27-§. Afinada demokratiya. Demokratiyaning shakllanishi. Miloddan avvalgi VIII-VI asrlarda Yunonistonda kichik-kichik quldorlik davlatlari vujudga kela boshladi, ular qariyb yuzta bo`lgan. Bu davlat lar har bir vodiyda va har bir orolda vujudga kela boshladi.Ular orasida eng kattasi esa poytaxti Afina shahri bo`lgan Afina davlati edi. Afina shahrida markaziy maydon bo`lib, uning tevaragini turli-tuman imoratlar qurshab turar edi. Maydon esa agora deb yuritilgan. Shahar aholisining ko`pchiligini hunarmandlar va savdogarlar tashkil etar edi. Afina shahrida barcha erkak fuqarolar davlatni qanday boshqarish kerakligi xususida o`z fikr-mulohazalarini bayon eta olar edi. Ular yuzaga kelgan muammolar va yangi qonunlarni muhokama qilish uchun har oyda to`rt marta Akropolga yig`ilardilar. Barcha qarorlar ovoz berish yo`li bilan qabul qilingan. Boshqaruvning bu shakli demokratiya deb ataladi, ya'ni bu atama "xalq hokimiyati" degan ma'noni anglatadi ("demos" - xalq + "kratos" - hokimiyat). Drakont qonunlari. Yunonistonning boshqa shaharlaridagi singari Annada ham aholining bir qismi zodagonlar (aristokratiya) mol-mulk va boylikning deyarli hammasiga egalik qilar, boshqa bir qismi «xalq» (demos) ularning foydasiga ishlashga majbur edi. Aynan shu narsa mamlakat aholisi o`rtasidagi doimiy kelishmovchilik va nizolar manbayi bo`lgan. Adolat qaror topishini xohlagan har ikkala tomon Drakont degan hukmdorga murojaat etishadi. Ular Drakontdan huquq va majburiyatlar borasida hammani tenglashtiruvchi qonunlar yozishni iltimos qilishadi. Mil. avv. 621-yilda Drakont xalq boshqaruvini bekor qilgan qonunlarni yozadi va amalga kiritadi. Bu qonunlar shu qadar qattiq va ayovsiz ediki, afinaliklar ularga "siyoh qolib, qon bilan yozilgan" deya ta'rif berishgan. Qonunni arzimas darajada buzganlik uchun ham Drakont bitta jazo - o`lim jazosi belgilagan. Masalan, Drakont qonunlariga ko`ra, o`zga kishining bog`idan olma o`g`irlagan odam qatl etilishi shart bo`lgan. Avvaliga afinaliklar bu qonunlarga itoat etishgan, so`ngra norozi bo`la boshlashgan va qonunchi Drakontni shahardan haydab yuborishgan. Solon islohotlari.Xalqning ahvoli tobora yomonlashaverdi, shunda odamlar o`z haq huquqlari uchun kurashga bel bog`ladilar. Tayoqlar, gavronlar, cho`kichlar va omoch bilan qurollanib olgan eng qashshoqlar taniqli zodagonlar qo`rg`onchalariga hamla qila boshladilar. O`z yeri va jonidan xavotirlangan zodagonlar yon berishga va xalq talablarining bir qismini bajarishga qaror qilishdi. Solon degan aqlli va tajribali zodagon ayniqsa yon berishlarga qattiq tarafdor edi. Solon aslzodalarga shunday degan: "Yunonistonning ko`pgina shaharlarida bo`ldim, xalq zodagonlarga qarshi chiqayotganini o`z ko`zim bilan ko`rdim. Kambag`allarga qullar kelib qo`shilmasdan turib, xalq talablarining bir qismini bajarish kerak". Zodagonlar Solonga ishonishdi va uni Afina hukmdori etib saylashdi. Mil. avv. 594-yildaSolon davlatni idora qilishning oldingi tizimini o`zgartirdi. Avvalgi boshqaruv tizimi - aristokratiya (eng yaxshi odamlar hokimiyati)ni Solon demokratiya (xalq hokimiyati)ga almashtirdi. Davlatni boshqarishda faqat fuqarolar ishtirok eta olardi. Ayollar va ajnabiylar (ularni meteklar deyishgan) qabul qilinayotgan qonunlar muhokamasida va ovoz berishda ishtirok eta olmasdilar. Solon islohotlarining barchasi dehqonlar qarzlari va qarzdorlikdan qullikni bekor qilish hamda davlat boshqaruvi islohotidan iborat bo`lgan. Zodagonlar xonadonidan bo`lgan Solon aslzodalarni xafa qilishni istamas, faqat xalq qo`zg`olonlari oldini olishga intilardi. Davlat boshqaruvidagi islohotlar Xalq majlisi faoliyati tiklanishi va nasl nasabidan qat`iy nazar afinaliklar uchun davlat mansablarini egallash imkoniyatini ko`zda tutar edi. Solon islohotlaridan keyin Attika aholisi fuqarolar va qullarga ajratiladigan bo`ldi. Afinada demokratiya ravnaqi.Erkak jinsiga mansub barcha fuqarolar 20 yoshdan boshlab Xalq majlisidaishtirok etardilar. Xalq majlisining katta qismi badavlat bo`lmagan hunarmandlar, savdogarlar, kunbay ishchilar, dehqonlardan iborat edi. Xalq majlisida omma uchun foydali bo`lgan qarorlar qabul qilinar edi.Navbatdagi majlis bo`ladigan kun oldindan e'lon qilinardi. Majlis ertalab barvaqt tayinlanar, negaki mehnatkash odamlar kunduz kuni majlisga kela olishmasdi. Qorinni to`yg`azishga yegulik ishlab topish kerak edi.Podsho tomonidan lavozim tayinlanuvchi amaldorlardan farqli o`laroq Afinada mansabdor shaxslar Xalq majlisi tomonidan muayyan muddatga saylanar va majlisga hisobot berishar edi. Mabodo mansabdor shaxs o`z majburiyatlari ijrosini uddalay olmasa, Xalq majlisi bu odamni muddatidan oldin lavozimidan bo`shatar edi. Xalq majlisi yangi qonunlarni tasdiqlar, eski qonunlarni bekor qilar, boshqa qarorlar, masalan, yangi inshootlar qurilishiga, armiyaga va boshqalarga mablag` ajratish to`g`risida qaror qabul qilar edi.Har yili saylanadigan Beshyuzlar kengashikundalik joriy masalalarni hal qilardi. Uning qarorlari Xalq majlisida tasdiqlanardi. Beshyuzlar kengashiga strateg rahbarlik qilgan.Xalq sudi ham Afinada muhim davlat organi bo`lgan. 70 yoshga to`lgan fuqarolar uning faoliyatida ishtirok etar edilar. Sudda ayblanuvchi shaxs o`zini o`zi himoya qila bilishi yoki chiroyli so`zlay oladigan va qonunlarni biladigan odamni yollashi shart edi. Perikl asri. Miloddan avvalgi 443-429-yillarda strateg lavozimiga saylangan Perikl hukmronligi davrida Afina eng qudratli davlat bo`ldi, mamlakatda demokratiya ravnaq topdi. Bu davr shuning uchun ham "Perikl asri" deb atalgan. Ajoyib yunon yozuvchilari, olimlari va rassomlari Periklning do`stlari bo`lishgan. Perikl tarixchi Gerodot, haykaltarosh Fidiy bilan do`st tutingan edi. Perikl katta obro` va nufuzga ega bo`lgan. Perikl hech mahal xalqni o`ziga kerakli qaror qabul qilishga majbur qilmadi, balki ishontirish kuchiga tayanib ish yuritdi. Perikl hech mahal o`zining siyosiy muxoliflari va uning xatti-harakatlarini tanqid qilgan kishilarni ta'qib etmagan. Perikl Xalq majlisidagi lavozimlarga ish haqi to`lashni joriy qildi. Endi kambag`al fuqarolar ham davlat ishlari bilan shug`ullana oladigan bo`ldi. Perikl hukmronligi davrida Afinada katta qurilish ishlari amalga oshirildi. Akropoldagi Parfenon - iloha Afina ibodathonasi eng mashhur inshoot edi. Forslar tor-mor etilganidan keyin Sparta Afinaning asosiy raqibiga aylandi. Shaharni xavf-xatardan asrash uchun Perikl Afinadan to Pirey dengiz portigacha mudofaa devorlari qurish to`g`risida buyruq berdi. Periklning faoliyati badavlat shaharliklarga yoqmasdi, u zodagonlarning hamlalarini qaytarib turishga majbur bo`lar edi. Vaboga chalingan Perikl vafot etganidan keyin u joriy etgan ko`pgina yangiliklar bekor qilindi.