G‘ayriijtimoiy xatti-harakat va qiziqishlar bolalar va o‘smirlarda xulq og‘ishini keltirib chiqaruvchi omil sifatida
Ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarning psixologik mazmun va mohiyatida shaxsning qiziqishlari ham yotadi1. Qiziqishlar inson xulq-atvori va uning mazmunini belgilaydi hamda shaxsning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini amalga oshirishda faolligini ta’minlaydi.
Shu boisdan aytish mumkinki, g‘ayriijtimoiy qiziqishlar bolalar va o‘smirlarda xulq og‘ishining kelib chiqishida ishtirok etadi va uning amalga oshirilishi uchun o‘ziga xos ichki kuch, yo‘nalish vazifasini o‘taydi. Boshqacha qilib aytganda, g‘ayriijtimoiy qiziqishlar xulq og‘ishining kelib chiqishiga ta’sir ko‘rsatuvchi ichki kuch sifatida namoyon bo‘lib, xulq og‘ishining paydo bo‘lishiga ta’sir qiladi hamda uning amalga oshirilishiga xizmat qiladi.2 Tadqiqotimizda (F.K.Iskanjanova tomonidan «Voyaga yetmaganlarda xulq og‘ishining ijtimoiy-psixologik muammolari» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi yuzasidan ishlab chiqilgan «Voyaga yetmaganlarda g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarning ixtiyoriylik yoki boshqa ta’sirlar natijasida sodir etilganlikni o‘rganish» bo‘yicha ijtimoiy psixologik so‘rovnomasi) g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarning va qiziqishlarning bolalar va o‘smirlarda xulq og‘ishining kelib
chiqishiga ta’sirini o‘rganish maqsadida ishlab chiqilgan ijtimoiy-psixologik so‘rovnomadan foydalanildi.
So‘rovnoma natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, o‘rganilgan 93 nafar respondentlarda 56,48% g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar bolalar va o‘smirlar tomonidan o‘z ixtiyoriga ko‘ra sodir etilgan bo‘lsa, 10,64%i tengqurlari yoki boshqalarning ta’siri natijasida, 8,24% i kattalarning ta’sirida, 4,39%i ota-ona va yaqinlari hamda 11,84%i ilgari sudlangan kriminal xulqli kishilar ta’siri natijasida sodir etilganligi kuzatildi (1-jadval).
Respondentlarga berilgan so‘rovnomaning savollari quyidagicha bo‘lgan:
1. Sen noqonuniy xatti-harakatingni o‘z xohish va ixtiyoring bilan amalga oshirdim, deb hisoblaysanmi? («Ha» yoki «Yo‘q».)
2. Noqonuniy xatti-harakatni amalga oshirishda o‘rtoqlaring yoki tengqurlaringning ta’siri bor deb hisoblaysanmi? («Ha» yoki «Yo‘q».)
3. Noqonuniy xatti-harakatni amalga oshirishingda katta yoshdagi qo‘shnilar yoki boshqa birovlarning ta’siri bor deb o‘ylaysanmi? («Ha» yoki «Yo‘q».)
4. Noqonuniy xatti-harakatni amalga oshirishda ota-onang va yaqinlaringni ta’siri bor deb o‘ylaysanmi? («Ha» yoki «Yo‘q».)
5. Sening tanishlaring orasida ilgari sudlanganlar bormi? («Ha» yoki «Yo‘q».)
6. Noqonuniy xatti-harakatni amalga oshirishingda ilgari sudlangan tanishlaringning ta’siri bor deb o‘ylaysanmi? («Ha» yoki «Yo‘q».).
So‘rovnoma natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, bolalar va o‘smirlar g‘ayriijtimoiy
xatti-harakatlarni sodir etishda tashqi ta’sirlarning o‘rnini ochiq-oydin tan olmaganlari namoyon bo‘ldi. Shuning uchun voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarning ixtiyoriy yoki boshqa ta’sirlar ostida sodir etilganlik holatini tahlil qilishda qo‘zg‘atilgan protsessual ish hujjatlari ma’lumotlaridan foydalanish yaxshi natija berganligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchimiz.
Olingan statistik ma’lumotlarning ko‘rsatishicha, respublikamizda bolalar va o‘smirlar tomonidan sodir etilgan g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarning chorak qismi kattalarning ishtiroki yoki ta’siri ostida amalga oshirilgan3. Ushbu holat tahlil qilinganda, voyaga yetmaganlar g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlari ko‘pincha kattalarning qistovi, taklif va iltimoslari hamda o‘zaro kelishuv va birgalikda spirtli ichimlik iste’mol qilish asosida sodir etilayotganligining guvohi bo‘ldik.