Farhod
Farhod qarigan chog’ida Vikadan o’g’li borligini bilib qoladi. Vikaning chorloviga va Akobirovning kinofestifalga taklifiga ko’ra markazga samolyotda uchadi. Ana shu safar chog’i o’zining o’tmishini ko’z oldidan o’tkazadi, qilgan xatolari, kechmishlarini o’ylaydi. Farhodning doimiy ravishda qulog’ining shang’illash kasali bor edi. Yozuvchi bu bilan Farhod yashayotgan jamiyatda odamning tinkasini quritadigan shovqin borligi, odamlar turli tarzda kun kechirayotganliklarini, ularning ma’naviy hayotidagi bulg’anishlarni ta’kidlamoqchi bo’lgan. Farhodning mana bu o’yyu kechinmalari go’yo asarning mag’ziga o’xshaydi: “To’g’ri, bugun endi boshqa odamsan (azaldan ham o’zi shunday boshqacha bo’lmoqni, boshqacha yashamoqni orzu qilarding!) lekin o’tgan kunlaringdan o’sha-o’sha sahifalarni yulib tashlash chorasi bormikan? SHunday qilmoq kerakmi o’zi? Unda bir tutamgina umrdan nimasi qoladi?.. Qiziq, ba’zan hayotingizning qoralamasi oralab – xomaki bir hayotda yashab turgandek bo’lasiz. Go’yoki tevarak atrofingizdagi odamlar ham, voqea-hodisalar ham o’tkinchi, omonat, ularni yana bir karra, ya’ni rasmonasiga ko’rmoq, boshdan kechirmoq hali oldinda kutayotgan kabi shoshib, beparvo yuraverasiz. Holbuki, bularning har biri betakror, bor hayotingiz – mana shu, umr deganlari – shu, tamom! Taqdir yo’llaridan yakkash o’zingiz o’ylagandek, orzu qilgandek top-toza, biron gard yuqtirmay o’tib bo’lmas ekan. Goho yetti uxlab tushingizga kirmagan girdob yo mag’zavalarga yo’liqasiz, ammo ularni chetlab-aylanib emas, aynan kechib o’tmoqqa mahkumsiz!”36
Yozuvchi voqealarni xoh roviy, xoh qahramon tilidan bayon qilsa ham kinoyakesatiq, piching ohangi sezilib turadi. Ajdodlayori xatto kim ekanligini bilmaydigan Vika va shunga o’xshaganlarning betartib hayoti, o’zbek bo’la turib farzandlarining boshqa millat kishisi bilan turmush qurganligi, uylanganligi bilan “faxrlanadigan” baynalmilalchi chol, “bepoyon yurt”ga tirikchilik vajidan ketib o’sha yoqdagilarning kepatasiga kirgan Tosha – Toshmurodlarning qiyofalari bilan tanishgan kitobxon ko’nglida achinish, g’azab hislari uyg’onadi. Fidel-Farhod, Gulya-Gulgun, Sashka-Sobir kabi ismlarning qo’yilishi ham zamonadagi siyosat oqibati ekanini yozuvchi mahorat bilan tasvirlaydi. Professor Abdug’afur Rasulovning ushbu roman haqida “SHovqinot bandilari” nomli maqolasida Erkin
A’zamning yozuvchilik mahorati haqida quyidagicha to’xtalgan: “Hayotni ko’rish, odamlarni bilish – boshqa, ko’rgan-bilganlarni yozish, tasvirlash – boshqa. Xudo yarlaqagan odamgina yozish iste’dodiga ega bo’ladi. Yozilgan asarni hamma ham qiziqib o’qiydi-yu, ammo kamdan-kam odam yozish azobi, mashaqqatini his qiladi. Yozadigan ko’p, betakror yozadigan nihoyatda kam. Erkin A’zam – betakror uslubli yozuvchi. Uning “xati”da zarda, piching,dangallik, so’zlarning atayin hammaboplarini tanlash seziladi. Ajab, oddiy, bejamsiz yozuv asosida go’zal xulosa, zalvorli mazmun paydo bo’ladi”2.
Roman so’nggida Farhod o’z o’g’li Farhod bilan aeroportda uchrashadi. Yigitni onasi Vika chaqirsa o’g’il ularning qoshiga kelmaydi. Farhod bu holatni ko’rib “Mirza Ramazonning qoni bor-da”, deb o’ylaydi.
Hozirgi romanchiligimizda yoritilayotgan mavzulardan an’anaviy bo’lgan sevgi mavzusi yetakchilik qiladi. Ulug’bek Hamdam, Omon Muxtor, Erkin A’zam romanlarida “sevgi uchburchagi” asosiy syujet liniyasini tashkil qiladi.
Qahramonlarining o’zaro konflikti, jamiyatdagi ma’naviy buzilishlar oqibatida paydo bo’lgan “sevgi uchburchagi” muammoligicha qoladi. Ko’pincha bu munosabat doirasidagilar o’zlari tushgan holatga bo’ysunadilar, ko’nikadilar. Yozuvchilarning asosiy maqsadi esa XXI asrning serg’ulu hayotida kitobxonga pok muhabbatni anglatish ishtiyoqi bo’lsa, ne ajab!
Do'stlaringiz bilan baham: |