonlarni o‘rganish uchun maxsus usullar ishlab chiqildi. hayotiy hodisalarni tekshirishning fizik va kimyoviy yo‘nalishlari biologik fizika va biologik kimyo deb nom olgan mustaqil fanlarga aylandi.
Fiziologiyadagi biofizik yo‘nalishning muhim tarmoqlaridan biri - elektrofiziologiya hayvonlar organizmidagi asab, mushak, bez to‘qimalari qo‘zg‘/alganda ro‘y beruvchi elektr hodisalarini o‘rganadi.
Biofizika va biokimyo organizm yoki uning qismlarini hayot faoliyat belgilari bo‘lgan ayrim fizik va kimyoviy jarayonlarni, ya’ni bir butun fiziologik funksiyaning ayrim elementlarini o‘rganadi. Biofizik va biokimyo hayotiy hodislarni tahlil qilish uchun katta imkoniyatlar ochib beradi. Biroq ularning birortasi ham o‘z holicha funksiyalarni to‘liq bilish imkonini bermaydi, chunki ular fiziologik yo‘l bilan o‘rganish, fizikaviy, kimyoviy, biologik ma’lumotlarni sintezlash asosidagina to‘liq bilib olinadi.
Fiziologik morfologik fanlar - anatomiya, gistologiya, sitologiyaga ham bog‘liq. Buning sababi shuki, morfologik va fiziologik hodisalar bir-biri bilan chambarchas bog‘langan. Organizm va qismlarning shakli, strukturasi va ularning funksiyasi o‘zaro bog‘liq, ularning makroskopik, mikroskopik va submikroskopik tuzilishlarini va tekshirilayotgan funksiya yuzaga chiqayotganida bu tuzilish o‘zgarishini bilmay turib organizm faoliyatlarini chuqur o‘rganib bo‘lmaydi.
Fiziologiya umumiy biologiyaga, evolyusion ta’limotga va embriologiyaga ham tayanadi, chunki har qanday organizm, faoliyatini o‘rganish uchun uning taraqqiyot tarixi - filogenezi va ontogenezini bilish lozim. SHu bilan birga funksiyalar evolyusiyasini o‘rganish evolyusion ta’limotning ba’zi masalalarini aniqlashga ham yordam beradi.
Mashinalar, mexanizmlardagi va tirik organizmlardagi bog‘lanish va boshqarilishning umumiy prinsiplari haqidagi fan – kibernetika so‘nggi yillarda fiziologiya uchun katta ahamiyat kasb etmoqda.
Kibernetika matematik usullardan foydalanadi, fiziologik jarayonlarning oddiy sxemalarini nazariy jihatdan tuzish va ba’zi xossalari bilan organizmda sodir bo‘luvchi jarayonlarga o‘xshaydigan jarayonlarni gavdalantiruvchi sun’iy mexanizmlarni yasash (modellash) bilan shug‘ullanadi. Biologik hodisalarning sun’iy modellari bu hodisalarni ataylab soddalashtiradi va sxemaga soladi. Ammo bu modellar turli jarayonlar orasida mavjud bo‘lgan ba’zi bir ichik bog‘lanishlarni tushunishga, ba’zi nazariyalarning to‘g‘riligini tekshirishga yordam beradi, tekshirish yo‘llarini ko‘rsatadi va ko‘pincha zarur bo‘lgan yangi eksperimentlarni oldindan aytib beradi. Fiziologik muammolarni o‘rganishga kibernetik usullar
bilan yondoshish tirik organizmlardek murakkab tizimlarda ro‘y beruvchi hodisalarni sintetik usulda keng qamrab olish bilan ta’riflanadi va turli funksiyalarning o‘zaro ta’siri hamda boshqarilishining umumiy prinsiplarini ochishga yordam beradi.
Fiziologiya barcha tibbiyot fanlariga ham yaqindan bog‘liq. Buning ustiga I.P.Pavlov aytganidek «keng ma’noda tushuniladigan fiziologiya bilan bir-biridan ajratib bo‘lmaydi». Fiziologiya yutuqlaridan tibbiyotda doim foydalanadi va keng tadbiq etiladi. Sog‘lom organizmda ro‘y beruvchi fiziologik jarayonlar bilib olingandagina turli kasalliklarda organizmdagi funksiyalarning buzilishini tushunish, kasalliklarni davolashning to‘g‘ri yo‘llarini belgilash va bu kasalliklardan saqlanish mumkin.
Tibbiyot esa o‘z navbatida fiziologiyaga g‘oyat ko‘p qimmatli material beradi. Odamning turli kasalliklarini o‘rganish ko‘pchilik normal fiziologik jarayonlar mexanizmini tushunishga va ba’zi a’zolar funksiyasini aniqlashga yordam beradi.
Klinika fiziologik eksperiment oldiga yangi vazifalar qo‘yadi va shu bilan birga yangi fiziologik faktlarning boy manbai bo‘la oladi. SHuning uchun fiziologiyaning alohida bo‘limi sifatida klinik fiziologiya shakllanmoqda, u fiziologiyaning nazariy va amaliy yutuqlarini klinikaga olib o‘tishga, odam organizmida ro‘y beradigan fiziologik jarayonlarni tahlil qilish, hamda tushuntirish uchun klinik kuzatishlardan foydalanishga intiladi.
Fiziologiya psixologiya bilan pedagogikaga ham bog‘liq. Fiziologiya, ayniqsa I.P.Pavlov yaratgan oliy asab faoliyati (OAF) haqidagi ta’limot zamonaviy psixologiya va pedagogikaning tabiiy-ilmiy asosidir. Fiziologiyaning pedagogika uchun konkret amaliy ahamiyati shundan iboratki, bolaning mehnati va turmushini to‘g‘ri tashkil etish uchun, ratsional tarbiya tadbirlarini o‘tkazish uchun pedagog bola organizmida ro‘y beradigan fiziologik jarayonlarning yoshga aloqador xususiyatlarini tushunishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |