Nazariyaning turlari
Ilmiy nazariyaning juda ko’p turlari mavjud. Ularni turli xil asoslarga ko’ra tasniflash (turkumlash) mumkin. Xususan, qurilish metodiga ko’ra nazariyalarni to’rt turga ajratish mumkin: 1) tajriba bilan ish ko’radigan fanlarning mazmundor nazariyalari; 2) gipotetik-deduktiv (yoki yarim aksiomatik) nazariyalar; 3) aksiomatik nazariyalar; 4) formallashgan nazariyalar.
«Mazmundor» nazariyalarda ma’lum bir sohaga oid faktlar tizimga solinadi, umumlashtiriladi va tushuntiriladi. Ular asosan tajriba natijalari, empirik materiallarga tayanadi, ularni tahlil qiladi, tartibga soladi va umumlashtiradi. Ana shuning uchun ham ularni «tajribaga tayanuvchi nazariyalar», deb atashadi. «Mazmundor» deb atalishiga sabab, ularni matematika va mantiqdagi formallashgan nazariyalardan farq qilishdir. Mazmundor nazariyalarni sof empirik nazariyalar deb bo’lmaydi. Ular faqat empirik materiallargagina emas, balki nazariy qonunlarga ham tayanadi. Masalan, mazmundor, deb hisoblanadigan Ch. Darvinning evolyusiya nazariyasi, I.P. Pavlovning oliy asab faoliyatining shartli reflektorlik nazariyasi va shu kabilar chuqur nazariy g’oyalarga suyanadi, ular yordamida to’plangan materiallarni rasional usul bilan anglaydi, qayta ishlaydi va tushuntiradi.
Gipotetik-deduktiv nazariyalar tabiatshunoslikda uchraydi. U turli xil mantiqiy kuchga ega gipotezalar tizimidan iborat bo’lib, unda mantiqan kuchlilaridan mantiqan kuchsizroqlari deduksiya qilinadi. Gipotetik-deduktiv tizimni gipotezalar zanjiri (iyerarxiyasi) tarzida olib qarash mumkin. Bunda empirik asosdan uzoqlashgan sari gipotezaning kuchi ortib boradi, chunki har bir keltirilib chiqarilgan gipoteza o’zidan avvalgi gipotezalarda mavjud bo’lgan bilimlarni sintez qilish natijasi sifatida gavdalanadi.
Gipotetik-deduktiv nazariyalarning o’ziga xos jihatlaridan biri undagi gipotezalarning darajalari bo’yicha qat’iy izchil joylashishidir. Gipotezaning darajasi qanchalik yuqori bo’lsa, xulosalarni mantiqiy yo’l bilan keltirib chiqarishda uning ishtiroki shunchalik ko’p bo’ladi.
Nazariyaning gipotetik-deduktiv modeli empirik materiallarni ishlashda ko’p qulayliklarga ega bo’lishi bilan bir qatorda ayrim kamchiliklardan ham xoli emas. Xususan, boshlang’ich gipotezalar qanday tanlab olinishi kerak, degan savolga haligacha aniq, qat’iy holdagi javob yo’q.
Do'stlaringiz bilan baham: |